
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
EY ODAM!
EY ODAM!
Ey odam, bilgin o‘zingni, xalq bilmasdan burun, Ko‘zni ochgin, ko‘zlaring butkul yumilmasdan burun. Qil ado sajda-rukuʼ, qa’da-qiyoming Robbinga, Poylaring ishdan chiqib, qadding bukilmasdan burun.
Sajda qil dunyoda, mahsharda qilolmay qolma dog‘, Qo‘y boshing yer uzra ostiga qo‘yilmasdan burun, Bas, namozing saqla, Robbingdan so‘rab qol o‘z uchun, El so‘rab sen-chun, namoz senga o‘qilmasdan burun.
Asli tuproq erkaning bil, yuzinga qo‘nmay g‘ubor, O‘zni tuprog‘ et qaro tuprog‘ etilmasdan burun. O‘zni bilmoq-chun kibrdan nafsni egmoq kerak, Chunki “ko‘z” dilga boqa olmas egilmasdan “burun”.
Tiklamoq istar to‘kilgach obro‘yin obro‘parast, Gulparast, asra guling, yerga to‘kilmasdan burun. G‘uncha chun gul bo‘ldi, qayta g‘uncha aslo bo‘lmagay, Sirni zinhor yoshirin tutgin ochilmasdan burun.
Gar tiling tig‘ birla tilgaylar, faqat haq so‘z tila, Balki, sen til tilni u bir dilni tilmasdan burun. Shar’dan chiqmoq tilarsan, yuzni bir on o‘tga tut, Do‘zax ichra toabadlik kuydirilmasdan burun.
Mayli, ketma oq kiyimlar birla, oq yuz birla ket, Oxirat uryon qaro yuz-la tirilmasdan burun. Chun Husayn har so‘z dedi, bildirdi Haq, qilgin amal, Hech so‘z, hech ishni qilmas bildirilmasdan burun.