
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
YO RASULULLOH!
YO RASULULLOH!
Erursiz barcha olamlarga rahmat, yo Rasululloh! Egibdur sizga bosh ahli risolat, yo Rasululloh! Qudumingiz berib Iyso bashorat, yo Rasululloh! Yopildi Siz bilan bobi nubuvvat, yo Rasululloh! Bashar to ro‘zi mahshar sizga ummat, yo Rasululloh!
Kelibdir naslingiz Odam Atodan pok fitratda, Kimiki sulbida siz keldingiz, u izzu hurmatda, Qorinlarkim ko‘tarmish nuringiz, bori sharofatda, Azalda ruhingiz Haq qoshida do‘stlikda, xullatda, Sizing-la topdi Odam nasli izzat, yo Rasululloh!
Jahonga siz yetimlik dog‘i birlan kelgan erdingiz, Ona qornidayoq siz otadan ayrilgan erdingiz, Go‘dak ko‘z-la padar qabrin ko‘rarga borgan erdingiz, Ano birlan ketib, uyga anosiz qaytgan erdingiz, Yaratmish sizda Haq cheksiz matonat, yo Rasululloh!
Tushibdir sizga eng so‘nggi Kitob, so‘nggi payg‘ambarsiz, Nabiylar qasrini but aylaguvchi g‘ishti akbarsiz, Qo‘yib bosh sajdaga, yig‘lab, shafoatxohi mahsharsiz, Tutarsiz muztar ummat lablariga obi kavsar siz, Bu suvdan qaytarilgay ahli bid’at, yo Rasululloh!
Otingiz yangrar Alloh ismi-la minbar, minorlardan, Buyukdir sha’ningiz dunyodagi barcha kiborlardan, Topib ellar sharofat poyingiz bosgan g‘uborlardan, Najot insoniyatga keldi siz bergan qarorlardan, Oyog‘ingizni o‘pgan topdi hurmat, yo Rasululloh!
Bashardan bir vakil siz sayr etibsiz ikki olamni, Topar ikki jahon, bosh egsa kim, boy bermayin damni, Kimiki sizga dushmanlik qilibdir, istamish g‘amni, Xudo «tabbat yado» deb hukm qilmish unday odamni, Topibsiz Arshi A’lodan himoyat, yo Rasululloh!
Imom bo‘ldingiz Isroda payg‘ambarlarga Aqsoda, Xudo «mezbonu», siz «mehmon» bo‘libsiz Arshi A’loda, Malaklar to‘shamish sizga qanotin oliy ma’voda, Kelibdir sizga Jibril «qoba qavsayni av adno»da, Poyingizga qo‘yar bosh ahli jannat, yo Rasululloh.
Go‘zal axloqingizkim ayni Qur’oni Karim o‘ldi, Erur Qur’on azim, bas, xulqingiz «xulqi azim» o‘ldi, O‘zingiz pok, so‘zingiz poku qalbingiz salim o‘ldi, Yoningizga kelib dushman, ajab, do‘sti hamim o‘ldi, Davo topdi sizing-la barcha illat, yo Rasululloh!
So‘zu holu amal, taqriringiz bizlarga sunnatdir, Yemak-ichmak, o‘tirgan-turganingiz bori ibratdir, Xudoning amri bizdan doimo sizga itoatdir, Ko‘ngilda sizni sevmoqning o‘zi ham bir ibodatdir, Yomonu yaxshida sizga muhabbat, yo Rasululloh!
Gunohkor ko‘zlarim ko‘rsa, tanir qosh-ko‘zlaringizni, Go‘zal qomat, muattar jismu porloq yuzlaringizni, Quloqlar o‘zgacha tinglar eshitsa so‘zlaringizni, Nechukkim o‘rganibdir dil kecha-kunduzlaringizni, «Nabiyyim», deydi til, ko‘z ko‘rsa «surat», yo Rasululloh!
Tushimda sizni ko‘rsam, roziman gar qaytmasa jonim, Ovozingiz eshitsam, so‘ngra gung bo‘lsam yo‘q armonim, Qo‘lingiz ushlasam, mayli, tomirda qotsa so‘ng qonim, Visolingiz uchun qurbon muhabbat birla iymonim, Bisotimda yo‘q o‘zga yaxshi qurbat, yo Rasululloh!
Shafoatni deyibsiz ummatimdan jurm qilganga, Gapirsa jannat ahli ne sababli kirganin anga, Shafoat-la faxrlangum shahidlik birla kirganga, Gunohkor ummatingizdan qilibdir shukr Rohmanga, Nechukkim sizga keltirdim shahodat, yo Rasululloh!
Bugun bu osiy ummat oldingizda ko‘p xijolatda, Unutmish sunnatingiz, siyratingizni jaholatda, Shu bois boshi qolmish yuz baloyu zulmu zulmatda, Qilur ahd bo‘lgali bo‘lgan kabi davri saodatda, Magar sizdan tilarlar bir shafoat, yo Rasululloh!