
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
MILLIY ALLA
MILLIY ALLA
Alla-alla, bolajonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
Umrim bogʻi gʻunchasi, Qalbim qoʻri kulchasi, Jon-u tanim parchasi, Sensan orzum barchasi!
Alla-alla, oʻgʻlonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
Qoʻchqor boʻlma, qoplon boʻl, Dovyurak, mard, arslon boʻl, Ham bulbuli biyron boʻl, Ne boʻl, komil inson boʻl!
Alla-alla, arslonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
Dard koʻrma hech, murgʻagim, Jisming mening yuragim, Qudratli boʻl, bilagim, Sen Rabbimdan tilagim!
Alla-alla, darmonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
Bersin Nuhning umridan, Goʻzal Yusuf husnidan, Ibrohimning mehridan, Ham Ahmadning xulqidan!
Alla-alla, sultonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
Yigʻlama, ey yupanchim, Quvnab yurgin, quvonchim, Toyilmagin, tayanchim, Ishonch oqla, ishonchim!
Alla-alla, bolajonim, Alloh-Alloh, de, jonim! Alla-alla, dey, uxla, Alloh-Alloh, deb uxla!
02.02.2015. Toshkent