
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIR
Borliq bebosh emas. Uni yo‘qdan yaratgan Zot bor, Egasi bor. U Zot har ishga qodir, borliq ustidan to‘la hukmron. U Zot insonga o‘xshab, o‘zi yaratgan narsani izmida tutolmay, ojiz qolmaydi. Irodasi barcha xohishlardan ustun, Uning iznisiz yeru osmonda biror ish amalga oshmaydi. Yerga to‘kilgan har bir yaproq, yerdan unib chiqqan har bir don ham Uning ilmu ihotasida. U Zot borliqni shunday maxfiy boshqaradiki, esi past odamlar Uni inkor qilishgacha boradi.
ALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIR
Borliq bebosh emas. Uni yo‘qdan yaratgan Zot bor, Egasi bor. U Zot har ishga qodir, borliq ustidan to‘la hukmron. U Zot insonga o‘xshab, o‘zi yaratgan narsani izmida tutolmay, ojiz qolmaydi. Irodasi barcha xohishlardan ustun, Uning iznisiz yeru osmonda biror ish amalga oshmaydi. Yerga to‘kilgan har bir yaproq, yerdan unib chiqqan har bir don ham Uning ilmu ihotasida. U Zot borliqni shunday maxfiy boshqaradiki, esi past odamlar Uni inkor qilishgacha boradi. Shuning uchun U Zot Botin deb atalgan. Ammo ishlarini shunday mahorat va izchillik bilan amalga oshiradiki, buni payqagan ahli donishlar Uning imzosini har bir kattayu kichik narsada ilg‘ab, qoyil qolgancha bosh irg‘ab qo‘yadi. Shu bois Uni Zohir deb atashadi.
Hayotga qalb ko‘zi bilan nazar solib, tafakkur qilgan odam borliqdagi barcha mavjudot, jumladan, inson ham aslida Alloh taoloning irodasini ijro qilayotganiga guvoh bo‘ladi. O‘zi olamda inon-ixtiyori bor yagona mavjudot – inson. Biroq u ham o‘z ixtiyori bilan Alloh taoloning irodasini amalga oshirib boraveradi. Qizig‘i shundaki, bunda inson barcha ishlarni to‘liq erk bilan bajaradi, hatto olamda o‘zini hukmron his qiladi, aslida esa ilohiy irodani amalga oshirayotgan bo‘ladi. Bu jarayonda uning asosiy ishtiroki Alloh iroda qilgan ishlarni tanlashda namoyon bo‘ladi.
Alloh taolo yaxshi-yomon, haq va botil ahli aniq ajragan, hamma narsa oshkor bo‘lgan, solihlar jannatda, jinoyatchilar jahannamda bo‘ladigan olamni yaratgan. U yerda hech kim zarracha zulm ham ko‘rmaydi, zulm qila olmaydi ham. Biroq bu boqiy olamga odamlarni saralash kerak edi. Shu maqsadda U Zot biz yashab turgan ushbu foniy dunyoni yaratdi. Shuning uchun biz bu dunyoni imtihon dunyosi deb ataymiz. Alloh bu imtihon uchun haq bilan botilni, yaxshilik bilan yomonlikni joriy etib, ular o‘rtasida davomiy kurash bo‘lishini iroda qildi. Bu kurashda hamisha haq ustun bo‘lishini, yaxshilik yomonlikni yengishini hukm etdi. Qur’on ta’biri bilan aytganda, Alloh taolo O‘zi va elchilari g‘olib bo‘lishini bitib qo‘ydi, «Oqibat taqvodorlarnikidir», deya e’lon qildi. Shundan so‘ng insonga haq yoki botilni tanlash uchun ixtiyor berdi. Istasa haqni tanlasin, istasa botilni.
Sinov haqiqiy bo‘lishi uchun Buyuk Alloh vaqtinchalik bo‘lsa-da, botilga ham imkon va quvvat baxsh etdi. Biroq bunda ham U Zot shunday maxfiy rejalarni tartiblab qo‘ydiki, botil ham haqqa xizmat qiladigan, botil ahli o‘zi sezmagan holda haqning g‘alabasini tezlashtiradigan bo‘ldi. O‘rni kelsa, botilchilarning zo‘ravon qo‘li bilan yaxshini yomondan, mo‘minni munofiqdan ajratib berdi. Ammo tanlov yomonlik bo‘lgani uchun, natijadan qat’i nazar, botil tarafdorlari jinoyatchi sifatida belgilanadi. Bu xuddi o‘ldirish uchun berilgan zahar dardga shifo bo‘lishiga o‘xshaydi, ammo qotillikni qasd qilgan kishi javobgar bo‘laveradi.
Botil ahlining haqqa qarshi qilgan barcha reja va urushlarini hisobga olsak, yer yuzida haqdan asar ham qolmasligi kerak edi. Tarix osha zolimlar tarafidan qilingan zulmlar, bu yo‘lda olib borilgan tashviqotlar adolat tushunchasini bashariyat ongidan abadul-abad uloqtirib tashlashi kerak edi. Biroq hayotda buning aksini ko‘rasiz: botil yo‘q bo‘lib, haq yutib chiqaveradi, qachon qarasangiz, zulm qoralanadi, qalblar adolat tomon intilaveradi. Dunyoni yaratgan Zot haq bilan botilni shunday joriy qilib qo‘ygan: haq egiladi, qayriladi, ammo sinmaydi, bil’aks, u hamisha osmonlarga bo‘y cho‘zgancha mag‘rur qoladi. Bu haqiqat moddiy olamdagi fizika qonunlari singari o‘zgarmas qonuniyatdir. Allohning yaratganini o‘zgartirish imkonsiz. Zotan, U Zotning irodasidan ustun kuch yo‘q. Har doim alal-oqibat haq g‘olib, botil mag‘lub bo‘lishi aniq. Biroq, tarafdorlar aniqlanguniga qadar muhlat beriladi, har kim o‘z niyati va ixtiyoriga ko‘ra u yoki bu tarafni tanlab, sinovdan o‘tib boradi. Bu imtihon shunchalar nozikki, uni anglagan odam mas’uliyatdan ozod bo‘lish uchun hatto aqldan ozishni orzu qilib qoladi.
Imtihonda har kimning chiptasi o‘ziga xos. Har kimga o‘ziga yarasha imkoniyat berilgan. Kimgadir hukm, kimgadir mansab, kimgadir boylik, kimgadir quvvat, kimgadir zakovat, yana kimgadir ilm, kimgadir oddiy tarafdorlik qudrati ulashilgan. Imtihonda har kim o‘z imkoniyati bilan qatnashadi va shundan so‘raladi. Mas’uliyat imkoniyatga ko‘ra belgilanadi. Ayni paytda, yuqori yutuqlar ham, og‘ir jazo ham ko‘pincha imkoniyatga bog‘liq bo‘ladi.
Borliqda oddiy bir yaproq Allohning ilmi va iznidan tashqarida emas ekan, Allohning eng aziz maxluqi bo‘lgan inson, xususan, dunyoning qoim turishiga sabab sanalgan iymonlilar, ayniqsa, ularning orasida martabasini Alloh ko‘tarib qo‘ygan ulamolarning taqdiri hech qachon Alloh taoloning irodasidan tashqarida bo‘lmaydi. Yana shunisi aniqki, Alloh mo‘min bandalariga hamisha yaxshilikni bitgan: kim nima qilmasin, mo‘minning foydasiga hal bo‘laveradi. Alloh taolo bandaga nima yaxshi ekanini hammadan yaxshi biladi, mo‘minga hatto u o‘zi o‘ylagandan ham yaxshirog‘ini taqdim etadi. Zero, Alloh mo‘minlarning valiysidir.
Do‘stingiz sizga yaxshilik qilar ekan, sizga yordam berar ekan, siz uchun bitilgan yaxshilikni yetkazayotgan bo‘ladi, asl beruvchi esa Allohdir. U Zot shuni iroda etgan. Xuddi shu kabi, ba’zan dushmaningiz sizga yomonlik qilib, shu bilan nimanidir uddaladim, deb o‘ylaydi. Aslida u ham Allohning sizga bitganini ijro qilayotgan bo‘ladi. Har qaysisi ham Allohning bergani bo‘lib, U Zot taqdir qilgani mo‘min banda uchun yaxshilik ekan, demak, modomiki mo‘min ekansiz, dushmaningiz sizga qilayotgan yomonlik ham aslida siz uchun yaxshilik bo‘ladi. Biroq, bu yaxshilik insonlar o‘lchovidagi faqat moddiy yoki oniy emas, balki moddiyat bilan ma’naviyatni, ikki dunyoni bir nuqtaga jamlagan holdagina anglashiladi.
Ba’zan bandalar yaxshi deb o‘ylagan narsaning oqibati yomon bo‘lishi, yoki yomon deb bilgani yaxshilik bo‘lishi mumkin. Ba’zan inson ozgina yoki yuzaki yaxshilikni istaydi, Alloh taolo esa ko‘proq va buyukroq yaxshilikni iroda etadi: gohida bandani kichik musibat orqali katta kulfatlardan asraydi, jismini kasal qilib, ruhini tuzatadi, moddiy sinovlar bilan ma’nan yuksaltiradi. Ba’zan bir kishiga bergan imtihoni bilan uni ajrlarga sazovor qilibgina qolmay, butun bir jamiyat uchun yaxshiliklar ato etishi mumkin. Istasa, bir xalqqa sinov berib, butun dunyoni o‘zgartiradi. Xullas, Alloh nimaiki qilsa, albatta yaxshilik bo‘ladi, U Zotning ishlaridagi sir-asrorlarni anglashga esa aqllar ojiz.
Kimdadir «U holda, hech nima qilmay, hamma ishni Allohga tashlab, taqdirga suyanib qo‘yaverishimiz kerakmi? Dushmanning adovatiga ham sukut qilish kerakmi? Kim nima qilsa qilaversin-u, biz tomoshabin bo‘lib o‘tiraveraylikmi?» degan ma’noda savollar tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, aksincha, imtihon aynan shu nuqtada: har kim o‘zi uchun muyassar bo‘lgan yaxshi amallarni qilishi kerak, yetgan natijani esa yaxshilik deb qabul qilishi kerak. Imtihonning qonuniyati shunday.
Bu yerda muhim bir qoidani bilib olish lozim: insonning voqea-hodisalarga nisbatan munosabati ikkiga ajraladi: voqea sodir bo‘lishidan oldingi holat va u voqe bo‘lgandan keyingi holat. Biz Alloh taqdirda nima bitganini bilmaymiz, shuning uchun voqealar oldida Alloh bergan aql va ta’limotga ko‘ra ish ko‘ramiz, qo‘limizdan kelganicha yaxshilikka harakat qilamiz, manfaat uchun kurashamiz, chunki biz shunga mas’ulmiz, shu bilan ajru savob kasb etamiz. Ammo natija bizdan emas, natija faqat Allohdan. Ayni paytda, biz kutgan natija emas, U Zotning bitgani yaxshiroq bo‘ladi. Binobarin, qo‘ldan kelganicha isloh uchun harakat qilgach, natijaga qaraladi, Alloh nimani bersa, taqdirda shu ekan, demak, yaxshilik shunda ekan, degan e’tiqodda bo‘linadi. Biroq bu bilan biz harakatni butkul to‘xtatishimiz shart emas, agar aql va din talab qilsa, harakatda yana davom etamiz, keyingi urinishga bitilgan natija uchun kurashamiz. Ammo har gal natija Allohdan bo‘ladi, Uning bergani yaxshilik bo‘ladi. Yaratguvchining buyukligi va maxluqning bandaligi ham shu ishonchni taqozo etadi.
Aslida yaxshilik va yomonlik tushunchalari ham nisbiy. Boshqacha qilib aytganda, ularni baholash masalaga qaysi tomondan qarashga bog‘liq. Barcha narsani Alloh yaratgan ekan, Uning yaratmishlari faqat yaxshilikdir. Islom e’tiqodiga ko‘ra, yomonlikni yaratadigan yana bir xudo yo‘q, yaxshilikning ham, yomonlikning yaratguvchisi yagona Alloh, Undan o‘zga xoliq yo‘q. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, bandalarning yaxshiyu yomon amallarini ham Alloh yaratib beradi. Binobarin, barcha narsalar, barcha amallar Allohning yaratishi e’tiboridan yaxshilik hisoblanadi. Ammo bandalarga nisbatan olib qaraganda, narsalar halol-harom, amallar yaxshi-yomonga taqsimlanadi. Imtihon mana shu jihatdan bo‘ladi.
Birov bir insonga zulm qildi, hatto uni nohaq o‘ldirdi. Qilgan zulmi, qotilligi yomon ish, buning uchun u jazoga loyiq, ammo bu harakat mazlumga ajru maqom, hatto shahidlik martabasini taqdim etishi mumkin. Zolimga zulmi uchun imkon berilishi imtihon olamining sharti bo‘lsa, bu narsa yaxshilik qadr topishi va ilohiy adolat taqozosi e’tiboridan yaxshilikdir. Mazlumga yetgan zulm ajru maqom, kafforotu darajot, tarbiya va qurbat, abadiy saodat e’tiboridan yaxshilikdir. Ushbu zulm insoniy jamiyatda Alloh iroda qilgan yaxshiliklarga sabab bo‘lishi jihatidan ham yaxshilikdir. Fitnalar, zulmu musibatlar xuddi olov oltinni tuproqdan tozalab, toblaganidek, rostgo‘yni yolg‘onchidan, jasurni qo‘rqoqdan, mo‘minni munofiqdan ajratib, nafslarni poklash, sadoqat ahlining iymonini sayqallash uchun ham kerak. Fosiqlarning fahshu fujurni yoyishi buzuqlikka moyil bo‘lganlarni ovlab, dunyoda ularning nasli kesilishiga sabab bo‘lishi ham bejiz emas. Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Shunday qilib, Alloh bitgan va yaratgan barcha narsa ilohiy nuqtai nazardan faqat yaxshilik bo‘lib chiqadi. Ayni vaqtda har kim o‘zi tanlagan amallari uchun mas’ul bo‘lib, shu bilan imtihondan o‘tadi.
Aytaylik, haqiqat va adolat uchun kurashgan bir olim yoki bir oddiy mo‘min inson ustidan insonlar tarafidan hukm o‘qiladigan. Shu hodisaga bo‘lgan munosabatda kimdir adolatni, kimdir nohaqlikni tanlaydi. Kimdir haqiqat uchun kurashadi, kimdir unga qarshi turadi, kimdir befarq bo‘ladi. Ularning biri savob, ikkinchisi gunoh kasb etsa, boshqasi mahrum va javobgar qoladi. Kimdir iymon yo‘lini, kimdir kufrni, kimdir Allohning roziligini, kimdir nafsu shaytonning xohishini yoki bandalarning roziligini ixtiyor qiladi. Kimdir ilmga asoslanib, kimdir jaholat bilan ish tutadi. Birov iymonu ibodat g‘olibligi, boshqa birov kufru fosiqlik ustunligi uchun kurashadi. Shu orqali har kim o‘zining qalbidagi ishonchini, ichki olamini amalga ko‘chiradi, tasdiqlaydi, muhokama uchun amal daftariga qaydlaydi. Zolim zulmi bilan mo‘minga Alloh bitgan sinovni yetkazadi, mazlum esa unga nisbatan sabr va kurash orqali Haqqa sadoqatini ko‘rsatadi. Shu tarzda zolim ham, mazlum ham nomai a’molini to‘ldirib boraveradi. Bu jarayon bandalar o‘z taraflarini shubha qolmaydigan, keyin tona olmaydigan darajada belgilagunlaricha davom etadi. Kim nima uchun qanchalar harakat qilgani Allohning hisobida qayd etiladi. Taraflar belgilanadi: kimdir Rahmonning guruhida, kimdir shaytonning. Haq ahli haqiqat uchun fidokorlik qilsa, qalbi haqdan og‘gan kimsalar botilga xizmat ko‘rsatadi. Haqiqatparastlar ham, zulmkorlar ham o‘zi uchun hujjat yig‘adi. Bu hujjatlar Oliy Mahkamada ko‘rib chiqiladi. Barcha taraflarning urinishlari ortidan dunyoda yuzaga kelgan natija esa Alloh iroda qilgan narsa bo‘ladi va bu albatta yaxshilik hisoblanadi. Haqni istagan ham, botilni qo‘llagan ham oqibatda Alloh iroda qilgan natija uchun xizmat qiladi va shu natija yaxshilik bo‘ladi. Alloh ana shunday O‘z ishida mohir va g‘olib Zotdir, U O‘z hukmini sezdirmay amalga oshiradi va hamisha haqni oliy qiladi, ammo ko‘p odamlar buni anglamaydi. Allohning ishlarini fahmlash hammaga ham emas, qalb ko‘zi ochiq bo‘lishi darkor. Nafsi aqlini o‘tmas qilgan, bolalarcha shoshqaloq fikr, kalta fahm egalari ilohiy tadbirlarni ilg‘ashdan mahrumdir.
Xulosa qilib aytganda, borliqda Allohning irodasi ustundir, Uning saltanatida barcha faqat Uning irodasini amalga oshiradi. Haq uchun kurashgan ham, botilning tarafini olgan ham Uning irodasini ijro etadi. Biroq inson ushbu taraflardan birini tanlashda sinaladi. Ixtiyor o‘zida. Xohlagan kishi Alloh g‘oliblik bitgan haq tarafda, xohlagan kimsa puch botil tarafda harakatlanadi. Har ikki tomon o‘zi tanlagan yo‘lda Alloh bergan umru aqlini, molu quvvatini sarf etadi. So‘ngida Allohning irodasi ro‘yobga chiqadi: insonlar imtihondan o‘tadi, taraflar aniq bo‘ladi, haq botilni mahv etadi. Zero, Alloh bu sinov dunyosida haq bilan botil o‘rtasidagi kurashni joriy etar ekan, g‘oliblikni haqqa bitgan. Imtihon esa ma’lum vaqt talab qiladi. Muhlat shuning uchun. Allohga esa zamon yo‘q, Uning nazdida oy-yillar, asrlar hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Istagancha imtihon qiladi. Bularning hammasi Alloh taoloning bashariyat ustidagi irodasidir va barchasi yaxshilikdir.