
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIK
Dunyo aholisining katta qismi yashash uchun juda ham munosib iqlim va mintaqada istiqomat qiladi. Yevropa mamlakatlarini olasizmi, Turkiya, Misr yoki Yaponiyani olasizmi, Amerikalarni aytasizmi, aholi yerning dengizu ummonlari bo‘yida, chang-to‘zonsiz, mo‘tadil va toza havoli, ko‘kalamzor hududlarda yashaydi.
O‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIK
Dunyo aholisining katta qismi yashash uchun juda ham munosib iqlim va mintaqada istiqomat qiladi. Yevropa mamlakatlarini olasizmi, Turkiya, Misr yoki Yaponiyani olasizmi, Amerikalarni aytasizmi, aholi yerning dengizu ummonlari bo‘yida, chang-to‘zonsiz, mo‘tadil va toza havoli, ko‘kalamzor hududlarda yashaydi. Chang bo‘lmagani uchun ust-boshlari ancha-munchaga kirlanmaydi, odamlar nafas yo‘liga, teriga oid kasalliklarga ko‘p chalinmaydi va hokazo. To‘rt fasl bor bo‘lsa-da, yozi ham, qishi ham mo‘tadil bo‘lgani uchun na issiqdan, na sovuqdan aziyat chekishadi. Bu holat kiyim-kechakda ham, oziq-ovqatda ham, turar joy, qo‘yingki, barcha narsada yengillik yaratadi. Noshukrlik emas, bor holatni ta’riflash ma’nosida aytganda, bizdagi qahraton qish va jazirama yoz ekin-tikin, meva-chevalar uchun yaxshi, ammo odamzot uchun noqulayliklar keltirishi hech kimga sir emas. Yozda salqinga qochamiz, qishda issiqqa burkanamiz. Fasllardagi keskin farq hatto chorvalar uchun ham qiyinchilik tug‘diradi.
Turkiyada Marmara dengiziga chiqsangiz, odamlarning sohilda dam olib o‘tirganini, tekin sihhatgohdan bahramandligini ko‘rib, havas qilasiz. Har kuni oqshomni suv bo‘yida kutib olishadi. Misr, Saudiya, Arab amirliklari kabi dengiz bo‘yidagi, Amerika, Ispaniya, Portugaliya, Yaponiya, Malaziya, Qatar kabi ummon sohilidagi mamlakatlar aholisi uchun suv bo‘yida yashash, dam olish imkoniyatidan tashqari tabiiy cho‘milish havzalari, okean bo‘ylab kema sayohati va boshqa ko‘plab ne’matlar muhayyo. Buning ustiga, bu mamlakatlarda aholi uchun yaratilgan sharoitlar va qulayliklar ham juda yuqori darajada. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy taraqqiyot uchun suv yo‘lining ahamiyati qanchalar ta’sirli ekanini hamma yaxshi biladi. Bu kabi imtiyozlarni sanasa, gap tugamaydi. Biroq aytmoqchi bo‘lganim bular emas. Gap boshqa joyda.
Aslida boriga qanoat qilib, shukr qilish bizning shiorimiz. Vatanni boricha sevish, uning fazilatlarini kuylash, uning tuprog‘ini ko‘zga to‘tiyo bilish hayot yo‘limiz. Odamlar Afrikada, cho‘lu biyobonlarda ham yashayapti. Bizda-ku bir nechta daryo va ariqlar, mo‘tadil bahoru kuzlar bor. Ayniqsa, ilmu irfoni, olimu avliyolari bilan tanilgan bu muborak o‘lkada yashash o‘zini bilgan har bir odam uchun faxr va sharaf. Biroq dunyoning ko‘p mamlakatlarida insonlarning tabiiy qulayliklardan bahramand bo‘lib yashayotganini ko‘rar ekanman, har gal xayolga beixtiyor bir fikr keladi: bugun O‘zbekiston aholisi tabiiy ravishda bir muncha noqulay hududda yashar ekan, hech bo‘lmasa bir-biriga qulaylik yaratishga urinsa bo‘lmasmikin? Xalqimiz uchun ummon yoki dengiz paydo qilib bera olmas ekanmiz, o‘zimiz ummondek bahra sochuvchi bo‘lsak imkon bor-ku! O‘tgan asrda turli sabablarga ko‘ra daryo va ariqlarning o‘zanini o‘zgartirib, odamlar shinam sharoitdan mahrum qilindi, shaharlardagi iqlim ham o‘zgardi, havo changga to‘ldi. Endi u daryolarning o‘zanini, suvini joyiga qaytarish mushkul. Biroq daryo yetmasa, o‘zimiz daryo bo‘lsak, qiyin emas-ku!
Nima uchun hamkasblar bir-birini sig‘dirmaydi, rahbar ishchiga g‘o‘dayadi, boy kambag‘alni xo‘rlaydi? Aka-uka, opa-singil, ota-bola, er-xotin bir-biriga ozor berib, bosim qilib, nima maza topadi?! Qonunshunoslarimiz taqiqni emas, tartibni ustuvor bilsalar bo‘lmaydimi? Xalq ustidan qonun chiqarishar ekan, bir yoqlama qaramay, xalqning fikrini tinglab, uni rozi qiladigan qoidalar joriy etishsa, buning nima yomon joyi bor? Davlat xalqqa, xalq davlatga qalbini ochib, osuda yashashiga nima mone’lik bor? Nega bir-birimizni aldab, azoblab yashaymiz? Nega insonlarning hatto bilim olishiga ham cheklov qo‘ygimiz keladi? Nima uchun boshqalarni shaxsiy didimiz qolipida yashashga majbur qilishimiz kerak? Nega yaxshilikka intilgan odamlarga ham taqiq qo‘yishimiz kerak? Aslida maqsadi bir bo‘lgan kishilar nega kelishmay, bir-birini qiynayveradi? Nega endi Alloh taolo bizga tekinga berib qo‘ygan bu dunyoni boshqadan qizg‘anaveramiz? Nega bu bepoyon zaminga sig‘may qolayotgandek bir-birimizni ortiqcha bilamiz? Nega..? Nega..?
Bu ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin. Gapni cho‘zmaslik uchun maqsadga o‘tib qo‘ya qolay. Keling, bir uydan panoh topgan kishilardek, bir yurtda yashar ekanmiz, bir-birimizga bag‘rimizni ochib, bir-birovimizni qo‘llab yashaylik! Kimdir jamiyatga yirik ishlarni qilmoqchi, unga nisbatan qalbi tor bo‘lmang, qo‘ldan kelsa, unga ko‘mak bering, sharoit yarating, hech yo‘q xalal yetkazmang! Xalqimiz orasida iqtidorlilar ko‘p, qobiliyatini ko‘rsatishga imkon bering, Alloh bergan ne’matdan barcha bahramand bo‘lsin! Bu dunyo hammadan qolgan, bizdan ham qoladi. Dunyo sizsiz ham bor edi, yana yashayveradi, sizga qilgan yaxshi amalingizgina asqotadi.
Birov o‘z ishonchi asosida ibodat qilmoqchimi, o‘z holiga qo‘ying. Birov ilm olishni istaydimi, yo‘lini to‘smang. Axir hammamiz ham bu besh kunlik dunyoga bir martagina kelamiz, uni bir-birimizga tor qilmaylik. O‘zini namoyon etib, o‘z o‘rnini topishga har bir inson haqli, ko‘ngilni keng qiling! Ishoning, hech narsa yutqazmaysiz, Allohning fazli keng, hammaga yaxshilik yetadi. O‘zimizni ham, boshqani ham qiynab nima zarur?! Shu Vatan barchamizniki, hammamiz shu yurt farzandlarimiz, hech kimda, hech bir toifada qo‘shimcha imtiyoz yoki istisno yo‘q, bir-birimizni eshitib, tushunib yashaylik. Ummon yo‘q bo‘lsa, qalbimiz ummon bo‘lsin! Daryo yetmasa, o‘zimiz daryo bo‘laylik!