Hasanayn.uz

Maqolalar

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIRMaqolaAG‘YOR ‒ IXLOSNING KUSHANDASIDIRMaqolaHAQIQAT HAQDAN DARAKMaqolaINKORGA SHOSHILMANG!MaqolaMUNOSABATMaqolaYOLG‘ONCHILIK ILLATIMaqolaDINI YO‘QNING VAFOSI YO‘QMaqolaINSON MA’NAVIYATGA HAMISHA MUHTOJ QOLAJAKMaqolaBAYROQ – BIRLIK VA VATAN RAMZIDIRMaqolaUZR, EY ABU JAHL!MaqolaVAFO IYMONDANDIRMaqolaTUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLARMaqolaNAFS VA SHAYTONMaqolaSIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?MaqolaMEZON BUZILMASINMaqolaTARIX O‘ZINI TAKRORLAYDIMaqolaQISSADAN HISSAMaqolaZULM – ZULMATDIRMaqolaO‘ZINGNIKI BO‘LISHIGA NIMA YETSIN?!MaqolaHOZIR DUO SOATIDIRMaqolaMA’UNAT SO‘NGI NUQTADA BO‘LADIMaqolaDUOLAR NEGA IJOBAT BO‘LMAYAPTI?MaqolaBIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?MaqolaTILGA E’TIBOR ‒ ELGA MADORMaqolaDUNYONING BUGUNGI YUZIMaqolaVATAN HAQIDAMaqolaMO‘MINNING BIRINCHI QUROLI HAM, OXIRGI QUROLI HAM DUODIRMaqolaILM VA DINNING MILLATI BO‘LMAYDIMaqolaSABABLAR KESILGANDA...MaqolaO‘ZLIKNI ASRASHDA MUMTOZ ADABIYATIMIZ MUHIM O‘RIN TUTADIMaqolaIBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!MaqolaISLOH HAM, AKSI HAM O‘ZIMIZDAN BOSHLANADIMaqolaOMONAT YOXUD ESLATMA!MaqolaTA’LIM HAQIDA MULOHAZALARMaqolaTARIX OMONATDIR (3-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (4-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (5-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (2-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (1-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (6-QISM)
Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

ILOHIY IRODA

Hayotda haq bilan botil o‘rtasida uzluksiz kurash borar ekan, botil mol-mulk bilan harchand dastaklanmasin, bir kun kelib, haqiqat oldida taslim bo‘lganini ko‘raverasiz. Qur’on ochiqlaganidek, kufr keltirganlar aqlu bilimlarini, molu mulklarini insonlarni Allohning yo‘lidan to‘sish uchun sarflab-sarflab, oxir oqabatda mag‘lub bo‘lganini, odamlar yana Allohning diniga intilayotganini ko‘rasiz. Bu ilohiy irodaning g‘alabasidir.


ILOHIY IRODA

Inson hayotni kuzatib yashagan sari dunyoni yaxshiroq anglab, haqiqatlarni chuqurroq tushunib boradi. Dunyoga faqat zohiriy ko‘z bilan emas, aql-idrok va qalb ko‘zi bilan nazar solgan odam bu olamda barcha xohishlardan ustun bir iroda borligiga shubha qilmaydi. Bu iroda qarshisida shohu gado birdek mute’ ekaniga guvoh bo‘ladi. Zotan, izchil qonuniyat va mo‘jizalarga to‘la bu olamni yaratgan Zot uni o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkin ham emas. Uning yaratgan maxluqotlari U Zotning mulkida mutlaq hukmron bo‘lishi ham aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Uning irodasi barcha yaralmishlarning istaklaridan ustundir. Hatto insonlar o‘zlari sezmagan holda Uning xohishlarini istaydi. Uning buyukligi shundaki, U O‘z irodasini yuritishda ham ilmu qudratini namoyish etadi, hukmini bandalarga sezdirmay o‘tkazadi va hamisha O‘zi g‘olib bo‘ladi. Ha, Alloh doimo O‘z ishida g‘olibdir, ammo ko‘p odamlar buni bilmaydi.

Hayotda haq bilan botil o‘rtasida uzluksiz kurash borar ekan, botil mol-mulk bilan harchand dastaklanmasin, bir kun kelib, haqiqat oldida taslim bo‘lganini ko‘raverasiz. Qur’on ochiqlaganidek, kufr keltirganlar aqlu bilimlarini, molu mulklarini insonlarni Allohning yo‘lidan to‘sish uchun sarflab-sarflab, oxir oqabatda mag‘lub bo‘lganini, odamlar yana Allohning diniga intilayotganini ko‘rasiz. Bu ilohiy irodaning g‘alabasidir.

Tarixda yashab o‘tgan payg‘ambarlarning hayotini o‘rgansangiz, zolim va zo‘ravonlarning xohishlariga ters ravishda doimo iymon g‘alaba qilganiga guvoh bo‘lasiz. Ibrohim alayhissalomni gulxanda yoqib, yo‘q qilmoqchi bo‘lgan Namrud bir pashsha tufayli o‘lim topdi, shonu shuhrati ham yo‘q bo‘ldi, u nom-nishonsiz yo‘q qilmoqchi bo‘lgan Ibrohim alayhissalom esa bugungacha izzat-ikrom bilan tilga olinadi, millatlarning otasi hisoblanadi. O‘zidan xudo yasab olgan Fir’avn o‘z dushmani Muso alayhissalomni o‘zi katta qildi. Chunki ilohiy iroda shuni istagandi. U Allohning payg‘ambarini qavmi bilan qo‘shib qirib tashlamoqchi bo‘lgan edi, a’yonlari bilan birga suvga g‘arq bo‘lib, tarix chiqindixonasiga uloqtirildi, iymon ahli esa najot topdi.

Maryam alayhissalomni yomonotliq qilmoqchi bo‘lishdi, u esa butun insoniyat nazdida poklik ramziga aylandi. Iyso alayhissalomning da’vatiga barham berish uchun uni jismonan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan Rum hukmdorlarining o‘zlari yo‘q bo‘lib, bugun ularning o‘rnida yashayotgan milliardlagan dunyo aholisining uchdan ikkisi u zotning da’vati haq bo‘lganini e’tirof etmoqda. Ilk milodiy asrlarda o‘sha davrning samoviy dini bo‘lgan nasroniylikning o‘z yurtida tarqalishiga qarshi qariyb ikki yuz yil ayovsiz kurash olib borgan Yevropa nasroniylikning beshigi bo‘lgan Yaqin Sharq qolib, ming yillar osha to bugungacha jahonda nasroniylikning dunyo bo‘ylab targ‘ibot markazi bo‘lib kelmoqda. Bir paytlar farzandlari nasroniy bo‘lib ketishidan xavfsirab, diniy da’vatlarni man qilgan, da’vatchilarni qatag‘on qilgan butparast, moddaparast G‘arb xalqlari oradan ko‘p o‘tmay tug‘ilgan chaqaloqlarini cherkovda cho‘qintirishni farz biladigan bo‘ldi. Bu safar ham ilohiy iroda ustun keldi.

Yoshlarning Islomga qiziqib ketayotganidan xavotirga tushib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarga qarshi xayoliga kelgan barcha dushmanlikni ravo ko‘rgan Abu Jahl va Abu Sufyonlarning farzandlari Islomning bayroqdorlariga aylandi: Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu Islom da’vati yo‘lida shahid bo‘ldi, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu esa Islomning Afrikadan Hindu Xitoygacha yetib borishiga sabab bo‘ldi. Musulmonlarni yo‘q qilib tashlashga bel bog‘lagan Chingizxonning nabiralari bir deganda Islom da’vatchilariga aylandi: Oltin O‘rda hokimi Barakaxon Islom bayroqdorlaridan biri bo‘ldi, O‘zbekxon tufayli minglab mo‘g‘ullar Islomni qabul qildi. Bugun ham shunga o‘xshash misollarni kuzatish mumkin. Ovro‘pacha hayotga o‘rgangan farzandlarining kelajagi tashvishida milliy-diniy qadriyatlarimizga qarshi bir umr kurashgan ayrim kimsalarning farzandlari dindor, qizlari ro‘pochi (andijoncha shevada «o‘rangan») bo‘lib ketganini ko‘pchilik ko‘rib turibdi. Farzandlarini baxtli qilaman deb, diyonatsizlik yo‘lini olqishlaganlarning zurriyoti badbaxtlikka mahkum bo‘lganini ham ko‘p kuzatasiz. Dono xalqimiz aytganidek, «Men qilaman o‘ttiz, Egam qilar to‘qqiz». Ha, bu olamda bandalarning xohishi emas, Allohning xohishi ustundir.

Islomga qarshi jang qilganlar Badr urushidan boshlab, hozirgacha har gal Islomni yer yuzidan bir yo‘la supurib tashlashga qasd qilishadi. Biroq Islom har safar g‘olib kelib, yer yuzi bo‘ylab tobora kengroq tarqalmoqda. Bir kishidan boshlangan bu din bugun qariyb ikki milliard insonning qalbini zabt etgan. Salib yurishlari, mo‘g‘ul bosqinlari, G‘arbning mustamlakachilik urushlari millionlab musulmonlarning yostig‘ini quritdi. Yurtimizda kommunistlar, radikal ateistlar xalqni dinsiz qilish uchun yuz minglab musulmonlarni qatag‘on qildi, ulamolarni qirdi, kitoblarni yoqdi, xalqni Islomdan butkul to‘sdi. Biroq vaqt o‘tib qattollarning barchasi tarix soyasida qoldi, Islom esa butun olamni zabt etishda davom etmoqda. O‘tgan asrning 80-yillarida nashrdan chiqqan bir manbada dahriylar o‘zbek jamiyatida nikoh va janozadan boshqa diniy udum qolmagani, ularni ham bartaraf etishsa, kommunizm qurishlarini iddao qilishgandi. Oradan o‘n yil o‘tib, yurtimiz mustaqil bo‘lib, xalq o‘zligiga qayta boshladi. Islomni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlar abadiy yo‘qlikka mahkum bo‘ldi. Ilohiy iroda shuni istagan ekan.

Bundan qariyb 10 yilcha muqaddam vohalik bir otaxon kutilmaganda: «Qori, ikkinchi jahon urushida nega Gitler yutqazib, Stalin yutgan?» deb savol berib qoldi. Men o‘ylanib o‘tirguncha hoji buvaning o‘zi javob berib qo‘ydi: «Gitler musulmonlarga qarshi emas edi, Islomga yo‘l beraman, degan edi. Stalin esa o‘taketgan dahriy, dinga qarshi siyosatchi edi. Agar Gitler yutganda, Allohning dini Islomning bugungi rivojini odamlar Gitlerdan ko‘rardi. Alloh taolo esa istasa, O‘z dinini unga eng qarshi hukmdorning qo‘l ostida ham ustun qilishini ko‘rsatdi». Oddiygina otaxonning bu hikmatli so‘zi asl haqiqat edi. Qalb ko‘zi ochiq odam ekan, ilohiy irodani ko‘ra olgan edi. Bu go‘zal tahlilni boshqa joyda eshitmadim.

Musulmonlar Alloh taoloning dinini o‘zida aks ettirgan ma’naviy boyliklariga beparvo bo‘lib, ularni saqlash uchun yetarli vositalarga ega bo‘lmay qolgan edi, Alloh Islom dushmanlarining qalbiga ushbu betakror boylik muhabbatini, uni jamlab, asrash va nashr qilish qasdini soldi. Bugun ular bu ilohiy ko‘rsatmalarni eng zamonaviy uslubda bashariyatning mulkiga aylantirish payida. Niyatlari qanday bo‘lsa ham, ular beixtiyor Allohning irodasini ijro etmoqda, Uning dini musaffo saqlanib, butun insoniyatga yetib borishiga xizmat qilmoqda.

G‘arb sharqshunoslari Qur’on va hadisni musulmonlar hayotidan surib chiqarish maqsadida Islomga oid turli shubhalarni tarqatib, islomiy haqiqatlarni o‘z g‘arazlariga mutanosib talqin qilib kelishdi. Bu maqsadda ular juda katta ishlar qilishdi, qancha-qancha molu quvvat sarflashdi. Manbalarda aytilishicha, sharqshunoslar tarafidan Islomga oid 50.000 dan ortiq tadqiqot nashr qilingan. Boshqa tarafdan ularning siyosatchilari sof Islom ta’limotiga zid toifalarning fikrini butun ummat ichida qayta qo‘zg‘ab, turli radikal jamoalarni dastaklashdi. Ammo ularning bu urinishlari ham ilohiy tadbir ekan: kimlardir shu bilan iymonda sinaldi, ayni paytda Qur’onu Sunnatga oid qancha ilmlar qayta jonlandi, ommalashdi, shubhalarga berilgan raddiyalar mo‘minlarning iymonini ziyoda qildi, Islom zamon ruhida o‘zini namoyon etdi.

E’tibor berilsa, oxirgi asrlarda yuz bergan fitnalar natijasida Qur’on va qiroat ilmlari, hadis va ulumul-hadis ilmlari, fiqh va usulul-fiqh ilmi yangidan bo‘y ko‘rsatdi, tasavvuf ilmi ham yanada tozalanib, qadimgi sof ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Ayni shu holatni aqiyda ilmi borasida ham aytish mumkin. Ahli sunnaning hijriy o‘rta asrlardan beri turg‘unlikka yuz tutgan aqiydaviy mazhablari yangi tadqiqotlar, zamonaviy asarlar bilan boyidi.

Ayrim dushmanlar musulmon ommasiga qarshi bo‘lgan, aqiyda, fiqh va tasavvufdagi an’anaviy mazhablariga ters ketgan radikal qarashlarni iqtisodiy-siyosiy qo‘llash orqali butun Islom olamiga yoyish ishiga bosh-qosh bo‘ldi. Oxir-oqibat bir tarafdan bu toifalar o‘z dastakchilariga qarshi ishlay boshlagan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan bu vaziyat shar’iy ilmlarni chuqurroq o‘rganishga turtki bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur holatlar ta’sirida islomiy ilmlar musulmonlar shonu shavkatga to‘lgan davrdagi soflik va jo‘shqinlik tomon qo‘zg‘aldi.

Islom olamidagi uyg‘onishni kuzatib kelayotgan dunyoning katta kuchlari yangi fitna o‘ylab topishdi. G‘uluvga ketgan toifalar negizida jangari guruhlar yasab, alaloqibat musulmonlarni dunyoga terrorchi deb tanishtirishga urinishdi. Oradan ko‘p o‘tmadi, musulmonlarni terrorchi qilmoqchi bo‘lgan kuchlar butun dunyoda, hatto nomusulmon xalqlar tarafidan ham, o‘z tarafdorlari tarafidan ham terrorchi deya nom oldi. Buni qarangki, Islomni terrorchiga chiqarmoqchi bo‘lgan zamonaviy dunyo haqiqiy terrorchi o‘zi ekanini kuppa-kunduzi o‘z tashabbusi bilan isbotlab berdi. Ular bunday natijani hargiz istamasdi, biroq ilohiy iroda yana g‘olib keldi.

Siyosiy-ijtimoiy tahlillarga ko‘ra, 2003 yildan oldin arab olamida G‘arb demokratiyasiga ishonch va intilish ancha yuqori bo‘lgan. AQShning Iroqqa qilgan bosqini va xunrezliklaridan so‘ng u tarannum etayotgan demokratiyaga bo‘lgan ishonch mintaqada butkul orqaga ketdi. Ungacha Islom olamida liberallar juda faol edi. Biroq yetakchilarining qilg‘iliqlari musulmon xalqlar oldida ularning boshini egib qo‘ydi, xatolari va nifoqlari oshkor bo‘lib qoldi. Buning natijasida musulmon olamida Islomga intilish, undan najot izlash keskin ortdi. Tahlillarga ko‘ra, 2003 yildan keyin Tunisda musulmoncha hayot tarziga intiluvchilar 30%dan 80%ga oshgan. Liviya, Suriya va hozirgi kunda Falastindagi qirg‘inlar esa G‘arbning asl basharasini butkul ochib qo‘ya qoldi. Ulamolar yillar davomida da’vat qilib tushuntirganda ham o‘zgartirishi mushkul bo‘lgan musulmonlar ongidagi bir qancha egri qarashlar qisqa yillarda to‘g‘ri o‘zanga tushdi. Zero, Alloh bu ummatga hamisha yaxshilikni iroda qiladi. Unga ba’zan sinovlar yuborib, uyqusini ochadi, ba’zan yengilroq talafot yuborib, uni katta kulfatlardan asraydi. Bularning barchasi ilohiy iroda, samoviy qonuniyatdir.

Amerikaning Iroqqa bosqini paytida angliyalik bir dahriy o‘zining bir maqolasida «Musulmonlar ishongan Xudo bor bo‘lsa, Iroqdagi O‘zining ishonuvchilariga bo‘layotgan zulmlarga nisbatan nega javob qilmayapti?» degan ma’noda aljiragan ekan. Mehrob shahidi Ramazon Butiy rahmatullohi alayh unga javob tarzida: «Agar qalb ko‘zi bilan boqqanida, bu hodisalarda Alloh taoloning qanchalar kuchli tadbiri ketayotganini ko‘rar edi», degan edi. Darhaqiqat, bu urushlardagi insoniy talafotlar juda ham ayanchli bo‘lsa-da, shu orqali Alloh taolo musulmon ummatini qayta tarbiyalayotgandek. Ulug‘ tarixchi, jamiyatshunoslik fanining otasi Ibn Xaldun aytganidek, og‘ir kunlar buyuklarni yetishtiradi, yengil hayot esa ojizlarni keltirib chiqaradi. Qur’on ta’biri bilan aytganda, mana shu yo‘l bilan Alloh O‘zi tanlagan bandalarini shahodat bilan mukofotlab, O‘zi istagan kishilarni poklab, mo‘minlarni munofiqlardan ajratadi.

So‘nggi yillarda dunyodagi munofiq siyosatchilarning ham yuzi ochilib bormoqda. Insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan ikkiyuzlamachi siyosatlar bugun o‘zini yashira olmay qoldi. Harchand kuch va pul sarflab, kerak bo‘lsa zo‘ravonliklar qilib, butun matbuotni egallab olishsa ham, qilvirliklari sizib chiqyapti. Yopiq eshiklar ortida qilingan maslahatlar ko‘p o‘tmay matbuotda muhokama qilinyapti. Terrorning asl mualliflari kim-u, uni boshqarayotganlar kim – bugun hammaga ayon. Islom o‘lkalarini xarob qilganlar aslida kimlar ekanini siyosatdan umuman bexabar qatlamlar ham yaxshi anglab turibdi. Yillar osha musulmonlarni munofiqona do‘stlik bilan aldab kelayotgan kuchlar hozir nifoqlarini ixtiyoriy-majburiy oshkor etishga majbur bo‘ldi. Ular bu sharmandalikni hecham xohlashmasdi, biroq ilohiy iroda ularning basharasidan pardani ko‘tarishni istadi.

Bu kabi misollarni istagancha keltirish mumkin. Bu kabi ilohiy tasarruflarga kishi o‘z hayotida, oilasi va atrofida ham ko‘p guvoh bo‘lib turadi. Inson yaxshi ishi uchun yaxshilik, yomonligi uchun yomonlik qaytishini vijdonan his qiladi va buni hayotda ko‘p uchratadi. Biroq uni ilg‘ash esa aql egalariga, qalb sohiblariga xosdir. Dilini moddiyat ko‘r qilib qo‘yganlar bundan bebahradir. Darhaqiqat, aslida ko‘zlar emas, qalblar ko‘r bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, borliqda Alloh taoloning irodasidan tashqari biror ish bo‘lmaydi. Hatto birgina yaproqning uzilib, yerga tushishi ham, qorong‘i tuproq ostidagi donning bosh ko‘tarishi ham Alloh taoloning huzurida yozib qo‘yilgan. Inson kim bo‘lmasin, Allohning irodasi doirasida harakatlanadi, umumiy ravishda Allohning irodasini ijro etadi. Insonda faqatgina juz’iy ixtiyor bor bo‘lib, bu tanlovi uchun o‘zi javobgardir.

Bugunning hodisalarga hozir baho berish qiyin, ularning tahlilini kelajak bayon qiladi. Ammo shunisi aniqki, barchasi ilohiy iroda izmida, hamma sinovda, har kim o‘zi uchun manzil hozirlaydi, amaliga yarasha natija oladi. Borliqda inson qanchalar kuch-qudratga ega bo‘lmasin, Allohning hukmidan tashqari chiqa olmaydi, Uning hisobidan qochib qutula olmaydi. Har bir ishi hikmatli bo‘lgan buyuk Zot borliqning gultoji bo‘lgan insonni bemaqsad yaratishi, o‘z holiga tashlab qo‘yishi yoki uning hayotini bunday talotum bilan yakunlashi mumkin emas. Nafs iskanjasidan, shayton vasvasasidan xoli tafakkur ushbu ma’nolarni tasdiqlaydi. Inson hayoti haqida bundan yaxshi va mantiqli falsafa ham yo‘q. Ilohiy iroda shunday hukm qilgan. Alloh O‘z ishida g‘olibdir. Oqibat taqvodorlarnikidir.