
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIR
Ijtimoiy tarmoqlarda har zamonda hali u davlat, hali bu xalqning mahsulotlarini baykot qilishga chaqiriqlar yangrab turibdi. Bu chaqiriqlarda jon bor, bu nidolar vijdondan, ruhdan taralmoqda, uni qalblar ilg‘aydi.
ENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIR
Ijtimoiy tarmoqlarda har zamonda hali u davlat, hali bu xalqning mahsulotlarini baykot qilishga chaqiriqlar yangrab turibdi. Bu chaqiriqlarda jon bor, bu nidolar vijdondan, ruhdan taralmoqda, uni qalblar ilg‘aydi.
Haqiqatan, inson yeb-ichib, nasl qoldirib, qorni uchun kerak bo‘lsa, vahshiylik qiladigan hayvonot kabi faqat moddiy jismdan iborat emas, unda ruh bor va uning insoniyligi, o‘zligi aslida shu ruh. Binobarin, ruhi falaj bo‘lmagan, qalbi o‘lmagan odam moddiyatni insoniylikdan ustun qo‘ymaydi, u hatto vijdon amri uchun borini fido qilishi ham mumkin.
Inson insoniyatga qarshi jinoyat qilayotgan maxluqlarga hech qachon ko‘makchi bo‘la olmaydi, vijdon bunga yo‘l qo‘ymaydi. Agar kim bu xislatdan mosuvo bo‘lsa, u o‘zining insoniyligini bir tahlil qilib qo‘yishi kerak.
Biroq, bu moddiy dunyoda yashayotgan inson faqat ma’naviy borliq bo‘lgan ruhdan iborat emas, uning moddiy tanasining ham istaklari, talablari va ehtiyojlari bor. Odam ko‘pincha mana shu ikki borliq, ikki taraf o‘rtasida sarosimada qoladi va moddiy olamga ko‘proq bog‘langani uchun aksar holatda u shu tarafni tanlab qolishi bor. Ikki taraf manfaatini jamlash esa ilmu iroda talab qiladi. Bu esa kerakli chora va mehnatlarni o‘z vaqtida bajarishni taqozo etadi.
Bugungi kunda baykotni ko‘pchilik qalbida istasa ham, ruhi shunga undasa ham, vijdoni shunga chaqirsa ham, amalda qo‘llay olmayotgani rost. Ha, inson moddiyatga qattiq bog‘lanib qolsa, o‘ziga qarshi dushmanlik rejasini qilayotgan tarafni ham qo‘llab turaveradi, muhimi hozir qorni och qolmasa bas. Bu xuddi yem bergani uchun qassobga erkalanib boshini ishqalagan echkini eslatadi. Biroq, u bechora bunga majbur ham, hayot zarurati uni shunga olib kelgan. Inson bundan farqli ravishda aqlini ishlatib, o‘z kuchiga tayanishga, kelajagi uchun harakat qilishga o‘rganishi lozim. Buning uchun u hech yo‘q do‘st-dushmanni ajratishi va dushmaniga yukinmaslik choralarini ko‘rishi kerak, o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondira olishi darkor. Bunga u ilm va mehnat bilan erishadi. Mana shunda u o‘z-o‘zidan boshqaga muhtojlikdan qutiladi. Buni Yaponiya, Xitoy kabi davlatlar misolida ko‘rish mumkin. Shuning uchun eng yaxshi baykot muqobil mahsulot tayyorlashdir.
Ishlab chiqarishni rivojlantirish, buning uchun kerakli ilmlarni o‘zlashtirish, shart-sharoit yaratish, kadrlar tayyorlash, ularni asrash, shu maqsadga xizmat qiladigan qonun va tartiblar joriy etish, bunda har bir mutsaddi o‘z vazifasini ixlos bilan bajarishi ushbu maqsad yo‘lida qilinadigan asosiy ishlardir. Mayda sanoatdan tortib, og‘ir sanoatgacha salohiyat mavjud bo‘lishi lozim. O‘z kuchiga tayanmagan xalq hech qachon qaramlikdan qutila olmaydi.
Ungacha esa zaruratsiz xaridlarni cheklash, muqobili bor mahsulotlarda mahalliylari yoki do‘stona munosabatdagi mamlakatlarga tegishli bo‘lganlari bilan kifoyalanish vajdon va iymon amri ekanini unutmaslik kerak.
Baykotning moddiy foydasi ham katta. U muvaqqat emas, biroz kechiksa-da, davomiy manfaatlar keltiradi. Tarixda baykotni ilk ommaviy qo‘llagan amerikaliklar Angliya mahsulotlarini rad etish natijasida o‘zliklarini anglash, xalq bo‘lib jipslashishdan tashqari, iqtisodlarini ham yuksalitirishga muvaffaq bo‘lganlar. Biz ham qo‘rqmasdan izchil harakat qilsak, undan ham katta nitajalarga erishishimiz hech gap emas. Zero, biz Alloh taoloning barakotidan ham umidvormiz.