
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
NIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!
«Biz dunyoning katta qismida bir necha asr hukmronlik qilgan sulola avlodi bo‘lsak ham, Vatan sadoqati yo‘lida ko‘p mashaqqatlarga duch keldik. Vaqti kelsa, tirikchilik uchun sabzi-kartoshka ham sotdik, kashnich-piyoz ham sotdik. Men faxr bilan shuni aytamanki, biz nima sotsak sotdik, ammo Vatanni sotmadik».
NIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!
Kuni kecha Abdulhamidxonning avlodlaridan birining aytgan ajoyib so‘zlarini o‘qib qoldim, gaplari menga juda ham yoqdi. U shunday yozadi:
«Biz dunyoning katta qismida bir necha asr hukmronlik qilgan sulola avlodi bo‘lsak ham, Vatan sadoqati yo‘lida ko‘p mashaqqatlarga duch keldik. Vaqti kelsa, tirikchilik uchun sabzi-kartoshka ham sotdik, kashnich-piyoz ham sotdik. Men faxr bilan shuni aytamanki, biz nima sotsak sotdik, ammo Vatanni sotmadik».
E’tiborimni tortgan narsa, so‘zlovchi din-diyonatli, e’tiqodli odam ekan. Haqiqatan, tarixda ham, bugun ham haqiqiy musulmon odamning gapi shu bo‘lgan. Shu paytgacha yurtimizning asosiy fidoiylari ham ulamolar, dinu diyonatli kishilar bo‘lgani fikrimizni quvvatlaydi.
Darhaqiqat, Vatan elniki, ajdodlardan qolgan pokiza meros, u hech kimning shaxsiy mulki emas. Binobarin, u har birimiz uchun omonat, unga sadoqat burchimiz, uni hech bir qiymatda sotish, shaxsiy manfaatga ishlatish mutlaq mumkin emas.
Vatan bejizga onaga mengzalmagan. Ha, biz uni «Ona Vatan» deymiz. Onani sotib bo‘larkanmi? Onani baholab bo‘larkanmi? Yo‘q, Ona sotilmaydi, bil’aks, ona uchun jonu mol fido qilinadi, vujudni baxshida etiladi. Vatanni sotganlar onasini sotgan sanaladi. Kishi nima sotsa sotsin, ammo Onani sotmasin!