Hasanayn.uz

Maqolalar

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIR
Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

RAMAZON DUO OYI

Mana, Ramazoni sharifning oyi ham to‘ldi. G‘animat kunlar o‘tib bormoqda. Bu oyda ibodat, zikr, tilovat va yaxshi amallarni ko‘paytirish kerakligi yaxshi bilamiz va shunga harakat qilamiz. Biroq bu oydagi eng g‘animat imkoniyat – duodan ko‘pincha g‘aflatda qolamiz. Aslida hammasidan ham ko‘ra ko‘proq duo qilishimiz lozim. Zero duo ham ibodat, ham chorasizning chorasiz, mazlumning quroli va barcha yaxshiliklarning boshidir.


RAMAZON DUO OYI

Mana, Ramazoni sharifning oyi ham to‘ldi. G‘animat kunlar o‘tib bormoqda. Bu oyda ibodat, zikr, tilovat va yaxshi amallarni ko‘paytirish kerakligi yaxshi bilamiz va shunga harakat qilamiz. Biroq bu oydagi eng g‘animat imkoniyat – duodan ko‘pincha g‘aflatda qolamiz. Aslida hammasidan ham ko‘ra ko‘proq duo qilishimiz lozim. Zero duo ham ibodat, ham chorasizning chorasiz, mazlumning quroli va barcha yaxshiliklarning boshidir.

Alloh taolo zamon va makonlarni yaratganda ayrim joylarni muqaddas qilib, u yerga imtiyoz bergani kabi yilning ma’lum vaqtlarini ana shunday ulug‘ fazilatlarga ega etib, barakali qilib qo‘ygan. Haftada juma kuni imtiyozlarga ega. Oylar ichida Ramazon oyi, uning kechalari, undagi qadr kechasi ana shunday fazilatli onlardan hisoblanadi. Bu fursatdagi ibodat, duo xuddi Ka’bai mu’zzama yonidagi ibodat va duo kabi qabuliyatga yaqin, savobi ko‘pdir. Haj va umraga borgan odam o‘sha muqaddas zaminlarda o‘zgacha ruhiy quvvat, poklik tuyadi. Uning yeguligi yoki boshqa biror moddiy jihati o‘zgarmagan, o‘sha odam o‘sha odam, ammo makonning ta’sirida u ziyoga to‘ladi, qalbi poklanadi, boshqa olamga tushib qoladi. Ko‘pchilik Ka’ba oldidagi duolari qabul bo‘lganini qalban sezadi ham, hayotda ravshan ko‘radi ham. Bu hamma bilgan haqiqat. Biroq xuddi shu kabi yana bir imkoniyat bor, unga borish shart emas, u o‘zi keladi. Bu Ramazon oyidir. Ka’bai musharrafa duolar qabul bo‘ladigan, amallarning savobini ko‘paytiradigan, yuqori darajada ruhiy quvvat yashiringan makon bo‘lsa, Ramazon xuddi shunday fazilatlarga ega zamondir. Binobarin, uni Ka’ba qarshisidagi fursat kabi g‘animat bilishmiz lozim. Ayniqsa, bu oyda duo qabuliyatidan ko‘proq foydalanib qolish darkor.

Ramazon oyi duo ijobat bo‘ladigan fursat ekaniga Qur’on va Sunnatda ishoralar ko‘p. Ramazon ro‘zasi farz qilingani va unga oid ahkomlar haqidagi to‘rt oyat ochiga duoning ijobat bo‘lishi xususidagi eng ajoyib oyat joylashtirilgan. E’tibor berilsa, dastlabki ikki oyatda ro‘zaning farzligi, uning ayrim ahkomlari zikr qilinadi. Uchinchi oyatda Ramazon oyining fazilati, unda Qur’on nozil qilingani, ro‘zaga oid masalalar, Alloh O‘z hukmlari bilan insonlarga yengillik istashi, ushbu ilohiy inoyatga hidoyat qilgani uchun musulmonlar Alloh taoloni ulug‘lashi lozimligi uqtiriladi. To‘rtinchi oyatda Ramazon kechalarida yeb ichish mumkinligi, e’tikof o‘tirish haqida so‘z boradi. Ramazonga oid ushbu oyatlar, aniqrog‘i Ramazon fazilatini, ro‘zaning hukmlarini bayon qilgan uchinchi oyat bilan ro‘zaning tunlariga bog‘liq ahkomlarni yoritgan to‘rtinchi oyat o‘rtasiga duo haqidagi ushbu oyat kiritilgan:

«Bandalarim sendan Men haqimda so‘rashsa, Men yaqindirman, duogo‘y duo qilganda ijobat etaman, bas, ular ham Menga ijobat qilishsin, Menga iymon keltishsin, shoyad rushdu hidoyat topsalar» (Baqara surasi, 186-oyat).

Aslida duoning ro‘za ibodatiga bevosita aloqasi yo‘q, mustaqil amal. Xo‘sh, nega uning ijobati haqidagi oyat ro‘zaga oid oyatlar o‘rtasida kelmoqda? Nega uni xuddi Ramazonda qilinadigan amallar qatori zikr qilinmoqda? Zikr qilganda ham duoga targ‘ibning o‘zigina emas, uning ijobatiga urg‘u berilmoqda? Har bir so‘zi, har bir harfi ilohiy tartibda bo‘lgan Qur’on bu talqinni bekorga qo‘llamagan. Bunda fahmlagan kishi uchun juda katta ma’no bor.

Qur’oni Karimda odatda so‘rovlarga javob berib nozil bo‘lgan oyatlarda «Sendan so‘arashadi» degandan so‘ng javob «Ayt» degan buyruq bilan beriladi. Biroq sahobalarning: «Ey Allohning Rasuli, Robbimiz bizdan uzoqmiki, duoda ovozimizni baland ko‘tarsak yoki yaqinmiki, past ovozda duo qilsak?» deb so‘rashganda Alloh taolo O‘zining yaqinligini bayon qilib tushirgan ushbu oyatda so‘rovga «Ayt» degan topshiriqsiz javob berilgan. Bu bilan Alloh bandalariga yaqinligini yanada urg‘ulagan, o‘rtaga hatto Payg‘ambarini ham qo‘ymagan. Shu bilan birga, oyatda Alloh O‘zining bandalarga yaqinligini aytish bilan cheklanmay, ularning duolarini ijobat etishini qo‘shimcha qilgan. Mana shu ma’nolarning Ramazon oyatlari o‘rtasida kelishi bu oy duo mavsimi, duolar ijobat bo‘ladigan soatlar ekanini anglatadi.

Ibn Kasir rahmatullohi alayh mazkur oyat tafsiri biz aytgan ma’nolarni ta’kidlab, jumladan shunday deydi: «Ramazon ro‘zasiga oid ahkomlar ichida duoga qiziqtirilishi bu oyda qilinishi kerak bo‘lgan amallardan biri duo ekani, duo qilishga qo‘ldan kelgancha tirishish, xususan, har kuni iftorda va Ramazon oxirida bunga yanada e’tiborli bo‘lishga ishora bor», deydi.

Ramazon duo oyi, duolar ijobat bo‘ladigan fursat ekani Sunnatda ham ko‘rsatilgan. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ro‘zadorning og‘iz ochgunicha qilgan duosi rad etilmaydi», deganlar. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ro‘zador uchun iftor paytida mustajob duo bor», deganlar”, der va iftorda ahli oilalarini jamlab, duo qilar ekanlar. Ibodatdagi kishining va ibdatni ado etib turgan kishining duosi qabul. Ro‘zador kuni bilan idodatda hisoblanadi va iftor paytida u ibodatni ado etib turgan bo‘ladi. Bu fursatni g‘animat bilib, har kuni namozlarda, iftorda erinmay yolvorib, tazarru’ bilan duolar qilish darkor.

Ramazonda ko‘pchilik bajaradigan go‘zal amallardan biri Qur’on tilovati, xatmi Qur’onlar. Anas ibn Molik, Ibn Mas’ud roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan hadisda: «Qur’on xatm qilganda mustajob duo bor», deyiladi. Salafi solihlar har xatmda alohida duo qilishar, ba’zan bu duoga ahlu oila va do‘stu yorlarni ham jamlashar edi. Hadislarda Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lishning o‘zi duolar ijobat bo‘lishiga sabab deya ko‘rsatiladi. Hatto imom Termiziy keltirgan hadisiy qudsiyda Alloh taolo: «Qur’on Mendan so‘rashdan mashg‘ul qilgan kishiga so‘raganlarga beradiganimning eng afzalini beraman», deydi. Bunday fursat ham ko‘pchilikka aynan Ramazon oyida muyassar bo‘ladi.

Allohga hamdlar bo‘slinki, bugun yurtimizda masjidlarda xatmi Qur’onlar bo‘lmoqda. Muxlis xalqimiz ularda faol ishtirok etmoqda. Ramazondan boshqa paytda bu imkoniyat topilmaydi. Har kuni tarovehlarda, xatmni yakunlaganda ixlos bilan, ishonch bilan duolar qilish kerak. Osmon eshiklari ochilib, duolar qabul bo‘lib turgan bu fursatlardan imkon qadar ko‘proq foydalanib qolish ogohlikdir.

Duo o‘q kabidir. Nishonga tegib, o‘lja qo‘lga tushgunicha to‘xtamaslik kerak. Boshqacha qilib aytganda, duo xuddi dori kabi sabablardan biri. Uning har biri quvvatiga qarab muammoni asta yechib boraveradi. G‘orga qamalib qolgan uch kishidan har birining duosida xarsang ozginadan siljib, uchinchi duoda g‘or og‘zi butkul ochilgani kabi, so‘ralayotgan hojat birdan ravo bo‘lmasa ham, har duoda oz-ozdan o‘zgarib boradi. To‘g‘ri, ba’zan bitta duo maqsadni hosil qilishga yetarli bo‘lishi mumkin. Biroq, agar bunday bo‘mlasa, duogo‘y noumid bo‘lmasin, balki unga ijobat astalik bilan yetayotgandir, duoda bardavom bo‘lsin.

Bugun biz musulmonlar avvalo o‘zimizni iymonu e’tiqodimiz, shaxsiy kamolot, jismu jonimizga omonlik, Alloh taoloning huzurida qabuliyat, ahlu oilamiz haqqida xayrli duolar qilish bilan birga, balki ulardan ham oldin jamiyat, ummat uchun, Vatan uchun, kelajak avlod uchun duo qilishimiz kerak. Hadislarda hatto shippakning ipi uzilsa ham Allohga yuzlanish avsiya etiladi. Ayniqsa, maqsadga yetishga sabablarni topa olmay, ojiz qolganimizda bizga duo umid beradi va uning kuchi barcha sabablardan ustun ekanida shubha yo‘q. Bugun ko‘pchilik turli sabablar bilan ozurda, har turli muammolardan nolimoqda. Ba’zan boshi berk ko‘chaga kirib qolganga o‘xshaysiz. Hamma choralar barbod bo‘lsa ham, Alloh taoloning qudrati, tadbiri cheklanmagan. Hech ikkilanmay Alloh taologa yukinib, duo qilish kerak. Kasalligingizga davo yo‘q deyishmoqdami, duo qiling, Alloh shifo bersa, hech gapmas. Yechim topa olmayotgan ishingiz dilingizni tang qilmoqdami, duo qiling, O‘ziga oson. Zolimga kuchingiz yetmay, uning zulmini qaytarishga chora topa olmadingizmi, duo qiling, Allohni ojiz qoldiruvchi yo‘q. Yurtga istagandek xizmat qila olmayapsizmi, duo qiling, shu katta xizmat. Vatan kelajagidan tashvishdasiz, ammo o‘zingizni chorasizdek bilmoqdasiz, duo qiling, chorasizning chorasi duodir. Qalbda ham, tilda ham, oshkora ham, maxfiy ham duo qilavering, Alloh ijobat etadi. Ramazon ayni fursati, duo mavsimi, ushbu imkoniyatdan imkon qadar unumli foydalanib qolishga harakat qiling, duoning kuchidan o‘zingiz hayratda qolasiz, inshoolloh. Moddaparastlar bunga ishonmas, ammo siz bilan biz mo‘minlar ma’naviy olamga iymon keltirganmiz, duolarimiz zoye ketmaydi. Duo bilan yuz yil harakat qilib erishib bo‘lmaydigan natijalarni qo‘lga kiritasiz. Faqat ishonch bilan, duo odoblariga rioyat etishni unutmaslik kerak.

Alloh taolo barchalarimizni duo ahlidan etsin!