
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
QUR’ON KO‘ZGUSI
Inson hayotini, uning ichki olminiyu, ijtimoiy hayotini Qur’onchalik ochiqlagan va bayon qilgan manba yo‘q. Qur’oni karim Allohning kalomi. Borliqda siz birorta behuda narsani topmaysiz. Kattayu kichik har bir ashyo aniq maqsad bilan, ma’lum xizmat bilan yaratilgan va barchasi aqlni lol qiladi.
QUR’ON KO‘ZGUSI
Inson hayotini, uning ichki olminiyu, ijtimoiy hayotini Qur’onchalik ochiqlagan va bayon qilgan manba yo‘q. Qur’oni karim Allohning kalomi. Borliqda siz birorta behuda narsani topmaysiz. Kattayu kichik har bir ashyo aniq maqsad bilan, ma’lum xizmat bilan yaratilgan va barchasi aqlni lol qiladi. Qur’onda ham biror kalima, biror so‘z bejiz emas, ulkan ma’nolarga ega va ulardagi mazmun tafakkur sohibini hayratga cho‘mdiradi. Borliqning puxtaligi, ajoyibotlarini aytib adog‘iga yetib bo‘lmagani kabi Qur’onning hikmatlarini aytib tugatib bo‘lmaydi. Har bir mavjudot bir mo‘jiza bo‘lganidek, Qur’onning har bir oyati mo‘jiza. Qur’onni ochiq qalb bilan o‘rgangan odam dunyoga yuqoridan nazar solgandek bo‘ladi va juda ko‘p haqiqatlarni anglab yetadi. Qur’ondan istifoda qila boshlagan odam undan bebahralikda o‘tkazgan soatlariga albatta nadomat qiladi.
Qur’oni karimda eng ko‘p takrorlangan ikkita qissa bor: Odam va iblis qissasi, Muso va Fir’an qissasi.
Odam va iblis qissasi inson shaxsiyatini tanishtiradi, uning haqiqatini ochib beradi. Muso va Fir’an hikoyasi esa ijtimoiy-siyosiy hayotni, haq va botil o‘rtasidagi kurashni yoritadi. Ushbu ikki qissani aynan Qur’on iboralari orqali yaxshi o‘rganish, tafakkur qilish bugungi juda ko‘p muammolarga ham javob bo‘ladi. Ha, Qur’on bugungi kunimizni anglashda ham katta yordam beradi.
Shaxsiy hayotingizni isloh qilishda Odam alayhissalom qissasini, ijtimoiy hayotni o‘nglashda Muso alayhissalom hikoyalarini ko‘proq o‘qing, juda ko‘p foydalar olasiz. Ayniqsa, ushbu Ramazon oyida ro‘za og‘iz holda o‘qilsa, yanada yaxshi futuhuotlar bo‘ladi.
Bu qissalarning har bir suradagi tafsiloti alohida mazmunga ega. Shuning uchun Qur’onda aslida takror yo‘q, o‘xshashliklar bor. Har birida o‘ziga xos talqin va tafsir mavjud, biri boshqasining o‘rnini bosmaydi. Shu bois, bu qissalarni har bir sura oqimida qayta-qayta o‘qish tavsiya etiladi. Ularning har biri biz uchun qaysi bir tarafimizni ko‘rsatuvchi ko‘zgudir.