Hasanayn.uz

Maqolalar

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIR
Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

HURRIYAT MAS’ULIYATDIR

So‘nggi paytlarda jamiyatimizda erkinlikni suiiste’mol qilish holatlari ko‘payib boryapti. Ayrimlar erkinlik deganda faqat nafsning xohishlariga erk berishni yoki har kim xayoliga kelgan gapni aytaverishini tushunib, millatning qadriyatlarini, xalqning muqaddasotlarini, hatto e’tiqodini nohaq toptashga o‘tib ketyapti.


HURRIYAT MAS’ULIYATDIR

So‘nggi paytlarda jamiyatimizda erkinlikni suiiste’mol qilish holatlari ko‘payib boryapti. Ayrimlar erkinlik deganda faqat nafsning xohishlariga erk berishni yoki har kim xayoliga kelgan gapni aytaverishini tushunib, millatning qadriyatlarini, xalqning muqaddasotlarini, hatto e’tiqodini nohaq toptashga o‘tib ketyapti. Buning ustiga ana shunday bedodliklarni mafkuraviy oqlashga urinishlar ham bor. Jaholatni, shahvatparastlikni himoya qilishni erkparvarlik deb, e’tiqodni saqlashni esa mutassiblik deb tushuntirmoqchi bo‘lishyapti. Bularning barchasi ilmiy va fikriy mezonlarning buzilishidan kelib chiqadi.

Kuni kecha bir qisqa videolavhaga ko‘zim tushib qoldi. Unda o‘zidan tarixchi yasab olgan bir bola Mir Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning bir baytini o‘zining buzuq tushunchasi bilan sharhlashga urinibdi. Uning na she’r o‘qishi, na buzuqilarcha aytgan talqini oqil kishiga maqbul. Hatto ateistik mafkura tarafdorlari ham bunchalar qabohatga bormagan edi. Yuksak irfoniy ma’noda aytilgan bayt eng past hayvoniy hislar bilan talqin qilinsa, buni qanday tushunish mumkin?!

Bir hisobda, bu tabiiy hol. Shahvatparastlik oqibatida miyasi beldan pastga tushib qolgandan keyin odam har qanday yuksak ma’noni ham pastkashlarcha tushunaveradi. Biroq men hozir bu haqda gapirmoqchi emasman. Aytmoqchi bo‘lganim boshqa mavzu.

Gap shundaki, uning bu aljirashini fikr deb bilib, ulug‘ mutafakkirga qilgan tuhmatini uning erkinligi, hurriyati sifatida qabul qilish haqidagi targ‘ibotlar tarixchining xatosidan ham ortib tushdi. Biladigan odamlar bunday katta yanglishuvlarni ko‘rsatib, odamlarni ogohlantirishi kerak. Shuning uchun bu kabi tushunchalarni to‘g‘rilashga oid ayrim mulohazalarni ko‘pchilik e’tiboriga havola qilishni lozim topdim.

Shuni avvaldan ochiqlashim kerakki, men ham so‘z va fikr bo‘g‘ilishini ma’qullamayman. Jamiyat taraqqiy etishi uchun unda aynan so‘z va fikr erkinligi ta’minlanishi kerak. Har bir inson dunyoga bir marta kelar ekan, hur yashashga haqli. Fikrlar xilma-xilligi – ilohiy iroda. Haqni topishda eng to‘g‘ri yo‘l – sog‘lom raqobatdir. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan odamlargina bunday yondashuvdan qo‘rqadi. Shaxsan men o‘z e’tiqodim, qarashlarim borasida yetarli dalillarga egaman. Shu bois, har qanday fikr sohibi bilan gaplasha olaman, bahsga ham tayyorman. Biroq so‘z erkinligi shiori ostida ommani chalg‘ituvchi, yoshlarni ahmoq qiluvchi mafkuralarning quloch ochishiga qarshiman. Chunki bu hol xalqning quvvatini zoye qiladi, uzluksiz xatolar girdobiga uloqtiradi. Insoniyat o‘zining uzoq tarixi moybanida bunday boshboshdoqlikning og‘ir oqibatlarini ko‘p martalab boshdan o‘tkazgan. Xatoni hadeb takrorlayverish eng katta xatodir. Axir hurriyat betartiblik degani emas. Har ishda intizom kerak. Quyida shu haqdagi ayrim muhim tushunchalarni eslab o‘tamiz.

  1. Fikr qaysidir darajada asosi bor hodisa, ma’lum izlanishlar natijasidir. Fikrni aljirash, safsatabozlikdan farqlash kerak. Fikr erkinligi degan da’voni qilib turib, hech qanday mas’uliyatsiz bildirilgan ahmoqona gaplar uchun maydon ochish jamiyatga faqat zarar keltiradi.

  2. Fikr bildirish mas’uliyatdir. Ozuqa va dorilar jismga qanday ta’sir qilsa, so‘z va fikr insonning aqlu tafakkuriga, qalbiga xuddi shunday ta’sir o‘tkazadi. Ozuqa ishlab chiqarishdagi hurriyat yaroqsiz mahsulot taqdim qilishga yo‘l ochmaganidek, o‘rganilmagan, asoslanmagan gaplarni tarqatish ham maqbul sanalmasligi kerak. Hurriyat boshqaga zarar yetkazishga olib bormasligi shart. Hurriyat oqibatlardan ko‘z yumish emas.

  3. Jamiyatga foydali ma’lumotlarni uzatish kerak. Manfaatsiz ilm vaqtni, quvvatni zoye qiladi. Befoyda fikrlarni yozib, aytib tarqatayotganlar o‘zining vaqtidan tashqari boshqalarning umrini va boshqa imkoniyatlarini yemirgani uchun ham javobgardir. Bunda «Fikr bildirish mening erkim», degan gap o‘zini oqlamaydi. Bildirilgan har bir fikrning mas’uliyati bor.

Musulmon sifatida yana bir jihatni ham esda tutish kerak. Ko‘pchilik odamlar tarmoqlardagi faoliyatda mana shu to‘rt kunlik dunyodagi javobgarlikni hisobga oladi-yu, ho‘lu quruq, kattayu-kichik – hech birini qo‘ymay hisob-kitob qilinadigan Kundagi javobgarlikni his qilmaydi. Zararli, tuhmat, bo‘hton so‘zlar tarqatishni qo‘ying, hatto foydasiz bitiklar yozish ham musulmon kishi uchun ortiqcha yukdir. Xayoliga kelgan gapni tarqataverishning oqibati yomon. Mana shu haqiqatni unutmaslik kerak.

  1. Sharh – matnda bor ma’noni ochiqlashga urinishdir. Matn zimnida bo‘lmagan ma’noni tiqishitirish esa matn egasiga tuhmat bo‘ladi. Izoh – birovning fikrini o‘qib, uni yoritish bo‘ladi. Bunda sharhlovchi so‘z egasining maqsadini yoritib berishga harakat qiladi, o‘z fikrini tiqishtirishga emas! Binobarin, sharhlovchining har bir so‘zi ilmiy ravishda matndan kelib chiqishi kerak. Buning uchun esa so‘z sohibining shaxsiyatini, uning dunyoqarashini o‘rganishi, tanishib chiqishi lozim bo‘ladi. Bir gapni sharhlamoqchi bo‘layotgan kimsa shunchaki fikr aytayotgani yo‘q, balki birovning so‘zini tushuntiryapti, uning nomidan gapiryapti. Shunday ekan, bunda o‘zining talqiniga asos ko‘rsatmasa, muallifga tuhmat qilgan bo‘ladi. Ayniqsa, ulug‘ ulamolar, hazrat Navoiydek buyuk zotlarning so‘zlarini talqin qilishda javobgarlik juda ham katta. Bu talablarni inobatga olmagan sharhchining o‘zichasiga aytgan gapini yoqlab, «U shunaqa tushunibdi, gap tamom, vassalom», deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Aks holda, bunday mafkuraviy boshboshdoqlik jamiyatni xarob qiladi. Bundan Alloh va Rasulining so‘ziga sharh aytish qanchalar og‘ir mas’uliyat ekanini har kim o‘zi bilib olsa bo‘laveradi.

  2. Haq bilan botilni aralashtirish ayni zalolatdir. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng aldamchi postlar ko‘pincha shu shaklda bo‘ladi. Ichida yaxshi fikrlar, to‘g‘ri so‘zlar ham bor, biroq, arab maqolida aytilganidek, asalga zahar solingan bo‘ladi. Afsuski, buni ko‘pchilik payqamay, «yeb qo‘yadi». Kishi o‘zining to‘g‘ri fikrlari bilan botil gaplarini xaspo‘shlashi joiz emas. Maqsad o‘zi yaxshi bo‘lsa ham, nohaq gapni oqlay olmaydi. Shuningdek, birovning xatokorligi uning hamma gapi xato bo‘lishini ham taqozo etmaydi. Saragini sarakka, puchagini puchakka ajrata olgan kishigina ommaga so‘z ilqo qilishi, fikr yetkazishi joizdir. Bu esa yaxshigina bilimni taqozo qiladi.

  3. Avval o‘rganib, keyin so‘ylash kerak. Komillik Alloh va Rasuliga xos. Boshqa har qanday insonda xato bo‘lishi mumkin. Binobarin, boshqalardan butkul xato qilmaslik talab qilinmaydi. Biroq kishi avvalo o‘zi yozayotgan masalada bilimga ega bo‘lishi, mavzuni o‘rganishda bor imkoniyatni ishga sola bilgan bo‘lishi, kitobiy qilib aytganda, masalaning haqqini ado etgan bo‘lishi kerak. Aks holda, bunday kimsa gunohkor bo‘ladi. Ilmsiz so‘z surish mas’uliyatsizlik bo‘lib, kamida befoyda, natijasiz harakat hisoblanadi.

  4. Ma’naviy hududlar qo‘riqlanishi shart. Insoniy jamiyat faqat moddiyatdan iborat emas. Insonning insonligi uning ma’naviyatida, ruhida. Insondagi moddiy tana hayvonda ham bor. Ammo hayvonda ruhiyat yo‘q. Insonni esa aynan ma’naviy borlig‘i ushlab turadi. Ma’naviy tanazzulga uchragan jamiyat yashamaydi, yo‘qlikka mahkum bo‘ladi. Moddiy Vatanni qo‘riqlashda harbiylar qanchalar hushyor turishi kerak bo‘lsa, ma’naviyatni asrash undan-da muhim bo‘lib, yanada ogohlikni talab qiladi. Ma’naviyati qo‘riqlangan xalq moddiy bosqin ostida bo‘lsa ham ozoddir, bunday xalq kun kelib, moddiy jihatdan ham ozodlikka erishadi. Ammo ma’naviyati xarob bo‘lgan xalq moddiy chegaralari qanchalar mustahkam qo‘riqlangan bo‘lmasin, mustamlakadir. Vatanni qo‘riqlash faqat harbiylarning ishi bo‘lmay, bu borada har kim o‘z burchini bajarishi lozim bo‘lganidek, ma’naviyatni qo‘riqlashda ham har bir kishi o‘z ichki olami uchun, oilasi uchun va o‘z doirasida hushyor turishi kerak. Demakki, bunda har kim o‘z imkoniyati doirasida mas’uldir.

Bu kabi ma’naviy chegaralarni yana ko‘p keltirish mumkin bo‘lsa-da, hozir muhtaram o‘quvchilarga yetkazmoqchi bo‘lganimiz shulardan iborat. Mana shularni yaxshi o‘qib, uqib, amalda qo‘llasak, ijtimoiy tarmoqlardagi, gurunglardagi, gap-gashtaklardagi muhit ancha tozalanadi.

Ochig‘ini aytganda, ijtimoiy tarmoqning hammaga minbar bergani ko‘p yaxshiliklarga imkon yaratish bilan birga, jamiyat uchun ma’naviy xatarlarni ham oshirib yubordi. Biroq bu xatarlarni deb, fikr erkinligini bo‘g‘ish xato. Taom shirin ta’m olishi uchun ma’lum muddat qaynab, qovurilishi ham kerak. Jamiyat taraqqiyotiga ham mana shu kabi ayrim yoqimsiz bosqichlarni bosib o‘tmay erishishning imkoni yo‘q. Qonuniyat shunday. Biroq vaziyatni olomonga butkul topshirib qo‘yish yomon oqibatlarga olib keladi. Shu bois, jamiyatda sog‘lom fikr tarqatish orqali ba’zi adashtiruvchi mafkuralarga qarshi ilmiy muhitni shakllantirish, ma’naviy qo‘riqchilarni hozirlash shartdir. Buning eng yaxshi yo‘li esa ma’rifatni oshirishdir. Ma’lumotlarni cheklash imkonsiz bo‘lgan hozirgi davrda bundan boshqa chora ham yo‘q.

Avvallari jamiyatdagi, tarmoqlardagi savodsizliklarni ko‘rganda odamlarni yozg‘irar edim. Keyinroq bildimki, buning sabablari ko‘p ekan, katta qismi tashqi omillarga, jumladan, bizga ham taalluqli ekan. Chunki sizu biz xalqqa aqliy va naqliy ilmlarda tartibli ta’lim yetkazishni hali yo‘lga qo‘yganimizcha yo‘q. Dunyoni tebratgan buyuk allomalarning avlodi bo‘lsak-da, ularning betakror merosini xalqimiz ichida bir foiz ham odam bilmaydi. Ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirgan yurtda bugun o‘sha ajdodlar bilgan oddiy birlamchi ilmlar ham yo‘q. Afsuski, qariyb bir asrlik taqiqlar oqibatida xalqimiz o‘z dinidan, buyuk ajdodlari merosidan butkul uzoqlashib ketdi. Ushbu kichik maqola dengizdan bir tomchi bo‘lsa-da, o‘sha ulug‘ ulamolarimizning ilmlaridan meros bo‘lib, jamiyat dardiga biroz malham bo‘lsa ajab emas. Ilmu ma’rifatni oshirish uchun, bu borada eng birlamchi manba bo‘lgan dinimiz ta’limotini o‘rganish uchun kerakli choralarni ko‘rish yurtning har bir farzandi uchun ham farz, ham qarzdir. Har kim o‘z imkoniyatidan mas’uldir.