
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYA
Hozirda ko‘pchilik farzandlariga xorijiy til o‘rgatishga e’tibor qaratmoqda. Bu borada maslahat so‘raganlar ham ko‘p. Tajriba va kuzatuvlar asosida, «o‘zingga ravo ko‘rgan narsani boshqaga ham ravo ko‘r», degan qoidadan kelib chiqqan holda ayrim mulohazalarni sizlarga taqdim qilsam.
TIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYA
Hozirda ko‘pchilik farzandlariga xorijiy til o‘rgatishga e’tibor qaratmoqda. Bu borada maslahat so‘raganlar ham ko‘p. Tajriba va kuzatuvlar asosida, «o‘zingga ravo ko‘rgan narsani boshqaga ham ravo ko‘r», degan qoidadan kelib chiqqan holda ayrim mulohazalarni sizlarga taqdim qilsam.
Farzandlarimiz avvalo o‘z ona tilini, o‘zbek tilini yaxshi bilishi va chuqur o‘rganishi lozim. Buning uchun mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotidan boxabar bo‘lish kerak. Hech yo‘q Navoiy tilidan tortib, bugungi badiiy tilni yaxshi tushuna oladigan, undagi balog‘atu fasohatni ilg‘ay oladigan bo‘lishlari darkor. Buning uchun kerakli qo‘llanma va adabiyotlarni tartibli ravishda o‘rganish lozim.
O‘z ona tilini oddiy maishiy muomala uchun yetarli darajada bilish nuqson hisoblanadi. Xorijiy tilni o‘zlashtirish ilinjida o‘z tilini yo‘qotish esa yutqazishdir. Til ulug‘ ne’mat, ilohiy mo‘jiza, bashariyatning ziynati, insoniyat uchun zavq manbai, uni saqlash darkor. Til millatning asosiy tutqichi, tilini yo‘qotgan kishi millatini boy beradi. Xorijiy tilni o‘zlashtirish o‘z tilini yaxshi saqlagan holda amalga oshirilgandagina yutuq sanaladi va maqtovga loyiq bo‘ladi. Buning uchun bola avvalo o‘z ona tilida ravon so‘zlashni o‘zlashtirishi, shundan so‘ng boshqa tillarni o‘rganishga o‘tishi kerak. Bolaning tili shakllanayotganda unga boshqa tillarni tiqishtirish til sofligiga futur yetkazadi. Shu bois, bolalarga xorijiy tillar o‘z ona tilida yetarli malaka hosil qilgach o‘rgatilishi darkor.
Bugungi yoshlar xorijiy tillardan eng kamida quyidagi to‘rtta tilni yaxshi bilishi kerak:
- Arab tili. Arab tili dinimiz Islom ta’limotlarini, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan betakror asarlarni, boy ilmiy merosimizni bevosita o‘rganish uchun, Qur’oni karim va hadisi shariflarni asl shaklida o‘qib tushunish uchun muhim. Sharqdagi, jumladan, yurtimizdagi birinchi va ikkinchi uyg‘onish davrida yaratilgan asarlarning aksari arab tilida. Bundan tashqari, internetda bo‘lsin, boshqa nashrlarda bo‘lsin, arab tilida zamonaviy mavzularga oid ham juda katta ma’lumotlar zaxirasi mavjud. Qadimgi tillarda yoki hozirda bizga begona bo‘lgan tillarda yozilgan juda ko‘p asarlarning arab tilida tarjimasi bor. Islomiy ilmlarda mutaxassis bo‘lgan turli xalqlarning vakillari odatda arab tilini yaxshi biladi. Ular bilan muloqotda ham arab tili asqotadi. Binobarin, arab tili mana shunday ulkan ma’naviy boylikka kalit bo‘ladi.
Qur’oni karim Allohning mo‘jiz kalomi, uning o‘xshashini inson keltira olmagan va keltira olmaydi ham. Biroq bu haqiqatni mumtoz arab tilini chuqur bilmagan odam to‘la his etib anglay olmaydi. Qur’oni karimdek insoniyatni va hayot falsafasini ochiqlagan ikkinchi bir manba yo‘q. Qur’onda barcha ilmlarga ishoralar, yo‘llanmallar bor. Manbalarda Qur’onda 650 ta ilmiy mavzu mavjudligi aytiladi. Tarjimalardan Qur’onning bu ufuqlari ravshan ko‘rinmaydi. Arab tilini chuqur bilish sizga ana shunday betakror olam sari sayohatga yo‘l ochadi. Qolaversa, arab tilini bilgan odam dunyoning bir qancha davlatlarida muloqotga qiynalmaydi. Kelajakda musulmon o‘lkalar rivojlanib, ular o‘rtasida arab tili muloqot tili bo‘lishi e’timoli katta. Xullas, yoshlarga arab tilini o‘rgatish ularning hayot va kelajaklari uchun katta yutuq hisoblanadi, bu dunyoyu u dunyo sizdan xursand bo‘lishadi.
-
Ingliz tili. Hozirgi zamonaviy ilmlarni chuqur o‘rganish, internet sohasini yaxshi bilish, dunyoning aksar mamlakalarida qiynalmay muloqot qilish uchun ingliz tili juda ham muhim. Shu bilan birga, ushbu tilda so‘zlashadigan juda ko‘p xalqlar bugun axloqiy va ruhiy ozuqaga muhtoj. Islom ta’limotlarini chuqur anglagan odam ingliz tilini ham yaxshi bilsa, bir jihatdan o‘z dunyoqarashini yana ham kengaytiradi, ikkinchi jihatdan o‘zi bilgan haqiqatlardan boqshalarni ham bahramand qilish sharafiga muvaffaq bo‘ladi. Bir kishining dunyo va oxirat mashaqqatlaridan qutilishiga sabab bo‘lish juda ham katta savobli ishdir.
-
Rus tili. Bizning mintaqada rus tili avvalo muloqot uchun zarur. Qolaversa, Rossiyadek katta hududdan tashqari, dunyoning Chexiya, Sudan kabi bir qator mamlakatlarida ham aholi bilan rus tilida gaplashish mumkin. Rus tilidagi ilmiy baza ham juda katta. Internetda biror narsa haqida ma’lumot qidirsangiz, rus tilida topish oson, juda yaxshi tahlillar bor, o‘zbek tilidagi zaxira hali u qadar emas. Rus tilini o‘rganish bizning mintaqa xalqlari uchun bir muncha oson. Bu imkoniyatni zoye qilmaslik oqillikdir.
-
Fors tili. Mumtoz adabiyotimizni tushunish uchun, shu bilan birga, oxirgi besh asrda yashab o‘tgan ajdodlarimiz meroslaridan to‘liq foydalanish uchun fors tilini o‘rganishga muhtojmiz. Fors tilini bilish o‘lkamiz tarixini o‘rganishda ham juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, tarixchilar va adabiyotshunoslar fors tilini albatta bilishlari kerak. Yurtimizda tojik millati vakillari ham ko‘p. Qo‘shni Tojikiston, Afg‘oniston va Eronda fors tili hukmron. Ular bilan muloqotda fors tilini bilish juda ham o‘ng keladi. Eng asosiysi, bugungi o‘zbek tili tarkibida forscha so‘zlar ko‘p va fors tili grammatikasi juda ham yengil. Shu bois, fors tilini o‘rganish qiyin emas, bir necha oy shug‘illansa, o‘rganib olish mumkin. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish o‘rinlidir.
Mazkur tillarga urdu va turk tillarini ham qo‘shimcha qilish mumkin. Bu ikki tilni yuqoridagi qatorga qo‘shilmaganining sababi shundaki, bular uchun maxsus shug‘illanib, ta’lim olish ham shart emas. Arab va fors tilini bilgan o‘zbekka urdu tilini o‘rganish juda ham oson. Urduchani bilgan odam bilan bir-ikkita asar o‘qib olish yoki matbuotni kuzatish ham kifoya qilishi mumkiin. Turk kinolarini ko‘rish orqali juda ko‘p o‘zbeklar turkchani bilib olgani bunga yorqin dalilldir.
Til insoniyatga Alloh taolo bergan mo‘jizalardandir. Har bir xalq o‘z tilini saqlash orqali millatini saqlagani kabi, boshqa tillarni o‘rganish bilan o‘zga millatlarni tanib, ulardagi yutuqlardan ham foydalanadigan bo‘ladi. Til bilish siz uchun kutilmagan ilmiy ufuqlarni ochadi. Til nafaqat sizga yutuqlar keltiradi, balki u sizga o‘zingizni himoya qilishingiz uchun kerak. Hikmatda «Dushmanning tilini bil, shunda uning makridan omonda bo‘lasan» deyiladi. Qadimda olimlarimiz bir necha tilda so‘zlashgan. Ajdodlarimiz arab va fors tilini ommaviy ravishda yaxshi bilganlar. Ba’zi mutaxassislar qadimgi lotin, suryoniy va boshqa tillarni ham o‘rgangan. Ko‘p til bilish biz uchun yangilik emas, uni yana qayta jonlantirish uchun bugun imkoniyatlar bisyor, faqat buni zarur bilib, izchil harakat qilish qolgan xolos.
Til o‘rganish aqliy quvvatni ham oshiradi. Aqliy quvvat barcha ishlarda muvaffaqiyat kalitidir. Sun’iy aqlning tarjimonlik imkoniyatlariga aldanib qolmaslik kerak. U baribir sizga bilim va quvvat bo‘la olmaydi.
Yoshlarda hamma narsa uchun quvvat va fursat bor. Ayniqsa, bugungi yoshlarda imkoniyat katta, bundan unumli foydalanish lozim. Bir yilda bir tilni bemalol o‘rganib olish mumkin. Keyin mutolaa orqali malakani asta rivojlantirib borilaveradi. Vaqtni zoye qilmay, tartib bilan harakat qilinsa, juda ko‘p narsaga ulgirsa bo‘ladi. Kattalar hushyor bo‘lib, yoshlarning vaqtini to‘g‘ri tasarruf qilib, til o‘rganishga va boshqa ilmlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirib borsa, vaqti soati kelib, yutuqlarga erishganda ota-onasiga rahmat aytadi va qilgan mehnatlari uchun beminnat xizmat ham qiladi. Eng samarali sarmoya bilimga tikilganidir.