
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
YECHIM ILMDA
Xo‘sh, har bir ishda ilm bilan yondashish nima degani? Biz buni tushunish uchun ilm o‘zi nima ekanini ochiqlab olishimiz kerak. Ilm qandaydir ilmiy iboralarni ishlatish, murakkab jumlalar tuzish, jimjimador so‘zlar, quruq iddaolar, faqat keskin gaplar emas. Ilm shaxslarga ham bog‘liq hodisa emas. Ilm – har bir narsa va hodisani aslidek, haqiqati bilan bilishdir. Narsa yoki hodisaning haqiqatini ochiqlab bermagan ma’lumot, qanchalar ilmiy atamalar bilan tushuntirilmasin, ilm emas, jaholatdir.
YeCHIM ILMDA
Milodiy III asrda Misrda Aflotin ismli faylasuf yashab o‘tgan. U o‘z davrida Yunon falsafasining namoyandalaridan edi. Uning qiziq ishlari va hikmatli so‘zlari bor edi. Bir kuni otda ketayotsa, bolachalar unga salom berishdi. Faylasuf haltasidan bir kitobni chiqarib, uni asta varaqlab, sahifaga ko‘z yugirtirdi-da, so‘ng: «Va alaykum assalom», dedi. Bolalar gurillab kulib: «Qaranglar bu otaxonni, alikni ham kitobga qarab o‘qib bermoqda, shuni ham bilmaydimi odam?!» deyishdi. Ular faylasufning shu kabi g‘aroyib qiliqlariga qiziqib savol berishdi: «Ota, otingizning oyog‘i nechta?» Donishmand asta otdan tushib, qo‘li bilan otning oyoqlarini birma-bir ushlab chiqdi: bir, ikki, uch, to‘rt. Keyin qaddini tiklab turib: «To‘rtta ekan», dedi. «Otning oyog‘i hech jahonda uchta yoki beshta bo‘larmidi, to‘rtda bo‘ladida, amaki shuni ham bilmas ekan?!» deya yana qiqirlab kulishdi. Bu holatni tasodif kuzatib turgan podshoh vazirdan: «Bu odam kim? Aqldan ozganmi?» deb so‘radi. Vazir: «Yo‘q, aksincha, bu dono inson, u bolalarga bir haqiqatni o‘rgatmoqchi, ammo ular tushunmayapti», dedi. Podshoh: «Nima ekan u haqiqat?» deb so‘radi. Vazir: «Hech qachon o‘rganmay, aniq bilmay turib so‘zlamanglar, har bir ishda ilm bilan ish ko‘ringlar va gapiringlar, demoqchi», deya javob berdi.
Bu hikmat Qur’on va hadislarda ta’kidlangan ko‘rsatmadir. Bilmagan narsasiga ergashmaslik, quyoshdek ravshan ko‘rmay turib guvohlik bermaslik kerakligi haqidagi muqaddas o‘gitlar ayni shu haqiqatni uqtiradi.
Xo‘sh, har bir ishda ilm bilan yondashish nima degani? Biz buni tushunish uchun ilm o‘zi nima ekanini ochiqlab olishimiz kerak. Ilm qandaydir ilmiy iboralarni ishlatish, murakkab jumlalar tuzish, jimjimador so‘zlar, quruq iddaolar, faqat keskin gaplar emas. Ilm shaxslarga ham bog‘liq hodisa emas. Ilm – har bir narsa va hodisani aslidek, haqiqati bilan bilishdir. Narsa yoki hodisaning haqiqatini ochiqlab bermagan ma’lumot, qanchalar ilmiy atamalar bilan tushuntirilmasin, ilm emas, jaholatdir.
Biror masalaga aniqlik kiritishda ham, muammoni yechishda ham ilm kerak, ya’ni voqelikni to‘g‘ri anglash lozim. Shaxsiy va ijtimoiy hayot, diniy, iqtisodiy va siyosiy jabhalardagi barcha muammolarga mana shunday yondashish kerak. Afsuski, biz ko‘pincha masalaga tuyg‘ular bilan munosabat bildirib, aytadigan so‘zimizda ham, qilmoqchi bo‘lgan ishimizda ham shu tuyg‘ularga asoslanamiz, ilm bilan yondashmaymiz. Shuning uchun ham muammolar yechimsiz qolaveradi, tanglik yana davom etaveradi. Bunga oxirgi paytlarda ko‘tarilgan ayrim muammolarni misol qilib keltirish mumkin.
Birov o‘zini Ichki ishlar xodimlari kaltaklaginini iddao qildi. Kimlardir bir ayol yoki erkakni zinoda ayblab chiqdi. Kimdir o‘z da’vosi uchun hali video, hali yozma hujjatni, yana kimdir mish-mishlarni dalil qilmoqda. Voqea xususida omma odatdagidek hali u tomon, hali bu tomon og‘moqda. Taraflar borasida sobiq tushunchalar ta’sirida so‘zlash ko‘p. Taraf olishda keskinlikka borganlar o‘z fikrlariga qarshi dalillarga toqatsiz. Natijada muammo bir chetda qolib, tarafkashlik avjida. Haqni ro‘yobga chiqarishdan ko‘ra har kim o‘z fikrini himoya qilishga intiq. Birovning sha’nida so‘z aytish juda ham katta mas’uliyat bo‘lib, sha’n qon kabi daxlsizligini hech kim eslamaydi. O‘rganmay-netmay, hech yo‘q o‘rganayotgan mas’ullar xulosa aytgunicha ham kutib turmay har kim xayoliga kelganini aytishga shoshgan. Agar ilmsiz ravishda gapirishdan tiyilish ko‘nikmasi bo‘lganida, mana shunday noxushliklarning oldi olingan bo‘lar edi.
Kimdir bir diniy ma’ruzani boshqa birovga yuborgani uchun jarimaga tortiladi. Hamma birdan sudni yoki Ichki ishlar xodimlarini ayblab, qarg‘ashga tushadi. Kimdir muammoni ma’ruzachining ayni paytda biror diniy tashkilotda rasmiy ishlamayotgani bilan bog‘lashga urinadi. Bu bilan bilib yoki bilmagan holda odamlarni haqiqiy yechimdan chalg‘itishga harakat qilishadi. Yana kimdir toshqaba misoli bira to‘la boshini qobig‘iga tiqib oladi. Aslida bularning birortasi ilmiy yondashuv emas.
2022 yil 14 aprelda qabul qilingan va hozirda amalda bo‘lgan Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunda O‘zbekston hududida diniy material tarqatishning qonuniy tartibi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, diniy mazmundagi har qanday material maxsus ekspertizaning ijobiy xulosasi bilangina tarqatilishi mumkin (qarang: https://lex.uz/docs/5957921). Bu qonunda hech kimga va hech bir dinga imtiyoz berilmagan. Ma’ruzachaning rasmiy joyda ishlashi yoki ishlamasligi ham ahamiyatsiz. Biror diniy tashkilot ham, uning odamlari ham istisno qilinmagan. Yana ham ochiqlab aytganda, eng rasmiy odamning, hatto diniy boshqarmaning birinchi shaxsining diniy gapini tarqatish ham shu qonunga ko‘ra javobgarlik keltirib chiqaradi. Uni qo‘ying, ekspertizadan ijobiy xulosa bilan chiqarilgan kitobdan internetda iqtibos keltirish uchun ham ekspertizadan qaytadan ruxsat olishingiz kerak. Chunki ekspertiza nafaqat xabarning mazmunini, balki uning tarqash maydoni va adadini ham belgilab berishi nazarda tutiladi. Bu mubolag‘a emas, qonun matni shunday tuzilgan. Qonun shunday bo‘lgach, sud nima qilsin, ijrochi nima qilsin, bor qonunni ijro qiladi-da. Muammoning yechimi ularni duoi bad qilish yoki hukumatni yozg‘irish emas, balki masalaga ilmiy va huquqiy ravishda yondashishdadir. Biroq ko‘pchilik odatdagidek bir qizishib, qarg‘ab, so‘kib oladida, yana o‘z ishi bilan ovora ketaveradi. Hech kim ushbu holatning asosi bo‘lgan qonunlarni o‘rganish va qayta ko‘rib chiqib, ularning xalq manfaatiga qanchalar muvofiq ekanini tahlil qilish haqida bosh qotirmaydi. Bu borada eng katta mas’uliyat zimmasida bo‘lgan qonunshunoslar esa nari borsa shunchaki odamlarning his-tuyg‘alarini qo‘zg‘ash bilan cheklanadi. Ular aslida masalaga xalqaro huquq, Konstitutsiya va jahon tajribalaridan kelib chiqib yechim topish, xalqning istaklari qonunlarda aks etishi uchun kerakli takliflarni berish, shu haqda muhokamalar o‘tkazish orqali masalani oydinlashtirsalar, xalq uchun chinakam xizmat qilgan va muammoga to‘g‘ri yondashgan bo‘lardilar. Menimcha, ana shunda xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lgan mutasaddilar ham kerakli choralarni ko‘rishlari mumkin. Zotan, qonunlar odamlarga xizmat qilishi, ularga saodat keltirishi kerak, ularga tanglik, kimlar uchundir raqiblariga qarshi qurol bo‘lib qolmasligi kerak.
Qonunchilik katta mas’uliyat. Doktorning chalasavodligi yoki loqaydligi bir yoki bir necha odamning hayotiga, sog‘ligiga zomin bo‘lsa, savodsiz yoki vijdonsiz huquqshunosning ishi yoki loqaydligi sababli minglab, millionlab insonlar nohaq jazolanib, butun boshli xalqning buguni va kelajagi xarob bo‘lishi mumkin. Binobarin, qonun kishilari bu dunyoyu, u dunyo insonlarning huquqlari va hayotlari borasida asosiy mas’uldirlar. Diniy bitiklardagi qozilarning uchdan ikkisi do‘zaxda bo‘ladi, degan gap ham shu mazmunda aytilgan.
Yaqinda iqlim buzilishi, shaharlarning changga burkanishi muammosi o‘rtaga chiqdi. E’tibor bersangiz, ko‘pchilik faqat tahqir, mazax bilan cheklandi. Muammoni ilmiy o‘rganib, tahlil qilib, ilm bilan yechim berganlar juda kam bo‘ldi. Aksar gaplar qiylu qol bo‘yicha qoldi. To‘g‘ri, g‘ala-g‘ovur gaplar mutasaddi va bilimli kishilarning jonlanishiga turtki berdi. Biroq shuning o‘zi bilan qolinganda, hech qanday natijaga erishib bo‘lmas edi. Yaxshiyamki, bilimli tahlilchilar, tashabbuskor kishilar bor ekan, ayrim zaruriy choralar amalga oshirildi.
Diniy masalalarda ham johilona qarashlar ko‘p. Islomning haqiqatini bilmay, uni birorta tayinli ustoz yoki ishonchli manbadan o‘rganmay, uzdi-yuldi mish-mish gaplar, uydirmalar, g‘arazli ko‘rsatmalar asosida din haqida hukm chiqaradiganlar ko‘paygan. Ular ko‘pincha ilmga emas, tuyg‘uga ergashishadi. Eng achinarlisi, ular shu jaholatlarini ilm bilib, bor haqiqat deb ishonishadi yoki ishonishga harakat qilishadi va boshqalarni shunga ishontirishga urinishadi. Alloh nozil qilgani va o‘zgarishsiz saqlangani ilmiy isbotlangan din bilan inson tafakkuri bilan yaratilgan yoki o‘zgartirilgan dinlarni aralashtirish ham ana shunday jaholatlardan biridir. Alloh bashariyat uchun rahmat qilib yuborgan ta’limotdan kulfat topish ham aslida ilmu insofdan mosuvolik oqibatidir. Kim agar Islomda inson shaxsi yoki jamiyati uchun birorta zarar ko‘rsa, bu Islomda emas, uning fahmidagi muammo ekanida shubha yo‘q. Bu shunchaki tuyg‘u bilan aytilgan gap emas, bor haqiqat shu. Ilm ahli buni har qanday holatda isbotlay oladi. Faqat buning uchun adolat ustuvor, sog‘lom raqobat ta’minlangan mafkuraviy maydon yaratilishiga toqat topilishi kerak.
Bu kabi misollarni ko‘plab sanab o‘tish mumkin. Bizdagi eng yomon xato barcha quvvatni baqir-chaqirga sarflab, izlanish va ilm asosida to‘g‘ri chora ko‘rish mehnatiga toqat qila olmaslikdadir. Hayotdagi har bir muammoga kasalni davolovchi tabib kabi ilmiy va amaliy yondashishga o‘rganishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, har qanday muammoni yechishda unga ilmiy va tahliliy yondashish kerak. Moddiy taraqqiyotga ham, ma’naviy kamolotga ham ilm va amal bilan erishiladi. Insoniy jamiyat moddiyatdan iborat emas, ma’naviyati bilan tirik. Tuyg‘ular bilan cheklanish halokatga yetaklaydi. Har bir hodisa va narsaning haqiqatini anglab, shu asosda unga munosabatda bo‘lish muvaffaqiyat shartidir. Jamiyat va davlat osudaligi hamda taraqqiyotining garovi ilm-ma’rifatdir. Voqelikka zid xulosalar qanchalar fanniy atamalar, ilmiy iboralar bilan bezangan bo‘lmasin, bizga qanchalar qulay, yoqimli ko‘rinmasin, u ilm emas, jaholat hisoblanadi. Hayotdagi diniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy va boshqa har qanday muammoning asl sababi ilmsizlik, yetarlicha o‘rganmaslik oqibatida yuzaga keladi va doimo yechim uni ilmiy ravishda o‘rganishdan boshlanadi. Buning uchun izlanuvchi xolis, oldindan belgilangan xulosa, g‘arazli maqsadlardan xoli bo‘lishi kerak. Zero, ilm xolislik bo‘lmagan joyda yashamaydi. Ilmdan maqsad esa amaldir. Amalsiz ilmning hech qanday qiymati yo‘q. Yetilgan ilmiy xulosalar asosida yana bilm bilan amaliy harakatlanish muammolarning yagona yechimidir.