
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TEKIN TOMOSHA
Yoshligimizda mahallada to‘y bo‘lsa, bolalar to‘yxonani bezovta qilmasin uchun kinoproyektor yordamida birorta ochiq devorda kino qo‘yilar edi. Ko‘pincha his-tuyg‘ularga boy hind kinolari namoyish etilardi. Hamma xotin-xalaj, o‘spirin va bolalar to‘y paytida kino ko‘rish bilan band. Kattalar esa bu fursatda to‘ylarida o‘yin-kulgi, bazmu maishatlarini bemalol qilib olar edi. Boshqacha qilib aytganda, to‘yga kerakmas odamlar kino bilan chalg‘itilib, kerakli odamlar asosiy ishlarini tinchgina bitirib olar edi.
TEKIN TOMOSHA
ëxud nisbiylikning ajoyib misoli
Yoshligimizda mahallada to‘y bo‘lsa, bolalar to‘yxonani bezovta qilmasin uchun kinoproyektor yordamida birorta ochiq devorda kino qo‘yilar edi. Ko‘pincha his-tuyg‘ularga boy hind kinolari namoyish etilardi. Hamma xotin-xalaj, o‘spirin va bolalar to‘y paytida kino ko‘rish bilan band. Kattalar esa bu fursatda to‘ylarida o‘yin-kulgi, bazmu maishatlarini bemalol qilib olar edi. Boshqacha qilib aytganda, to‘yga kerakmas odamlar kino bilan chalg‘itilib, kerakli odamlar asosiy ishlarini tinchgina bitirib olar edi. Faqat ayrim quv bolalargina kinoga bir nigoh tashlab qo‘yib, borib to‘ydagi yeguliklardan yeb yoki olib qochishni uddalardi. Ular tabiatan tuyg‘ularga emas, aqlu tajribaga ko‘proq suyangan shovvozlar edi. Ba’zan to‘yxonalarda qo‘riqchilik qiladiganlar ham bo‘lardi. Ular kattalarga xalaqit bermoqchi bo‘lganlarni quvib solar, sal gap uqadiganlariga tanbeh berib, koyib qolar edi. Aqli ishlaganu, jur’at topa olmaganlar o‘sha qo‘riqchilarning atrofida aylanib yurar, bir-ikki iltimos qilib ko‘rar, agar yo‘l berishmasa, xomush qaytib borib, kino ko‘rishda davom etar edi. Bir-ikkita uddaburon ayollar bolasiga dasturxondan u-bu narsa olib chiqib berib, indamay bir chetga o‘tib yeb olishni tayinlar edi. Onasidan bunday mehribonlik ko‘rgan bolalar o‘zini juda baxtiyor his qilardi. Surbetroq bolakaylar buni bilib qolsa bormi, boyagi yemakdan bir tishlam bo‘lsa ham totmaguncha bechora o‘rtog‘ini hol-joniga qo‘ymas edi. To‘yga ozmi-ko‘p aralashishi mumkin bo‘lgan o‘smir yoshdagi ayrimlar o‘ziga berilgan bu imkoniyatni oqlash uchun yosh bolalarni kino ko‘rishga qiziqtirib, yaxshi gaplar bilan yo‘lga solishga urinar, uncha gap uqmaydigan kichkintoylarni erkalatib-erkalatib, shimik qand bilan aldab turishar edi. Kattalarga xalal bermay, tek kino ko‘rgan bolalarni hamma yaxshi ko‘rar, ularni boshqalarga namuna qilib, maqtab ham qo‘yishardi.
Xullas, yosh bolalar sahnalashtirilgan nikohu tomoshalar bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda kattalar haqiqiy nikoh, to‘yu tomoshalarini bitirib olar edi. Kattalarning bunday muruvvatidan bolalar juda ham xursand bo‘lishar, tomoshadan mamnun bo‘lganlar to‘y egasiga maqtovlar, kino namoyishchilariga tashakkurlar aytishardi, chunki ular bu tomoshani tekin deb bilishar edi. Odamlar bu tomoshalarga shunchalar berilib ketardiki, har to‘ydan keyin qachon yana shunday «tekin» tomosha qo‘yilishini kutib yurar edi.
Ba’zan mahalladoshlar o‘sha yoshlik xotiralarini eslab, gurunglashib qolganda: «O‘sha paytlar zo‘r edi-da, mana shunaqa tekin tomoshalar qo‘yilar edi», deb qo‘yishadi. Aslida ular hozir ham «tekin» tomoshalar bilan band, ammo ko‘pchilik buni payqamaydi.
Haqiqatan, bugungi dunyoda «tekin» tomoshalar har qachongidan ham ko‘paydi. Biroq endi tomoshalar ham, tomoshabinlar ham biroz boshqacha. «Kattalik», «yoshlik» mezonlari ham o‘zgargan. «Aql yoshda emas, boshda» deganlaridek, «kattalik» ham, «yoshlik» ham nisbiy. Mahalladan mamlakatgacha, davlatlardan butun dunyo bo‘ylab shunday. Har biri o‘ziga xos. Joyiga qarab, kimlardir katta, kimlar esa yosh bola. Kimlardir qo‘riqchi, kimdir targ‘ibotning ustasi. Kimlardir nasibaxo‘r. Kimlardir qandaydir seriallar, kinolar va ko‘ngilochar narsalar bilan band bo‘lib turgan paytda boshqalar jiddiy ishlarini bitirib, kerak bo‘lsa, tomoshabinlarning kissasini urib, uyini tunab ham ketmoqda. Kimdir sho‘xlik qilib, gap eshitgan, kimdir ortiqcha qiziquvchanligi uchun ta’zir yegan. Ammo hammasi o‘z joyida. Faqat ishtirokchilarning surati o‘zgargan. Nisbiylikning ajoyib misoli...