
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILI
Har yili 21 oktyabr oldidan o‘zbek tili haqida maqolalar tarqaydi-yu, ammo ertasidanoq mavzu unutila boshlaydi. Shuning uchun men til haqida aytmoqchi bo‘lgan ayrim mulohazalarimni bu sanadan uch-to‘rt kun o‘tkazib e’lon qilishni ma’qul topdim.
O‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILI
Har yili 21 oktyabr oldidan o‘zbek tili haqida maqolalar tarqaydi-yu, ammo ertasidanoq mavzu unutila boshlaydi. Shuning uchun men til haqida aytmoqchi bo‘lgan ayrim mulohazalarimni bu sanadan uch-to‘rt kun o‘tkazib e’lon qilishni ma’qul topdim.
Tilni qadrlash va asrash borasida juda ko‘p gapiriladi, mavzu turli jihatlardan yoritiladi. Men ham muammoning eng birlamchi yechimlaridan biri haqida to‘xtalmoqchiman.
Har qanday jamiyatda ishlar vakolat hamda imkoniyatga qarab taqsimlanadi va bajariladi. Shu nuqtai nazardan, millat o‘zligining negizi bo‘lgan til haqida millatni yurt ichida ham, xorijda ham o‘zida ifoda etadigan eng yuqori taraf – davlat qayg‘urishi, kerakli choralarni ko‘rishi lozim. Zero, buni uddalash yolg‘iz uning qo‘lidan keladi va u bunga mas’ul ham. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tili davlatning tili bo‘lishi, ya’ni unga davlat ega chiqib, uni asrashi lozim.
Mana o‘ttiz yildirki, davlatimiz tarafidan tilni asrash borasida qonunlar ishlab chiqilib, turli tadbir va choralar ko‘rib kelinmoqda. Biroq natijalar bu borada yanada ko‘proq va jiddiyroq harakatlar qilish kerakligini ko‘rsatmoqda. Menimcha, bu gapni izohlashga ko‘p ham hojat yo‘q, voqelikda hammasi namoyon bo‘lib turibdi.
Toshkentning ayrim ko‘chalarida yurgan odam yo‘l bo‘yidagi inshootlarning nomlarini ko‘rib, o‘zini Amerika yoki Yevropada deb gumon qilib qoladi. Kimdir bu holatni yurtimizda chet el shirkatlari ham borligi bilan izohlashi mumkin. Biroq ajnabiy nomlarning aksari mahalliy shirkatlarga tegishli ekani masalaga oydinlik kiritishga kifoya qiladi. Poytaxtda nafaqat nomlar, hatto e’lon va xabarlarning ham ko‘pi o‘zbek tilida emas.
Ko‘cha-ko‘ylarda, ayrim idoralarda rus tilida muloqot qilishni sharaf deb, tamaddun belgisi deb tushunadiganlar ham yo‘q emas. Hali tili ravon bo‘lmagan, o‘zbek tilida tuzukroq gapirishni o‘rganib ulgurmagan farzandlariga chet tilini o‘rgatish uchun ruscha yoki inglizcha gapirayotgan o‘zbek oilalar ham talaygina. O‘z tilida so‘zlashni o‘ziga ep ko‘rmaydigan o‘zbeklar ham bor. Bu holatlarning barchasi millatning yemirilishidir.
Til – millatning asosiy ustuni, eng yorqin timsolidir. Bashariyat bir ota-onadan tarqagan, biror millatning boshqa bir millatdan ustunligi yo‘q. Ammo dunyoning go‘zalligi insonlarning rang-barang, turli tillarda so‘zlovchi elatlar bo‘lib farqlanishidadir. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni Karimda ushbu holatni O‘zining mo‘jizasi va ne’mati ekanini urg‘ulaydi. Bu ilohiy inoyatni qadrlash bevosita tilni asrash bilan bog‘liq. Darhaqiqat, inson boshqa millat vakillaridan asosan tili bilan ajralib turadi. Shuning uchun arablar arab tilida so‘zlaydigan barcha xalqlarni, kelib chiqishidan qat’i nazar, arab millati deb hisoblaydi. O‘z tilini yo‘qotgan xalq esa boshqa millatga aylanadi. Binobarin, millat o‘zligini saqlashi uchun tilini asrashi kerak. Bunda millat irodasini o‘zida aks ettirayotgan davlat yetakchilik qilishi lozim.
Davlat, ayrimlar tasavvur qilganidek, osmondan tushgan mavjudot emas, balki shu xalqning vakillari uyushmasidan tashkil topgan jamoadir. Har qanday jamoaning faoliyatida uning a’zolarining dunyoqarashi, xohishi, malakasi va boshqa muhim jihatlari muayyan ta’sirga ega bo‘ladi. Binobarin, davlat til haqida qayg‘urishi uchun uning a’zolari qalbida til qayg‘usi, millat qayg‘usi bo‘lishi kerak. Shunday ekan, yurtdoshlarimiz o‘zbek tilini seva olishi, shu til va millat bilan chindan faxrlana oladigan bo‘lishi lozim. Bu esa tilni chuqur o‘rganishni, uning go‘zalliklarini, badiiyatini anglaydigan darajada o‘zlashtirishni taqozo etadi. O‘zbek tilida bu imkoniyat bor. Uni ro‘yobga chiqarish uchun ayrim choralarni eslab o‘tish joiz:
- Tilshunos olimlardan iborat maxsus hay’at tuzilib, ularga yetarli vakolat berish, tilni asrash bo‘yicha nizom yaratib, uni moddiy-ma’naviy omillar bilan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Fransuzlarda tilga e’tibor katta bo‘lgan. Zamonaviy Yevropa qonunlarini yozishda aynan farang tili tanlanishi uning ifoda imkoniyati kengligi bilangina bog‘liq bo‘lmay, tilga yaxshi ishlov berilgani asosiy sabab bo‘lgan. Hozir ham farnglarda tilga jiddiy ehtimom bor.
Fransiyada 50 chog‘liq tilshunos akademikdan iborat uyushma bor. Bu qo‘mitaning asosiy vazifasi fransuz tilini asrash, uning taraqqiyotini belgilashdan iborat. Ular yangi muomalaga kirgan hodisa va narsalarni nomlash, xorijdan kirib kelayotgan so‘zlar o‘rniga farangcha so‘z taklif qilish, o‘quv dargohlarida til ta’limini nazorat qilish, matbuotning tili sof bo‘lishini ta’minlash, farang tilidagi nashrlarni kuzatib, isloh qilib borish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi. E’tiborlisi shuki, ular xalq bilan erkin muloqot olib boradi. Tildagi shevalaridan unumli foydalanish maqsadida tilga oid bahsu munozaralarni barcha uchun ochiq qilib qo‘yishgan. Bugungi kunda bu hay’at farang tilini ingliz tili ta’siridan asrashga urinmoqda.
O‘zbek tilini asrash uchun davlat qo‘llovidagi ana shunday erkin, vakolatli uyushma bo‘lishi kerak. Ular qonunchilik matnlariyu rasmiylarning nutqidan tortib, matbuot va maktablargacha tilga oid ishlarni nazorat qilishi, bilvosita bo‘lsa-da, tartibga solish huquqiga ega bo‘lishi, ilmiy va ommabop nashrlarda til sofligiga e’tibor qaratib, kerakli ko‘rsatma va ko‘mak berishi lozim. Mavjud ashyolarga va ish-harakatlarga o‘zbekcha nom berish, xorijdan kirib kelayotgan yangiliklarni ham o‘zbek tilida nomlash bo‘yicha ish olib borishi va buning uchun keng omma bilan ishlashi kerak. Ular matbuotda kunlik chiqishlar qilishi, muhokamalarni erkin yurgizishlari nihoyatda muhimdir. Agar shunday faoliyat izchil olib borilsa, tilga e’tibor ham fikriy, ham amaliy jihatdan yuksaladi va sezilarli darajada yaxshi natijalar ko‘rsatadi.
- Maktab va o‘quv dargohlarida o‘zbek tili ta’limi qanday kechayotganini nazorat qilish, ta’lim dasturida ham, kadrlar masalasida ham bunga yuqori e’tibor qaratish kerak.
Ochig‘ini aytganda, hozirda maktablarda o‘zbek tili ta’limi qoniqarli emas. Buning yorqin misoli xalqning savodxonlik darajasida namoyon bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarni aytasizmi, ayrim yoshlarning video chiqishlari, hatto muhokamalarini olasizmi, birortasida o‘zbek tili borasida bilim ko‘rinmaydi. Qo‘shiq deb atalayotgan behayolik tarannumini, she’r deb nomlanayotgan shig‘irlarni-ku qo‘yavering, eshitgandan ko‘ngil ozishni boshlaydi.
Ko‘p kuzataman, yoshlar adabiyotni umuman tushunmaydi, Navoiyni bilmaydi, o‘z tilini sevmaydi. Aksincha, o‘z tilida so‘zlashni qoloqlik deb o‘ylaydigan kimsalar bor. Bu hol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, bu – uzoq yillar berilgan ta’lim-tarbiyaning natijasi. Bunday avlodni biz o‘zimiz yetishtirdik, o‘zimiz istadik. Agar holat davom etsa, ko‘p o‘tmay millatni boy berib qo‘yish hech gap emas.
Maktabda o‘qiyotgan farzandlarimning dars jadvalini ko‘rib, to‘g‘risi, o‘zbek tilining kelajagidan tashvishga tushib qoldim. Hamma joyda bir xil qarash, farzandlarimiz chet tilini o‘rganishi kerak, shunda kelajakda hayoti yaxshi bo‘ladi, degan yondashuv. Gap bo‘lishi mumkinmas, xorijiy tillarni yaxshi o‘rgansin, bir emas, bir nechta til bilsin, ammo o‘z tilini hammasidan yaxshi bilsin, ko‘proq o‘rgansin, u bilan faxrlansin. Ona tilini oddiy muloqot darajasida, «oshxona tili» ko‘rinishida bilish yetarli emas, balki badiiy go‘zalligi, yuksak balog‘atini ilg‘aydigan darajada bilish kerak. Har bir o‘zbek farzandi Qodiriyning qochirimlarini, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarning badiiyatini, Mashrabning nolalarini, Navoiyning fasohatini tushuna olishi lozim. Biz maktabda juda ko‘p she’r yodlagan edik. Hozir bolalardan so‘rasangiz, tuzuk-quruq she’r bilmaydi, adiblarni ham tanimaydi, o‘qitishmagan, o‘rgatishmagan. Menimcha, bu gapni muhtaram o‘quvchimiz ham tasdiqlaydi.
Ba’zi o‘zbeklar o‘zbek tilida kitob o‘qib, uncha zavq olmasligini, rus tilidagi adabiyotni ko‘proq o‘qishini aytadi. Ko‘pchilik bu gapdan «Rus tili o‘zbek tilidan boyroq-da», degan xulosa chiqarishga shoshadi. Aslida gap tilda emas, tilning go‘zalligini ilg‘ashda. O‘sha chala o‘zbeklar o‘zbek tilini yetarli darajada o‘rganmagan bo‘ladi, shuning uchun ona tilining badiiy bo‘yoqlarini ko‘ra olmaydi. Chet tilini chuqurroq bilgani uchun uning fasohatini anglay oladi, shuning uchun o‘sha tildagi asarlardan ko‘proq zavq topadi. Agar yosh avlod o‘zbek tilining badiiyatini, fasohatini payqay olsa, ana shunda undagi asarlarni sevib o‘qiydigan bo‘ladi.
Ayrim ota-onalar, ayniqsa, xorijda yashayotgan oilalar farzandlari chet tili o‘rganayotganidan xursand bo‘lib, bolani o‘sha chet tili muhitiga to‘liq tashlab qo‘yadi. Bora-bora farzand o‘z ona tilini unuta boshlaydi. Til bilgan yaxshi, ammo bu narsa o‘z ona tili evaziga bo‘lmasligi kerak. Chet tilini bilish qachon yutuq bo‘ladi? Qachonki, uni o‘z ona tiliga qo‘shimcha ravishda o‘zlashtirsa, ana shunda foyda qilgan bo‘ladi. Ammo bir tilni yo‘qotib, o‘rniga boshqa tilni o‘zlashtirish yutuq sanalmaydi.
Til o‘zlashtirishda yoshlik davri g‘animat hisoblanishini ko‘p takrorlaymiz. Biroq biz buni ko‘pincha xorijiy tilni o‘rganish haqida so‘z ketgandagina eslaymiz. Aslida ona tili badiiyatini o‘zlashtirishda ham yoshlik davri muhim fursatdir. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yoshlikda adabiyotga oshno bo‘lmagan odam keyinchalik uni o‘zlashtirishi qiyin. Shu bois, farzandlarimizga o‘zbek tilini maktabdayoq mukammal o‘rgatish choralarini ko‘rishimiz lozim.
- Nom va e’lonlarni nazorat qilish. Nom va e’lonlar yozma nutq hisoblanadi, ularning ajnabiycha bo‘lishi tilga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ular avvalo o‘zbekcha bo‘lishi kerak. Ehtiyoj bo‘lganda boshqa tildagi shakli ilova qilinishi mumkin.
O‘tgan yili ayrim mas’ullar tarafidan arabcha nomlarni yo‘qotish bo‘yicha choralar avj oldi va natijada hatto ba’zi o‘zbekchalashgan nomlar ham uloqtirildi. Demak, astoydil harakat bo‘lsa, nomlarni o‘zgartirish mumkin ekan. Biroq nomlarni o‘zgartirish faqat arabcha nomlarga nisbatan qo‘llanib, boshqa ajnabiy tillardagi nomlar bilan birovning ishi bo‘lmadi. Agar barcha ajnabiycha nomlarga shunday munosabat qilinsa, adolatdan bo‘lar edi.
Aslida arab va fors tili bilan o‘zbek tili o‘rtasida tarixiy yaqinlik juda ham chuqur. Ular bir-biridan ta’sirlangan bo‘lib, nafaqat lug‘at boyligida, hatto talaffuz (fonetika) jihatidan ham o‘zaro uyg‘unlik bor. Ammo g‘arb tillari bilan turkiy tillar o‘rtasida bunday bog‘liqlik yo‘q. Qolaversa, buyuk ajdodlarimizning turli ilmlardagi ko‘plab asarlari arab tilida yozilgan. Shunga qaramay, o‘zbek tilini asrash uchun arabcha nomlar man qilinar ekan, boshqa tillarga nisbatan yana ham keskinroq turish mantiqiy taqozo hisoblanadi.
-
Xorijdan kirib kelayotgan, yangi ixtiro qilinayotgan ashyolarga o‘zbekcha nom berish tartibini joriy etish kerak. Hozir jihozlar ko‘paygandan ko‘paydi. Ularning har biriga o‘zbek tilida munosib nom topish oson emas, albatta. Biroq imkon qadar harakat qilish kerak. O‘lik turkiy tildan yoki qardosh turkiy tillardan foydalanib bo‘lsa ham, narsalarga o‘zbekcha nom berish kerak. Bu narsa tilning muhofazasi uchun juda ham muhim.
-
O‘zbekistonda yashayotgan boshqa millatlarga o‘zbek tilini o‘rganish uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning orasidan shu yerda ulg‘ayib kelayotgan yoshlarni jalb qilib, o‘zbekcha muloqotni talab qilish ham o‘rinli bo‘ladi. Bundan yuz yil oldin kelib joylashib, bugungacha 4-5 avlodi O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, hali ham yerli aholining tilini bilmaydigan, o‘zbek tilini mensimaydigan elatlar bor. Ularning o‘z tillarini asrashiga hech qanday qarshilik yo‘q. Biroq mahalliy aholini o‘z tilida so‘zlashishga majbur qilgandek o‘zbek tilini qabul qilmasliklari yerliklar uchun tahqir hisoblanadi. Bu esa milliy davlatchilik talablariga ziddir.
Tilga e’tibor – elga e’tibor, deb bejiz aytilmagan. Tilga e’tibor xalqning o‘ziga ishonchini, istiqbolini belgilaydi. Bunga yorqin misol – yaqin tariximizdir. O‘tgan asrning 70-80 yillarida boshlangan milliy uyg‘onishning eng asosiy quvvatlaridan biri tilga e’tibor edi. Ana shu milliy harakat xalqimizning mustaqillikka erishishga asos bo‘ldi. Bugun ham millatning quvvatini tiklash va saqlashda tilning o‘rni katta.
Bu takliflar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin, ammo hozircha esga kelgani shular bo‘ldi. Bu ishlarni davlat tarafidan bajarilishiga e’tibor qaratishning sababi shundaki, ularni amalga oshirish uchun yuqori darajada siyosiy iroda, iqtisodiy dastak kerak. Bunday imkoniyat faqat davlatda bo‘ladi va asosiy samara ham milliy davlatchilikka oiddir. Shu bilan birga, dalvat bunga burchli hamdir. Ana shu e’tibordan o‘zbek tili davlatimizning tili bo‘lmog‘i lozim.