
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?
Buyuk daho Nizomiddin Alisher Navoiy rahmatullohi alayhni bizga tanishtirgan va sevdirgan padari buzrukvorimiz Yahyoxon qori domla ulug‘ shoirni hofizi Qur’on bo‘lgan, deb ta’riflar edilar. Bizlarni Qur’on yodlashga qiziqtirib, «Hazrati Navoiy 7-8 yoshida Qur’onni yodlab bo‘lgan ekanlar, sizlar kech qolyapsizlar», deb qo‘yardilar.
Alisher Navoiy hofizi Qur’on bo‘lganmi?
Buyuk daho Nizomiddin Alisher Navoiy rahmatullohi alayhni bizga tanishtirgan va sevdirgan padari buzrukvorimiz Yahyoxon qori domla ulug‘ shoirni hofizi Qur’on bo‘lgan, deb ta’riflar edilar. Bizlarni Qur’on yodlashga qiziqtirib, «Hazrati Navoiy 7-8 yoshida Qur’onni yodlab bo‘lgan ekanlar, sizlar kech qolyapsizlar», deb qo‘yardilar. Katta ehtimol bilan, u kishi bu ma’lumotni o‘sha davrdagi ustozlardan, xususan, Navoiy, Fuzuliyga fikri kamand bo‘lgan, Anisiy, Ulfat va Habibiy domlalarning adabiyot fanidagi ustozi, bobomiz Abdulmajid qozi domla huzurlarida eshitganlar. Biroq manbalarda Navoiyning Qur’oni Karimni to‘liq yod olgani haqida birorta aniq ma’lumot uchramaydi. Ammo hazrat Navoiyning hayoti va ijodini o‘rgangan odam u kishini Qur’on hofizi va olimi bo‘lgan degan xulosaga kelishi tabiiy. Ko‘plab navoiyshunos olimlarning Alisher Navoiyni Qur’on hofizi deya ta’rif etmasa-da, uning Qur’on ilmida bilimdon bo‘lganini ta’kidlashi ham shundan. Jumladan, professor Ismatulla Abdullayev bu haqda shunday yozadi: «Alisher Navoiy 28 yoshida Qur’on, hadis va boshqa diniy bilimlarni puxta o‘rganib, arab, fors tillari va adabiyotini, Islom davlatlari tarixini mukammal egallagan» (I.Abdullayev, «Markaziy Osiyoda Islom madaniyati», Toshkent, «Sharq», 2005, 194-bet).
Yosh tadqiqotchi olimlarimizdan biri Hamidulloh Lutfullayev «Husayn Voiz Koshifiyning «Mavohibi aliyya» asari – Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy hayotiga doir muhim manba» mavzusidagi dissertatsiyasiga yozgan avtoreferatida (O‘zRFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent, 2011) Alisher Navoiyning faoliyatida Qur’on ilmlarining o‘rni haqida so‘z yuritib, jumladan quyidagilarni yozadi: «Alisher Navoiyning Qur’on va hadisdan unumli foydalangani uning boshqa asarlarida ham kuzatiladi. Shoir ijodida Qur’on ilmlari qay darajada ifodalangani haqida kengroq tasavvur hosil qilish uchun uning «Nazmul-javohir», «Majolisun-nafois», «Hayratul-abror», «Sittai zaruriya», «Nasoyimul-muhabbat», «Tarixi anbiyo va hukamo», «Sirojul-muslimin», «Xamsatul-mutaxayyirin» kabi asarlaridagi mavzuga daxldor ma’lumotlar dissertatsiyada tadqiq etildi. Mazkur asarlarda ham Qur’on ilmlari mavzusiga katta e’tibor berilgani ma’lum bo‘ldi».
Ochig‘ini aytganda, Navoiyning Qur’on ma’nolaridan xoli yirikroq asarini topish mushkul. U kishining butun ijodi Qur’on va Sunnat hamda islomiy tasavvuf irmoqlaridan sizib chiqqanini har qanday ziyrak odam yaxshi biladi. Biroq buning o‘zi Navoiyni Qur’on hofizi bo‘lgan deyishga yetarli asos bo‘la olmaydi.
Alisher Navoiy o‘zining «Majolisun-nafois» asarida quyidagicha hikoya qiladi: «Mavlono Sharafiddin Aliy Yazdiydur – Mavlononing sohibkamollig‘i olam ahli qoshida musallamdur (e’tirof etilgandir). Shohrux sulton buzug‘lig‘ida faqirning volidi (otasi) jamoati kasir (ko‘pchilik) bila ro‘zgor havodisi (hodisalari) fitnasidin Xurosondin qochib, Iroqqa borurda Taftg‘akim Mavlononing mavlididur (tug‘ilgan joyidir), yarim kecha yetib tushdilar. Ittifoqo manzil alarning xonaqohi eshikida voqe’ erdi (joylashgan edi), tong otqonda, andoqkim, o‘yuni atfol da’bi bo‘lur (bolalarning o‘ynash odati bo‘ladi), ul jamoatning atfoli (bolalari) ul xonaqohg‘a o‘ynag‘ali kirdilar va faqir ham alar bila erdim, taxminan olti yoshimda bo‘lg‘ay erdim va Mavlono bir rahbada (kenglik joyda) o‘lturub ermishlar, tushgan jamoatning kayfiyatin ma’lum qilmoq uchun atfoldin birini tiladilar (chaqirdilar). Faqir alar sori borurg‘a muvaffaq bo‘ldum. Har nekim so‘rdilar, javob aytdim. Tabassum qilib, tahsin qildilar, dag‘i so‘rdilarkim, «Maktabg‘a boribmusen?» Dedimkim: «Boribmen». Dedilarkim: «Ne yergacha o‘qibsen?» Dedimki: «Taborak» surasig‘acha». Dedilarkim: «Bu jamoat atfolidin biz tilaganda, sen kelib, biz bila oshno bo‘ldung, sening uchun fotiha o‘quli», deb o‘z fotihalarig‘a musharraf qildilar».
Demak, Alisher Navoiy bolaligida maktabda Qur’on yodlashga kirishgan bo‘lib, olti yoshida Qur’ondan ikki juz yod olib bo‘lgan ekan. Ammo bu uning keyinchalik Qur’on hofizi bo‘lganini anglatmaydi. Biroq shu yoshda Qur’ondan ikki porani yodlagan kishi, ayniqsa, Nizomiddindek favqulodda aqlu xotira sohibi bo‘lgan odam ko‘p o‘tmay Qur’onni to‘liq yod olgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Uning ulg‘ayib, bir umr asosiy vaqtini Qur’on tilovati va uning tafsirlarini o‘qishga bag‘ishlagani fikrimizni yanada quvvatlaydi. U «Nazmul-javohir» asarida shunday yozadi:
«Lojaramkim, ko‘prak avqotim Kalomulloh ishtig‘oli va aning tafosiri qiylu qoli bila o‘tar erdi, to ahodis daryosig‘a g‘avs qilur erdim va andin garonmoya gavharlar ilikka kivurur erdim».
O‘girmasi: «Hech shubha yo‘qki, ko‘p vaqtim Kalomullohga mashg‘ullik, uning tafsirida aytilgan so‘zlarni o‘qish bilan o‘tar edi. Keyin hadislar daryosiga sho‘ng‘ir edim. Ulardan qimmatbaho gavharlarni qo‘lga kiritar edim».
Bu yerda Qur’on tafsiri mutolaasini farqlab aytishdan «Kalomullohga mashg‘ullik» deganda uning tilovati nazarda tutilganini anglash qiyin emas. Ko‘p vaqtini Qur’on tilovati bilan o‘tkazish esa odatda Qur’on hofizlariga xos holatdir. Bundan Navoiyning hofizi Qur’on bo‘lgani ehtimoli ortadi. Bordiyu u kishi Qur’onni yoshligida yod olmagan taqdirda ham, o‘zi e’tirof etganidek, ko‘p vaqt Qur’on tilovati va tafsiri bilan mashg‘ul bo‘lish natijasida keyinchalik Qur’onni to‘liq yod olgani, loaqal yod olayozganini taxmin qilish mumkin. Hazrat Navoiyning ko‘proq Qur’onu hadis mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lib, ularning tubiga shumg‘ib «qimmatbaho gavharlar» qo‘lga kiritishidan u kishining asarlari ushbu ilohiy manbalar ilhomida yozilgani anglashiladi.
Alisher Navoiy o‘zi haqida nasriy asarlardan tashqari nazmlarida ham ayrim ma’lumotlarni berib o‘tadi. G‘azallardan birida u kishi Qur’ondan yodlagan ayrim suralariga ishora qiladi:
O‘yla qildim daftari ishqingda har dastonni hifz
Kim, qilur atfol sura-suraye Qur’onni hifz.
Shomi zulfi qaydiyu mehri uzorin ko‘rgali
Aylamishmen surai Val-laylu var-Rahmonni hifz.
Navoiy bu baytlarda o‘sha davrdagi Qur’on ta’limidagi holatni ham tasvirlab o‘tadi. Unga ko‘ra, u paytda bolalar Qur’onni sura-sura qilib yod olishar ekan va Navoiy ham o‘z zamonasi bolalari qatori Qur’onni suralab yod olgan ekan. Biroq u boshqalardan farqli ravishda ushbu suralarni shunchaki emas, balki Ër ishqida yod olganini urg‘ulaydi. U Ërning «chakkadagi burama qora sochi» va «Quyoshdek porloq yuzi»ni «ko‘rish» uchun «Layl» (Tun) va beshinchi oyatida Quyoshning hisob-kitobli yaratib qo‘yilgani bayoni kelgan «Rahmon» surasini yodlagan ekan. Layl surasining nomidayoq tunga ishora bo‘lsa-da, Quyosh haqida «Rahmon» surasining tarkibiy oyatlarida so‘z ketgani e’tiborga olinsa, Navoiy bu yerda «Rahmon» surasini keltirish uchun uni yod olgan bo‘lishini taxmin qilish o‘rinlidir.
Hazrat Navoiydek buyuk mutafakkir o‘zi bajarmaydigan amalni boshqaga buyurmasligida shubha yo‘q. U kishi «Nazmul-javohir»da o‘zi ko‘p vaqtini Qur’on tilovatiyu tafsirlar mutolaasi bilan o‘tkazishi haqida so‘zlab turib, o‘quvchiga shunday xitob qiladi:
Olam eli ichra gar gado, gar shoh erur,
Ne dardki, ul ko‘ngli aro hamroh erur,
Qur’onni tilovat etsun, ar ogoh erur,
El ko‘ngliga chun davo Kalomulloh erur.
Hazrat Navoiy «Nazmul-javohir» asarida Aliy roziyallohu anhuning «Shifoul-janan fiy qiroatil-Qur’an» – «Qalbning shifosi Qur’on o‘qishdadir» degan hikmatli so‘zini to‘rtlikda shunday ifodalaydi:
Qur’onki erur mujdai joniy o‘qumoq,
Yo‘q-yo‘qki, hayoti jovidoniy o‘qumoq,
Bil, ko‘ngulga istasang shifoni o‘qumoq,
Kim keldi ko‘ngul shifosi oni o‘qumoq.
Nasriy bayoni: Qur’on o‘qish ruhga xushxabar o‘qish, nafaqat bu, balki abadiy hayotni o‘qishdir. Agar qalbingga shifo baxsh etishni istasang, bilki, qalbning shifosi Qur’on o‘qishdir.
Xondamir o‘zining «Makorimul-axloq» asarida yozishicha, Alisher Navoiy rahmatullohi alayh Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, qirqta rabot, o‘n yetti masjid, o‘n xonaqoh, to‘qqiz hammom, o‘n uchta ko‘prik, yigirmaga yaqin hovuz qurdirgani yoki ta’mirlattirgani aytiladi. Hirotdagi «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» shifoxonasi, Qur’on qorilari yetishtirishga mo‘ljallangan «Dorul-huffoz» qorixonasi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi, Mashhaddagi «Dorul-huffoz» binosi va boshqa noyob me’morlik obidalari ana shular jumlasidandir. Aytishlaricha, Navoiy quyidagi ruboiysini o‘sha qorixonalardagi qorilarga atab yozib, u yerga ildirib qo‘ygan ekan:
Bu davrada yo‘q sen kebi xushxon hofiz,
Huffoz aro sarhalqai davron hofiz,
Qur’onga sen o‘lgan kabi yakson hofiz,
Bo‘lsin sanga har borada Qur’on hofiz.
Nasriy bayoni: Ey Qur’on hofizi! Bu dunyoda sen kabi go‘zal nag‘ma etuvchi hofiz yo‘q. Sen hofizlar, ya’ni yod oluvchilar ichida eng sarasi, boshlig‘idirsan. Sen Qur’onni to‘liq muhofaza qilganing kabi Qur’on seni har jihatda muhofaza etsin!
Shoirning Qur’on hofizlari maqtovida aytilgan ushbu mazmundagi fikrlari g‘azallarida ham uchraydi:
Chekti bulbul kebi ming lahn ila doston hofiz,
Yo‘q aningdek yana bu davrda xushxon hofiz.
Davr o‘qir chog‘da ajab fitnalar aylar izhor,
Yo‘q aningdek yana sarfitnai davron hofiz.
Hofiz etkan kebi Haq lutfi ani Qur’onda,
Bo‘ldi oning dog‘i har holida Qur’on hofiz.
Jon olur nag‘masi ul ruh g‘izosi birla,
Xalq jonin qilur o‘z bazmida mehmon hofiz.
Gar unung jon olur oni desa bo‘lg‘aymu darig‘
Kim, fido boshtin ayog‘ingg‘a sening jon hofiz.
Sendadur nag‘mai Dovud ila anfosi Masih,
Bordurur yo‘q esa davronda farovon hofiz.
Ey Navoiy, dema lahnig‘a nedin bo‘ldung sayd,
Xalq saydig‘a qoni o‘yla xush alhon hofiz.
Hazrat Navoiy rahmatullohi alayh o‘zining bir g‘azalida Qur’ondan kundalik vazifasi borligi, yana ham aniqrog‘i, Qur’on ila Ërni zikr qilish orqali jismu joni uchun ofiyat topganini aytadi:
Ey xush ulkim, ofiyat kunji manga erdi maqom,
Surai «Vash-shams»u «Val-layl» erdi virdim subhu shom.
Hazrat Navoiy rahmatullohi alayh nafaqat oddiy Qur’on qorisi, balki qiroat va tajvid ilmlaridan boxabar olim bo‘lganini u kishining ayrim g‘azallarida ham ko‘rish mumkin. U kishi o‘zining Ër ishqida tortgan ohini tajvid ilmidagi mad qoidasi ijrosiga mengzaydi:
Zikring aylarda chekarmen har dam oh, ey sarvqad,
O‘ylakim, Qur’ong‘a notiq tortg‘ay har lahza mad.
Ayni ma’noni boshqa bir g‘azalda ham uchratamiz:
Zikrida ohim damo-dam o‘yladurkim, ahli zuhd
Har zamon bir mad o‘qurda oyati Qur’on chekib.
«Qur’on o‘qiyotgan kishi har zamonda madlarni cho‘zgani kabi, Ërning zikrida dam-badam oh chekaman», demoqda shoir.
Alisher Navoiyning ba’zi shaxslar haqida ma’lumot berishda qo‘llagan bayonida ham u kishining tajvid va qiroat ilmi borasidagi bilimlari namoyon bo‘lgan. U kishi «Holoti Pahlavon Muhammad» asarida shayx Pahlavon Muhammadni shunday ta’riflaydi:
«Dag‘i qiroat ilmin ham yaxshi bilur erdi va xo‘b maxraj va tajvid bila Qur’on o‘qur erdi va gohi huffozdin qiroat bobida so‘rar erdikim, alar javobidin ojiz bo‘lur erdilar, Pahlavondin istifoda qilur erdilar».
Ayni misol «Majolisun-nafois»da ham uchraydi:
«Mavlono Riyoziy – samarqandlig‘dur. Mutakabbir va mu’jib kishi erdi. G‘azalni bag‘oyat xo‘b aytur erdi. Jomeul-fazoil va muqavvod-daloil kishi erdi va yetti qalam bilan xatni xo‘b bitar erdi va ham mullo va ham hofizki, Qur’oni majidni yetti qiroat bilan bilur va o‘qur erdi va ham kotib va ham shoir va ham maoliy erdi. Ulum fanida hech nimarsa ang‘a majhul qolmas erdi».
Mazkur asarda ulug‘ olim Mirzo Ulug‘bek rahmatullohi alayhning tavsifida qo‘llangan iboralarda ham muallifning ilmu funun, jumladan, qiroat ilmi borasidagi bilimi yaqqol ko‘zga tashlangan:
«Ulug‘bek Mirzo – donishmand podshoh erdi. Kamolati bag‘oyat ko‘p erdi. Yetti qiroat bila Qur’oni majid yodida erdi. Hay’at va riyoziyni xo‘b bilur erdi».
Ta’birning sir-sinoatini ilg‘ay olgan odam bu iboralardan Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning qiroat va tajvid ilmidagi malakasini tusmollay oladi va u kishining Qur’on hofizi bo‘lganini ta’kidlashni istaydi. Zero, aynan Qur’on hofizlari shaxslarni tanishtirishda ularning qiroat va tajvidga aloqadorlik jihatlarini yoritishga ko‘proq e’tibor qaratadilar. Falakiyotshunosligi bilan dong taratgan olimning avvalo Qur’on qiroatlarida mohirligini beixtiyor ta’kidlash muallifning ushbu sohaga ko‘proq bog‘liqligini ko‘rsatadi. Har gal Qur’onni tilga olganda «majid» (ulug‘vor) degan sifatni qo‘shimcha qilish esa hazrat Navoiyning qalbida bu ilohiy kalomga nisbatan nihoyatda yuksak muhabbat va ehtirom shakllanganidan darak beradi.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning ilmiy zaxirasini tashkil qilgan manbalarni yaxshi bilgan kishi u kishining nasriy va nazmiy asarlarini o‘rgansa, buyuk mutafakkirning tafakkur chashmalari Qur’onu Sunnat va ularga asoslangan islomiy tasavvuf ma’danlaridan sizib chiqqaniga shubhasiz amin bo‘ladi. Darhaqiqat, Navoiyning asarlarida Qur’oni karim va hadisi shariflarning ma’nolari suzib yuradi. Qalam ahli yaxshi biladiki, har qanday ijod, ayniqsa, she’r ongu shuurda mavjud ma’lumotlardan beixtiyor otilib chiqadi. Qidiruv yoki talablarga ko‘ra tortiq qilingan asarda hech qanday ruhiyat, joziba bo‘lmaydi. Navoiyning ijodidek dunyoni hayratga solgan badiiy boylik qalb qa’ridan yuksak ruhiyatda yuzaga kelganida shubha yo‘q. Qur’onu Sunnat mazmunini o‘z ijodiga bu qadar qorishtirish uchun ijodkor ularni xotirasiga mustahkam joylagan bo‘lishi, qalbi shu ma’nolar bilan to‘yingan bo‘lishi lozim. Nafaqat mazmun, balki matnlarni she’riy baytlar orasida keltirish uchun esa ularni yoddan bilish yanada zarur. Navoiy o‘zining she’rlarida juda ko‘p Qur’on oyatlaridan bevosita iqtibos keltiradi. Ayrimlarini eslash mumkin. Masalan, «Hayratul-abror»da shunday baytlar bor:
«Karramno» keldi manoqib anga,
«Ahsani taqvim» munosib anga.
«Karramno» Isro surasining 70-oyatiga, «Ahsani taqvim» Tiyn surasining 4-oyatiga ishoradir.
Zohir o‘lur «bu’sira mo fil-qubur»,
Jilva qilur «hussila mo fis-sudur».
Bu ikki misrada Odiyot surasining 9 va 10-oyatlaridan iqtibos olingan.
Yavmaizin mo xalaqallohu fiyh,
Yavma yafirrul-mar’u min axiyh.
Bu baytning birinchi misrasida Qur’on kalimalaridan istefoda qilgan holda arabcha ibora keltirilgan, ikkinchi misra esa Abasa surasining 34-oyatidan iborat (mavzudan uzoqlashmaslik uchun baytlarning sharhiga kirishilmadi. Iqtiboslarning sura va oyat raqamlarini ko‘rsatish bilan cheklanildi. Istaganlar bu oyatlarning tafsiriga murojaat qilishlari mumkin).
Shu o‘rinda «Hayratul-abror» asaridan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning madhlariga bag‘ishlangan boblardan birining sarlavhasini ham keltirib o‘tsak.
«Beshinchi na’t Me’roj kechasi ta’rifidakim, karimai «Subhonallazi asro» anga musaddiqi durur va «...bi abdihi laylan minal-Masjidil-Haromi ilal-Masjidil-Aqso» aning subutig‘a ikki guvohi sodiq».
Bu yerda Isro surasining 1-oyatidan yuksak mahorat bilan sarlavha yasalgan bo‘lib, undagi qochirim va majozlar ham bir olam. Bunday ta’bir uchun nafaqat Qur’on matnini yodlash, balki uning tub ma’nolarini qalbga chuqur singdirish darkor. «Xamsa»da bunday misollar juda ham ko‘p.
Mavlono Lutfiyning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning na’tlarida bitgan bir g‘azaliga hazrat Navoiy muxammas bog‘lagan. Lutfiy g‘azalni oyati karimalardan iqtibos keltirish bilan boshlagani uchun unga taxmis bog‘layotgan Navoiy uchala qatorning har birida bir oyatga ishora qilgan. Bu ham Navoiyning ushbu Qur’on oyatlarini yod bilishini taqozo qiladi.
Sharbati «yuhyil-izom» erni mayi nobindadur,
Surayi «Vash-shams» tafsiri yuzi bobindadur,
Sharhi «mo zog‘al-basar» nargislari xobindadur,
Laylatul-me’rojning sharhi sochi tobindadur,
«Qoba qavsayn» ittihodi qoshi mehrobindadur.
Bu yerda «Yuhyil-izom» Ësin surasining 78-oyati, «Vash-shams» Shams surasining 1-oyati, «mo zog‘al-basar» Najm surasining 17-oyatidan iqtibosdir.
Navoiy g‘azallarida bu kabi qur’oniy iqtiboslar talaygina. Mana ulardan yana biri:
Oyati «Vash-shams» xurshidi uzoridin o‘qu,
Surai «Val-layl» xatti mushki boridin o‘qu.
Navoiy ijodida Qur’on ma’nolari ochiq aks etgan satrlar ham juda ko‘p. Masalan:
Agar nodon mahalsiz harzakim aytur, dalir aytur,
Quloqqa yoqmasa, man’ig‘a tanbih aylamak bo‘lmas.
Eshak savti Kalomullohda keldi ankarul-asvot,
Aning savtig‘a taqribu tahoshi istamak bo‘lmas.
Bu yerda Luqmon surasining 19-oyatiga ishora qilinmoqda.
«Badoye’ul-bidoya» devonidagi ayrim g‘azallarni misol tariqinda ko‘rish joiz:
Ey, musʼhafi ruxsoring azal xattidin insho,
Debochayi husnungda abad nuqtasi tug‘ro.
Bu baytda Hadid surasidagi «U Avvaldir va Oxirdir» oyatining ma’nosi aks etgan (3-oyat).
Zarrot aro har zarraki bor, zikringga zokir,
Amtor aro har qatraki bor, hamdingga go‘yo.
Bu bayt Hashr, Tag‘obun suralarining ilk oyatlaridagi, Isro surasining 44-oyatidagi ma’nolardan olingan.
Muhtoj Sening dargahingga xusravu darvesh,
Parvarda Sening ne’matingga johilu dono.
Bu baytda Fotir surasining 15-oyati hamda Ixlos surasidagi ma’nolarga ishora qilingan.
Qaysi makon aro Seni istayki, kavnda
Sensiz emas makoniyu, yo‘qtur makon Sanga.
Hazrat Navoiy bu baytda Hadid surasining 4-oyati va Mujodala surasining 7-oyatidagi «Qayerda bo‘lmang, Alloh siz bilandir» degan ma’noni tarannum etish bilan birga, Ahli sunnaning «Allohning hech bir misoli yo‘qdir» (Shuro surasi, 11-oyat) iborasi mazmunidan kelib chiqib, Alloh taologa ma’lum makon isbot qilmaslik e’tiqodini ham bayon qilganlar.
O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish joizki, Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning Qur’oni karimga munosabatini, uning ma’nolarini tarannum etish ishtiyoqini uning Qur’on tarjimasi va tafsirini yaratishga bo‘lgan e’tiboridan ham bilsa bo‘ladi. Husayn Voiz Koshifiy o‘zining fors tilidagi «Javohirut-tafsir» nomli mashhur asarini aynan hazrat Navoiyning taklifi va homiyligida yozgan.
Xulosa qilib aytsak, Nizomiddin Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning Qur’on hofizi bo‘lgani borasida manbalarda ochiq dalil uchramadi. Biroq kelgusi izlanishlarda bu borada qat’iy so‘z aytishga asos bo‘ladigan ma’lumotlar topilishi umidi bor. Hozircha esa u kishining ijodu faoliyatlari Qur’on hofizi bo‘lganiga ishonishga asos bo‘lishi mumkin. Zero, Qur’oni karim ma’nolarini nasru nazmda bu qadar keng tarannum etish, oyatlaridan bu qadar ravon iqtibos keltirish uchun shoir yoki yozuvchi Qur’on hofizi bo‘lishi shart. Qolaversa, Navoiydek zakiy inson, minglab baytlarni yod bilgan favqulodda xotira egasi, ilmu fan taraqqiyoti avjida turgan davrda yashab, ijod qilgan, o‘ttiz ming baytni yod bilmagan kishini shoir sanamaydigan ilmiy muhitning birinchi raqamli vakili hisoblangan olim Qur’on hofizi bo‘lishi tabiiydir.
Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning Qur’on bilan bog‘liqligi, uning ijodida Qur’on va islomiy tasavvufning o‘rni borasida ko‘p so‘zlash mumkin. Umuman olganda, shonli tariximiz, mumtoz adabiyotimizni Qur’onsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mavzudan chalg‘imaslik va so‘zni muxtasar qilish maqsadida bu borada to‘xtalmadik. Kelgusida bu haqda mustaqil tadqiqot va tahlillar muyassar bo‘lsa, ajab emas. Alloh taolo Hazratni O‘z rahmatiga olib, qoldirgan boy meroslaridan to‘g‘ri istefoda qilish baxtini barchamizga nasib aylasin!