
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
NOMODDIY QONUNIYATLAR
Borliqda nomoddiy mavjudotlar ham bor. Inson qalbi bilan tuygan, o‘z hayotida muttasil kuzatib kelayotgan bu haqiqatni isbotlashga hojat yo‘q. Rost tush, qalb kechinmalari, ko‘ngil sezgilari, dam solishning ta’siri kabi haqiqatlarni hech kim inkor qila olmaydi. Ularni moddiy qonuniyatlar bilan izohlash imkonsiz. Buni tan olmaydiganlar shunchaki qaysarlik qiladi, xolos. Ilmiylik ularga bir vaj, aslida nafsning qutqusi ularni adashtiradi, biroq qalbining tubida g‘ayrioddiy kuchlarga talpinish yashiringan. Bugun ilm-fanning nomoddiy olam borasidagi qarashlari o‘zgarib borayotgani bejiz emas, yaqin kelajakda uning yana iymonga qaytishi umid qilinmoqda.
NOMODDIY QONUNIYATLAR
Borliqda nomoddiy mavjudotlar ham bor. Inson qalbi bilan tuygan, o‘z hayotida muttasil kuzatib kelayotgan bu haqiqatni isbotlashga hojat yo‘q. Rost tush, qalb kechinmalari, ko‘ngil sezgilari, dam solishning ta’siri kabi haqiqatlarni hech kim inkor qila olmaydi. Ularni moddiy qonuniyatlar bilan izohlash imkonsiz. Buni tan olmaydiganlar shunchaki qaysarlik qiladi, xolos. Ilmiylik ularga bir vaj, aslida nafsning qutqusi ularni adashtiradi, biroq qalbining tubida g‘ayrioddiy kuchlarga talpinish yashiringan. Bugun ilm-fanning nomoddiy olam borasidagi qarashlari o‘zgarib borayotgani bejiz emas, yaqin kelajakda uning yana iymonga qaytishi umid qilinmoqda.
Borliqning gultoji bo‘lgan inson ham faqat moddiy jismdan iborat emas. Moddiy jism parrandayu darrandada ham bor. Insonning mohiyati, haqiqati aslida unga puflangan ruhdadir, jismi esa moddiy olam bilan muloqot uchun, xolos. Inson bu dunyoda ushbu ikki borliq bilan yashaydi. Binobarin, uning hayotida moddiy qonuniyatlar bilan birga nomoddiy qonuniyatlar ham bor. Moddiy qonuniyatlarni inobatga olmaslik ma’lum oqibatlarni keltirib chiqarganidek, ko‘pchilik muammolar ortida nomoddiy qonunlarning buzilishi ham yotadi. Ular ham xuddi fizika qoununlari kabi qat’iy ta’sirga ega. Shuning uchun Islom har bir ishda moddiy sabablarni ishga solish bilan birga, ma’naviy omillarni ham unutmaslikni o‘rgatadi. Islomning asosiy vazifasi ham shu – nomoddiy haqiqatlarni anglatish. Zotan, inson moddiyatni aqlu tajribasi bilan o‘rganishi mumkin, ammo ma’naviy olamni aql to‘g‘ri ilg‘ay olmaydi. Bashariyat tafakkurining aynan shu bo‘shlig‘ini ilohiy vahiy to‘ldiradi.
Hadisda qarilikdan boshqa barcha dardning davosi borligi, uni izlash lozimligi ta’kidlangan. Bu – moddiy tadbirdir. Boshqa bir hadisda esa kasalliklarni sadaqa bilan, istig‘for bilan davolash o‘rgatiladi. Bunisi – ma’naviy chora. Bemorlik ortida har ikki sabab ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hadisi shariflar ikki taraflama – moddiy va ma’naviy jihatdan chora ko‘rishni tavsiya qiladi.
Xalifa Umar roziyallohu anhu bir bemorning oyoq-qo‘lini bog‘lab, olib ketayotganlarni ko‘rib, «Qayerga olib ketyapsizlar?» deb so‘radilar. «Dam soldirishga», deyishgan edi, Umar roziyallohu anhu: «Yaxshi. Tabibga ham ko‘rsatib qo‘yinglar», dedilar. Bu aynan nabaviy tarbiyadan kelib chiqib aytilgan so‘z edi.
Oyat-hadislarda bir tarafdan tejamkorlik, isrofdan qochish boylikka sabab bo‘lishi aytilsa, ikkinchi tarafdan xayr-ehson, silai rahm rizqni kengaytirishi uqtiriladi. Bu yerda ham maqsadga erishishda moddiy va nomoddiy choralar barobar olib borilishi o‘rgatilmoqda. Bunga o‘xshash misollar juda ham ko‘p.
Ba’zan moddiy va nomoddiy choralar zohirda bir-biriga zid ko‘rinishi mumkin. Masalan, iqtisodiy hisobga ko‘ra, xayr-ehson mol-mulkni kamaytiradi. Oyat-hadislarda esa sadaqa boylik keltirishi aytiladi. Hatto bir hadisda sadaqa bilan mol-mulk kamaymasligi haqida qasam ichilgan. Darhaqiqat, hayotda saxovatli kishining faqat boyib borayotganini, baxilning esa bog‘i ko‘karmaganini ko‘rasiz. Bu ham ma’naviy hol. To‘g‘ri, iqtisodiy jihatdan buni moliyaviy qon aylanishining yaxshilanishi bilan ham izohlash mumkin. Biroq bu yondashuv voqe’likning bir nav talqini, xolos. Aslida bu yerda gap nomoddiy qonuniyatda.
Haj va umraga borish har doim moliyaviy sarf-xarajatni talab qiladi. Binobarin, ularga pul sarflagan odamning moddiy boyligi ma’lum miqdorda kamayadi. Ammo haj yoki umraga borgandan keyin ko‘pchilik yana ham boyib ketadi. Bu yerda ham ma’naviy sabab bor. Hadisi shariflardan birida: «Haj va umra gunoh va faqirlikni ketkazadi», deyilgan. Hojilar boyib ketishining sirlaridan biri mana shudir.
Faqat moddiy nazar bilan cheklanganlar nomoddiy choralar xususidagi hadislarni inkor qilishi, qalbi o‘lik kimsalar bu hadislarning ustidan kulishi ham mumkin. Kaltafahm odam bu ko‘rsatmalarni bir-biriga qarshi deb tushunadi. Ammo aslida bu yerda hech qanday ziddiyat yo‘q, moddiy va nomoddiy qonuniyatlarni barobar ishga solish ko‘rsatilgan. Ularning birini yo‘lga solish kifoya qilmaydi, ikkinchisiga ham e’tibor berish kerak. Qizig‘i shundaki, ko‘pincha ma’naviy omillar moddiyatni ham boshqarganini ko‘rasiz. Masalan, fisqu fujur, zulmu adovat, qo‘rquv qalbni ko‘r qilishi, tafakkurni buzishi oqibatida insonning qarorlarida, amallarida xato ko‘payib boraveradi. Iymonu ibodat, adolat, muhabbat, tavakkul kabi xislatlar esa ruhga sokinlik beradi, bunday holatdagi inson to‘g‘ri qarorlar qabul qila boshlaydi va shunday qilib, ishlari isloh topib boraveradi.
Kuni kecha ulamolarimiz istisqo namozi o‘qishni, ko‘p-ko‘p istig‘for aytishni taklif qilishganda kimlardir buni masxara qilgan bo‘lsa, yana kimlardir tanqid ostiga ham oldi. Bunday yondashuvning moddaparastlar, iymonsiz kimsalarda kuzatilishini tushunsa bo‘ladi, ularning tafakkuri moddiyat bilan cheklanib qolgan. Biroq ana shunday masxarabozlar orasida o‘zini musulmon bilganlar ham borligi achinarli hol bo‘ldi. Chunki ularning iymoni aslida bu kabi ma’naviy omillarga ishonishni taqozo qilishi kerak edi. Biroq bilimsizlikdan, moddiy o‘lchovlar va qandaydir alamlar ta’sirida ayrim musulmonlar ham e’tiqodlariga xilof so‘zlarni aytib yuborishdi. Ularning orasida ancha-muncha ilmu taqvosi bor kishilarning ham borligi e’tiqodda moddiy nazarga asoslangan toifalardan ta’sirlanganini ko‘rsatadi. Ular o‘zining fikrini shariat sabablarni joriy qilishga buyurganini aytish bilan dastaklasa-da, yondashuvlari xatodir. Aslida istisqo qilish, istig‘for aytish ham sabablar, faqat nomoddiy sabablardir. Shu bilan birga, bu voqeada hech kim moddiy sabablarni inkor qilgani yo‘q edi, faqat nomoddiy sabablarni ham qo‘shishga urinilgan edi, xolos.
Ma’naviy choralar moddiy sabablardan ustuvordir. Zero, har qanday sabab ham uni yaratgan Zotning izmida bo‘ladi, U Zot sabablarni istaganicha boshqaradi. Qolaversa, Allohga tavba qilish, itoat qilish, U Zotga yukinish insonga ruhiy quvvat baxsh etish bilan birga, uning moddiy hayotini ham o‘nglaydi. Istig‘for tufayli gunohlarning chirki ketgach, balolar daf bo‘ladi, tafakkur tiniqlashib, qarorlar to‘g‘rilanadi, muammolarning moddiy sabablari bartaraf bo‘ladi. Duodan keyin shu paytgacha esiga kelmagan bir to‘g‘ri fikr tufayli inson barcha ishlarini o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun musulmon odam har bir ishida moddiyat bilan birga ma’naviy jihatga ham e’tibor beradi, bir qo‘li bilan nomoddiy sabablarni, ikkinchi qo‘li bilan moddiy sabablarni ishga soladi. Shu bois har bir ishni bismilloh bilan, duolar bilan boshlaydi. Qo‘li ishda, qalbi esa iltijoda, tavakkulda bo‘ladi. Shu zaylda mo‘min banda hayotda moddiy va nomoddiy olamning posangisini teng tutib boradi.
Jamiyatda moddiy ishlarga mas’ul kishilar bor. Ular shu jihatdan o‘z vaziflarini bajarishi kerak. Ayni paytda, ma’naviy omillar bilimdoni bo‘lgan ulamolar ham o‘z ilmlari asosida nomoddiy sabablarni ishga solishda bosh bo‘lishlari kerak. Har ikki jihatda ham mas’ul hamda vakolatli shaxslar moddiy va nomoddiy sabablarga e’tibor berishlari lozim. Binobarin, moddiy tarafda mas’ul kishilardan ma’naviy sabablar so‘ralmaganidek, moddiy ishlarda vakolat bermay turib, ulamolarni bu borada ayblash insofdan emas. Kimga nimada vakolat berilsa, nima uchun maosh to‘lansa, uni shu jihatdan mas’ul qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taolo borliqni moddiy qonuniyatlar asosida yaratish bilan birga, unda nomoddiy qonuniyatlarni ham joriy qilgan. Moddiy sabablarni topishni ko‘proq insonning aqliga, mehnatiga tashlab qo‘ygan. Nomoddiy sabablarni esa payg‘ambarlariga yuborgan vahiy orqali bildirgan. Ilohiy risolatga inongan kishi har ikki sababni o‘z o‘rnida qo‘llashi kerak. Kim qaysi sababni ishga solsa, shuning natijasini olaveradi. Iymon ahli nomoddiy sabablarni ham ishga solishi bilan imtiyozlidir. Iymonsizlar esa bu imkoniyatdan mahrumdir.
Mo‘min-musulmon odam islomi bilan moddiy sabablarga, iymoni bilan nomoddiy sabablarga yuzlanadi. Mana shu haqiqiy mo‘minlik, chin dindorlikdir. Alloh taolodan barchamizga iymonu Islomda sobitlik so‘rab qolaman.