
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TANQID
Insoniy jamiyatning xususiyatlaridan biri – unda inson shaxsiyatining takrorlanishidir. Hujayra inson tanasining kichik bir ko‘rinishi bo‘lganidek, inson tanasi insoniy jamiyatni o‘zida aks ettiradi. Boshqacha qilib aytganda, insoniy jamiyat go‘yo yirik inson tanasi, hajm jihatidan bir-biridan keskin farq qilsa-da, ularning o‘rtasida o‘zaro o‘xshash jihatlar juda ko‘p. Maqolada ana shunday o‘xshashliklardan biri haqida so‘z boradi.
TANQID
Alloh taolo bashariyatni ajoyib xususiyatlar bilan yaratgan. Tafakkur qilgan kishi mo‘jizalarga boy bu hayotda juda ko‘p qonuniyatlar, ibratlar kashf etadi. Ularni bilish insonning hayotini osonlashtiradi, samarali qiladi.
Insoniy jamiyatning xususiyatlaridan biri – unda inson shaxsiyatining takrorlanishidir. Hujayra inson tanasining kichik bir ko‘rinishi bo‘lganidek, inson tanasi insoniy jamiyatni o‘zida aks ettiradi. Boshqacha qilib aytganda, insoniy jamiyat go‘yo yirik inson tanasi, hajm jihatidan bir-biridan keskin farq qilsa-da, ularning o‘rtasida o‘zaro o‘xshash jihatlar juda ko‘p. Maqolada ana shunday o‘xshashliklardan biri haqida so‘z boradi.
Tana haroratining me’yordan ortishi isitma deyiladi. Isitma tanadagi bemorlikdan darak bo‘lib, tananing kasallikka qarshi tabiiy kurashidir. Ba’zi shifokorlar isitmani darhol tushirishga urinadi. Biroq tajribali shikoforlar isitmani iloji boricha o‘z holiga qo‘yib, tananing kasallikka qarshi kurashiga imkon berish kerakligini ta’kidlaydi. Shuning uchun xalq tabobatidan boxabar odamlar isitmani tushirishga emas, uni boshqarishga, bosh miyaga zarar yetkazib qo‘yishining oldini olishga e’tibor qaratgan va shu maqsadda peshonaga nam latta bosishgan. Ba’zi mutaxassislar harorat 39-40 darajagacha borsa ham, yana ham aniqrog‘i, modomiki tana buni ko‘tara olsa, isitmani tushirishga urinmaslikni tavsiya qiladi. Isitma odamni biroz bezovta qilsa-da, uning tana salomatligini tiklashga foydasi juda katta. Shuning uchun ham mohir tabiblar isitmaga hayotiylik, salomatlik belgisi sifatida qaraydilar.
Bir necha yil oldin ko‘p shamollab, tez tumov bo‘lib qoladigan, keyin kuchliroq dori, hatto tanaga huqna qabul qilmaguncha yaxshi bo‘lmay, qiynaladigan bo‘lib qoldim. Doktorga murojaat qilsam, turli vositalar bilan darhol isitmani tushirishga shoshar edi. Kovid tarqaganda bir mutaxassisning tavsiyasi bilan isitma 39-40 darajaga chiqqanda ham haroratni tushirish uchun dori ichmadim, hech qanday kimyoviy dorilar qabul qilmadim. Kasalni davolashda zanjabil, asal, limon kabi tabiiy narsalar bilan, ko‘p suyuqlik ichish bilan kifoyalandim. Harorat tushar ekan, tanada umumiy sog‘lomlik ortib, tabiiy quvvat tiklanganini his qildim. Alloh taoloning fazli bilan, shu-shu immunitet ko‘tarilib, tanam kasallikka chidamli bo‘lib qoldi. Shundan beri bir-ikki marta tumov bo‘lib, isitmaladim. Lekin isitmani tushirishga urinmay, uning o‘zi bilan viruslardan qutulishni o‘rganib oldim. Tana borgan sari sog‘lomlashib, chidamli bo‘lib bordi. Xullas, isitmaning foydasi katta bo‘ldi.
Insoniy jamiyatda ham xuddi shunday tabiiy davo bor. U ham aynan isitmaga o‘xshaydi. U ham odatda kasallikning belgisi bo‘ladi. Xuddi isitma kabi jamiyat tanasini bezovta qiladi. Ayniqsa, bosh miyaga ta’siri tez. Uni davolovchilarning yondashuvi ham turlicha. Isitma kabi, u ham odamga yoqimsiz, shuning uchun ko‘pchilik unga toqatsiz, uni tezda daf qilishga urinadi. Biroq oqil insonlar bu tabiiy davodan unumli foydalanish chorasini ko‘radi. Tajribali odam uning me’yorini to‘g‘ri belgilaydi, uni to‘g‘ri yo‘sinda yo‘naltiradi. Bilimdon odamlar uning mavjudligidan xursand ham bo‘ladi, yaxshilik umid qilib, undan unumli foydalanadi. Ammo uquvsiz, tajribasiz yoki kaltabin kimsalar undan hurkib ketadi. Vaholanki bu isitma jamiyatning hayotiyligi, sog‘lomligi belgisidir, uning yashovchanligi, taraqqiyoti garovidir. Sizningcha, bu nima? Ha, to‘g‘ri topdingiz. Bu – tanqiddir.
Tanqid aslida arabcha so‘z bo‘lib, sayqallash, saralab olish, o‘rganib, tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarni aytish, degan ma’nolarni anglatadi. Tanqid yomonlash yoki qoralash emas, balki yaxshilik ilinjida kamchilikni ochiqlashdir. Shuning uchun ham birovni obro‘sizlantirish, qoralash niyatida uning ayblari aytilsa, bu narsa haqiqiy ma’nodagi tanqid hisoblanmaydi. Biroq bu so‘z o‘zbek tilida o‘zining asl ma’nosidan tashqari aybsitishni ham anglatadigan bo‘lib qolganini ta’kidlash kerak. Ammo nima bo‘lganda ham, tanqid oqil inson uchun foydadan xoli emas.
O‘zini yoki jamiyatini isloh qilmoqchi bo‘lgan, shaxsiy yoki ijtimoiy kamolotni istagan odam tanqidni to‘g‘ri qabul qiladi, undan kerakli xulosa oladi. Tanqid nafsga yoqimsiz bo‘lishi bilan birga, uni eng yaxshi tarbiyalash quvvatiga ega. Tanqidni ko‘tarish qalbni poklaydi, ruhi baquvvat qiladi. Tanqid kishiga o‘zini tanishga yordam beradi. Tanqid faoliyatdagi kishi uchun tekin tahlil va maslahatdir. Tanqidchi siz ko‘rmagan kamchiliklarni topib, sizni kamolot sari yuksaltiradi. Tanqidchi o‘zi sezmagan holda siz uchun vaqtu kuchini sarf etayotgan bo‘ladi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu: «Menga xatolarimni hadya qilgan odamdan qarzdorman», der edilar. Tanqidning yana bir foydasi shuki, tanqidchi ayni paytda sizga o‘zini tanishtiradi, shaxsiyatini ko‘rsatadi, sohaga oid bilimini ham, ichki olamini ham sizga namoyon qiladi.
Yurtimizda yemak ishlab chiqaradigan bir korxona rahbari bilan ish ustida gaplashib qoldik. O‘sha rahbar ajoyib bir gap aytdi: «Biz oldin mahsulotning sifatiga baho berish uchun mutaxassislar jalb qilib, ularga moyana berib yurar edik. Ularning ishi ishlab chiqargan narsamizning yutuq va kamchiliklarini aytish edi. Hozir bunga hojat qolmadi. Bevosita mijozlarning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotimizdagi yutuq va kamchiliklarni ortig‘i bilan yoritib berishyapti. To‘g‘ri, hamma gapni ham qabul qilavermaysiz, masalani yaxshi bilmasdan gapiradiganlar ham bor, ularga xo‘p deb qo‘yaverasiz, ammo o‘rinlilarini saralab olib, o‘shandan kerakli xulosa chiqara olsangiz, natija zo‘r bo‘ladi. Hozir shunaqa qilib ishlayapmiz, o‘sish yaxshi bo‘lyapti. Iste’molchilarning o‘zlari eng yaxshi va tekin chashnachi (degustator) bo‘lib qoldi».
O‘ylab qoldim, faqat moddiy mahsulot ishlab chiqaruvchilar emas, ma’naviy sohalarda ham xuddi shunday ochiqlik, toqatlilik, mehnatsevarlik ko‘nikmasi hosil qilinsa, iste’molchilarning fikri inobatga olinsa, qanday bo‘larkin? Menimcha, eng katta islohot shu bo‘lsa kerak.
Odatda hukumatlar boshqaruvni osonlashtirish maqsadida doimo xalqning fikrini o‘rganishga harakat qiladi. Buning uchun maxsus so‘rovlar, tahlillar o‘tkazilib, qancha xufyalar yollanadi. Bugun esa bunday ovoragarchilikka hojat yo‘q, chunki ijtimoiy tarmoqlar eng yaxshi ko‘zgu bo‘lib qoldi. Odamlarga o‘z fikrini ochiq aytish uchun sharoit qilib berilsa, hammasi o‘zi ravshan bo‘ladi.
Isitmaga qarshi kurash gohida ichki isitmaga sabab bo‘lib, halokat xatarini keltirib chiqargani kabi, tanqidni bir yo‘la bo‘g‘ish ham kutilmagan muammolarga sabab bo‘ladi. Tanqidni qalbakilashtirish uzoqqa bormaydi, chunki yolg‘on hech qachon uzoq yashamaydi. «Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi», deb bejiz aytilmagan. Alloh taolo tanadagi isitmani to‘g‘ri harakatlanadigan qilib qo‘ygani kabi, tanqidni ham tabiiy holiga qo‘yish kerak.
Inson o‘zining shaydosi. U hammadan ko‘ra o‘zini yaxshi ko‘radi. U e’tirofni, maqtovni istaydi. Tanqid esa buning ziddi. Shuning uchun ko‘pchilikka tanqid yoqmaydi. Ayniqsa, erga xotinning tanqidi, otaga o‘g‘ilning tanqidi, rahbarga qo‘l ostidagi odamning tanqidi, hukumatga xalqning tanqidi yoqmasligi mumkin. Tanqid quyi tabaqadagi kishiga ham yoqimsiz bo‘lsa-da, quyi tabaqadan yuqoriga qilingan tanqid yanada nomaqbul ko‘riladi va keskin munosabatlarga sabab bo‘ladi. Ushbu bashariy vaziyatda maqsadga talofatsiz erishish uchun esa vaziyatni atroflicha o‘rganish kerak.
Tanqidning insonga yoqmasligi ma’lum omillarga bog‘liq. Maqtovga o‘ch yaratilgan insonga buning aksi yoqmasligi tabiiy. Insonning, ayniqsa, yuqori tabaqaning tanqidni qabul qilishni istamasligida o‘zini ulardan yuqori olish, afzal bilish ruhiyati ham sabab bo‘ladi. O‘zini yaxshi ko‘rgan, o‘ziga yuqori baho bergan, kamolot da’vosidagi, nafsini erkalab yuradigan odamga tanqid yanada yoqimsiz. Bir so‘z bilan aytganda, nafsoniyati baland inson tanqidni albatta yomon ko‘radi. Shuningdek, biror yutug‘idan havolanib turgan odam ham tanqidni qabul qilmaydi. Bir sohadagi muvaffaqiyatidan o‘zini hamma ishda bilimdon fahmlab olgan kishi ham tanqidni xushlamaydi. Bularning barchasi insonning ichki olamiga bog‘liq holatlardir.
Buning muqobilida, kamtar, o‘zining kamchiliklarini, ojiz jihatlarini tan olgan, o‘zining nuqsonini qidirib, o‘zini isloh qilishga urinib yurgan, kamolot sari intilgan odam tanqidni yaxshi qabul qiladi va bundan unumli foydalanish payida bo‘ladi.
Tanqid faqat shaxsga emas, atrofingizdagilarga nisbatan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, farzandingiz, yetishtirgan shogirdingiz tanqid qilinsa, bu ham bevosita sizga og‘ir kelishi tabiiy. Biroq bundan ham kerakli foyda olishga o‘rganish kerak.
Mehnatkash, yaxshi ishlagan odamga ham ko‘pincha tanqid yoqmaydi. Tanqid qilinsa, mehnati qadrlanmagandek his qiladi. Ko‘pchilik rahbarlarning tanqidni yoqtirmasligi ham shundan. O‘z nazdida og‘ir mehnatlar qilib, e’tirof, tashakkur kutib turgan bir paytda ayblov eshitish nafsga juda og‘ir keladi. Rahbarlarning maqtovni yaxshi ko‘rishi ham aynan shu nuqtadan kelib chiqadi. Bu vaziyatda tanqidni qabul qilish uchun insonga kuchli iroda kerak. Buni uddalagan odam yana ham yuksaladi.
Tanqid asosli va qoidaviy bo‘lsa, u tom ma’noda ijobiy tashabbus sanaladi. Shuning uchun tanqidchini «munaqqid» deya chiroyli ibora bilan nomlashgan. Tanqidiy maqolalar taraqqiyotning shartlaridandir.
Tanqidda quyidagilarga rioya qilish tavsiya qilinadi:
– tanqid ilmiy asosda bo‘lishi kerak. Kishi o‘zi bilmagan sohada tanqidga kirishmasligi kerak. Avval masalani o‘rganib, yaxshilab fikrlab, shundan keyingina tanqidga o‘tsa bo‘ladi. Ayniqsa, din ilmiga oid tanqidiy qarashlarni izhor qilishda shariat ilmlarni yetarlicha o‘rganmay turib so‘z surish joizmas. O‘zi bilmagan masalada ishni mutaxassislariga qoldirish salomatlikdir. Shuningdek, maqsadsiz, marrasiz tanqid ham yaxshi natija bermaydi.
– Tanqidning natijasini oldindan taxmin qila olish lozim. Jamiyatda porakandalikka, oilada buzilishga olib boradigan bo‘lsa, tanqiddan tiyilgan afzal. Chunki bir xatoni tuzataman deb undan katta muammoni keltirib chiqarish shariatda joiz emas.
– har bir ishda bo‘lgani kabi, tanqid qilishda maqsad pok, niyat xolis bo‘lishi kerak, isloh ilinjida tanqid qilish kerak; Alloh taoloning roziligini niyat qilish kerak. Mansab yoki obro‘ talashish va shaxsiy maqsadga qaratilgan tanqid halol emas.
– tanqid bunyodkor ruhiyatda bo‘lishi lozim, vayronkor kayfiyatda emas.
– tanqidda axloq ustuvor bo‘lishi, odob bilan murojaat qilinishi kerak. Ishlatiladigan iboralarning munosib va yutumli bo‘lishiga e’tibor berish kerak.
– tanqidda «avval e’tirof, keyin e’tiroz» qoidasiga amal qilish kerak. Har qanday so‘z va amalda yaxshi jihatlar bo‘lishi mumkin. Tanqid qilishda avval to‘g‘ri, foydali jihatlar eslanib, mehnat qilgan kishining mehnatini e’tirof etib, keyin kamchiligini aytishga o‘tgan ma’qul.
– tanqid shaxsiyatni bulg‘ash, birovning nomini qora qilish maqsadida bo‘lmasligi, shunga xoslanmasligi shart. Tanqid bahona sha’ni halol bo‘lmagan bir insonning obro‘sini to‘kishni qasd qilish joiz emas. Tanqid ma’lum shaxsga qaratilgan bo‘lsa, agar u odam o‘sha gunohini oshkora qilmayotgan bo‘lsa, tanqidni ham o‘sha odamning o‘ziga yetkazish, boshqalardan maxfiy tutish darkor.
– tanqidda mavzuga oid bo‘lmagan jihatlarga o‘tilmaydi. Tanqid shaxsiyatga emas, aniq kamchilikka qaratilgan bo‘lishi kerak. Tanqidda birovning maqsadi, qalb holatini muhokama qilishga kirishlmaydi.
– har bir narsada mo‘tadillik zarur. Isitmaning ortiqchasi tanani toydirib qo‘yadi. Tanqid ham malol kelmaydigan yo‘sinda bo‘lishi maqsadga muvofiq. Yaxshilik maqsadi unutilib, tanqid tanqidbozlikka aylanib ketsa, jamiyatda adovat yoyilib ketadi.
– tanqidda aybning og‘ir-yengilligiga qarab, shuningdek, tanqidga uchrayotgan kishining ta’sirchanligiga qarab me’yor olish kerak. Ayb kattaroq, qaltisroq bo‘lsa yoki tanqidlanayotgan kishi beta’sirroq bo‘lsa, tanqid ham shunga mutanosib keskinroq tus olishi mumkin. Ba’zan virus kuchli bo‘lsa, isitma ham shiddatli kechadi.
– tanqid qilayotgan odam o‘zandan chiqib, tanqidi mish-mishga aylanib ketishining oldini olishi kerak. Buning uchun tanqidga zaruratdagina kirishish kerak. Birovning aybini oshkor qilish niyatida tanqid mumkin emas.
Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Ey, tili bilan iymon keltirib, qalbiga iymon kirmagan kimsalar! Musulmonlarni g‘iybat qilmanglar! Ularning kamchiliklarini poylab yurmanglar! Zero, kimki, ularning kamchiliklarni qidirib yuradigan bo‘lsa, Alloh unday kimsaning kamchiligini «qidiradi». Alloh kimning kamchiligini qidirar ekan, aniqki, uni o‘z uyida sharmanda qilib qo‘yadi!”
Xulosa qilib aytganda, tanqid aslida ijobiy hodisa. Har qanday ijobiy narsada me’yor buzilishi salbiy oqibatlar olib kelgani kabi, tanqiddagi qoidasizlik ham yomon natijalar hosil qilishi mumkin. Biroq bu tanqidni butkul tanqid qilishga, man qilishga olib bormasligi kerak. Tanqidni man qilish emas, to‘g‘ri o‘zanga yo‘naltirish siyosatini qo‘llash samaralidir. Oilada ham, ishda ham, boshqaruvda ham tanqiddan unumli foydalanish oqillikdir. Mohir shifokor – isitmani kasalliklarni bartaraf etishga yo‘naltira olgan kishidir.