
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
MAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOT
Bu yil o‘zbek qorilari, xususan, Andijon ahli ikki katta judolikka uchradi. Bir necha oy oldin Abdulboqiy qori dada o‘g‘illari ustoz Ne’matulloh qori aka to‘satdan vafot etdilar. U kishi yurtimizdagi juda ko‘p qorilarga ustoz, otalari Abdulboqiy maxdum domlaning ta’limlarini mintaqada taratgan zot.
MAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOT
Bu yil o‘zbek qorilari, xususan, Andijon ahli ikki katta judolikka uchradi. Bir necha oy oldin Abdulboqiy qori dada o‘g‘illari ustoz Ne’matulloh qori aka to‘satdan vafot etdilar. U kishi yurtimizdagi juda ko‘p qorilarga ustoz, otalari Abdulboqiy maxdum domlaning ta’limlarini mintaqada taratgan zot. U kishi haqlarida ham ma’lumot taqdim etish niyati yo‘q emas. Hozircha ikkinchi yo‘qotish xususida so‘z surmoqchiman. Bu ayriliq shu yil Ramazon oyida yuz berdi. Andijondagi Qur’on ustozlaridan Sirojiddin qori domlamiz foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar. U kishini andijonliklar yaxshi biladi. O‘tganlarning yaxshiliklarini eslash uchun, ibrat uchun marhum ustoz haqlarida ayrim xotiralarni o‘rtoqlashishni lozim topdim. Bu satrlarni yozish Ramazon bandligi tufayli biroz kechikkan bo‘lsa, yana ayrim mulohazalar, jumladan, ko‘pchilikning dunyoda bo‘layotgan hodisalar muhokamasi bilan mashg‘ulligi o‘yi uni nashr etishni ta’xirga surdi. Biroq, shogirdlik burchi adosi uchun va hechdan ko‘ra kech, deganlaridek, kech bilan bo‘lsa ham bu haqda ayrim ma’nolarni ko‘pchilik e’tiboriga havola qilish o‘rinli ko‘rindi. Xususan, bu satrlar muhtaram qorilarimiz uchun manfaatli deb umid qilaman.
Ustoz Sirojiddin qori aka 1379 (1959) sanada Andijonda ilm-ma’rifatli xonadonda tavallud topganlar. Qiblagohlari Qamariddin maxdum edilar, Qobul Oxund domlaning o‘g‘li. Qobul Oxund domla Andijondagi «Jome’» madrasasida to‘rtta katta mudarrisning biri, hanafiy fiqhida mohir ustozlardan bo‘lganlar.
Sirojiddin qori aka oilada uch o‘g‘ilning kenjasi edi. Uchala o‘g‘il ham Qur’on hofizi va muallimi edilar. Kattalari Badruddin qori akam 2014 yili vafot etganlar, hozir o‘rtanchalari Ziyouddin qori akam qoldilar. Alloh u kishiga uzoq, barakotli umr bersin.
Ustoz Sirojiddin qori akamning birinchi ustozlari onalari hamda akalari Badriddin qori domla bo‘lgan. U kishi shahardagi boshqa ustozlarda ham ta’lim olganlar. Qur’onni puxta yod olgach, arab tilini o‘rganganlar. Chevarchilik bilan ham shug‘ullanganlar. Keyinroq boshqa kasblar ham qilganlar. Ammo asosiy mashg‘ulotlari Qur’on edi.
1989 yil birinchi ustozimiz – otam vafot etgach, onam rahmatli o‘qishni davom ettirishimiz uchun bizga ustoz qidirgan. Bobom bilan maslahatlashib, Badruddin qori aka rahbarligidagi aka-uka hofizi Qur’on ustozlarga shogird qilib topshirishga qaror qilgan. O‘sha ilk kun kechagidek esimda. Otamning vafotiga hali ikki oy bo‘lmagan. Yoz oylari. O‘z davrida Andijon ahlining peshvosi bo‘lgan Habibulloh hoji dada opoqdadam ukam ikkimizni Badruddin qori akamlarning uyiga olib borganlar. U paytda uchala ustoz ham bir hovlida istiqomat qilar edi. Darsga borganimizda qaysi birlarida vaqt bo‘lsa, bizga saboq berib qo‘yar edi. Biz o‘sha kezlardan ustoz Sirojiddin qori akamdan dars ola boshlaganmiz.
Ilk mustaqillik yillari ustozlarning xonadoni yonidagi eski mahalliy masjid ochilib, ustozlar ta’limni o‘sha yerda bera boshlashdi. O‘sha paytlarda marhum Sirojiddin qori akam navqiron 30-35 yosh edilar. Bomdod namoziga azon aytilmasidan masjidga chiqib, talabalarning darsini eshitishga kirishar edilar. Birinchi yetib kelgan talaba ustozning darvozasini taqillatib qo‘yardi. Darvozaxonadagi chiroq yoniq bo‘lsa, chaqirilmas edi. Gohida ichkaridan choynak qopqog‘ini tiqillatib ishora qilinsa, bu ham uyg‘oqlikni bildirardi. Masjidning tong sahardan talabalar bilan to‘lgan hujrasi kun chiqqunicha deyarli bo‘shab qolardi. Bomdodni ba’zan o‘sha masjidda, ba’zan uyda o‘qirdik. Andijon ustozlarining saharxezliklari haqiqatan ibratli edi.
Qur’onni bir qator yod olib, takrorga kirishgan paytimiz oilaviy sharoitdan kelib chiqib, onam bizni hunar o‘rganishga bermoqchi bo‘ldi. Tartibga ko‘ra, buning uchun ustozlardan ruxsat olish kerak edi. Bu masalani gaplashish uchun borgan oilamiz vakili Sirojiddin qori akamga uchrashadi. Ustoz bu taklifni keskin rad etib, «Bular hali Qur’onni puxta egallab ulgurgani yo‘q. Hozir hunarga berilsa, Qur’oni chala bo‘lib qoladi. Biz ruxsat bermaguncha hech qanday boshqa mashg‘ulot mumkin emas. Kerak bo‘lsa, o‘sha hunardan topadigan pulini men beraman, ammo bular hozir ishlamasin», deb javob berganlar. Aynan ustozning qat’iyatlari bilan biz Qur’onni puxtalashda davom etganmiz. Bu juda ham o‘rinli qaror bo‘lgan. To‘g‘ri, ustoz keyin bizga ta’minot qilib bermagan, lekin har qanday moddiy boylikdan yaxshiroq maslahatni tortiq qilgan edi.
Qur’onni birinchi yodlashda uchala ustozdan ham ta’lim olganmiz. Takrorga kelganda avvaliga «Kattaga katta, kichikka kichik» deb, kaminani Badriddin qori akam, ukamni Sirojiddin qori akam eshitadigan bo‘ldi. Biroq o‘sha paytlarda Sirojiddin qori akam yangi uy solish, madrasada dars berish va boshqa shaxsiy yumushlar bilan bandligi sababidan ikkalamiz ham Badriddin qori akamga qatnaydigan bo‘ldik. Sirojiddin qori akam buni izohlab, «Ikkingiz ham akamga qatnasanglar, u kishi menga ham ustoz, yaxshi bo‘ladi, mening esa ishlarim ko‘payib qolgan, sizlar meni izlab qolmanglar», deb aytganlari hanuz yodimda. Shunday bo‘lsa-da, Sirojiddin qori akamga keyin ham dars topshirib turganmiz, xatmlarda u kishidan ko‘p narsa o‘rganganmiz.
Takror qilib yurgan paytimiz arab tiliga qiziqib, «Mabdaul-qiroa» kitobini mustaqil o‘rganishga kirishdik. Biroq ustozsiz o‘rganish qiyin edi. Arab tilidan ustozlik qilishlarini so‘rab, Sirojiddin qori akamga murojaat qildik. U kishi rozi bo‘ldilar. Keyinroq arab tili qoidalarini o‘rganish uchun «Bidon» kitobidan dars boshladik. Ammo turli sabablarga ko‘ra bu ta’lim uzoq davom etmadi. Sirojiddin qori akam tahsilni boshqa ustozda davom ettirishimizni tayinlab, duo berdilar.
Tarovehda xatmga o‘tishda Andijon qorilarining o‘ziga xos uslubi bor. Sirojiddin qori aka mana shu uslubning qirollaridan edi. «Devonaboy» nomi bilan mashhur Andijonning markaziy masjidida xatmga o‘tganlarida shaharning xosu avom musulmonlari u kishining qiroatlariga oshiq bo‘lib tinglar edi. U kishidagi betakror tiniq ovoz, mohirona talaffuz, puxta tajvid qorilarda noyob. Qur’oni Karimning qalblarga yetib borib, dillarni uyg‘otishida ustozning hissalari katta bo‘lgan.
Ustoz Sirojiddin qori aka parhezkor, tavozeli, kamsuqum, samimiy, xushmuomala kishi edilar. Shogirdlarga ham juda mehribon, mushfiq edilar. «Men ustozingman, Falonchiman», degan da’volarni qilmasdilar. Bir necha yil oldin bir gal telefonda ovozlarini tanimay qolganimda, «Men Sirojiddin akangizman», deganlari esimda. Hech bo‘lmasa «Qori akangizman», desalar ham bo‘lardi, ammo shuni ham ravo ko‘rmaganlar. Ba’zan hasharlarda talabalar bilan birga ishlardilar. Uy yumushlarini qilishdan ham qochmasdilar. Qarindoshlarga silai rahm qilishda peshqadam edilar. Qo‘shnilar bilan ham juda kamtarona, go‘zal munosabatda edilar. U kishining kelbatlari odamlarga Qur’onni, Allohni eslatar edi.
Sirojiddin qori akam dinda g‘ayratli, sunnatga haris, shariatga amal qilishga ishtiyoqli edi. Qachon ko‘rishsak, dindan bir yoki bir nechta masalaning muhokamasini o‘rtaga tashlardilar. Ba’zan telefon qilib, shar’iy ahkomlardan savol berardilar. Qalblari Alloh taoloning ko‘rsatmalariga taslim edi. O‘zlari ham kitobxon edilar. Yangi topgan ma’lumotlarini yaqinlar bilan o‘rtoqlashib, iymonlashishni yaxshi ko‘rardilar. Ko‘ngillari yumshoq, ko‘zlari yoshli edi. Suhbatlarida iymonu irfon fayzi bor edi. Jamoat namoziga juda ham polvon edilar. Farz namozlarni imkon qadar masjidda o‘qirdilar. Masjid jamoatiga yetib olish uchun ba’zan marosimlardan ertaroq chiqib ketardilar. O‘tgan yili bemor bo‘lib qolganlarida ko‘rgani borsam, «Hammasi mayli-ku, jamoatga chiqolmaganimga chidolmayapman» deb, yig‘lab yuborgan edilar.
Sirojiddin qori akam haqiqiy Qur’on hofizi, Qur’on muallimi edilar. Ko‘p gapirmasdilar. Bo‘sh qoldi deguncha, Qur’on takror qilardilar. U kishining eng sevimli mashg‘uloti Qur’on o‘qish va tinglash edi. Shogirdlar ba’zan bir o‘tirganda 5-7 pora o‘qib berishar, ammo ustoz miq etmay, miriqib eshitib berar edi. Yarim tungacha Qur’on eshitib charchamasdilar. Shu yili Ramazondan oldin ham yosh nabira shogirdlar u kishiga 4-5 kunda Qur’onni o‘qib topshirishdi. Yurtimizda Qur’on ziyosi taralib, xususan, Ramazon oyida masjidlarning mehroblari Qur’on bilan bezanishida ustozning xizmatlari katta. Qur’onni yodlish va puxtalash bo‘yich tajribalari zo‘r edi. Kim bilan yaqinroq suhbatlashsalar, albatta Qur’onga targ‘ib qilardilar. Qur’on u kishi uchun hayotning mazmuniga aylangan edi. Qur’on bo‘lsa bas, boshqasi o‘taversin edi. Boshqacha qilib aytganda, u kishi Qur’on bilan tirik edi, Qur’on bilan nafas olardi. «Eng asosiy orzuim – umrimning oxirigacha Qur’on bilan bo‘lsam, mehrobdan uzoqlashmasam», derdilar. Alloh bu niyatni qabul qilgan ekan, bu yil Ramazonning ilk kunlari qori nabiralariga bosh bo‘lib, Andijon shahridagi «Shayx tepa» masjidida tarovehda xatm boshlagandilar. Bir kecha bir tasbeh xatmga o‘tgach, biroz mazalari bo‘lmay, uyga qaytdilar. Bir kun o‘tib, shifoxonaga yotdilar, Ramazon oyida, juma oqshomida boqiy dunyoga rihlat qildilar. Shunday qilib, Qur’on bilan nafas olgan ushbu go‘zal hayot 1447 hijriy sana, Ramazon oyining to‘qqizinchi kechasida nihoyasiga yetdi. Janozalari juma namozidan keyin, Devonaboy masjidida o‘qildi. Janozani masjid imomi Miftohiddin domla o‘qib berdi.
Alloh taolo ustoz Sirojiddin qori og‘amizni O‘z rahmatiga olib, oxiratlarini obod etsin! Gunohlarini mag‘firat aylab, yaxshi amallarining ajrini ko‘paytirib bersin! Bir umr birga yashaganlari Qur’onni u kishiga shafoatchi aylasin! Qoldirgan ta’limlari sadaqai joriya bo‘lib, Qiyomatga qadar davom etishini nasib qilsin! Alloh xayri salaflarimizga xayri xalaflar ato aylasin!