
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TO‘LMAS BO‘SHLIQ
Hasan Basriy: «Olim vafot etsa, ummat binosida Qiyomatgacha to‘lmaydigan bo‘shliq hosil bo‘ladi», deganda ayni haqiqatni so‘zlagan.
TO‘LMAS BO‘SHLIQ
Hasan Basriy: «Olim vafot etsa, ummat binosida Qiyomatgacha to‘lmaydigan bo‘shliq hosil bo‘ladi», deganda ayni haqiqatni so‘zlagan.
Kuni kecha o‘zbek xalqi uchun ham yana bitta ana shunday katta bo‘shliq vujudga keldi. Yurtimizning ulug‘ ulamolaridan, katta ustozlardan Ibrohimjon domla Xo‘qandiy foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar. U kishidan keyin bo‘sh qolgan yoriqni chindan ham to‘ldirish amri mahol, chunki Ustoz benihoya fazilatlarni o‘zida jamlagan nodir shaxsiyat sohibi edi.
Ibrohimjon domlaning ulug‘ligiga Hoji Hindistoniy domladek zamona olimining peshqadam shogirdi bo‘lishi, Ërqinjon domladek betakror shogird tarbiyalagani, ilm yo‘lida musobaqaga chiqqan yuzlab chavandozlar ichida marraga yetgan sanoqli g‘oliblardan biri bo‘lgani o‘zi yetarli. Ilm ahli u kishining fazlini juda yaxshi biladi. Oftobni ta’riflashga hojat yo‘q. Biroq solihlarni zikr qilishning savobu samarasi umidida, ko‘pchilikka ibrat bo‘lishi e’tiboridan Ustozning ayrim manoqiblarini eslagim keldi.
Ibrohimjon domla haqiqatan betakror inson edilar. U kishidagi keng fikr, fahmu zakovat, aqlu basirat noyob darajada edi. Hamisha chuqur taammul, bosiqlik bilan so‘zlardilar. Juda ham shirinsuxan, ochiqyuzli, tabassumli inson edilar. Zarofatlari ham bag‘oyat o‘tkir edi. Har bir holatda o‘ziga yarasha so‘z aytardilar. Hozirjavobliklariga hamma qoyil edi. Hazil-mutoyibada ham o‘zlariga yarashgan mo‘tadillikni ushlardilar. Qochirimlari ko‘p edi. Insonlarni tanishdagi zakovatlari ham tahsinga sazovor edi. Bir so‘z bilan aytganda, nihoyatda mumtoz olim edilar. Ayni vaqtda kamtarin, kamsuqum, samimiy, betakalluf, muxlis kishi edilar.
Ibrohimjon domla rahmatullohi alayh arab tili, fiqh, usul, aqiyda, mantiq, adabiyot va boshqa shar’iy ilmlarda yetuk mutaxassis bo‘lib, shogirdlarga shu ilmlardan ta’lim berdilar, asarlar yozdilar.
Domlaning boshqa ko‘pchilik ahli ilmlarimizda topilmaydigan xislatlaridan biri forsiyga mohirliklarida edi. Shayx Sa’diyning asarlarini u kishidek biladigan, maromiga yetkazib sharhlaydigan olimni ko‘rmadim. Har bir suhbatda «Guliston»dan bir hikoya yoki fors adabiyotidan biror qat’a keltirardilar. Hazrat Navoiyning abyotlariga ham bilimdon edilar. Qo‘qonda navoiyshunoslik gurunglarida ishtirok etganlarida hech kimdan eshitilmagan nuktalarni aytib, majlisga o‘zgacha tarovat ulashardilar. Bu yilgi uchrashuvlardan birida Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning Qur’on hofizi bo‘lgani haqida suhbatlashdik. Shunda u kishi: «Ëshligimda forsiy kitoblardan birida hazrat Navoiyning hofizi Qur’on bo‘lgani haqida o‘qigan edim, ammo ayni manbani hozir eslolmadim», dedilar. U kishining har bir suhbatida mana shunday noyob ma’lumotlarga ega bo‘lardi odam.
Ustozning ommaga taqdim qiladigan va’zlari ham o‘ziga xos edi. Ma’ruzalari ilmiy, qimmatli ma’lumotlarga to‘la bo‘lish bilan birga, barcha uchun tushunarli bo‘lardi. Nutqlari ravon, fikrlari ravshan, talaffuzlari tiniq, iboralari go‘zal edi. Tilga e’tiborlari yuqori, so‘zga injiqlik sezilib turardi. Har bir mavzuda nimadir zarbulmasal keltirardilar. Har suhbatda albatta bir nechta yangi ma’lumot olardingiz. Ayniqsa xosroq davralarda domla yana ham ochilardilar.
Ibrohimjon domla o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan ta’lim oldilar. Ilg‘or ilm toliblaridan bo‘lganlari uchun tahsil bosqichidayoq dars berishni boshlab, umrlarining oxirigacha ta’lim-tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ldilar. «Burhoniddin Marg‘iloniy fiqh maktabi»da imom-xatiblarga fiqh va boshqa ilmlardan dars berib keldilar. U kishining ilmlaridan yurtimizdagi juda ko‘p tolibi ilmlar, ulamolar istefoda qilgan. Masjiddagi xizmatlari ham namunali edi. Jamoati yaxshi ko‘radigan imomlardan edilar. Butun umrni ilmu irfon, Allohning diniga xizmat qilishga bag‘ishladilar. So‘nggi nafasgacha ilmu hikmat ulashishdan charchamadilar. Bir umr din g‘amida, xalq xizmatida yashab o‘tdilar.
Ustozning nodirliklari shunda ediki, oldingi ulamolarimizdan bahra olgan sanoqli olimlarimizdan edilar. Hozirda, Allohga shukr, islomiy ilmlarda dars beradigan ustozlar asta ko‘payib bormoqda. Biroq Buxoro ulamolarining dars berishda o‘ziga xos uslubini saqlab qolganlar juda kam. Ibrohimjon domla aynan shu jihatdan benazir edilar. Qolaversa, yurtimiz olimlarida o‘ziga xos muomala madaniyati, o‘zgacha go‘zal odobu axloqi bo‘lgan. Muhtaram domlamiz ana o‘sha odob maktabining ustozlaridan edilar. U kishi o‘zlaridagi bu imtiyozlarni yaxshi bilardilar va bundan shodlanib ham qo‘yardilar.
Zar qadriga zargar yetadi, deganlaridek, domlamiz ilm egalarini tanir edilar, ularni yaxshi ko‘rardilar. Ilm shaydosi bo‘lganlari uchun ilm ahlini, ilm toliblarini sevardilar. Yosh olimlarni hamisha qo‘llab-quvvatlab, ularni samimiy e’tirof etardilar. Biroq ilmiy o‘lchovlari yuksak, didlari baland, farosatlari o‘tkir bo‘lgani bois ancha-munchaga tan bermasliklari tabiiy edi va bunga haqli edilar. Bu ham u kishidagi fahmu idrokning yuksakligidan darak edi.
Vafotlaridan bir kun oldin Toshkentdagi shifoxonada ziyoratlariga kirdim. Kayfiyatlari chog‘, vaqt kech bo‘lganiga qaramay, nihoyatda tetik edilar. Shu yerda ham ikki-uchta zarbulmasal aytib, kuldirdilar. Suhbat asnosida o‘z hayotlaridan mamnunliklarini so‘zlab, «Biz o‘limga hamisha tayyormiz va rozimiz. Yoshimiz ham Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yoshlaridan oshib ketibdi. Buyog‘iga umr bersa ham O‘ziga shukr, omonatni olsa ham O‘ziga hamd aytamiz-da», dedilar. Men: «Domlajon, uyoqda yaxshi odamlar o‘zi yetarli, buyoqda hali qiladigan ish ko‘p, o‘zlari bizga ko‘p keraklar. Borib olib, nima ham qilasiz?» deb mutoyiba qildim. Yana bir kulgi bo‘ldi. Suhbatlariga to‘ymagan bo‘lsak ham, u kishini urintirmaslik uchun duo olib, ortga qaytdik. Ko‘ngillari sezgan ekan, dil so‘zlarini izhor qilib ham ulguribdilar…
Har gal olim, ziyoli, nodir insonlar vafot etganda hazrat Navoiyning bir baytlari esimga tushadi:
Firoq vaqtidur, ey ko‘zlar, endi qon yig‘lang,
Bilurmisizki, bu kun ne kishidan ayrilasiz?
Ha, hali ko‘pchilik qanday insondan ayrilganini bilmadi, desak, xato bo‘lmaydi. Xalqimiz qancha olimu fuzalolardan duru gavharlarni yig‘ib, o‘zida jamlagan bir xazinadan ayrildi.
Bu dunyoda hech kim boqiy qolgan emas, hamma bir kun vafot etishi haq. Biroq noyob iqtidor, necha yillik mehnat va qancha ustozlardan olingan ilmu tajribaga ega betakror olimlardan unumli foydalana olmaslik haqiqiy yutqazishdir, nadomatga arzigulik yo‘qotishdir. Zotan, biz olimlardan samarali istefoda qilmaslik orqali ularga emas, o‘zimizga jabr qilamiz. Binobarin, ularga Alloh bergan bu ma’naviy boylikdan to‘g‘ri foydalanishimiz, buning uchun ularning vaqtlarini qadrlashimiz, sog‘liklarini asrashimiz lozim. Olimlarning yurak xurujidan vafot etayotgani ham odamni mahzun qiladi. Ularning qalbi nimalardan shikastlanmoqda, kasal bo‘lmoqda, shuni o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Har birimiz bu borada mas’uliyatni his qilishimiz kerak. To‘g‘ri, umr belgilangan, biroq ustozlarning bunday qisqa fursatlaridan unumli foydalanish uchun ham ularning salomatliklarini asrashimiz lozim.
Ochig‘ini aytganda, Ibrohimjon domladan xalqimiz yetarlicha foydalana olmadi, u kishining qadriga yetmadik. Oxirgi yillarda u kishidan ma’lum kitoblar asosida videodarsliklar yozib qolish uchun bir necha bor harakat qildik, biroq kech qolgan ekanmiz, sog‘liklari yo‘l bermadi. Bu ham biz uchun bir armon bo‘lib qoldi.
O‘tgan o‘tdi, endi qolgan ahli ilmlarni asrashimiz, ularni qadrlashimiz, ilmlaridan foydalanib qolishga intilishimiz kerak. Ilm odamlardan sug‘urib olinmaydi, balki olimlarning o‘limi orqali yo‘qoladi. Ular hayotlik chog‘larida ilmlarini olib qolish, bilimlaridan bahramand bo‘lish olimning haqqi, xalqning yutug‘idir.
O‘rni kelganda yana bir fikrni aytgim bor. Har gal olim zotlar vafot etganda janoza va dafnda odam sig‘may ketadi. Yaxshi, bu ham muhabbatdan, bunda ham ulkan ajr bor. Biroq o‘sha olim hayotlik paytida uni qanchalar qadrladik, bunga ham bir nazar solishimiz zarur. Bugun janozasi o‘qilayotgan zot olim bo‘lgani uchun unga o‘zgacha yondashmoqdamiz, biroq shu olim hayotlik paytida ham unga o‘ziga xos e’tibor berganmidik, buni ham bir tahlil qilish o‘rinli. Ulamolarning haqiqiy qadrini bilish – ular xalqqa yetkazish uchun jonu molini sarflab yiqqan ilmlaridan foydalanishdir. Olimning janozasiga qatnashish juda yaxshi, ammo uning ilmidan istefoda qilish chandon muhim ish, mana shunga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.
Har gal olimlarning tobuti talosh bo‘lishini, dafnlarida belkuraklarga navbat turishlarni ko‘rganda xayolga bexos bir fikr keladi: «Nima uchun biz ko‘mishga bunchalar ustamizu, ammo o‘sha insonning tirikligida unga beparvomiz? Bugun tobutini talashyapmiz, yaxshi, biroq kecha uning tirik vujudiga ham shu kabi ehtirom ko‘rsatganmidik? O‘lgan olimlarning qabri ustiga hayhotdek maqbaralar qurib, xoklarini ziyorat qilayotganimizda ularning izdoshlariga, tirik olimlarga qanday munosabatda bo‘lmoqdamiz, bir o‘ylab ko‘rishimiz kerak emasmi? Aslida inson tirikligida qadrlashga ko‘proq arzimaydimi? Olimlar qadr topish uchun o‘lishi shartmi yo? Mana shu o‘ylar har gal qalbni tirnaydi. O‘limning o‘zi ibrat, olimlarning o‘limi esa yanada ko‘proq pandu nasihat beradi.
Mumtoz adabiyotimizda vafot etganlarga marsiya yozish, abjad bo‘yicha tarix bitish urf bo‘lgan. O‘sha an’anaga ko‘ra bir to‘rtlik yozildi. Uni ham muhtaram o‘quvchilar e’tiboriga havola qilishni ma’qul topdim. Zero, bu ham o‘zligimizdan bir namunadir.
Ilm qasrida bo‘shliq bo‘ldi paydo,
Topilmas endi bu gavhar badili.
Yonib dil piri abjad sori boqdim,
Dedi tarix: «Oh, Xo‘qand xalili».
علم قصريدا بوشليق بولدي پیدا،
تاپيلماس ايندي بو گوهر بديلي.
يانيب دل پير ابجد ساري باقديم،
ديدي تاريخ: «آه، خوقند خليلي».
Izoh:
«Badil» – evaz, o‘rinbosar degani.
«Oh, Xo‘qand xalili» iborasidan abjad hisobiga ko‘ra Ibrohimjon domla vafot etgan ushbu hijriy sana – 1446 raqami kelib chiqadi («آه» – 6 + «خوقند» – 670 + «خليلي» – 770 = 1446).
«Xalil» so‘zi qalb torlariga muhabbati tirmashib ketgan do‘st, degan ma’noni anglatadi. Ibrohim alayhissalomning laqabi «Xalilulloh» (Allohning xalili) bo‘lgan. Bu she’rdagi «xalil» so‘zi esa Ibrohim ismiga va ushbu ism sohibi bo‘lgan marhum olimimizning ahli diyor qalbida tutgan o‘rniga ishoradir.