
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘ZBEKNING O‘ZLIGI
Azizlar! Anchadan beri o‘ylab yurganim bir loyiha bor edi. Turli yumushlar uni taqdim qilishdan meni mashg‘ul qilib kelayotgan edi. Biroq tezlashib borayotgan zamon ishlari bu loyihani tezlashtirishni taqozo etayotgan ko‘rinadi. Kun sayin uning dozarbligi oshib boryapti. Allohga tavakkul qilib, O‘zidan madad tilab, ma’rifatparvar kishilarimizning yordamini umid qilgan holda loyihani boshlashga qaror qilindi.
O‘ZBEKNING O‘ZLIGI
Bismillahir Rohmanir Rohim
Insoniyatni yo‘qdan bor qilgan, uni xulqu odob bilan ziynatlagan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Go‘zal xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborilgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salomlar bo‘lsin!
Azizlar! Anchadan beri o‘ylab yurganim bir loyiha bor edi. Turli yumushlar uni taqdim qilishdan meni mashg‘ul qilib kelayotgan edi. Biroq tezlashib borayotgan zamon ishlari bu loyihani tezlashtirishni taqozo etayotgan ko‘rinadi. Kun sayin uning dozarbligi oshib boryapti. Allohga tavakkul qilib, O‘zidan madad tilab, ma’rifatparvar kishilarimizning yordamini umid qilgan holda loyihani boshlashga qaror qilindi.
Bu loyiha bir kishining ishi emas, uni ko‘pchiliklashib, xalqimizning barcha bilimdonlari, millatparvarlari birlashib amalga oshirishi kerak, deb o‘ylayman. Iloji bo‘lsa, chekka qishloqlardagi katta yoshlilar, keksalarning bilimlaridan ham foydalanish kerak. Buning uchun kerakli choralarni ishga solishni ham reja qilyapmiz.
Allohga shukrki, kamina mumtoz o‘zbek oilasida tug‘ilib-o‘sdim. Asl o‘zbek farzandlarini, millatparvarlarini ko‘rdim, ulardan tus oldim. O‘zbek madaniyatini kuzatib, uning ulug‘vorligiga, nafosatiga oshufta bo‘ldim. Ulg‘ayib, boshqa xalqlar bilan tanishgach, o‘zbekning bu madaniyatiga, o‘zligiga bo‘lgan e’tiborim, e’tirofim yanada kuchaydi. O‘tmish bitiklarini, yaqin tariximizdagi buyuklar hayotini o‘rganish davomida bu o‘zlikka bo‘lgan hayratim, ishqim yanada ortaverdi…
Ming afsuski, bugun ana o‘sha o‘zlikning yemirilayotganiga ham guvoh bo‘lib turibman. Bu yo‘qotish yurt ichida ham, xorijda ham ko‘rinyapti. G‘ayrimuslimlar jamiyatida yashayotgan vatandoshlar, xususan, o‘sha yerlarda tug‘ilib-o‘sayotgan o‘zbek yoshlarining vaziyati yana ham og‘ir. Qadriyatlaridan mosuvo bo‘lgan xalqlarning holini ko‘rib, ularning oqibati haqida taxminlar tasavvurga kelar ekan, o‘zbek xalqining kelajagi odamni qattiq tashvishga soladi. Bu ketishda avlodlarimizning holi ne bo‘ladi, millatning, yurtning kelajagi nima bo‘ladi, degan o‘ylar qalbni kemiradi. Axir insoniy hayot faqat baland imoratu, texnik qulayliklardan iborat emas. Kemaning cho‘kayotganini ko‘ra-bila turib, indamay jim qotishga iymon, vijdon yo‘l qo‘ymaydi. Shu bois, sizga taqdim qilinayotgan ushbu loyihani e’tiboringizga havola qilishga kirishildi.
Loyiha nomi – «O‘zbekning o‘zligi». Unda o‘zbek xalqining o‘zligini ifoda etgan kattayu-kichik qadriyatlari, qarashlari, odobu axloq va madaniyati jamlanadi. Bunda har kim o‘zi bilgan, kattalardan, ustozlardan o‘rgangan xislatlar, odoblar, fazilatlarni taqdim etadi. To‘plangan ma’lumotlar jamlanib, saralanib, tartibga solinadi va kitob shakliga keltiriladi. Ular o‘rni kelganda, boshqa maqbul shakllarga ham o‘tkaziladi. Mutaxassislar ma’lumotlarni asoslashga harakat qiladi. Shu yo‘sinda qo‘llanmalar yaratilib, ommalashtiriladi va yoshlarga ta’lim beriladi. Ehtimol, keyin adiblar shu o‘zlikni aks ettiradigan romanlar yozishlari, kino ustalari filmlar ishlashlari mumkin. Xullas, yo‘qolayotgan qadriyatlarimizni, o‘zligimizni tafsilotlari bilan bir joyga jamlab, avvalo o‘zimiz uchun, qolaversa, kelajak avlod uchun muhim manba yaratish maqsad qilyapmiz.
Loyiha hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Unda shaxsiy hayotdan tortib, kiyinish madaniyati, ovqatlanish, so‘zlashish odoblari, oilaviy muomalalar, qarindoshchilik va quda-andachilikka oid munosabatlar, erkak-ayolning xulqidagi o‘ziga xosliklar, ustoz-shogird odoblari, kasb-hunarga oid axloqlar, xalqaro munosabatlar, hatto davlatchilikka oid tutumlargacha hayotning barcha jihatlaridagi o‘zbekona amallar aks etadi. Shu orqali tariximizga, o‘zligimizga yaqinlashib, u bilan iftixor tuysak, o‘zimizga ishonchimiz ortsa, ajabmas. Bu loyiha xususan kelajak avlodni yot dunyoqarashlar ta’siridan saqlashda, ayniqsa, xorijda istiqomat qilib, o‘zga madaniyatlar bosimida qolgan o‘zbek yoshlarining o‘zligini asrashda katta xizmat qiladi degan umiddamiz.
Bu kabi loyihalarni kimdir ortga qaytish, qotib olish sifatida baholashga urinishi mumkin. Ayniqsa, o‘zga madaniyatlarni ilg‘orlik, zamonaviylik deb tushunib qolganlardan bunday e’tirozlar kuzatiladi. Kimlardir bugungi fan-texnika zamonida bunday mavzular dolzarb emas, degan xayolda bo‘lishi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, umuminsoniy qadriyatlar aslida o‘zgarmaydi, oliyjanob xulqlarning qiymati hech qachon tushmaydi, go‘zal odob barcha zamonlarda qalblarni o‘ziga rom etaveradi, moddiyat hech qachon ma’naviyat o‘rnini to‘ldira olmaydi. Inson moddiy jismdan iborat emas, boshqa jonzotlardan farqli ravishda, unda ruh bor va bu uning asl haqiqatidir. O‘zlik ana o‘sha ruhga bog‘liq hodisadir. Qolaversa, bu loyihada odobu qadriyatlarni zamon bilan hamohang talqin etish maqsad qilingan.
Mavzu tushunarli bo‘lishi uchun loyiha bo‘yicha ayrim misollarni eslab o‘tsam.
Rossiya televideniyasidagi ko‘rsatuvlardan birida: «O‘zbek madaniyatiga ko‘ra, suhbatlashib turgan ikki kishidan birida zarur gapi bor odam uni qanday qilib o‘ziga qaratadi?» degan ma’noda savol beriladi. Kimdir «Familiyasi bilan chaqiradi», desa, kimdir ismi bilan, yana kimdir kasbini aytadi, deya javob beradi. Biroq bu javoblarning birortasi to‘g‘ri emas edi. Shunda boshlovchi to‘g‘ri javobni e’lon qiladi: «O‘zbek madaniyatiga ko‘ra, gaplashib turgan ikki kishidan birini zarur sabab yuzasidan o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan odam ularga yaqinroq borib, yengil tomoq qiradi. Shunda so‘zlashayotganlar unga qaraydi, kerakli odam o‘zi bilib yoki biror ishoradan so‘ng uning oldiga boradi. Buning misoli Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asarida kelgan».
Qarang, qanday yuksak madaniyat! Ko‘pchilik ingliz yoki faranglarning madaniyatini olqishlab yuradi. Aslida bizda ularning hammasidan yuksak madaniyat shakllangan, ammo uni tartibli ravishda, go‘zal uslubda taqdim qilish yetishmayapti. Ushbu urinish shu borada bir ojizona qadam bo‘lsa, ajabmas.
Oddiy choy quyishda ham qancha odob bor. Masalan, choynakni o‘ng qo‘lda, piyolani chap qo‘lda ushlab, jo‘mrakka yaqin keltirib yoki piyolani dasturxonga qo‘ygan holda choynakni o‘ng qo‘lda ushlab, choyni piyolaning qirg‘og‘iga sizdirish, piyolani choyga yarim to‘ldirish yoki undan ham ozroq qo‘yish kerak. Sharillatib choy qo‘yish, piyolaning o‘rtasiga quyish, piyolani to‘ldirib choy quyish odobdan sanalmaydi.
Kiyim-kechakka oid odoblar ham talaygina. Misol uchun, avvalo satri avratga rioya qilish, uyda ham kengroq va sipo libos kiyish, ichki kiyimlarni ko‘zdan pana joyda quritish, ota-onaning kiyimlarini ruxsatsiz kiymaslik, kattalarning liboslarini yosh bolalarning kiyimiga qo‘shib yuvmaslik va hokazo…
Mehmonga borishdagi odoblar, mezbonlik iltifotlari, ustozga va ota-onaga ikrom ko‘rinishlari, ayollarga e’zoz, bolalarni sizlash, ularga xuddi katta odamlarga qilgandek ehtirom bilan so‘zlash kabilar ham bizning qadriyatlarimizdan sanaladi. Tilga oid nafosat, badiiyat, hatto mutoyibadagi odoblar ham bizda yuksak bo‘lgan. Bularning barchasi bebaho boylikdir. Yo‘qotilsa, ularni pulga ham topib bo‘lmaydi. Biz bugun ajdodlardan meros bo‘lgan ana shu duru gavharlarni bir joyga to‘plashni maqsad qilyapmiz.
Ma’lumotlarni jamlashda har kim ishtirok etishi mumkin. Bu borada ziyolilarimizdan ko‘proq iltimos qilamiz, ular ham ko‘maklashsalar, ayni muddao bo‘lar edi.
Loyihaning taxminiy tartibi:
-
Shu mavzuda yozilgan postlar ostida, shuningdek, quyida berilgan manzillarga va raqamlarga o‘zbek madaniyatiga oid bo‘lgan, o‘zingiz bilgan ma’lumotlarni yozasiz. Birdan yodga tushmasa, biror munosabat bilan esga kelgan zahoti yozib qoldirsangiz ham bo‘ladi. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda odamlar go‘zal odoblarni bexosdan ham yozib qoladilar. Ularni ham ko‘rgan zahoti bu loyihaga taqdim etilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
-
Ma’lumotlarni ko‘rsatilgan manzillarga ovozli xabar shaklida yuborish ham mumkin. Bunda imkon qadar erkin, batafsil so‘zlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
-
Aytilayotgan xulqu odobni kimdan o‘rganganingiz, kimda ko‘rgan bo‘lsangiz, qaysi manbada o‘qigan bo‘lsangiz, buni ham ma’lumotga ilova qilish tavsiya etiladi.
-
Kitoblarda, romanlarda uchragan qadriyatlar, odatlar ham chetda qolmasligi kerak. Ularni ham ko‘rsatilgan manzillarga yuborish, iqtiboslarni imkon qadar to‘liq keltirish mumkin.
-
Katta avlod vakillarida ko‘rilgan, ulardan o‘rganilgan odobu tutumlar ichida sizga yoqmaganlari bo‘lsa ham, ulashaverishingizni so‘raymiz. Bu boradagi muammo saralash bosqichida hal qilinadi.
-
Yuborilayotgan biror qadriyat yoki odobga kitoblardan, oyat-hadis yoki boshqa hikmatlardan asos topilsa, uni ham ma’lumotga qo‘shimcha qilinsa, yanada manfaatli bo‘ladi.
-
O‘zbekning milliy-diniy qadriyatlarini yaxshi bilgan odamlarni tanigan kishilardan ular bilan loyiha faollarini bog‘lab qo‘yishni iltimos qilamiz. Jamoa vakillari ana shunday insonlar bilan ko‘rishib, suhbatlarini yozib olishlari mumkin.
Loyiha bo‘yicha jamoa tuzilgan. Ular berilgan ma’lumotlarni jamlab, saralab, mavzularga ajratish ustida ish olib boradi. Barchasi albatta nazorat ostida bo‘ladi. Taklif va mulohazalar bo‘lsa, ularni ham bajonidil qabul qilamiz.
Loyihadan hech qanday tijoriy manfaat ko‘zlanmagan.
O‘zbek millatining barcha muxlislaridan loyiha mavzusiga oid bilgan ma’lumotlarni biz bilan baham ko‘rishlarini, loyiha haqidagi e’lonlarni boshqa guruh va tarmoqlarda ulashib, ma’lumotlarni jamlashda yordam berishlarini so‘raymiz. Yaxshilikda ko‘maklashish ilohiy amr. Qolaversa, bu ajdodlar va avlodlar oldidagi burchimizdir.
O‘zlikni yoritishdagi murakkablik, no‘noqlik odamlarning undan uzoqlashishiga, bebahra qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, loyihani imkon qadar qulay, ma’lumotlarni yutumli qilish nazarda tutilmoqda.
Raqamli olamda kanallarning nomi asosan lotin alifbosida bo‘lgani uchun «O‘zbekning o‘zligi» degan nomni imloviy xato yozmaslik uchun «Asliyat» deb atab turamiz.
Loyihani yuritish asnosida fikr almashish, maqolalar orqali suhbatlashib turish, zarur bo‘lsa, takliflarni o‘rtada muhokama qilish, mavzuga oid misollar keltirish, jonli suhbatlar uyushtirish kabi ishlar orqali loyiha marraga yetgunicha siz azizlar bilan muntazam bog‘lanib turamiz, inshaalloh. Xususan, o‘zlik mavzusi, uning dinimiz bilan uyg‘unligi borasida ham fikr-mulohazalarni o‘rtoqlashib borish niyat qilingan. Gapimiz cho‘zilmasligi uchun hozircha shu yerda so‘zimizni muxtasar qilamiz. Bu bitiklarni loyihaning e’loni deb qabul qilgaysiz.
Alloh taolo barchalarimizga himmat va hidoyat ato aylasin!
Ma’lumotlarni yuborish va loyiha bo‘yicha muloqot yuzasidan bog‘lanish uchun manzil va raqamlar:
@asliyat_loyihasi
@asliyat_bot
+998935731930