Hasanayn.uz

Maqolalar

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIRMaqolaAG‘YOR ‒ IXLOSNING KUSHANDASIDIRMaqolaHAQIQAT HAQDAN DARAKMaqolaINKORGA SHOSHILMANG!MaqolaMUNOSABATMaqolaYOLG‘ONCHILIK ILLATIMaqolaDINI YO‘QNING VAFOSI YO‘QMaqolaINSON MA’NAVIYATGA HAMISHA MUHTOJ QOLAJAKMaqolaBAYROQ – BIRLIK VA VATAN RAMZIDIRMaqolaUZR, EY ABU JAHL!MaqolaVAFO IYMONDANDIRMaqolaTUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLARMaqolaNAFS VA SHAYTONMaqolaSIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?MaqolaMEZON BUZILMASINMaqolaTARIX O‘ZINI TAKRORLAYDIMaqolaQISSADAN HISSAMaqolaZULM – ZULMATDIRMaqolaO‘ZINGNIKI BO‘LISHIGA NIMA YETSIN?!MaqolaHOZIR DUO SOATIDIRMaqolaMA’UNAT SO‘NGI NUQTADA BO‘LADIMaqolaDUOLAR NEGA IJOBAT BO‘LMAYAPTI?MaqolaBIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?MaqolaTILGA E’TIBOR ‒ ELGA MADORMaqolaDUNYONING BUGUNGI YUZIMaqolaVATAN HAQIDAMaqolaMO‘MINNING BIRINCHI QUROLI HAM, OXIRGI QUROLI HAM DUODIRMaqolaILM VA DINNING MILLATI BO‘LMAYDIMaqolaSABABLAR KESILGANDA...MaqolaO‘ZLIKNI ASRASHDA MUMTOZ ADABIYATIMIZ MUHIM O‘RIN TUTADIMaqolaIBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!MaqolaISLOH HAM, AKSI HAM O‘ZIMIZDAN BOSHLANADIMaqolaOMONAT YOXUD ESLATMA!MaqolaTA’LIM HAQIDA MULOHAZALARMaqolaTARIX OMONATDIR (3-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (4-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (5-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (2-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (1-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (1-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (6-QISM)
Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

IKKI KO‘NGIL

Xalqimizning ardoqli farzandi Sherali Jo‘rayevning o‘ziga xos fazilatlaridan biri – ijod va ijrosida ko‘ngil amri ustuvor edi. U kishi bilan dildan suhbatlashgan odam biladiki, u kishining ijodidagi eng katta asos manba ma’naviy olam bilan, ko‘ngil tuyg‘ulari bilan bog‘liq jihatlar bo‘lgan. Ayniqsa, hazrat Mir Alisher Navoiy she’riyatiga nisbatan ixlosi va bu beqiyos ma’naviy boylikdan mohirona foydalana olishi ustoz xonandaning ko‘pchilikda topilmaydigan xislati hisoblanib, bu ham ko‘ngil ishi edi.


IKKI KO‘NGIL

(Jiddiy mavzulardan biroz chalg‘ib turish ham kerak)

Xalqimizning ardoqli farzandi Sherali Jo‘rayevning o‘ziga xos fazilatlaridan biri – ijod va ijrosida ko‘ngil amri ustuvor edi. U kishi bilan dildan suhbatlashgan odam biladiki, u kishining ijodidagi eng katta asos manba ma’naviy olam bilan, ko‘ngil tuyg‘ulari bilan bog‘liq jihatlar bo‘lgan. Ayniqsa, hazrat Mir Alisher Navoiy she’riyatiga nisbatan ixlosi va bu beqiyos ma’naviy boylikdan mohirona foydalana olishi ustoz xonandaning ko‘pchilikda topilmaydigan xislati hisoblanib, bu ham ko‘ngil ishi edi.

Ahli ilm ustozlardan birining xonadoniga Sherali hoji akani mehmonga taklif qildik. Ixchamgina majlis bo‘ldi. Ahli zavq va ayrim ilm kishilari bor edi. Sherali Jo‘rayev odatda bunday davralarda ma’naviy olamini yana ham erkin namoyish etar, ko‘ngil tubidagi so‘zlarini kashf etar, kuylaganda ham o‘zgacha shavq bilan ijro qilar, ba’zan ayrim ashulalarining ijod tarixini ham hikoya qilib berar edi. Bu gal ham majlis ahliga munosib bilib, Hazrat Navoiyning «Ko‘ngil» radifli g‘azalini kuylar ekan, bu asarning qanday vujudga kelganini aytib berdi:

«Bir kuni ko‘nglimda hazrat Navoiyning biror g‘azalidan yangi ashula qilish ishtiyoqi paydo bo‘ldi¬yu, devonni qo‘lga olib, «Bismilloh» deb ochsam, shu «Ko‘ngul» g‘azali chiqib qoldi. Qo‘lga torni olib, biroz harakat qilgandim, kuyi ham kela qoldi...»

Shu zaylda hikoyani tugatib, ashulani ijro qilib berdilar. Qarasam, ashulada ikkita g‘azal birlashtirilgan ekan. E’tibor berilsa, avvalgi qismda radifdan oldingi qofiya boshqa, usuldagisida boshqa. Buni payqagach, Navoiyning devonini ochib, ikkala g‘azalni ham topdim. Ular bilan tanishgan kishi marhum hofizimizning fahmu donishiga tasanno aytadi. Buning bir qator sabablari bor.

Hazrat Navoiyning devonida «ko‘ngul» radifli g‘azallar talaygina. Ularning ichida mazkur ikki g‘azalni tanlash, ularning uyg‘unligini anglash har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Bu ikki g‘azaldan birini ashulaning muqaddima qismiga kiritib, keyingisini usulga solish alohida zavq va iste’dod talab qilgan bo‘lsa, ulardagi baytlarni tanlab olishda yana bir mahorat ko‘rsatilgan. Buning uchun o‘sha baytlar mazmunini tushunishdan tashqari ularni ko‘ngil bilan uqib, ta’mini totib ko‘rish kerak. Eng asosiysi yutuq bu baytlarni nihoyatda maromiga yetkazib dil nolalari bilan ijro qilishda namoyon bo‘lgan. Bularning birortasi shunchaki urinish yoki tajriba bilan bitmaydi, balki buning uchun ko‘ngil uyg‘oq, hassos bo‘lishi lozim. Boshqacha qilib aytganda, ijrochi o‘z qalbini shoir qalbi tuyg‘ulariga uyg‘unlashtira olishi kerak. Ko‘ngillar o‘rtasida robita bo‘lmasa, buni uddalashning imkoni yo‘q. Xullas, ana shunday ikki ko‘ngil birlashishidan ushbu ikki «Ko‘ngil» bir o‘zanga tushgan.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashni istardim. Ayrim kishilarimiz ahli ilm odamning kuy borasida ijobiy fikr bildirishini qabul qilishi qiyin. Bu ularning ixtiyorlari. Shariatda esa bu masala xilofli bo‘lib, ma’lum sifatga ega kuylar qaydlar asosida joiz degan ulamolar ham bor. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bir necha o‘rinda kuy tinglaganlari sahih hadislarda kelgan. Buning shart-¬sharoitlari kitoblarda bayon qilingan. O‘rni bo‘lmagani uchun bu bahsga hozir kirisha olmaymiz. Qiziqqan kishilar Imom G‘azzoliy, Abdulg‘aniy Noblusiy, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va ular bilan hamifikr olimlarning mavzuga oid asarlariga murojaat qilishlari mumkin.

She’r, kuy kabi inson tuyg‘usi mahsuli bo‘lgan hodisalarni anglashga nisbatan har kimning tabiati har xil. Shuning uchun bu boradagi so‘zlarni hamma ham bir xil qabul qilmasligi tabiiy. Muhimi – har kim faqat o‘zidan kelib chiqib so‘zmasligi, bu kabi ixtilofli masalada dalillarga suyanib turgan tarafni butkul inkor qilish to‘g‘ri emasligini inobatga olishi lozim. Bu yerda ham o‘sha joiz turiga kirgan kuy va muhit bo‘lgani uchun u haqda so‘z yuritilmoqda.

So‘zimiz yanada tushunarli bo‘lishi uchun quyida mazkur o‘tirishda olingan video ham havola qilinmoqda. U 2014 yil tasvirga olingan. G‘azallarning sharhini o‘qigan kishi bu majlis ruhiyatini yanada yaxshiroq anglab yetadi, deb umid qilaman. Shu bahona hazrat Navoiyning ijodini aslida qanday tushunish, u kishining g‘azallarini qanday tinglash kerakligini bilib olsak va kuyning joizi bor, degan olimlar bu gap bilan nimani nazarda tutgani borasida tasavvurga ega bo‘lib olsak, ajab emas.

G‘azallarning aynan Sherali Jo‘rayev ijro qilgan qismiga to‘xtaldim, shuning o‘zi ham maqsadni anglashga yetarli. Bu baytlarni juda chuqur izohlash ham mumkin. Biroq o‘quvchilarimizning toqati va maqom taqozosiga ko‘ra qisqacha sharh bilan cheklanildi.

Hazrat Navoiy umrining so‘ngi yillarida o‘z she’rlarini to‘rt devonda jamlab, bu to‘plamni «Xazoinul­ma’oniy» deb nomlagan. Devonlarni «Badoi’ul­bidoya», «G‘aroibus­sig‘ar», «Navodirush­shabob» va «Favoidul­kibar» deb atagan. Quyidagi g‘azallarning birinchisi «Badoi’ul­bidoya», ikkinchisi «Navodirush­shabob» devonida kelgan.

Birinchi g‘azal

Hajr o‘tig‘a, istasang, yoqilmag‘aysen, ey ko‘ngul,
Yordin zinhorkim ayrilmag‘aysen, ey ko‘ngul.
Vah, ne tole’durki topmay umre istab yorni,
Chun seni yor istagay, topilmag‘aysen, ey ko‘ngul.

Desalar «Laylomu ortuq husn aro yo ul pari?»
Garchi Majnunsen, kerak yongilmag‘aysen, ey ko‘ngul.
Davlati boqiy Navoiydek erur topmoq mahol,
To tamom o‘zlukni foniy qilmag‘aysen, ey ko‘ngul...

Ikkinchi g‘azal

Ne ajab mayl aylasam yo‘qluqqa har dam, ey ko‘ngul
Ko‘rmadim hargiz seni bir dam chu xurram, ey ko‘ngul.
Olam ahlig‘a vafo ko‘p qildimu, ko‘rdum jafo,
Ulfating bu xayldin sen bori qil kam, ey ko‘ngul.

Qaydakim husn ahlidin olamg‘a tushti ofate,
Ishqidin qilding meni rasvoi olam, ey ko‘ngul.
Har parikim ochti bir devonaning qasdig‘a zulf,
Aylading zanjirini bo‘ynumg‘a mahkam, ey ko‘ngul.

O‘tkan o‘tti bori, emdi ayla bu pandim qabul
Kim, yana qilma havoi jinsi odam, ey ko‘ngul.
Chun yana sevsang birovni, chun qorib, tark etti ishq,
Bas, Navoiy uzrini tutqil musallam, ey ko‘ngul.

G‘azallarning qisqacha sharhi

Hajr o‘tig‘a istasang yoqilmag‘aysen, ey ko‘ngul,
Yordin zinhorkim ayrilmag‘aysen, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Ey ko‘ngil, agar istasang, hajr o‘tida kuymasliging, Ërdan ham zinhor ayrilmasliging mumkin.

Sharh:

Mumtoz adabiyotimizda Ër deganda ko‘proq Alloh taologa yoki qalbning Alloh taolo zikriga vobasta bo‘lib, qorishib, shundan mastu alast holga tushib lazzat topishiga aytiladi. Bunda oshiq zikr va tafakkur orqali Alloh taoloning jamolini qalb ko‘zi bilan ko‘radi. Bu holat mushohada holati deyiladi. Yor bilan birga bo‘lish qalbning Alloh taolo bilan muloqotda unsu ulfat topishidir. Bundagi lazzatni oshiq qalbi hamisha qo‘msaydi. Bu hol tajribada ko‘rilmaguncha anglab bo‘lmas hodisadir. Hijron esa ushbu botiniy halovatdan ayrilishdir.

«Ey ko‘ngil, agar xohlasang, Ër bilan hamisha birga bo‘lib, hijronda kuymay, Ërning visolidan doim bahramand bo‘lishing mumkin», ya’ni Alloh taoloning mushohadasini bardavom his qilib turishning imkoni bor, faqat buni o‘zing istashing kerak, zarur choralarni ko‘rishing kerak.

Ko‘ngilga xitob qilish yuksak badiiy uslublardan biri bo‘lib, unda inson o‘z ichki olami bilan sirlashadi. G‘azalning mana shu jihati uning jozibasini oshirgan.

Vah, ne tole’durki topmay umre istab yorni,
Chun seni yor istagay, topilmag‘aysen, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Eyvoh, qanday baxtki, umr bo‘yi istab topmagan Ëring bugun seni izlamoqda, ammo endi sen topilmayapsan, ey ko‘ngil.

Sharh:

Ey oshiq ko‘ngil, sen Ërning yodi bilan huzur topishni, mushohada holatiga yetishishni orzu qilar eding. Qanday baxtki, U Zot «Bandam Meni istasa, albatta topadi, agar u Men tomon bir qarich yursa, Men unga bir quloch yuraman, Men tomon odimlasa, Men u tomon yuguraman», deya seni istamoqda. Ammo sen, ey ko‘ngil, o‘zing yo‘qsan, Unga bog‘lana olmayapsan, U tomon yura olmayapsan, Uning yodiga mashg‘ul bo‘la olmayapsan.

Desalar «Laylomu ortuq husn aro yo ul pari?»
Garchi Majnunsen, kerak yongilmag‘aysen, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

«Husnda Laylo ustunmi yoki o‘sha parimi?» deyishsa, ey ko‘ngil, agar sen shu pariga majnun bo‘lsang, yanglishmaysan.

Sharh:

Yongilmoq – yanglishmoq, xato qilmoq degani. Laylo va Majnun muhabbat ramziga aylangan oshiq¬­ma’shuqlar ekani ko‘pchilikka ma’lum.

Dunyoning go‘zallari, noz-ne’matlari yaxshimi yoki Alloh taolo bilan unsu ulfat topish lazzatliroqmi, deb so‘rashsa, ey ko‘ngil, shuni bilki, agar sen Robbingga bog‘lanib, chinakam majnun bo‘lib qolsang, hatto shu yo‘la aqldan ozib qolsang ham, xato qilmagan bo‘lasan.

Davlati boqiy Navoiydek erur topmoq mahol,
To tamom o‘zlukni foniy qilmag‘aysen, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Ey ko‘ngil! O‘zligingni butkul yo‘q qilmaguningcha Navoiy kabi boqiy davlat topishing amri mahol.

Sharh:

Ushbu bayt g‘azalning mazmunini yanada ochiqlab beradi va unda gap ilohiy ishq haqida borayotganini, so‘zlar majoziy ma’noda qo‘llanganini yana bir bor ta’kidlaydi.

«Boqiylik davlati» – baqo maqomi. «O‘zlikni foniy qilish» – fano maqomiga erishmoq. Bu so‘zlar tasavvuf istilohlari bo‘lib, sharhi juda ham keng, biz esa qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Qalbda Alloh taolodan boshqa biror shaxsning, biror narsaning o‘y-fikri qolmay yo‘q bo‘lishi – fano maqomidir. Ushbu malakani hosil qilgan kishida hamisha faqat Alloh taoloning yodi bilan band bo‘lish, faqat Uni deyish, Unga oshufta bo‘lish holati yuz beradi. Bunisi baqo maqomidir. Bu maqomda kishi so‘zu amalida Alloh taolodan boshqani mulohaza qilmay qo‘yadi, Allohdan boshqani ko‘rmay qo‘yadi. Yeb­¬ichishi ham, yotib turishi ham, insonlar bilan munosabati ham faqat Alloh taoloning roziligiga, Uning xursandligiga qaratilgan bo‘ladi, hayoti faqat Uning yodi bilan kechadi. Qalbida Allohdan boshqaning zikri ham, fikri ham qolmaydi. U yon­¬atrofidagi har bir hodisada faqat Alloh taoloning quvvatu qudratini, tasarrufini, jalolu jamolini his etadi. Uning nazdida Allohdan boshqa hamma narsa, hatto o‘zi ham yo‘qqa chiqadi.

Boshqacha qilib aytganda, fano – barcha holatda Allohning ko‘rib turganini his qilish, baqo esa Alloh taoloni ko‘rib turgandek tuyg‘uda bo‘lishdir. Bular hadisda kelgan ehson maqomidir. Odatda baqo maqomi fanodan keyin, uning natijasi o‘laroq yuzaga keladi. Baytda shunga ishora qilinmoqda.

Hazrat Navoiy baqo maqomini haqiqiy davlat deb uqtirar ekan, bu boylikka erishish uchun kishi hamma narsani, xususan, o‘zini unutib, «MEN»ini butkul yo‘q qilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu yerda hazrat Navoiy o‘zi baqo maqomiga erishganini shoirona erkalik bilan bexos izhor ham qilgan.

Ne ajab mayl aylasam yo‘qluqqa har dam, ey ko‘ngul
Ko‘rmadim hargiz seni bir dam chu xurram, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Yo‘qlik sari mayl qilsam, ajablanma, ey ko‘ngil! Seni bir nafas ham xursand ko‘rmadim, ey ko‘ngil!

Sharh:

Ey ko‘ngil! Agar men yo‘qlik, ya’ni fano maqomini kasb etishga oshiqsam, ajablanma, chunki men sening bu dunyoda hech xursand bo‘lganingni ko‘rmadim, ey ko‘ngil! Darhaqiqat, chin iymon, Allohning zikri baxsh etgan hotirjamlikni boshqa biror vosita bilan topib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Allohga oshiq bo‘lgan ko‘ngil dunyodan butkul o‘zini uzib, fanoga erishmagunicha shodlik bilmaydi.

Hofiz shu joyda ikkita baytni qorishtirib, matla’ning birinchi misrasini ikkinchi baytning ikkinchi misrasiga qo‘shib kuylagan. Ko‘rib turganingizdek, bunda ham o‘ziga xos ajoyib ma’no chiqqan. Biroq g‘azalning to‘liq baytlari aslida boshqacha bo‘lib, uni ham bilib qo‘yish darkor:

Ne ajab mayl aylasam yo‘qluqqa har dam, ey ko‘ngul,
Kim, yo‘q o‘lsam yo‘qturur yo‘qlar kishim ham, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Ey ko‘ngil, agar yo‘qlikka mayl qilsam, ajablanma, zero yo‘q bo‘lsam yo‘qlaydigan kishim ham yo‘q.

Fikr etib bilmon ne nav’ erkin ko‘ngul xurramlig‘i,
Ko‘rmadim hargiz seni bir dam chu xurram, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Fikr qilib ko‘rsam, ko‘ngilning erkinligi nimaligini bilmas ham ekanman, chunki sening bir nafas ham shod­¬xurram bo‘lganingni ko‘rmadim, ey ko‘ngil. Sening xurramligingni tajribada ko‘rmay turib, ko‘ngilning shodligi qanday bo‘lishini bilib bo‘larmidi, ey ko‘ngil? Axir bu ishlar qalbda his etiladigan tuyg‘ular¬ku...

Olam ahlig‘a vafo ko‘p qildimu, ko‘rdum jafo,
Ulfating bu xayldin sen bori qil kam, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Olam ahliga vafo qildim, lekin ko‘p jafo ko‘rdim. Ey ko‘ngil, endi sen bu jamoaga do‘st bo‘lishni imkon qadar kamaytir.

Sharh:

Yaxshilik qilar ekansan, odamlardan rahmatu iltifot kutma, ularga ko‘ngil bog‘lama. Balki barcha ishda yolg‘iz Robbing roziligini ista, Unga ulfat bo‘l. Men odamlarga ko‘ngil berib qilgan amallarimdan hech bir yaxshilik topmadim, shunday ekan, insonlarga ko‘p bog‘lanma, imkon qadar ular bilan aloqangni uz, yolg‘iz O‘zini degin, ey ko‘ngil!

Qaydakim husn ahlidin olamg‘a tushti ofate,
Ishqidin qilding meni rasvoi olam, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Qayerda go‘zallardan olamga biror ofat tushsa, o‘shaning ishqida meni rasvoi olam qilding-ku, ey ko‘ngil!

Sharh:

Ilohiy ishq sohiblari yoki ilohiy mushohada go‘zalligi qanday bir jilva namoyish qilib, oshiqlarni iztirobga solsa, sen ham o‘sha go‘zalliklarga oshiq bo‘lib, meni rasvoi jahon etding, hammaga kulki qilding, majnun qilding, ey ko‘ngil!

Hadisi sharifda: «Kishi odamlar tarafidan majnun deb tavsif etilmagunicha chinakam mo‘min bo‘la olmaydi», deyilgan. Haqiqatan ham, dunyo ahli yolg‘iz Alloh taoloning ishqi bilan, Uni deb yashash, Uning uchun amal qilish rohatini bilmaydi, tushunmaydi, buni jinnilik deb ta’riflashlari ham mumkin. Ular hech bir moddiy manfaat ko‘zlamay, xolis qilingan amallardan ham shubhaga tushib, bekorgamasdir, deya yozg‘irishadi.

Bu yerda sevgi ko‘ngilning ishi bo‘lgani uchun ham muhabbat ishi unga nisbat berilmoqda. Bu esa ifodadagi badiiy bo‘yoqni yanada orttiradi.

Har parikim ochti bir devonaning qasdig‘a zulf,
Aylading zanjirini bo‘ynumg‘a mahkam, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Har qaysi pari bir devonani ishq ila o‘ldirish uchun zulfini ochsa, o‘sha jingalak zulfning zanjirini bo‘ynimga mahkam bog‘lading, ey ko‘ngil!

Sharh:

«Zulf» – ayollarning ikki chakkasida, quloqlari atrofiga jingalak holda osilib tushgan jamalak sochlari. Zulf ayolning yoshligi, go‘zalligi va jozibadorligini anglatadi. Tasavvuf she’riyatida zulf bir qancha ma’nolarni anglatadi. Bu yerda bu so‘z dunyo ashyolari, insonlar, umuman olganda, Alloh taoloning mushohadasidan to‘sadigan barcha moddiy olam go‘zalligini va jozibasini anglatib kelmoqda.

Ey ko‘ngil! Sen odamlardagi, narsalardagi go‘zallikka, lazzatlarga meni bog‘lab, Robbimning zikrida chin halovat topib, mushohada hosil qilishdan, U bilan qalban bog‘lanishdan meni to‘sding! Moddiy olamga muhabbat ma’naviy olamdan zavq olishdan man qiladi.

O‘tkan o‘tti, bor emdi ayla bu pandim qabul
Kim, yana qilma havoi jinsi odam, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Bo‘lar ish bo‘ldi, endi buyog‘iga mening ushbu nasihatimni qulog‘ingda tut: «Bundan keyin odamzotni sevib yurma, ey ko‘ngil!»

Sharh:

Ey ko‘ngil! Shu paytgacha meni dunyoga mashg‘ul qilib, ko‘p ovvora qilding, charchatding. Nima bo‘lsa bo‘ldi, o‘tgan ishga salavot, endi buyog‘iga odam zotiga bog‘lanma, uning oshig‘i bo‘lma, uning roziligi, xursandchiligi uchun yashama! Barcha holatda faqat Robbingga yuzlangin, U uchun yasha, zero chinakam sevishga, amal qilishga faqat U Zotgina arziydi!

Chun yana sevsang birovni, chun qorib, tark etti ishq,
Bas, Navoiy uzrini tutqil musallam, ey ko‘ngul.

Nasriy bayon:

Ey ko‘ngil! Bundan keyin agar yana birovni sevadigan bo‘lsang, Navoiyni ma’zur tut, chunki u qarib ishqni tark etdi!

Sharh:

Ey ko‘ngil! Bundan keyin dunyoga, uning narsalariga hargiz berilma! Bor gapim shu. Bordiyu so‘zimga parvo qilmay, yana boshqa birovni yaxshi ko‘radigan bo‘lsang, dunyoga mehr bermoqchi bo‘lsang, endi Navoiyni bezovta qilma, uning uzrini qabul qil, chunki u moddiy narsalarga nisbatan qaridi, ya’ni ularga orzu muhabbat qilishdan qoldi.

Ushbu qisqa satrlardan hazrat Navoiyning dunyoqarashi, ma’naviy maqomi qanchalar yuksak bo‘lganini, u kishi tarannum etgan ishq­¬muhabbat qanday bo‘lganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, avvalgi ulug‘larimiz orasida muhabbat mavzusidagi she’r va kuylarni eshitishni joiz deganlar bunda nimani nazarda tutganlarini ham ushbu sharhlardan fahmlash darkor. Baytlarni mana shunday asl ma’nosida tushunish umuman boshqa bir olam. Shu bois ba’zilar «Tasavvuf istilohini bilmaydigan, uni zohiriy, moddiy ma’noda tushunadigan kishilar majoziy muhabbatni tarannum etgan ashulalarni tinglashi joiz emas», deyishgan. Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, ammo maqom taqozosiga ko‘ra ushbu muxtasar sharh bilan so‘zga yakun yasash maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo har ikki ko‘ngil sohibini – hazrat Mir Alisher Navoiy va hofiz Sherali Jo‘rayevni O‘z rahmatiga olib, gunohlarini mag‘firat, darajotlarini baland aylasin!