
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
AMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIR
Dinimizda yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish farz amallardan sanaladi. Yomon ishni ko‘rganda qudrati yetgan kishi uni qo‘li bilan to‘xtatishi, bunga kuchi yetmasa, uni tili bilan qaytarishi kerak. Bu har bir musulmonga farz amal bo‘lishi bilan birga, jamiyat uchun jinoyatning oldini olishda nihoyatda samarali chora, o‘zo‘zini asrash tizimidir.
AMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIR
Dinimizda yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish farz amallardan sanaladi. Yomon ishni ko‘rganda qudrati yetgan kishi uni qo‘li bilan to‘xtatishi, bunga kuchi yetmasa, uni tili bilan qaytarishi kerak. Bu har bir musulmonga farz amal bo‘lishi bilan birga, jamiyat uchun jinoyatning oldini olishda nihoyatda samarali chora, o‘zo‘zini asrash tizimidir.
Qadimdan xalqimiz musulmon o‘laroq ushbu hukmga amal qilib kelgan. Hatto kishiga yetti mahalla otalik qiladi, deb bilishgan. Shuning uchun biror nojo‘ya harakatni ko‘rganda odamlar mirshabni kutib o‘tirmagan, har kim imkoni boricha xatarni bartaraf etishga, kishilarning molu jonini asrashga uringan. Bugun esa bu qadryat unutilib, aksincha, bu ishga nisbatan ba’zan javobgarlik, ortiqcha bosh og‘riqlar, o‘rinsiz surishtiruvlar paydo bo‘lgach, odamlar yaxshilikka buyurishni tark etibgina qolmay, yomonlikdan qaytarishga ham harakat qilmaydigan bo‘lib qoldi.
Kuni kecha metan shahobchasida chiqqan janjalda bir kishini bir necha odam tepkilashi bir musibat bo‘lsa, o‘sha holatni ko‘rib turib pinagini buzmay gaplashib turganlarni ko‘rish meni yanada o‘ylantirdi. Oxirgi paytlarda bu kabi hodisalarni aks ettirgan videolar ko‘payib bormoqda. Videoga olinmagani qancha.
Men bu yerda navbat kutish tartibini buzish axloqsizligi va boshqa illatlar haqida gapirmoqchi emasman, faqatgina sodir etilayotgan jinoyatga tomoshobin bo‘lib turish mavzusiga to‘xtalmoqchiman.
Xo‘sh, nega xalqimiz bunchalar loqayd holga tushib qoldi?
Nima bo‘lganda ham, har kim o‘zicha jazolashi (somasud), bir kishini bir guruh bo‘lib tepkilash hech qachon oqlab bo‘lmaydigan ish. Nega buni boshqalar jimgina kuzatib turishibdi?
Nega bir odamni o‘lgudek qilib tepkilanayotganini, hatto o‘ldirilayotganini ko‘rgan odamlarda bu zulmga qarshi oddiy qarshilik ham uyg‘onmaydigan bo‘lib qoldi?
Yoki politsiya kelib shug‘illanmagunicha jinoyatni to‘xtatish mumkin emasmi?
Bu ahvolda, Alloh asrasin, ertaga biror dushman yurtga hujum qilsa, biz birlasha olamizmikin? Yoki o‘shanda ham hamma ishni davlat idoralariga topshirib, o‘zimiz bir chetga chiqib turamizmi?
Mazkur hodisa jamiyatdagi bir qator illatlardan darak, boshqacha qilib aytganda, jamiyat tanasidagi dardlardan signaldir. Buning sabablarini o‘rganish, davosi uchun kerakli choralarni ko‘rish darkor.
Dardga qarshi faqat dori bilan kurashishga o‘rgangan jism nosog‘lom hisoblanadi. Aslida ichki immunitet o‘zi birinchi bo‘lib kurasha olishi kerak. Jamiyatdagi illatlarga nisbatan tegishli idoralardan tashqari jamoatchilik qarshligi ham bo‘lishi lozim. Bo‘lmasa xalq o‘zini asray olmaydi.
Jamoatchilik nazoratini tiklash, kishilarni zulmga, nohaqlikka qarshi turishi uchun erkin muhit yaratish jamiyat sog‘lomligi va kelajagi uchun juda ham muhim. Aks holda, jamiyat yuzaki qaraganda sokin, ammo oqibatda halokatga mahkum bo‘ladi.