
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
QOIDALAR BUZILMASIN!
Ijtimoiy tarmoqni doim ham kuzata olmayman. Gohida ish, gohi shaxsiy hayot, goh safar band qiladi. Shu bois, ba’zan shaxsiy murojaatlardan so‘nggina tarmoqdagi mojorolardan boxabar bo‘lib qolaman. Xabardorlikdan keyin ham fikr bildirish oson bo‘lmaydi, turli sharoitlar, mulohazalar tavaqqufni taqozo qiladi. Biroq mas’uliyat yuzasidan omonatni yetkazish ham kerak. Ana shu e’tibordan quyidagi satrlarni qoralashga to‘g‘ri keldi.
QOIDALAR BUZILMASIN!
Ijtimoiy tarmoqni doim ham kuzata olmayman. Gohida ish, gohi shaxsiy hayot, goh safar band qiladi. Shu bois, ba’zan shaxsiy murojaatlardan so‘nggina tarmoqdagi mojorolardan boxabar bo‘lib qolaman. Xabardorlikdan keyin ham fikr bildirish oson bo‘lmaydi, turli sharoitlar, mulohazalar tavaqqufni taqozo qiladi. Biroq mas’uliyat yuzasidan omonatni yetkazish ham kerak. Ana shu e’tibordan quyidagi satrlarni qoralashga to‘g‘ri keldi.
Umumiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, dinu diyonatli yoki ancha-muncha ilmga ega bo‘lsa-da, bahs-munozaralar va munosabatlarda musulmon kishi bilishi lozim bo‘lgan muhim qoidalarni ko‘pchilik bilmaydi yoki inobatga olmay qoladi. Bunga nafslardagi kamchiliklardan tashqari, qoidalarni ilmga aylantirilmagani ham asosiy sabablardan biridir. Shu bois, avvalo o‘zimga yo‘riq, qolaversa, boshqalarga eslatma bo‘lishi uchun mavzuga oid esimga kelgan ayrim qoidalarni yozishni lozim topdim.
-
Mo‘min-musulmon kishi haqida yaxshi gumonda bo‘lish lozim. Ko‘pincha mojorolarga yomon gumon sabab bo‘ladi. Ko‘p gumonlar gunohdir. Asl qoida musulmonning so‘zu amali borasida yaxshi gumon qilishdir. Hatto hikmatlardan birida: “Do‘sting agar: «Men oliy robbingizman», desa, «Nozi’ot surasidagi Fir’avnning so‘zi aks etgan oyatni o‘qiyapti shekili», deb tushungin”, deydilar. To‘g‘ri, «Puxtalik yomon gumonda», degan mazmunda ham hadis bor. Zotan, yomon gumon ham o‘z o‘rnida kerak. Biroq bu asl emas, istisnodir. Ëmon gumon dushmanga nisbatan va shaxsiy bo‘lmagan ishlarda qo‘llanishi mumkin. Boshqa o‘rinlarda yaxshi gumon ustuvor bo‘lishi darkor. Mo‘min kishi haqida yomon gumon qalb bilan g‘iybat qilish bo‘lib, gunoh sanaladi.
-
Gumonning o‘zi bilan, hatto u g‘olib bo‘lgan taqdirda ham, birov xususida qaror chiqarish durust emas. Zero, gumon dalil hisoblanmaydi. Ayniqsa, mo‘minning sha’niga oid masalada gumon bilan so‘zlash nojoiz. Gumon iymondan ayiradi, deb bejiz aytilmagan.
-
Mo‘min kishidan sodir bo‘lgan so‘zlarni imkon qadar to‘g‘ri tushunishga va talqin qilishga urinish lozim. Xususan umumiy faoliyati xayrli bo‘lgan kishining xato ko‘ringan so‘zlarini imkon qadar to‘g‘rilab talqin qilish kerak. Muhaqqiq ulamolar ayrim so‘fiylarning iboralarini aynan shu asosda ta’vil qilganlar. «Falonchilar bilan surati bor, demak, u o‘shalardan», deganga o‘xshash «fakt»lar shariatda inobatga olinmaydi. Masalan, Yusuf Qarzoviy rahmatullohi alayh falastinliklarning ozodligini ta’minlash maqsadida sionizmga qarshi yahudiylar bilan muzokalar olib borgan. Ushbu uchrashuvlarda olingan tasvirni ko‘rgan shavvozlar ura-sol g‘iybatu bo‘htonga o‘tib ketgan. Eng achinarlisi fahmi kalta musulmonlar shu fitnaga ixlos bilan xizmat qilgan.
-
Mo‘min kishining so‘zi yoki biror ishi aybli ko‘rinsa, uning o‘zidan mavjud holat uchun izoh so‘rash lozim. Agar u fe’li yoki so‘zini tushuntirish orqali oqlay bilsa, dalillari yetarli bo‘lsa, uning shu talqini qabul qilinadi. Bunda u aytgan so‘zning zohiri bilan kifoyalanish va shu talqin bilan mavzuni yopish maqsadga muvofiq. Maqsad birovni jazolash, intiqom olish emas, muammoni bartaraf etish bo‘lishi kerak. Shuning uchun Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam hatto munofiqlarga ham zohiriga qarab muomala qilganlar.
-
Birovning aybini oshkor qilish emas, satr qilish ustuvor. Kim birovning aybini yashirsa, Alloh uni dunyo va oxiratda satr qiladi, aksida esa ilohiy javob ham aksincha bo‘ladi. Xususan, ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lgan, odamlar hurmat qilgan kishilar, olim insonlar, insonlarga manfaati tegib turgan faollarning kamchiligini imkon qadar yashirish darkor. Mo‘minning sha’ni uning qoni kabi hurmatga ega bo‘lib, birovning aybini oshkor qilish uning sha’niga daxl qilgani uchun bu borada aniq maqsadlar va shar’an joiz chegaradagina so‘z surish mumkin. Birovning aybini ko‘rganda fursatdan foydalanib uning obro‘sini to‘kishni maqsad qilish nomardlik. Kishining aybini oshkor qilish ijtimoiy zarurat yuzasidan bo‘lishi kerak.
-
Birovni ayblashdan oldin u insonning zarari ko‘pmi yoki foydasimi, zararining ommaviylik darajasi qanday, zararini shaxsini ayblamay bartaraf etish mumkinmi, uning jamiyat uchun manfaatini saqlash qanchalar muhim, mana bu jihatlarni o‘rganishni unutmaslik lozim. Agar ayb qidirib, kamchiligi uchun tark etiladigan bo‘lsa, dunyoda hech kimga quloq solib bo‘lmay qoladi. Yagona Muhammad sollallohu alayhi va sallam komil inson, qolganlar barkamol bo‘lishi mumkin, ammo komil emas. Avliyolar ham xato-kamchiliklardan xoli emas. Ular o‘sha xatolari bilan ham valiylikka erishaveradi.
-
Nohaq gap, buzuq tushunchalarga qarshi kurashda maqsad shaxslarni obro‘sizlantirish emas, fikrni ayblash bo‘lishi kerak. Illo buzuq fikr egasi shu bilan tanilgan bo‘lsa, uning boshqa fitnalaridan odamlarni ogohlantirish uchun shaxslarni tilga olish mumkin. Bu oxirgi chora sifatida qo‘llanadi. Agar imkon bo‘lsa, bunda ham avval o‘sha shaxsning o‘zini isloh qilishga uriniladi, iloj ko‘rinmagach, shaxsi tanishtiriladi. Shaxslar almashib turadi, xatolar esa odatda takror bo‘ladi. Xato mafkuralarni tanishtirish orqali uning barcha davrlardagi tarafdorlariga zarba berish mumkin va shunisi samaraliroq.
-
Hech bir mavzuda bitta oyat yoki hadis bilan hukm chiqarilmaydi. Islom mukammal din. Undan hokim ham, mahkum ham, zolim ham, mazlum ham o‘ziga dalda topishi mumkin. Shu bois, undan dalil olishda xolislik, vijdoniylik, atroflicha yondashuv lozim. To‘g‘ri xulosa chiqishi uchun har bir mavzuni har jihatdan tahlil qilish kerak. Ahli sunnaning firqalardan farqi aynan shu nuqtada: ahli sunna ulamolari har bir mavzuda avvalo asoslarga e’tibor qaratadi va o‘sha mavzuga oid barcha oyat-hadislarni chuqur o‘rganib, keyin umumiy xulosa beradi. Adashgan toifalar esa o‘z maqsadlariga xizmat qiladigan oyat va hadislar bilan cheklanadi yoki ularni shariat asoslariga ko‘ra emas, o‘z xohishlaricha talqin qiladi, diniy matnlardan o‘ziga kerak joyni kesib olib keltiradi.
Oyatdan dalil olishda uning nozil bo‘lishi sababi, u ko‘zda tutgan vaziyat o‘rganilgani kabi, hadislarning vorid bo‘lish sabablari va voqeligini inobatga olmay turib ulardan dalil olish durust emas. Vahiy aynan qanday voqe’lik, qaysi hodisaga qaratilganini bilish uni anglashdagi eng asosiy shartlardan hisoblanadi. Ushbu qoidalarni inobatga olmagan kishining oyat yoki hadisga bergan ma’nosi, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, shariatni ifoda etmaydi. Islom ta’limotlarini zamonaviy talqin qilishda uning asl manbalariga suyanmaslik xato xulosalarga olib borishi mumkin.
-
Islom hamisha sog‘lom aql va pok vijdonga muvofiq keladi. Uning ilohiyligi shuni taqozo etadi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Qachon bunga zid holat kuzatilsa, fahmda yoki talqinda xato mavjud bo‘ladi.
-
Asosiy masalalarda yakdillik topilganda ikkilamchi mavzulardagi ixtiloflarni kun tartibiga olib chiqmay turgan ma’qul. O‘zaro totuvlik va umummanfaat, katta maqsadlar yo‘lida birlashishning asosiy shartlaridan biri fikrlar xilma-xilligini qabul qilish, o‘zganing qarashini hurmat qilishdir. Bunda umuminsoniy asoslar doirasidan chiqilmaydi. Taraflar bir-birlariga odobu axloq asosida raddiya berishi mumkin.
-
Alloh taolo hatto dushman g‘ayridinlar tinchlikka moil bo‘lsa, Allohga tavakukul qilgan holda tinchlikka kelishishni buyuradi. Musulmonlar o‘rtasida nizo chiqqanda islohga intilish batariqa avlo lozimdir. Ittifoqqa birinchi qadam bosgan taraf ajrga loyiq. Nafsoniyat qilish, kibrlanish, qaysarlik ortidan ummatga zarar keltirish kaltabinlikdir.
-
Nafsning nasibasi bor ishda xayr yo‘q. Ayniqsa, Alloh uchun qilinadigan ishlarda ixlos zarur. Alloh taolo pokdir, pokdomonlardangina qabul qiladi va pokni taqdirlaydi. Uning qonuniyatlaridan biri shuki, O‘zining pok yo‘lini nopoklikliklar bilan yuksalishiga qo‘ymaydi. Botil botil bilan ham, haq bilan ham yuksalishi mumkin, ammo haq faqat haq bilan g‘olib bo‘ladi. Modomiki, haq uchun xizmat qilar ekansiz, vositalar ham haq bo‘lishi darkor.
Shuni ham aytish lozimki, yuqoridagi qoidalar asosiy tushunchalar bo‘lib, bu ro‘yxatni yana davom ettirish, qoidalarni izohlab chiqish, ularga oyat va hadislardan dalillar keltirish mumkin. Biroq hozircha vaqt va vaziyat yuzasidan ushbular bilan cheklanamiz.
Hayotda toyilishlar bo‘lishi tabiiy. Unga qaysidir darajada chidash mumkin. Ammo hayotdagi qonuniyatlar, tushunchalar buzilishiga qarab turib bo‘lmaydi. Toyilish qanchalar jiddiy bo‘lmasin, qonuniyatning buzilishi kabi katta zarar keltirmaydi, bir sodir bo‘lib, o‘tib ketadigan holat. Ammo mo‘minning hayot qoidalaridagi, dunyoqarashidagi evrilishlar juda ham xatarli bo‘lib, u butun hayotni izdan chiqarishi, hatto kishini iymondan judo qilishi mumkin.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida yana ayrim nuqtalarni eslab o‘tish joiz. Musulmon kishi har bir so‘z va amalda Alloh taoloning huzurida javob berish mas’uliyatini his etishi darkor. Ayniqsa, u dinu diyonatdan, Allohdan so‘zlaydigan bo‘lsa, bu borada nihoyatda hushyor bo‘lishi kerak. So‘z va amallaridagi ixlosni hamisha tahlil qilib turishi, maxfiy shahvatdan ehtiyot bo‘lishi lozim. Inson oxiratda har bir so‘zidan va amalidan so‘raladi. Birovning moddiy haqqini yeyish qanday gunoh bo‘lsa, uning ma’naviy huquqini poymol qilish ham xuddi shunday jinoyat. Tuhmat, haqorat, mazax kabi gunohlar Alloh taologa isyon bo‘lish bilan birga, bandalarning haqqiga tajovuz hisoblanadi. Bunday gunohlar haqdorlarning kechirimisiz avf etilmaydi. Yozilgan, aytilgan so‘zlarning nusxasi saqlab qo‘yilgan bo‘lib, Oliy Mahkamada ilohiy shariat asosida muhokama qilinadi.
Bu dunyoda har bir so‘z va ishimizda huquqiy javobgarlikni his qilib harakatlanganimiz kabi, har bir so‘z va amalning shar’iy javobgarligi ham borligini unutmaslik lozim. Dunyodagi hukmlar nari borsa 50-60 yillik umrga ta’sir o‘tkazadi. Ammo Oliy Mahkamadagi hukmlar abadiy hayotni bir yoqlik qiladi.
Alloh taolo barchalarimizga foydali ilm bersin va oqibatlarimizni baxayr aylasin. Xalqimizni ittifoqlikda, vatan uchun birdamlikda sobit etsin.