
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
SIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?
Amerikaliklar birovlarning yerini bosib olib, yerning asl egalarini kamsitish, qirib tashlash bo‘yicha dunyoda chempion, chunki bu davlat o‘zi shu asosda qurilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugun bu davlat birovning yerini bosib olib, aholisini qitliom qilishni oddiy sanaydi va bundan hech tap tortmaydi ham, uyalmaydi ham.
SIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?
Bugun G‘azzadagi irqiy qirg‘inga dunyoning «taraqqiyparvar okasi» bo‘lgan Amerika va G‘arb tomoshabin bo‘libgina qolmay, balki shu qatliomlarni to‘liq qo‘llab, kerakli qurollarni yetkazib turganidan ko‘pchilik hayratga tushmoqda. Ikki gapning birida «Yevropa standartlari», «Yevropa inson huquqlari» degan iboralarni ishlatib, o‘sha noshudlarni og‘zidan suvi kelib tilga oladigan g‘arbparastlar hamda G‘arbni qibla qilib olgan «zamonaviy»lar og‘alarining ishlarini tushuna olmay va tushuntira olmay lol qotgan. Omma esa hech nimani anglamayotir, odam zoti ham shunchalar vahshiy va ikkiyuzlamachi bo‘lishi mumkinmikin, deya o‘yga tolgan. Ba’zilar bularda o‘zi vijdon bormi, deb hayqirmoqda. Aslida bu yerda hech qanday tushunarsiz holat yo‘q, bor narsa suv betiga chiqdi, xolos. Buni anglash uchun tarixga va bugungi hayotga bir qur tafakkur bilan nazar solsa bas.
Amerikaliklar birovlarning yerini bosib olib, yerning asl egalarini kamsitish, qirib tashlash bo‘yicha dunyoda chempion, chunki bu davlat o‘zi shu asosda qurilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugun bu davlat birovning yerini bosib olib, aholisini qitliom qilishni oddiy sanaydi va bundan hech tap tortmaydi ham, uyalmaydi ham.
Ovropadan o‘tib kelgan bugungi amerikaliklar qit’adagi hindularni qirib tashlaganlari yetmagandek, Afrikadan odamlarni ovlab kelib, qul qilib sotishardi. Qullarning narxini va adadini oldindan kelishib olish uchun ularning bosh barmoqlarini kesib, xaridorlarga yuborishar edi... Bu kabi vahshiyliklar ularning tarixida oddiy hol hisoblanadi.
Qadimgi Rumdagi gladiatorlarni hamma biladi. Qul va asirlarning bir‑birlarini o‘ldirishini yoki vahshiy hayvonga yem bo‘lishlarini ko‘rib zavq olib, shuni olqishlash uchun inson qanchalar vahshiy va vijdonsiz bo‘lishi kerak, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Bu ham G‘arbning tarixiy xususiyatlaridandir.
Salib yurishlarini aytmaysizmi? Ular aslida o‘sha qadimgi gladiatorlar va yonlanma jangchilarning davomchilari edi. Odam o‘ldirishdan boshqa kasbni bilmaydigan bu vahshiy to‘dani cherkov o‘z maqsadi yo‘lida ishlatishni istadi va salib yurishi boshlandi. Ular yo‘lda uchragan mamlakatni talon‑taroj qilib, odamlarini o‘ldirib borishardi. Quddusga kirganlarida bir kunning o‘zida 70.000 musulmonni qatl qilishdi. O‘shanda ham o‘ldirilganlarning katta qismi ayolllar va bolalar edi.
Bundan ham dahshatlisi, vaqt o‘tib salibchilar ichida bolalar ham paydo bo‘ldi. Hatto 1212 yil (hij. 609 yil) Germaniya va fransiyalik o‘n minglab bolalardan tashkil topgan «Bolalar salib yurishi» bo‘lib o‘tdi. Katolik cherkoviga mansub ushbu yosh kallakesarlarning qalblarida nima o‘ylar bor edi, tasavvur qilish qiyin.
Oxirgi asrlardagi mustamlakachilik yurishlarini ko‘ring, qanchalar dahshatli bo‘lgan. Bunda ham asosiy tashabbuskorlar g‘arbliklar edi. Mol‑mulk va yerga egadorlik ilinjida qilingan bu janglarda millionlab begunoh insonlar halok bo‘ldi. Mustamlakaga qarshi ko‘tarilgan boshlar ayovsiz qirib tashlandi. Jazoir Fransiyaning «sharofati» bilan «Million shahid yurti» degan nom bilan taniladigan bo‘ldi. Italiyaning Liviya ozodlik kurashchilariga qilgan qirg‘inlarini aytasizmi, Anglyaning Hindiston va boshqa mamlakatlardagi mustaqqillik tarafdorlarini ayovsiz qatl qilganlarini deysizmi, hamma‑hammasi aynan o‘sha G‘arb olami tarafidan sodir etilgan edi. O‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan Birinchi jahon urushi ham, Ikkinchi jahon urushi ham aynan G‘arbda sodir bo‘ldi.
Falastin yerlarini egalaridan so‘ramay‑netmay yahudiylarga berib, keyin yerliklarni haydab solish uchun isroil davlatini qurollantirganlar ham Britaniya bosh g‘arbliklar bo‘ldi. O‘sha arzandalari osudaligi uchun Amerika boshchiligida Iroq, Suriya va Liviyada davlatlarni to‘ntarib, millionlab kishilarni o‘ldirgan, ayollarni zo‘rlagan, sotgan, odam savdosini zo‘r berib rivojlantirganlar ham mana shu «insonparvar» g‘arbliklardir. Qo‘shni Afg‘oniston boshqa mamlakatlar qatori tinch yashayotgan edi. Avvaliga komunistlar bosqinchilik qilgan bo‘lsa, keyin Amerika boshchiligida «insonparvar kuchlar» kirib, minglab begunoh insonlarning boshidan bomba yog‘dirdi. Rossiyaga qarshi kurashganda «vatan ozodligi kurashchilari» deb atagan kishilarini bir aylanib terrorist deb tanishtirganlar ham shular. Bularning hammasi mana shu «huquqshunos» G‘arb tashabbusi bilan bo‘ldi.
G‘arbliklarning ichki olami ham juda dahshatli. Chexiya va Polshadagi eng ajoyib cherkovlar odam suyagidan bino qilingan. Inson bosh chanog‘ini yo‘nib, unga gul solib, ustiga o‘likning ismi sharifini yozib, shu bilan tokchalarni bezash ularning an’analaridan sanaladi. O‘liklarni chavaqlab, ayrim ichki a’zolarini idishlarga joylashtirib qo‘yish bir paytlar ularda urf sanalgan. Ayrim cherkovlarda imperatorlarning yuraklari, ichak‑chovoqlarini hozirgacha saqlashadi. Ikkinchi jahon urushidan oldin insonning ruhini o‘rganish uchun odamlarning kallasini olib, maxsus shishaga solib, gapirtirishni tajriba qilganlar ham shular.
G‘arbliklarning ichki olamini ular yaratgan asarlarda ham ko‘rish mumkin. Kino va boshqa badiiy asarlarda dahshatli sahnalar, obrazlar, vahshiyona qotilliklarni aytasizmi, xiyonatu aldov, o‘g‘irlik, fahshu buzuqliklarni deysizmi, hamma‑hammasi ularning asl holatidan darak beradi. Hatto bolalar uchun ishlangan kompyutor uyinlari ham otishma, qotillik, fahshga to‘la. Oxirgi paytlarda insonni pichoq bilan chavaqlashni o‘rgatadigan o‘yinlar ham paydo bo‘lmoqda. Ular mana shunday ishlardan zavq olmasa, bu kabi o‘yinlarni yaratishmas, pullab o‘tirishmas edi.
Hozir ularda ko‘pchilik bolalarning otasi kimligini onasi ham aniq aytolmayapti. Oila qurishni or‑nomus va qaloqlik deb biladiganlar jamiyatning anchagina qismini tashkil qilib qolgan. Erkak urug‘ini «bozor»dan sotib olib, farzand ko‘rish bugun modaga aylandi. Oxirgi paytlarda jinsdoshiga jinsiy mayl qilish yoki jinsini o‘zgartirish targ‘iboti ham dunyoga aynan ular tarafidan tarqatilmoqda. Shaytonga sig‘inishni din qilib olib, ochiqchasiga shunga da’vat olib borish ham dunyoda faqat shu mintaqa odamlarida bor.
G‘arblik sharqshunoslarning Islom olamidan o‘g‘irlagan ilmiy kashfiyotlarni sanab oxiriga yetish qiyin. Musulmon olamiga o‘z tarixlarini buzib tanishtirish siyosatini ham shular qo‘llagan. Ular qilgan va qilib kelayotgan moddiy‑ma’naviy talon‑tarojlar, ilmiy omonatlarga xiyonat, yolg‘onu tuhmatlar, makru hiylalar haqida gapirsa, gap tugamaydi. Ko‘rinishda ilmiy, aslida o‘ta noxolis yoki yonlanma ilmiy tadqiqotlarni ham faqat ulardan topasiz.
Endi o‘zingiz aytingchi, o‘tmishi va buguni ana shunday vahshatlarga, buzuqliklarga to‘la jamiyatlardan musulmonlar qanday mehru shafqat, yaxshilik ko‘rishi mumkin? Ularning mazkur vahshatli qiyofalarini shunchaki tasodif yoki umumiy hayotlariga bog‘liq emas, deb kim ayta oladi? Qaysi aql bilan bashariyat, xususan, musulmonlar bugun ulardan insoniylik kutmoqda? Yo‘q, ulardan yaxshilik kutish ahmoqlikdan boshqa narsa emas, chunki ular o‘zlariga foyda bo‘lgandagina insoniylik, odamgarchilik ko‘rsatishlari mumkin, ammo manfaatlariga zid kelganda har qanday razolatdan qaytmasliklari tayin. Ana shunda ularning asl basharasini ko‘rish mumkin. Ammo sodda odamlar, yaxshi o‘qimagan kishilar ularning barandparvoz gaplariga, yuzaki shiorlariga aldanib yuradi, xolos.
Ba’zan o‘sha insonparvarlik ko‘ringan ishlari ham o‘z madaniyatlarini yoyishga yoki boshqa manfaatlarga bir vosita uchun o‘ylab topilmaganmikin, degan gumonga borib qoladi kishi.
Bugun nohaqliklarni, ochiq genotsidlarni ko‘rganda ovora bo‘lib «Biz insonni qadrlaydi deb bilgan G‘arb bu qonxo‘rliklarga nega jim turibdi ekan?» deb hayron bo‘lmang, bu hol ularga begona emas, balki asliyatlari o‘zi shu. Shunday bo‘lishi tabiiy edi. Siz nima kutgan edingiz?