
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
BIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?
Bugun Falastindagi holatdan larzaga kelmagan, o‘rtanmagan vijdon bo‘lmasa kerak. Bunday vaziyatda ko‘pchilik vijdonli, iymonli kishilar nimadir qilishga intilishi tabiiy va yoshlar bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘llarga, noqonuniy harakatlarga o‘tib ketib qolishi ham mumkin. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib qo‘yish burchimizdir.
BIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?
Bugun Falastindagi holatdan larzaga kelmagan, o‘rtanmagan vijdon bo‘lmasa kerak. Bunday vaziyatda ko‘pchilik vijdonli, iymonli kishilar nimadir qilishga intilishi tabiiy va yoshlar bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘llarga, noqonuniy harakatlarga o‘tib ketib qolishi ham mumkin. Ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib qo‘yish burchimizdir.
Ba’zilar esa bir muddatdan keyin bu musibatlarni unutib, keyingi xatarlardan g‘aflatga tushishi ham odatiy hol. Holbuki, bu kabi hodisalar jismdagi kasallikdan darak beruvchi og‘riqqa o‘xshaydi, unga beparvo qarash keyin yanada og‘ir dardga olib borishi mumkin. Shu bois, dunyodagi voqealardan kerakli xulosa olishga o‘rganish lozim.
Ochig‘ini aytganda, juda ko‘pchilik bevosita ko‘rishganda ham, tarmoqlar orqali ham ko‘zlarida jiqqa yosh bilan: «Biz nima qilishmiz kerak?» deb so‘ramoqda. Bu savollarga umumiy tarzda javob berish ham zarur bo‘lib qoldi.
Xo‘sh, biz nima qilishmiz kerak?
Ulamolar va mutaxassislarning so‘zlaridan xulosa qilib aytganda, har kim bajarishi mumkin bo‘lgan quyidagi ishlarni qilishimiz kerak:
- Gunohlardan qochish, o‘tganiga chin tavba va istig‘forda bo‘lish. Xususan, faxshu buzuqlikka oid so‘z va suratlardan chetlanish lozim. Ichki dushman – nafsimizni yengmay turib tashqi dushmanni yenga olaymiz. Umar roziyallohu anhu musulmonlarga qarab: «Sizlar boshqalardan gunohdan saqlanish bilan kuchlisiz, agar bunda ular bilan teng bo‘lsangiz, mag‘lub bo‘lasiz», der edi.
Musulmonlar Alloh taolodan vahiy olgan ummat, ular faqat moddiy sabablar bilan hech qachon najotga erisha olmaydilar. Tarixdan bu ummat avvalo ma’naviyati va axloqi bilan, Alloh taologa bog‘liqligi bilan g‘olib bo‘lgan. Qachon mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, avvalo diniga amal qilmaganidan, Alloh taolodan uzoqlashish oqibatida mag‘lub bo‘lgan. Bu ummatni boshqa xalqlarga solishtirish to‘g‘ri emas, bu ummat dinidan ayro holda hech qachon zafar topmagan. Zotan, ilohiy ta’limotdan boxabar xalqda mas’uliyat katta bo‘lib, unga o‘ziga yarasha munosabat ko‘rsatilishi ilohiy qonuniyatlardandir. Islom haqiqati yetmagan xalqlar ma’zur tutilib, ularga boshqacha muomala qilinishi mumkin.
Bir paytlar mo‘g‘illar musulmonlarni qirg‘in qilganda ularning o‘zidan ketgan bir to‘daboshisi bir olimga qarab: «Agar sizlarning Xudoyingiz sizlarga mehribon bo‘lsa, nega sizlarni bizdan quqtarib qolmadi?» debdi. Shunda olim: «Cho‘pon qo‘ylar to‘g‘ri yo‘ldan chiqsa, itini yuborib ularni tartibga soladi. Sizlar ham Allohning itlarisiz, biz esa haddan oshgan edik, Alloh bizni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun sizlarni yubordi. Biz Uning yo‘liga tushgan kunimiz sizlar daf bo‘lasizlar», deb javob bergan ekan.
Demak, har birimiz o‘z shaxsiy hayotimizda, oilamizda, o‘z ta’sirimiz doirasida Alloh taolo tomon yuzlanishga, U bilan robitamizni yaxshilashga urinishimiz lozim. Boshqacha qilib aytganda, biz avvalo o‘zimiz Alloh taoloning yordamiga, nusratiga haqli bo‘la olishimiz darkor. Fisqu fujur, botiniy kirliklar bilan hech qachon ilohiy inoyatga erishib bo‘lmaydi, duolar ham ijobat topmaydi.
-
Zikr, duo, tilovat, xatmi Qur’on qilish, ko‘p salavot aytish. Zikr va duo mo‘min uchun eng katta qurol va yupanchdir. Xususan, Qur’on tilovati ruhga eng kuchli quvvat va qalbni poklovchi omildir. Boshqa narsa, hatto Qur’on ma’nolarini o‘rganish ham tilovatning o‘rnini bosmaydi. Salavot tashvishlarni aritishi hadislarda ta’kidlangan. Birgina duo butun hayotingizni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Chin qalbdan, kechalari turib, namozlarda va ko‘z yosh bilan duolar qilish kerak. Alloh taologa oson, qanchadan-qancha zolimlarni duo mag‘lub qilgan, bunga tarix guvoh, faqat noumid bo‘lmaslik lozim. Zikr ham qalbga osudalik baxsh etib, juda ko‘p foydalarga sabab bo‘ladi.
-
Qur’oni karim tafsirlarini o‘qish, oyatlarni tadabbur qilish. Alloh taologa hamdu shukrlar bo‘lsinki, bugun yurtimizda Qur’oni karimning o‘zbek tilidagi ma’no tarjimasi va tafsirlari mavjud, ular orqali Robbimizning bizga nasihat va ko‘rsatmalarini tushuna bilishimiz mumkin. Bu tafsir va tarjimalar Qur’on ma’nolarini to‘liq ifoda eta olmasa ham, har qalay juda ko‘p haqiqatlarni anglashimizga yordam beradi.
Qur’on bizlarga qadimgi ummatlar tarixi va insoniy jamiyat qonuniyatlari borasida juda muhim ma’lumotlarni taqdim qilgan. Ularni o‘qigan va tafakkur qilgan kishi bugungi kundagi muammolarga ham yechim topadi.
Misol uchun, Banu Isroilning kimligini, nimalar qilganini va oqibat kimlar g‘olib bo‘lganini bilishning o‘zi katta gap. Uxdud hodisasi ham juda ibratli. O‘shanda yahudiylar 20.000 nasroniy, ya’ni musulmonni tiriklayin o‘tda yoqqan. Bizning nazdimizda o‘lganlar yutqazgan, biroq Qur’on ularni muvaffaqiyat topganlar deydi, chunki ular to‘g‘ri jannatga ketadi va ularning sabotlari barakasidan vaqt o‘tib, mamlakatda musulmonlar g‘olib bo‘ladi.
Asʼhobi Kahf qissasini o‘qing, ular boshlagan ish meva berib, yurt asta-sekin musulmon obod bo‘lib ketadi. Biroq, bungacha oradan 3 asr vaqt o‘tadi va yigitlar o‘z xizmatlari samarasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, keyin xotirjam omonatni topshiradilar.
Saf surasida Iyso alayhissalomga Banu Isroildan bir toifa iymon keltirib, bir toifa kufr keltirgani va oqibatda iymon ahli zafar topgani aytiladi. Tarixchiliar ta’kidlashicha, oyatda ishora qilingan ushbu zafar ham 3 asrda qo‘lga kiritilgan ekan. Ha, zamonlar Alloh taoloning nazdida ana shunday qisqa. Bu kabi buyuk nasihatlar Qur’oni karimda juda ham bisyor.
- Ilmga suyanish, yolg‘on xabarlar, xom gaplarga aldanib qolmaslik. Yunon falsafasi namoyandalaridan Aflutin (Aflotun emas) kitobga qarab alik olar, otining oyog‘i to‘rttaligini aytmoqi bo‘lsa, oyoqlarni qo‘l bilan ushlab, keyin ularning to‘rtta ekanini so‘zlar ekan. Hadisda quyoshdek ravshan ko‘rmagungcha guvohlik bermaslik buyrilgan.
Har xil tashviqotlarga, yolg‘on ma’lumotlarga ishonib biror ish yoki so‘z qilmaslik kerak. Ayniqsa, hozirgi axborot urushi davrida bunga juda hushyor bo‘lish lozim. So‘zlayotgan kim, maqsadi nima, xabarning rostligiga nima dalillar bor, ma’lumotni qabul qilishdan oldin bularning barchasini mulohaza qilish darkor. Oldin puxta o‘rganib, keyin gapirish kerak.
Isroil va unga tobe G‘arb matbuoti yolg‘on xabarlardan o‘tib, qalbaki video va suratlarni tarqatishdan ham uyalmayapti. Dunyoning eng katta minbarlaridan turib mana shu sharmanda ma’lumotlarni uyalmay rostdek gapirishmoqda. Ular mana shunaqa axborotlar orqali odamlarning miyasini «yuvish»ga juda ustasfarang bo‘lib ketishgan ekan. Ularning dunyodagi terror va qo‘poruvchiliklarga munosabatlari ham, yurtimizdagi holatlarga nisbatan talqinlari ham hamisha o‘z manfaatlariga qaratilar, talqin qilinar va buni ko‘pchilik payqamas edi. Biroq, yolg‘onning umri qisqa, deganlaridek, bugun ularning asl yuzlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugun axborot olamida «G‘arb standarti» degan so‘z «Ikki xil standart» degan ma’noni anglatib bormoqda.
Boshqa bir tarafda ayollar va bolalar o‘ldirilayotganini ko‘rsatib, turli qurolli harakatlarga targ‘ib qiladiganlar chiqib qolishi mumkin. Bularning birortasi bugun biz uchun foyda keltirmaydi, ulardan ehtiyot bo‘lishimiz darkor.
Noaniq, bir yoqlama xabarlarni tarqatishda eng ilg‘or toifa ateistlar bo‘lsa kerak. Ular oddiygina xabar yetkazib qo‘ymaydi, balki tashviqot qiladi, miyangizni «yuvish»ga urinishadi. Bor gap bo‘lsa ham mayli, lekin bu betayinlar o‘zlariga yoqqan xabar g‘irt yolg‘on bo‘lsa ham, video soxta bo‘lsa ham, o‘shani bezrayib tarqatib o‘tiraveradi. Ular musulmonlarni yomonotliq qilsa bas, bechoralarning boshqa tashvishi yo‘q. «Senlar o‘zi dunyoga kelib odamlarni qirg‘in qilishdan boshqa nimani qoyillatding?» deydigan odam yo‘q.
Isroil falastinlik bolachalarni qafasga solib saqlagani aks etgan bir eski video bo‘lardi, o‘shani Hamasga to‘ngab tarqatishibdi. Shunchalar ham sharmanda bo‘ladimi odam degan. Nafrat ko‘zni ko‘r qilgani shu bo‘ladi. Mana bunday soxtakorlardan ham ehtiyot bo‘lish lozim.
- Tarixni o‘rganish. Masalan, Quddus tarixini o‘rganish, sionizmning tarixi va kelajakdagi maqsadlarini bilish vaziyatni to‘g‘ri baholashda juda ham muhim. Tarixni o‘rganish bizga insoniyat o‘rtasidagi kurash uzliksiz bo‘lib kelganini va oqibatda hamisha haqiqat g‘olib bo‘lganini ham eslatadi.
Musulmonlarga bugungidek hujum va teskari tashviqotlar qadimdan bo‘lgan. Quddus bir asr salibchilar qo‘lida qolgan. Ular Quddusga kirganda 70.000 odamni o‘ldirishgan, ayolu bolalarni ham qilichdan o‘tkazishgan. Bu sanoq o‘sha paytdagi aholi soniga qaraganda juda katta adad hisoblanadi. Salibchilar tarixda bunday misli ko‘rilmagan vahshiyliklarni ko‘p qilishgan. Biroq, oqibat yana musulmonlar g‘olib bo‘lgan. Islom yurtlari mo‘g‘ullar tarafidan butkul yakson qilib tashlangan. Ular ham bir-ikki asr hukmronlik qilib, yana musulmonlar g‘olib kelgan, vahshiy hayvondek quturgan qavm bir aylanib musulmon bo‘lib, Islom homiysiga aylangan.
Bu voqayelardan biz taskin va umid olish bilan birga, o‘shanda musulmonlardagi mag‘lubiyat sababi nimada edi-yu, qanday qilib g‘olib bo‘lishganini o‘rganib, tahlil qilsak, juda ko‘p haqiqatlarni anglab yetamiz.
- Adolatparvar bo‘lish va odamlarga haqiqatni yetkazish. Har qanday holatda, hatto o‘zingizga qarshi bo‘lsa ham, haqiqatni ustun qo‘yish, tan olish kerak. Shu paytgacha aytib yurgan gapingizga zid bo‘lib, so‘zingiz singan taqdirda ham adolat, haqiqat tarafida bo‘ling.
Ba’zilar vatani uchun jang qilayotgan falastinliklarni ham terrorist deyishga o‘rganib qolgan. Agar shu mezon bilan qaralsa, rus bosqiniga qarshi kurashgan ajdodlarimiz ham terorrchi bo‘lib qolishi mumkin. Shu bois, biz xolis bo‘lishga, to‘g‘ri fikrlarshga o‘rganishimiz, g‘arbcha ikkiyuzlamachilikdan hazir bo‘lishimiz kerak. Aks holda kelajak avlod har qanday bosqinni qo‘llaydigan, nima bo‘lsa ham kuchlining tarafidan turadigan, moddiyatning quliga aylangan vijdonsiz kishilar bo‘lib qolishi hech gap emas. Alloh asrasin, bu holda yurtning erkini qo‘ldan boy berib qo‘yish mumkin.
Mazlum holda o‘ldirilganlarni ayblash ularni yana bir bor o‘ldirish demakdir, balki bu ularni o‘ldirishdan ham yomon.
Hozirda arab, ingliz, rus va turk tillarida juda ko‘p yaxshi ma’ulmotlar tarqatilmoqda. O‘sha tillarni bilgan kishilar kerakli xabarlarni tarjima qilib, ommaga, G‘arbu Sharqqa yetkazsa, bu ham mazlumlarga bir ko‘mak bo‘ladi.
Masalan, Falastin jangchilarining asirlarga bo‘lgan go‘zal muomalasi haqida bir qancha videolar tarqadi. Ularni noxolis OAVlar biror joyda bermadi. Isroil 1000 dan ortiq falastinlik bolalarni o‘ldirsa ham, falastinliklar birorta ham bolaga tajovuz qilgani yo‘q. Mana bu haqiqatni bugun hamma bilishi kerak va kim terrorchi ekanini ko‘rishi kerak. Zero, yolg‘on xabarlarni to‘g‘ri ma’lumot bilan daf qilish ham jihoddir.
-
Farzandlarga bugungi voqelik haqiqatini aytib berish lozim. Davlatlarning yondashuvi o‘z yo‘liga, ular diplomatik munosabat qilishi tabiiy. Biroq biz farzandlarimiz barkamol, to‘g‘ri fikrlovchi, o‘z erkiga ega bo‘lishi uchun ularga haqiqatni yetkazib borishimiz ham kerak. Ular bugun rost bilan yolg‘onni farqlamaslikka o‘rgansa, ertaga bu kulfat o‘z boshimizni yeyishi hech gap emas.
-
Fikr va so‘z erkinligidan to‘g‘ri foydalanish. Ba’zi odamlarni qo‘rquv shunchalar mahv etganki, hatto to‘g‘ri fikrlashdan ham cho‘chiydi. Azizlar, biz fikr va so‘z erkinligini ta’minlashni o‘ziga bosh maqsad qilgan demokratik jamiyat qurish shiori ostidagi davlatda yashamoqdamiz. Shuni unutmaslik kerakki, fikrlaydigan jamiyat kuchli jamiyat bo‘ladi, fikrlamaydigan xalq zaif bo‘lib, na hayot mashaqqatalariga, na yurt xizmatiga, na dushmanga qarshilik qilishga yaraydi. Biz agar kelajagimiz chindan porloq bo‘lishini istasak, dunyoda o‘z o‘rniga ega kuchli jamiyat barpo qilishni xohlasak, avvalo hurfikrlikni, to‘g‘riso‘zlikni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Biroq fikr va so‘z erkinligini suistemol qilib, noto‘g‘ri tashviqotlar qilish, hiqdu haqoratga o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Bu borada yana boshqa mulohazalar ham aytish mumkin, lekin hozircha yodimga kelganlari shular va shu ham o‘zi ko‘pchilikka yetarli bo‘lsa kerak.
Mazkur takliflar bugungi qizg‘in voqealarga xos bo‘lib, umumiy muammolarga nisabatan qanday yo‘l tutish kerakligi borasida tug‘ilgan mulohazalar haqida o‘rni kelganda suhbatlashmiz.