
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TARIX O‘ZINI TAKRORLAYDI
TARIX O‘ZINI TAKRORLAYDI
Salohiddin Ayyubiy Quddusni ozod qilish uchun qo‘shin tayyorlab, kerakli moddiy choralarni ko‘rar ekan, safarbarlik kunini aniqlashdan oldin ma’naviy holatni ham aniqlashtirib olishga qaror qildi. U mirshablarning rahbari, hozirgi til bilan aytganda, Ichki ishlar vazirini chaqirib, unga shunday dedi:
«Podshoh farmoni e’lon qilasan. Farmon mazmuni quyidagicha:
«Ertadan boshlab uch kun hech kim uyini ham, ishxonasini ham, do‘konini ham qulflamay, eshigini ochiq qoldiradi. Bu Podshoh farmoni, bajarmaganlar javobgarlikka tortiladi».
Keyin o‘zing bosh bo‘lib, farmonning to‘liq bajarilishini ta’minlaysan va uch kun ichida qanday o‘g‘irlik yoki talon-taroj bo‘lsa, bittasini ham qo‘ymay qaydlab, menga hisobotini berasan».
Farmon aytilgandek bajarildi. Ammo hamma bu farmondan hayratda edi. Uch kundan so‘ng vazir kelib, hisobot berdi, farmon to‘liq amalga oshirilganini, lekin birorta ham shahar yoki qishloqda bitta ham o‘g‘irlik kuzatilmaganini aytdi. Shunda Salohiddin Ayyubiy: «Endi jangga chiqsak ham bo‘ladi», dedi va Quddusni fath qildi.
Internet tarmoqlarida G‘azza ahlining iymonu taqovsiga, ilmu tarbiyasiga dalolat qiladigan turli xabarlar, videolarni ko‘rib yuqoridagi qissa esimga tushdi. G‘azzaliklar vayronalar ostidan topilgan pul, tilla taqinchoq va boshqa qimmatbaho buyumlarni topshirish uchun egalarini istab yurishibdi. Aytishlaricha, hozirgacha birorta ham o‘g‘irlik qayd qilinmabdi. Bu ham ularning iymonlaridan, islomlaridan darak. Kim biladi deysiz, balki bugun boshlariga tushib turgan musibatlar ham «sinovlar iymonga yarasha bo‘ladi», degan qoidaga ko‘ra kechayotgandir. Umid qilamizki, ixloslariga yarasha, fido qilgan qonlari evaziga Alloh taolo ularga ham fathu nusrat berib, dushmanlaridan g‘olib qiladi va o‘z yerlariga o‘zlari ega bo‘lajaklar.
Mazkur qissadan biz shuni xulosa qilishmiz kerakki, musulmonlar jamiyatda qanday islohot olib bormoqchi bo‘lishmasin, avvalo o‘zlarini isloh qilishlari, ma’nan yuksak, qalban pok bo‘lishlari kerak. Botinni tuzatmay, o‘zni isloh qilmay turib, jamiyatni o‘nglab bo‘lmaydi, dushman jabridan qutilib bo‘lmaydi. Birovlarga zulm qilib turib ustingizdan zulmni arita olmaysiz.