
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
INKORGA SHOSHILMANG!
Kuni kecha Shayx Abdulaziz Mansur domlaning san’atkorlar huzurida aytgan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab munoqashalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik kishilar domlaning gaplarini yaxshi tushunmay va bilimsizlikdan bir olim kishi haqida nojo‘ya so‘zlar aytib yuborishmoqda. Shu e’tibordan, fatvo mazmunida emas, balki bir musulmonning mulohazasi ma’nosida ayrim gaplarni ko‘pchilikka havola qilishni ma’qul topdim.
INKORGA SHOSHILMANG!
Kuni kecha Shayx Abdulaziz Mansur domlaning san’atkorlar huzurida aytgan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab munoqashalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik kishilar domlaning gaplarini yaxshi tushunmay va bilimsizlikdan bir olim kishi haqida nojo‘ya so‘zlar aytib yuborishmoqda. Shu e’tibordan, fatvo mazmunida emas, balki bir musulmonning mulohazasi ma’nosida ayrim gaplarni ko‘pchilikka havola qilishni ma’qul topdim.
Birinchidan, bir ahli ilm kishi biror mavzuda so‘z aytsa, uni avvalo o‘rganish, bilmasa, bilganlardan so‘rash, dabdurustdan inkorga o‘tib ketmaslik kerak. Siz bilmasangiz, bu o‘sha gap yo‘q degani emas. Shuning uchun ulamolar: «Kishining ilmi ortgan sari inkori kamayadi», deydilar.
Afsuski, ayrim odamlarimiz aksar holatlarda nafaqat ilmsiz ravishda inkor qilish, balki bir musulmon haqqida haqorat, mazax, adabsizlikkacha jur’at qilmoqda. Bunday tasarruf mo‘min kishiga durust emas.
Biror ilmga suyanib so‘z aytgan ahli ilm kishining so‘zini inkor qilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, ilmiy asosda raddiya bering, ilmiy xatosini ayting, shu o‘zi yetadi. Shaxsiyatga o‘tish, turli tuhmatlar, haqoratlar qilish halol emas.
Ikkinchidan, Abdulaziz Mansur domla Imom G‘azzoliy kuyni joiz deganlarini aytganlar. Bu to‘g‘ri gap. Imom G‘azzoliy, Abdulg‘aniy Noblusiy va yana ayrim ulamolar ma’lum shartlar asosida kuylarni o‘z o‘rni va me’yorida eshitishni joiz deb aytishgan. Biroq ularning bu fikrlarini hamma ham qabul qilmagan. Ochig‘ini aytganda, bu borada hanafiy mazhabi olimlari ko‘proq qarshi fikr bildirganlar. Bu kabi hodisa ilmda mavjud, odatda hech bir olimning hamma fikri boshqa ulamolar tarafidan qabul qilinmagan. Ixtiloflar shundan kelib chiqadi va bu ham o‘z o‘rnida ummatga kenglik keltiradi. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham kuy mavzusida ixtilof borligini aytib, eng mo‘tadil fatvoni o‘z vaqtida e’lon qilganlar.
Bu yerda boshqa bir masala bor. Imom G‘azzoliy joiz deganda qanday kuylarni nazarda tutgan? Mana shunga e’tibor berish kerak. Zotan, ismdagi mushtaraklik nomlanmishlarning bir xil bo‘lishini taqozo etmaydi.
Imom G‘azzoliy va u kishiga hamfikr bo‘lgan olimlar o‘z fatvolarida hech qachon faxshu ishratga targ‘ib qiladigan, hirsni qo‘zg‘aydigan, tajovuzkorlikka undaydigan, to‘s‑to‘palon kuylarni ko‘zda tutmaganlari aniq. Balki ular ayrim tasavvuf kishilari o‘rtasida mavjud bo‘lgan nashidxonlikka o‘xshash ashulalarni joiz deyishgan. Chunki ular yashagan jamiyatlarda shunday kuylar bo‘lgan, ular shuni bilgan, xolos va o‘z ko‘rganlari xususida so‘z yuritishgan. U paytlarda musulmonlar bugungidek ajnabiy madaniyatlar ta’sirida qolib, yot odatlarga ergashib ketmagan edi.
Ulamolarning so‘zini tushunishda voqelikni hisobga olish juda ham muhim, shundagina ularning fiklarini to‘g‘ri anglash mumkin. Shayx Abdulmaziz Mansur janoblari ham shunga ishora qilib, mumtoz kuylarimizni eslab o‘tgan.
Uchinchi masala jannatda ashula tinglash huzuri bo‘lishi haqidagi fikr. Ko‘p odamlar bilib‑bilmay buni butkul inkor qilib yuboribdi. Holbuki, bu fikr hadislardan olib gapirilgan.
عن ابن عمر رضي الله عنهما أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: «إِنَّ أَزْوَاجَ أَهْلِ الْجَنَّةِ لَيُغَنِّينَ أَزْوَاجَهُنَّ بِأَحْسَنِ أَصْوَاتٍ سَمِعَهَا أَحَدٌ قَطُّ ، إِنَّ مِمَّا يُغَنِّينَ : نَحْنُ الْخَيِّرَاتُ الْحِسَانُ أَزْوَاجُ قَوْمٍ كِرَامٍ».
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Jannat ahlining xotinlari o‘z erlariga kishi eshitgan eng go‘zal ovozlarda kuylaydiar. Ularning kuylari ichida: «Biz yaxshi, go‘zal ayollarmiz, mukarram insonlarning xotinlarimiz», deb aytishadi».
Bu hadisni muhaddislar sahih deyishgan. Bu ma’noda boshqa hadislar ham bor, ayrimlari zaif, ularni bu kabi mavzularda e’tiborga olinadi. Biroq ko‘plari o‘ta zaif yoki to‘qima, umuman hujjatga yaramaydi.
Rum surasiing 15‑otyatidagi «Iymon keltirib, solih amallarni qilganlar, ana o‘shalar bog‘larda shodlanadilar» oyati tafsirida «shodlanmoq» fe’lini ayrim mufassirlar «kuy tinglash» deb izohlaganlar va shu mazmunda hadis ham rivoyat qilishgan.
Umuman olganda, Alloh taolo insonni chiroyli tovushdan lazzatlanadigan qilib yaratib, jannatni lazzat va rohat makoni etib hozirlagan ekan, jannat ahlining rohati tugal bo‘lishi uchun go‘zal tovushdan huzurlanishini ham ta’minlab qo‘ygan. Bu borada hech kim ixtilof qilmaydi.
Biroq, odatdagidek, ulamolarimiz bu xususda ham bitta hadisdan hukm olmay, mavzuga oid boshqa dalillarni ham o‘rganib, keyin o‘z xulosalarini aytadilar. Biz ularning bu boradagi izohlarini qisqacha o‘rganib o‘tamiz.
Birinchidan, jannat ne’matlari aynan dunyodagi ne’amatlar bilan barcha sifatlarda bir xil bo‘lmaydi. Alloh taolo dunyoda oxirat ne’mati va azobidan kichik namunalarni yaratgan bo‘lib, inson ular orqali oxirat hayotini biroz his qila oladi. Ammo bu dunyodagi yaralmishlar oxirat hayotidagi narsalarning ayni o‘zi emas. Shuning uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Jannatdan dunyoda faqat ismlar bor», derdi. Ya’ni jannatdagi daraxt, anhor va boshqa narsalar dunyodagilari bilan bir xil emas, faqat biz tushunishimiz uchun biz bilgan so‘zlar ishlatilgan, bunda ismlar bir xil, ammo ashyolar boshqa‑boshqa.
Ushbu mezon bilan olib qaraganda, jannatdagi kuy aynan dunyodagi qo‘shiqlar bilan bir xil emas. Bunga eng yaxshi misol xamr masalasi. Qur’oni karimda jannatdagi xamr dunyoniki kabi aqlni olib, mast qilmasligi ta’kidlanadi. Demak, u xamr deb nomlansa‑da, o‘zi boshqa narsa bo‘ladi.
Ikkinchidan, Qur’on ta’kidlaganidek, jannatga faqat poklar kiradi, ularning qalblaridan barcha yomonliklar sug‘irib olingan bo‘ladi, binobarin, ular yomon narsani istamaydi va eshitmaydi. Voqea surasida jannat ahlini tavsiflab turib: «Ular jannatda lag‘v va gunoh eshitmaydilar», deyiladi. Lag‘v behuda so‘z degani. Jannat ahli behuda gap eshitmas ekan, qolganini o‘zingiz bilavering.
Uchinchidan, hadislarda jannat ahli eshitadigan kuy go‘zal ovoz bilan ijro topishi aytiladi, cholg‘u asbobi haqida gap yo‘q. To‘g‘ri, ayrim izohlarda cholg‘ular bilan bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilingan, ammo bu bir ehtimol, xolos, uni boshqalar quvvatlamagan. Bordiyu cholg‘u bo‘lgan taqdirda ham, u dunyoda ko‘rib turganimizdek suratda bo‘lmaydi, so‘zlari ham, hadislarda aytilganidek, go‘zal iboralardan tashkil topadi, xullas, biz bugun eshitayotgan qo‘shiqlarning ayni o‘zi bo‘lmaydi. Qolaversa, bizning bu izohimiz taxminlardan biri. Aslida jannat ahli tinglaydigan go‘zal kuylar nimalar bo‘lishi boshqa hadislarda izohlangan ham.
عَن أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: « إِنَّ فِي الْجَنَّةِ نَهْرًا طُولَ الْجَنَّةِ، حَافَّتَاهُ الْعَذَارَى قِيَامٌ مُتَقَابِلَاتٌ ، وَيُغَنِّينَ بِأَحْسَنِ أَصْوَاتٍ يَسْمَعُهَا الْخَلَائِقُ ، حَتَّى مَا يَرَوْنَ أَنَّ فِيَ الْجَنَّةِ لَذَّةً مِثْلَهَا »، قُلْنَا يَا أَبَا هُرَيْرَةَ وَمَا ذَلِكَ الْغِنَاءُ؟ قَالَ: « إِنْ شَاءَ اللَّهُ : التَّسْبِيحُ ، وَالتَّحْمِيدُ ، وَالتَّقْدِيسُ وَثَنَاءٌ عَلَى الرَّبِّ عَزَّ وَجَلَّ » .
Imom Bayhaqiy o‘z sanadi bilan Abu Solihdan rivoyat qiladi:
«Abu Hurayra: «Jannatda uning uzunligicha anhor bor. Uning ikki qirg‘og‘ida bokira qizlar tik turib istiqbol qilgancha xaloyiq eshitadigan eng go‘zal ovozda kuylashadi, hatto jannat ahli bunday lazzatni ko‘rmagan bo‘ladi», dedi. Biz: «Ey Abu Hurayra, u kuy qanday bo‘ladi?» dedik. U: «Inshoolloh, tasbihu hamd, Robbi azza va jallani muqaddaslab yod etish, Unga sano aytish bo‘ladi», dedi».
أخرج الديلمي عن جابر قال: «قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «إذا كان يوم القيامة قال الله: «أين الذين كانوا ينزهون أسماعهم وأبصارهم عن مزامير الشيطان؟ ميزوهم . فيميزون في كثب المسك والعنبر، ثم يقول للملائكة: «أسمعوهم من تسبيحي وتحميدي وتهليلي. قال: «فيسبحون بأصوات لم يسمع السامعون بمثلها قط».
Daylamiy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Qiyomat kuni bo‘lganda Alloh: «Quloqlari va ko‘zlarini shaytonning navolaridan asraganlar qani? Ularni ajratinglar!» deydi. Shunda ular misku anbar tepaligiga ajratiladilar. So‘ngra U Zot farishtalarga: «Ularga Mening tasbehim, hamdim, tahlilimni eshittiringlar», deydi. Ular birov o‘xshashini eshitmagan ovozlarda tasbeh aytishadi».
روى ابن أبي الدنيا في «صفة الجنة» عَنْ شَهْرِ بْنِ حَوْشَبٍ، قَالَ: « إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ يَقُولُ لِلْمَلَائِكَةِ : إِنَّ عِبَادِي كَانُوا يُحِبُّونَ الصَّوْتَ الْحَسَنَ فِي الدُّنْيَا فَيَدَعُونَهُ مِنْ أَجْلِي ، فَأَسْمِعُوا عِبَادِي، فَيَأْخُذُونَ بِأَصْوَاتٍ مِنْ تَهْلِيلٍ وَتَسْبِيحٍ وَتَكْبِيرٍ لَمْ يَسْمَعُوا بِمِثْلِهَا قَطُّ » .
Ibn Abuddunyo «Jannat vasfi»da Shahr ibn Havshabdan rivoyat qiladi:
«Alloh azza va jalla farishtalarga: «Mening bandalarim chiroyli tovushni yaxshi ko‘rishar edi, lekin Men uchun uni tark etishgandi. Endi bandalarimga chiroyli ovoz eshittiringlar», deydi. Shunda ular oldin o‘xshashini eshitmagan eng go‘zal ovozda tahlil, tasbih va takbirlarni eshita boshlashadi».
Demak, jannat ahli eshitadigan ashula behuda so‘zlardan, fahshu tajovuzdan yiroq, kishining qalbiga shodlik ulashadigan shirin so‘zlar yoki tahlilu takbirlar bo‘lar ekan.
To‘rtinchidan, jannatda bor narsa dunyoda mutlaq halol bo‘lib qoladi, degan tushuncha yo‘q. Dunyo taklif yurti, oxirat esa mukofot va jazo joyidir. Masalan, ipak dunyoda erkaklarga harom, ammo jannatda uni kiyishadi. Bunga yuqoridagi va quyidagi hadis ham dalolat qiladi:
أخرج الحكيم الترمذي ، عن أبي موسى الأشعري قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : «من استمع إلى صوت غناء لم يؤذن له أن يسمع الروحانيين في الجنة» . قيل : ومن الروحانيون يا رسول الله؟ قال : «قراء أهل الجنة».
Ulug‘ bobokalonlarimizdan Hakim Termiziy Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim qo‘shiq eshitsa, jannatda ruhoniylarni eshitishiga izn berilmaydi», dedilar. «Ruhoniylar kimlar, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. U zot: «Jannat ahlining qorilari», dedilar».
Kuyni nojoiz degan ulamolar bu yerda qo‘shiq deganda har qanday kuy tushunilishini aytsa, joiz kuylar borligini aytgan olimlar shar’an durust bo‘lmagan kuylar nazarda tutilganini ta’kidlaydilar.
Bu hadisdan ayrim lazzatlardan dunyoda foydalanish oxiratda undan mahrum bo‘lishga olib kelishini ham tushunish mumkin. Masalan, dunyoda tilla taqib, ipak kiygan erkak abadiy hayotda jannatga kirgan taqdirda ham bu ne’matlardan bahralana olmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Shayx Abdulaziz Mansur domlaning so‘zlari aslida kitoblarda bor gaplardan kelib chiqqan. Faqat ularni to‘g‘ri ifoda etish, to‘g‘ri tushuna bilish darkor. Bu yerda ham so‘z va iboralarni yaxshi uqishga harakat qilish kerak. Ilm ahlini bilib‑bilmay inkor qilishga shoshilish xatolarning boshlanishidir.
Bu borada yana bahs olib borish mumkin. Menimcha, shu satrlar mavzuni anglash va ixtilofga barham berishga kifoya qilsa kerak. Yaxshilik bo‘lsa, Allohdan, kamchilik bandalik nuqsonimizdandir.