
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
OMONAT YOXUD ESLATMA!
Yaqinda bir yigit masjidga kelib, ko‘pchilikka bir omonatni yetkazishimni iltimos qildi. Ismi Davronbek ekan. Yoshi taxminan 30 larda. Ko‘zlarida hayrat, qo‘rqinch bor. Juda ham o‘ychan, sokin so‘zlardi. U shunday hikoya qildi:
OMONAT YOXUD ESLATMA!
Yaqinda bir yigit masjidga kelib, ko‘pchilikka bir omonatni yetkazishimni iltimos qildi. Ismi Davronbek ekan. Yoshi taxminan 30 larda. Ko‘zlarida hayrat, qo‘rqinch bor. Juda ham o‘ychan, sokin so‘zlardi. U shunday hikoya qildi:
«Men yoshligimda ibodatda bo‘lmaganman. Keyinroq dinu iymonni tushunib, ibodatga kirdim. Besh mahal namozni o‘qishga harakat qilib kelaman. Yaqinda boshimdan bir holat o‘tdi. Kasalligim yo‘q edi. To‘satdan yuragim ushlab, jonim bo‘g‘zimga tiqilib qoldi. Nima bo‘layotganini tushunmay qoldim. Shu paytda butun hayotim ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Oldin eshitgandimu, parvo qilmagan ekanman, tasavvur ham qila olmasdim, lekin boshimdan o‘tkazgach shubha qolmadi, haqiqatan, uch daqiqa desam ko‘p, bir-ikki daqiqa ichida yoshligimdan tortib oxirgi soatimgacha bo‘lgan hayotim to‘lig‘icha kino lentasi kabi ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Sizlarning masjidingizga kelganlarimni ham ko‘rdim, dilim yorishdi. Qilgan gunohlarimdan juda ham uyaldim, nadomat chekdim. Agar qayta hayot berilsa, umuman boshqacha yashardim, degan hayollar ko‘nglimdan o‘tdi. Men o‘ldim deb o‘ylagandim, nima hikmati bor, Alloh biladi, birozdan keyin qarasam, o‘lmagan ekanman. O‘zimga kelgach, bandaning boshida bor ushbu holatdan boshqalarni ogohlantirish kerakligi ko‘nglimga keldi va buni men emas, biror ahli ilm orqali yetkazish to‘g‘riroq deb bilib, oldingizga keldim», dedi. «Hayotingizdagi asosiy nuqtalarini ko‘rdingizmi yoki barchasinimi?» desam, u: «Har bir daqiqasini desam ham bo‘ladi», dedi. Men: «Nega aynan bizni tanladingiz?» dedim. Shunda u: «Chunki birinchi namozni shu masjidda o‘qigandim, shuning uchun shu yerga kelib aytishni istadim», dedi. Men bolaning rostgo‘yligini aniqlash va holatni batafsil tushunish, tasavvur qilish uchun ancha-muncha savollar berdim va bir muddat suhbatdan so‘ng uning rostgo‘yligiga ishonchim komil bo‘ldi. Shu bois, omonatni sizlarga yetkazishni lozim topdim.
Kishiga o‘limidan oldin hayoti ko‘rsatilish bejiz emas, oxiratdan darakdir. Bu shunchaki tush emas, balki kelajakdan namuna. Bu olamda inson aqli yetmas sir-sinoatlar juda ko‘p. Faqat undan ibrat olish uchun qalb tirik bo‘lishi darkor.
Klinik o‘lim haqida qilingan tadqiqotlarda bunga o‘xshash gaplar ko‘p keltiriladi. Biroq, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘z boshidan o‘tkazgan kishidan bunday hodisalar haqida eshitish o‘zgacha ta’sir qiladi. Bunga o‘xshash hodisalarni qahramonlaridan eshitganlarim yana ancha bor, ularni ham bir kun kelib aytarman.
Ha, azizlar, bu dunyo o‘ta o‘tkinchi, lekin behuda emas, hammasining javobi bor. Har kim o‘z qilmishiga albatta javob berajak. Har kim o‘z imkoniyatidan so‘ralishi aniq. Ishonmaganlar bir kun kelib o‘lganda ishonishi turgan gap, lekin unda kech bo‘ladi.
Bu dunyo butun borlig‘i bilan olganda ham Alloh taoloning mulkida bir zarra. Odam degan maxluq bu zarra ichida ko‘zga ham tashlanmaydigan darajada mayda jonzot. Uning yaxshiligi ham, yomonligi ham Yaratguvchiga hech qanday ta’sir qilmaydi. Allohning mulkida Uning irodasidan tashqari ish yo‘q. Biroq, dunyo imtihonxona va javobgarlik oldinda bo‘lgani uchun bandalarga muhlat beriladi. Ularga ogohlantiruvni to‘kis etish uchun gohida ayrim insonlarga kelajak haqiqatlaridan ba’zilarini ko‘rsatib, ishoralar qiladi. Kim ibrat olsa, o‘ziga yaxshi, olmasa, o‘zidan ko‘rsin, bir kun javobini o‘zi beradi. Ayniqsa, dinu iymon haqida xabar topgan biz kabi asli musulmon bo‘lganlarning mas’uliyati va javobgarligi yana ham og‘irroq.
Fosiqlarning ko‘pligi, solihlarning kamligi sizni chalg‘itib qo‘ymasin, imtihonda muvaffaqiyat qozonuvchilar hamisha kam bo‘ladi. Bir o‘zingiz borasiz, mansabu mol, do‘stu qarindosh hammasi ortda qoladi. O‘zingiz uchun yashab qoling!
Yetkazdimmi? Alloh, O‘zing guvoh bo‘l! Buni boshqalarga yetkazishda ko‘maklashganlarni ham O‘zing yorlaqagin!