
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HAQIQAT HAQDAN DARAK
Bashariyat hayotiga nazar solsangiz, inson qalbi doimo haqiqatni izlaydi. U doim haqqa intiladi, haqni suyadi, yolg‘onni yomon ko‘radi. E’tibor bering, qalb shunday bo‘ladi.
HAQIQAT HAQDAN DARAK
Bashariyat hayotiga nazar solsangiz, inson qalbi doimo haqiqatni izlaydi. U doim haqqa intiladi, haqni suyadi, yolg‘onni yomon ko‘radi. E’tibor bering, qalb shunday bo‘ladi.
Dunyo tarixiga va buguniga nazar solsangiz, hamisha oxir oqibat haqiqat g‘olib bo‘lganiga guvoh bo‘lasiz. Yolg‘on qancha gupirmasin, zulm qanchalar qutirmasin, bir kun yo‘qqa chiqib, oqibatda rostgo‘ylik va adolat yutib chiqaveradi. Shuning uchun ham xalqimiz «Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi», deb aytadi.
Qanchadan‑qancha yolg‘onchi tuzumlar o‘z qabohatlarini haspo‘slash uchun shaytonning xayoliga kelmagan hiylalarni qilishdi. Xudosizlar xalqlarning aqlini egallash uchun ming xil nayrang, zulmu sitamlar etishdi. Ular qilgan qirg‘in va qatag‘onlarning o‘xshashini bashariyat boshqa ko‘rmagan. Biroq ko‘p o‘tmay yolg‘onlari fosh bo‘lib, o‘zlari tarix qa’riga quladi, yana haq g‘olib bo‘ldi.
Bugun Yaqin Sharqda kechayotgan hodisalar fonida mazkur haqiqat yana bir bor o‘z tasdiqini topdi. Dunyoning yirik kuchlari qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolgan matbuot har qancha qichqirmasin, haqiqat sasi qarshisida yo‘qqa chiqib qolmoqda. Yolg‘on to‘zoni dengiz suvini qancha bulg‘amasin, haqiqat bulog‘idan sizib chiqqan zilol suv yaltiragancha namoyon bo‘lib, loyqa suvni asta surib chiqarmoqda.
Necha yildirki, G‘arb va unga tobe matbuotlar odamlar miyasini yuvib, rostni yolg‘on, yolg‘onni rost qilib ko‘rsatib, musulmonlarni yomonotliq qilib, insonlarning tafakkurini bulg‘ab kelayotgan edi. Oqil kishilar buni yaxshi fahmlab turgan bo‘lsa‑da, birorta ham yaroqli xolis manba bo‘lmagani uchun omma aldanib qolayotgandi. Bugun minglagan yollanma matbuotlar qarshisida atiga 3‑4 ta muqobil manba paydo bo‘lib, voqelikni biroz aniqroq yoritishni boshlagan edi, anavi tumonat xabarchilarning so‘ziga birov ishonmay qo‘ydi. Haqning qarshisida dunyoning manaman degan davlatlari, matbuotlari, so‘zchilari ojiz qolmoqda.
Bu nimani anglatadi? Demak, dunyoda barcha kuchlardan ustun boshqa bir iroda bor. U faqat haq tarafida va hamisha uni g‘olib qiladi. Biroq buni yolg‘on ko‘zini pardalaganlar ko‘ra olmaydi.
Yolg‘on ham, rost ham xabar. Biroq qalb yolg‘ondan nafrat qiladi, unga ergashmaydi, doim rostga moyil bo‘ladi. Nega? Chunki bu olamni va unda basharni yaratgan Zot haqdir, haqni ustun qilishni iroda etgan. Oqibat taqvodorlarniki, yerga solih bandalar voris bo‘lishi ilohiy qonunda bitib qo‘yilgan. Alloh O‘z ishida g‘olibdir, lekin ko‘p odamlar bilishmaydi.
Tarix osha dunyoda yolg‘on past, hamisha haq g‘olib bo‘lib kelishi aqlli kishi uchun iymon keltirishga turtki bo‘larli mo‘jizalardan sanaladi. Bo‘lmasa, yolg‘onga sarf qilingan buncha harakatu xarajatlardan keyin haqiqat so‘zi bashariyatga allaqachon begona bo‘lib ketishi kerak edi. Biroq doimo rost g‘olib bo‘lib, uning sha’ni yanada ortib boraveradi.
Alloh taolo dunyoni imtihon xonasi qilish uchun unda yolg‘onga imkon berib qo‘ygan, toki kim haq taraf, kim yolg‘on taraf, aniq bo‘lsin, keyin da’vo qila olmasin. Ana o‘sha vaqtincha yolg‘on insonlarni saralab beradi, ularning qalblari amalga ko‘chishini ta’minlab beradi. Haq kelgach esa yolg‘on xuddi to‘zon kabi havoga uchib ketadi.
Haqning yana bir xususiyati shuki, u birovlarning ko‘magiga muhtoj emas, har dam o‘z oyog‘ida turaveradi. Botil esa tirgaksiz bir kun ham yashay olmaydi.
Haqiqatni bezash, tanitish, targ‘ib qilish, e’lon etish shart emas, uning turishi o‘zi quvvat, go‘zallik va dovrug‘dir. Uni tirik qalb, uyg‘oq vijdon darhol taniydi. Yolg‘on bulutlari uni ko‘zlardan to‘sishga har chand urinmasin, haqning quyoshi porlagan zamon botil yo‘q bo‘lib, yana hamma haq tomon talpinaveradi.
Hozirda dunyoning bir chekkasida kechayotgan hodisalarning butun insoniyat e’tiborini o‘ziga tortishi ham aynan haqiqat bo‘lganidandir. Bugun dunyo yolg‘onga to‘lib‑toshganidan insonlar haqiqatga shunchalar tashna bo‘lib ketibdiki, birov ozgina to‘g‘ri so‘z aytsa, behos hamma unga intilmoqda. Mana shuning o‘zi ham bu olamni yaratgan Zot borligini va Uning irodasi barcha xohishlardandan g‘olib eknini ko‘rsatadi. Baxt esa dunyoda haqni topish va haq tarafida bo‘lishdir.
Ulamolar aytadilarki, kim yolg‘onni g‘olib bo‘ladi deb ishonsa, u Alloh taolo haqida yomon gumon qilgan bo‘ladi. Bu esa iymonga xatardir. Zotan Alloh O‘zi yaratgan bu ko‘hna dunyoda hamisha haqni g‘olib qilishni bitib qo‘ygan va bu Uning biru borligini anglatuvchi belgilardan biri hisoblanadi. Zotan, haq Haqdan darakdir.