
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TARIX OMONATDIR (6-QISM)
Ming yil oldin o‘tgan olimlardan namunalar tanlanar ekan, maqsad hosil bo‘lishi uchun ularning jahonda taniqliligi, asarlarini topish imkoniyati bo‘lishi va boshqa jihatlari e’tiborga olingan. Shu bilan birga, o‘zi dindor bo‘lsa ham diniy ilm bilan tanilmagan bo‘lishi albatta nazarda tutilgan. Chunki ta’rifda ularni dinsizlashtirish imkoni topilishi kerak edi.
TARIX OMONATDIR (6-QISM)
- Baxtiyor ruslar bizga ulamolarimizni tanitganini iddao qilibdi. To‘g‘ri, uning gapida ham jon bor. Xalqimiz qo‘lidagi bor kitoblarni tortib olib, yoqib tashlab, olimlarni qatag‘on qilib, qolgan‑qutgan asarlarni bir joyga jamlab, ularni o‘rganishni ham istagancha cheklab qo‘yib, keyin ilmsiz xalqqa uch‑to‘rtta olimimizni o‘sha bolsheviklar tanitgan. Biroq, bu tanitishda aslida o‘zbek xalqiga yaxshilik qilish emas, boshqa siyosiy maqsadlar nazarda tutilgani sir emas. Ammo ma’rifatparvar kishilarimiz odatdagidek bu imkoniyatdan unumli foydalanib, ayrim yaxshi natijalarga erishishgan. Shunda ham tanlab berilgan uch‑to‘rtta olimnigina tanita olishgan va salla kiygan ulamolarimizni sal kam komunist qilib tavsilashga majbur bo‘lishgan. Ba’zilarini «koshki taninitshimaganda edi», deydigan qilib ta’riflashgan. Mana, hali hanuz o‘sha noto‘g‘ri tasvirlar xalqimiz ongini va bitiklarini tark etgani yo‘q.
Baxtiyor bolsheviklar o‘zbek xalqi uchun tanitiladigan ulamolarni tanlashdan oldin ularni obdon o‘rganganlarini aytibdi. Bu to‘g‘ri fikr. Biroq, u bu tanlovda olimlarning din bilan ziddiyati e’tiborga olinganiga ishora qilibdi. Aslida unday emas, biroz boshqacharoq.
Ming yil oldin o‘tgan olimlardan namunalar tanlanar ekan, maqsad hosil bo‘lishi uchun ularning jahonda taniqliligi, asarlarini topish imkoniyati bo‘lishi va boshqa jihatlari e’tiborga olingan. Shu bilan birga, o‘zi dindor bo‘lsa ham diniy ilm bilan tanilmagan bo‘lishi albatta nazarda tutilgan. Chunki ta’rifda ularni dinsizlashtirish imkoni topilishi kerak edi.
- Ko‘pchilik nomusulmon taqdqiqotchilar va tarixchilar Islom ulamolari, jumladan, imom G‘azzoliyning ayrim faylasuflarni kofirga chiqarganini aytish bilan Ibn Sino, Beruniy, Forobiy va boshqa mutafakkirlarni musulmonlardan ajratib olishga uringan. Bu ham g‘arbcha yondashuv bo‘lib, musulmon jamiyati voqeligini yaxshi anglamagandan kelib chiqqan.
Aslini olganda birovni ma’lum bir masala tufayli kufrga ketdi deyish boshqa masala, uning kofir siymosida yashashi umuman boshqa holat. Shuningdek, zohirda kufrni anglatsa‑da, ta’vili bo‘lgani uchun uni kufr emas, bid’at deb ta’rif etish ham bor. Shu bilan birga, kimdir kufr deb bilgan tushunchani boshqalar qabul qilmagan bo‘lishi ham mumkin. Bu kabi nozik nuqtalarni ko‘pchilik farqlamay qoladi va keyin muammo kelib chiqadi.
Dindagi biror qat’iy xabarni noqasd inkor qilgan kishiga kufr nisbat berilishi uning barcha din amallarini inkor qilganini, rostmana kofirdek hayot kechirganini anglatmaydi. U o‘zi Islomni o‘rganib, yaxshi ko‘rib, unga qo‘lidan kelgancha amal qilib yurgan bo‘lishi mumkin. Biroq, ma’lum masaladagi noto‘g‘ri tushunchasi uni kufrga olib ketgan bo‘ladi. Ayrim noxolis yoki bilimsiz tadqiqotchilar esa qasdu noqasd bu farqni tushunmay, bir umr masjidga qatnab, ibodatda o‘tgan olimlarni bira to‘la o‘zlariga o‘xshash kofir deb tavsiflashga urinishadi.
Umuman olganda, biror olimni kimdir falon gapi uchun kofir bo‘ldi, deganda uning kofirlardek hayot kechirgani tushunilmaydi. Chunki ba’zan kufrga chiqarishda haddan oshishlar ham bo‘lgan. Imom G‘azzoliy o‘sha paytlarda ash’ariylarga zarracha xilof qilganlarni kofirga chiqarganlar ham paydo bo‘lganini aytib, ularni qattiq tanqid qiladi va ushbu mavzuda «Faysalut‑tafriqa baynal‑Islami vaz‑zandaqa» degan alohida risola yozib, kufrga chiqarishning qaydlarini bayon etadi. Bu borada juda ham ehtiyotkorlik lozimligini ta’kidlaydi. Jumladan, Alloh va Rasuliga hamda qiyomatga inongan kishini, ahli qiblani kofirga chiqarish nojoizligini urg‘ulaydi. Bu kitob bugungi haddan oshgan takfirchi toifalarga raddiya sifatida ham juda muhim.
Masalani yana ham oydinlatish uchun bir misol aytsam. Ibn Taymiya rahmatullohi alayhning Islom ilmlarida yozgan asarlari, musulmonchiligi, dindorligi hammaga ma’lum. Biroq, ayrim qarashlarda faylasuflarning fikrlariga ergashgani uchun u kishini ham o‘sha e’tiqodi uchun kofirga chiqarganlar bo‘lgan. To‘g‘ri, bu gapni boshqalar qabul qilmay, u kishining olam qadimligi haqidagi so‘zlarini ta’vil qilishga uringan. Gap shundaki, Ibn Taymiyani kufrga ketganlikda ayblashlaridan u kishini dindan chiqqan yoki dinga zid bo‘lgan fikrdagi kishi deb qaralmaydi.
Faylasuflarning ba’zi bir fikrlari kufr bo‘lishi haqidagi fatvolar, iboralar ham shunga o‘xshash bo‘lgan, ularni bira to‘la kofir bo‘lib, dindan qaytgan murtad kishilarga aylanganini bildirmagan. Bu ilmiy doiradagi bir ilmiy bahs sifatida ko‘rilgan. Shuning uchun mazkur olimlar o‘z davrida qoziliklar hukm surgan musulmon jamiyatida erkin, bemalol faoliyat yurita olganlar, asarlar yozib, munozalar olib borganlar. Birov ularni dindan qaytganlikda ayblab o‘limga hukm qilmagan. Bil’aks, borliklarida ham, o‘lganlaridan keyin ham ularning kitoblari o‘rganilgan, tadqiq etilgan. Biroq, qalbida Islomga nisbatan adovati bor ayrim kimsalar musulmon jamiyati tarixidagi mazkur vaziyatdan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanib, uni Islom bilan fan olimlari o‘rtasidagi ziddiyatga aylantirib, ularning o‘rtalariga to‘siq qo‘yshga uringan.
Ibn Sino o‘zini kofirga chiqargan kishilarning so‘zini inkor qilar ekan, shu mazmunda forsiy rubo’iy bitadi. Undan Ibn Sinoga nisbat berilgan ayrim gaplar zamona fitnasi, tushunmovchilik bo‘lganini anglash mumkin:
کفر چو منی گزاف، آسان نبود
محکم تر از ایمان من ایمان نبود
در دهر چو من یکی و آن هم کافر
پس در همه دهر یک مسلمان نبود
Bu to‘rtlikni ustoz Erkin Vohidov ajoyib shaklda o‘zbek tiliga tarjima qilgan:
Mening kufrim ayblarga dilimdan o‘zga sulton yo‘q,
Bu olamda mening pokiza imonimdek imon yo‘q.
Jahon ahli aro tanho musulmon men edim, ey voh,
Agar kofir esam men ham, bu dunyoda musulmon yo‘q.
Tafakkur qilinsa, ushbu satrlar ham yuqorida aytilgan fikrlarni yana bir bor qo‘llab‑quvvatlaydi. Zotan, Ibn Sino hamisha masjidda namoz o‘qib, faqihlar libosi yurib, Qur’on xatm qilib o‘tgan.
Inson tabiatiga xos holatlardan biri shuki, ayb ishga odatlanganida e’tiborli kishilarni ham o‘z guruhiga qo‘shish orqali o‘zini biroz oqlashga urinadi. Mana shu xossadan kelib chiqib, ba’zi bir shahvatparastlar tasavvuf shoirlarining ilohiy ishqini o‘zining shahvoniy hirsiga, ayrim aroqxo‘rlar majoziy mayni mast qiluvchi ichimlikka yo‘yishga intilishadi. Musulmon mutafakkirlarni diyonatsiz, diniy e’tiqodlarga qarshi qilishga bo‘lgan harakatlarda ham ayni shu insoniy omil yaqqol seziladi.
- Tarixiy hodisalarga bugungi sharoit nazari bilan emas, o‘sha davr ko‘zi bilan boqish lozim. Afsuski, ko‘pchilik buni unutib qo‘yadi va umuman boshqa bir sharoitda o‘tgan tarixiy hodisalarga o‘zi yashab turgan muhit ta’sirida munosabat bildirishga o‘tadi. Bu holatda tarix borasida to‘g‘ri xulosa chiqarish imkonsiz.
- Islom olamiga Yunon, Fors, Hind falsafalari kirib kelgach, ular xususida keng bahs‑munozaralar borgan. O‘sha paytlarda haqiqatan fikr erkinligi, ilmiy bahslar qizg‘in kechishi juda ham yuqori saviyada bo‘lgan. Islom dini barcha ilmlarga ochiq bo‘lib, ular bilan erkin bahsga kirishgani bor haqiqat. Tarixni o‘rgansangiz, shunga amin bo‘lasizki, bir qator buzuq aqiyda egalari boshqa joylarni qo‘ying, Ka’baning yonida o‘tirib o‘z fikrlarini tarqata olgan, asarlaridan ta’lim bergan, bahslar olib borgan. Aqidaviy‑falsafiy munozaralar shunchalar keng yoyilganki, hatto Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh tavallud topgan qishloqning nomi kalom ahlining bahs‑munozarada «Mo turid?» ‒ «Nima demoqchisan?» degan gapidan kelib chiqqan, degan qarashlar bor. Xullas, musulmon jamiyatlar oldinda haqiqatan juda ham faol, uyg‘oq va jo‘shqin bo‘lgan.
Baxtiyor u davrlarda so‘z‑fikr erkinligi, e’tiqod erkinligi bugungiga nisbatan ancha yuqori bo‘lganini to‘g‘ri ta’kidlagan. Biroq, keyinroq bu erkinlikning topilmasligini faqatgina siyosiy yoki diniy‑ijtimoiy bosimga bog‘lashi xato bo‘lgan.
Aslini olganda imom Moturidiy, imom Ash’ariy, imom Nasafiy, imom G‘azzoliy kabi kalom ilmi ulamolari aqliy ilmlar asosida mantiqiy qoidalar bilan Islom e’tiqodini, falsafasini tushuntirish orqali boshqa fikriy qarashlarga barham bergan. Boshqacha qilib aytganda, boshqa falsafalar Islom aqidasi qarshisida mag‘lub bo‘lgan. Endi ularni cho‘zib yurishga hojat qolmagan. O‘rganildi, bahs qilindi, javobi berildi, endi yana nega ularni ko‘tarib odamlarni chalg‘itish kerak, nega xatolar takrorlanaverishi kerak, degan xulosaga kelingan.
Ilmlar tarixini o‘rgangan odam biladiki, har bir ilmning kelib chiqish, avj olish va tinish davrlari bo‘ladi. Falsafiy ilmlar ham ana o‘sha bosqichlarni boshdan o‘tkazgan. Buni to‘g‘ri fahmlash darkor.
Hadis yoki fiqh ilmi borasida oldinda bo‘lgan ilmiy harakatlar keyin takrorlanmagan. Nega? Ilm bo‘g‘ilgani uchunmi? Yo‘q, masalalar hal, maqsad hosil bo‘lgan, endi oldingidek urinishlarga hojat qolmagan.
Qolaversa, olimlar tarafidan befoyda tortishuvlardan ko‘ra foydali ilmlar bilan band bo‘lish chaqiriqlari yangrab, odamlar falsafiy ilmlarga uncha qiziqmay qo‘ygan. Omma o‘rtasida bu mavzularni oldingidek haqni istab emas, boshqa maqsadlarda ko‘tarib chiqish kuzatilganda peshvolar ularga qarshilik qilgan. Shunda ham bu ilmlarning mutxassislar tarafidan o‘rganilishi keyingi davlarda ham davom etavergan. Hozirda ham butun Islom olamida musulmon faylasuflarning asarlari o‘rganiladi, tadqiq qilinadi. Bunga hech qanday ta’qiq yoki e’tiroz yo‘q. Shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayhning «Aqiyda matnlari» nomli asarini o‘qisangiz, so‘zimga misollar topasiz. Biroq, ayni paytda bizda bu borada izlanishlar juda ham sustligi bor haqiqatdir.