
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
IBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!
Demak, shaytonni shayton qilgan narsa haqiqatni anglashda o‘zini Alloh taolodon ustun qo‘yib, Allohni adolatsizlikda, zulmda ayblashi bo‘ldi.
IBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!
Oldingi postda Iblisning asosiy aybi qaysi nuqtada bo‘lgani haqida savol qo‘ygan edim. Men kutgan javobni Habibulloh domlamiz dalillari bilan keltiribdilar. U ham bo‘lsa, Imom Qarofiyning so‘zlari: «Iblis Allohni adolatsizlikda, zulmda ayblagan edi».
Bunga yana bir mulohazani ham ilova qilish mumkin: u haqiqatni bilishda Allohdan o‘zini bilimdon ko‘rgan edi.
Demak, shaytonni shayton qilgan narsa haqiqatni anglashda o‘zini Alloh taolodon ustun qo‘yib, Allohni adolatsizlikda, zulmda ayblashi bo‘ldi.
Bu yerda yana bir jihat bor. Iblis osiylik qilib amaliy gunoh qilishdan tashqari e’tiqodda, qalbda ham isyon ko‘targan edi: Alloh haqida yomon gumon qilib, Uning hukmini adolatsizlik deb o‘ylagandi.
Odam va Havvo ham itoatsizlik qildi, biroq ularning gunohlari Alloh taologa qarshi yurish, U haqda yomon gumon qilish, Uni ayblash kabi qalbiy illatlar bilan dastaklangan emasdi. Shu bois, ularning tavbasi ham oson va maqbul bo‘ldi.
Tananing gunohi bo‘lmish amaldagi gunohdan ko‘ra qalbning gunohi og‘ir, chunki u ruhning gunohidir. Iblisning gunohi qalbniki, Odam va Havvoning gunohi tananiki edi.
Inson tanasi o‘zi loydan bo‘lgan, u o‘zi past narsa, ammo ruh Allohning huzuridan berilgandir, uni buzish, u bilan gunohga botish nihoyatda xatarli va bandaning baxtsizligidan darakdir.
Yana bir xatar shundaki, tananing gunohini aniqlash oson, ammo qalbning gunohini kishi o‘zi ham payqamay qolishi mumkin.
Qalb agar to‘g‘ri tursa, tana bir kun baribir shunga yuradi. Ammo qalb buzilsa, balchiqdan bo‘lgan bu tana yanada razolatga botadi.
Alloh taologa itoatsizlik qilish bilan U haqda yomon gumon qilishning farqini hayotiy misol bilan ham tushuntirish mumkin. Masalan, sizni bir musht paytingizdan ulg‘aytirib, hamisha sizga yaxshilik istab kelgan, sizni o‘ssin deb borlig‘ini sizga fido qilgan dono otangiz bir ish buyurganda dangasilkdan yoki qandaydir o‘z manfaatingiz yuzasidan uning buyrug‘ini qilmaslingiz boshqa masala, uni sizga yomonlik istagandlikda, adolatsizlikda ayblab uning so‘ziga ters bo‘lishingiz umuman boshqa masala, juda katta xatodir. Xuddi shu kabi Alloh taologa ibodat-itoat qilishda ojizlik, osiylik boshqa, Unga nisbatan zulm, nohaqlik gumonida bo‘lish boshqa bir hodisadir. Mana shu haqiqatni tushunib yetish dakror.
Xulosa:
Banda nafsu xohishlari qutqusida gunoh qilib qo‘yishi, xato qilishi, osiylik etishi mumkin. Keyin u bunda o‘zini aybdor bilib, tavba qilsa, Alloh uni kechiraveradi. Hatto hadislarda aytiladiki, bandaning umuman gunoh qilmaganidan ko‘ra, ba’zan toyilib gunoh qilib qo‘yib, keyin tavba qilishi Alloh taologa manzurroqdir.
Biroq, banda Alloh taoloni hukmda adolatsizlik va bilimsizlikda ayblasa, bu o‘ta xatarlidir, kishini iymondan ayiradi va shaytonning jamoasiga kiritadi.
Alloh taoloning aytganini qila olmsangiz ham, qilma deganini qilib qo‘ysangiz ham, hargiz Uning hukmini adolatsizlikka yo‘ymang, Uni haqiqatga zid deb bilmang. Nafsingizga yoqmasa ham, nazdingizda zamonga yoki didingizga tushmagandek ko‘rinsa ham, qalbingiz Alloh taoloning hukmiga rozi tursin, Uning har bir ishi hikmatli ekanini unutmang. Iymon shu, bandalik taqozosi shu.
Insonni yo‘qdan bor qilgan, uni erkagu ayol qilib, har biriga o‘ziga xos xususiyatlar bergan, bashariyatning qiyomatgacha va oxiratdagi hayotini ham oldindan bilgan Zotdan ko‘ra siz bilimli bo‘lishingiz mumkinmi?
Har bir insonning ko‘zi, qulog‘i, ovozi, barmoq chizgilari, hatto badanidagi tukini ham betakror yaratayotgan Alloh uning hayotda qanday saodat topishini bilmay qoladimi?
Inson uchun mana shunday go‘zal olamni yaratib, dunyoni unga mehmonxona qilib, uning uchun barcha qulayliklarni, nozu ne’matlarni yaratib qo‘ygan Zot uning zarariga hukm chiqarishi mumkinmi?
Odam bolalari farovon hayot kechirishi uchun dunyoning suvu havosini ham, hayvonotu nabototini ham, xilma-xil boyliklarini ham o‘ta nozik o‘lchov asosida yaratib qo‘ygan Alloh ularga bergan ta’limotlarida yanglishishi mumkinmi?
Yo‘q, aslo! Alloh barcha narsani nozik nuqtlarigacha bilguvchi va har bir hukmida adolatli Zotdir.
Banda insof qilishi, fikr yuritishi, mehribon Parvardigorining so‘zini tutishi lozim. Aks holda, faqat o‘zi zarar ko‘radi, Alloh esa olamlardan behojatdir.
Ulamolarimiz aytadilarki, banda ikki narsaga rozi bo‘lsa, saodat topadi: Allohning taqdiriga va uning shariatiga. Ishoning, nafaqat oxirat, balki dunyoning baxtu saodati ham shunda. Buning ziddi shaytonning yo‘lidir, u esa ochiq dushmandir, shunday ekan, uning ishini takrorlovchi bo‘lmang!