
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
SABABLAR KESILGANDA...
Hoy mo‘minlar! Sabablar kesilsa, bilingki, Robbingiz barcha narsadan umidni uzib yolg‘iz O‘zidan so‘rashingizni iroda qilibdi. Siz bunga ijobat keltiring!
SABABLAR KESILGANDA...
Alloh taolo dunyo ishlarini sabablarga bog‘lab qo‘ygan. Ularni ishga solishda mo‘minu kofir bir xilda harakat qilishi kerak. Biroq Alloh taolo bandalarga sabablar O‘zining qo‘lida ekanini uqtirish uchun, imtihon uchun va mo‘minlarni sayqallab, chin iymonga yetishtirish uchun ba’zan sabablarni yo‘qqa chiqarib qo‘yadi. Kofir bundan umidsizlikka tushadi, mo‘minning esa ana shunda umidi ortadi, butun vujudi bilan Robbisiga yukunadi. Imom Ahmad: «Uyimda bir burda ham non qolmaganda xursand bo‘lib ketardim, chunki ana o‘shanda hech qayoqqa boqmay rizqni butun qalbu shuurim bilan Allohdan tilashga tushardim», deb bejiz aytmaganlar.
Hoy mo‘minlar! Sabablar kesilsa, bilingki, Robbingiz barcha narsadan umidni uzib yolg‘iz O‘zidan so‘rashingizni iroda qilibdi. Siz bunga ijobat keltiring!
Sabablardan ojiz bo‘ldingizmi, hech ikkilanmay, noumid bo‘lmay, Alloh taoloning O‘ziga yukuning, barchasini Uning O‘zidan so‘rang, U albatta ijobat qiladi va Uni ojiz qoldirguvchi yo‘q. Qanday, nima yo‘l bilan bo‘lishini o‘ylamang, hech bir maxluqni o‘rtaga qo‘shmang, faqat O‘zidan so‘rang, albatta kushoyish ko‘rasiz! Zotan, U yaratgan dunyoda Uning iznisiz hech bir ish bo‘lmas.