Hasanayn.uz

Maqolalar

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIRMaqolaAG‘YOR ‒ IXLOSNING KUSHANDASIDIRMaqolaHAQIQAT HAQDAN DARAKMaqolaINKORGA SHOSHILMANG!MaqolaMUNOSABATMaqolaYOLG‘ONCHILIK ILLATIMaqolaDINI YO‘QNING VAFOSI YO‘QMaqolaINSON MA’NAVIYATGA HAMISHA MUHTOJ QOLAJAKMaqolaBAYROQ – BIRLIK VA VATAN RAMZIDIRMaqolaUZR, EY ABU JAHL!MaqolaVAFO IYMONDANDIRMaqolaTUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLARMaqolaNAFS VA SHAYTONMaqolaSIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?MaqolaMEZON BUZILMASINMaqolaTARIX O‘ZINI TAKRORLAYDIMaqolaQISSADAN HISSAMaqolaZULM – ZULMATDIRMaqolaO‘ZINGNIKI BO‘LISHIGA NIMA YETSIN?!MaqolaHOZIR DUO SOATIDIRMaqolaMA’UNAT SO‘NGI NUQTADA BO‘LADIMaqolaDUOLAR NEGA IJOBAT BO‘LMAYAPTI?MaqolaBIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?MaqolaTILGA E’TIBOR ‒ ELGA MADORMaqolaDUNYONING BUGUNGI YUZIMaqolaVATAN HAQIDAMaqolaMO‘MINNING BIRINCHI QUROLI HAM, OXIRGI QUROLI HAM DUODIRMaqolaILM VA DINNING MILLATI BO‘LMAYDIMaqolaSABABLAR KESILGANDA...MaqolaO‘ZLIKNI ASRASHDA MUMTOZ ADABIYATIMIZ MUHIM O‘RIN TUTADIMaqolaIBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!MaqolaISLOH HAM, AKSI HAM O‘ZIMIZDAN BOSHLANADIMaqolaOMONAT YOXUD ESLATMA!MaqolaTA’LIM HAQIDA MULOHAZALARMaqolaTARIX OMONATDIR (4-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (5-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (6-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (3-QISM)MaqolaILMNI QADRLASH TARAQQIYOT BOISIDIRMaqolaTARIX OMONATDIR (2-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (1-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (7-QISM)MaqolaTIL G‘AMIDAMaqolaALLOH NIMANI IRODA QILSA, YAXSHILIK O‘SHANDADIRMaqolaQUYOSH BILAN BIROVNING ISHI YO‘Q, OYNI ESA TINCH QO‘YISHMAYDIMaqolaFOSIQ XABAR AYTSA, TEKSHIRISHNI UNUTMANGMaqolaISLOHOTMaqolaO‘ZLIKMaqolaGAZMaqolaYASHIL GUMBAZ VA UNDAGI TUYNUKMaqolaILM AHLIGINA «BARHAYOT», QOLGANLAR «O‘LGANLARDIR»MaqolaSOVUQ ‒ SABR ‒ SAVOBMaqolaMINBAR ISSIQMI?MaqolaVATAN HIMOYASI MUBORAK!MaqolaRUVAYBIZALAR ZAMONIMaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaYO‘QOLGAN NARSANI TOPISHDA O‘QILADIGAN DUO VA ZIKRLARMaqolaO‘G‘RINI MENGA ALLOH SO‘ZLATDIMaqolaVOQE’IY HAQIQATMaqolaOTASINING QIZIMaqolaSHAYX ABDULAZIZ IBN ABDULFATTOH QORI SAUDIYADADAGI VATANDOSHLARNING YIRIK ULAMOLARIDAN EDIMaqolaBU TUN...MaqolaMILLIY LIBOS NAMUNASIMaqolaMAVLID OYINI QANDAY O‘TKAZAMIZ?MaqolaILMINI BILMAY GAPIRMANG VA FITNADAN HAZIR BO‘LING!MaqolaLIBOSNING AHAMIYATI HAQIDA O‘YLARMaqola«YERDAGI HUKMDOR YUKINSA, SAMODAGI HUKMDOR RAHM QILGAY!»MaqolaZIYORAT ODOBLARIMaqolaHOJI ZIYORATI QANDAY AMAL?MaqolaHOJI TO‘YI QILISh SHARIATDA BORMI?MaqolaHOJINI KUTIB OLISH SHARIATDA BORMI?MaqolaYURTGA QAYTGAN HOJILARGA TAVSIYAMaqolaESLATMAMaqola«BERDI»SINI HAM ESHITING! (2-QISM)MaqolaAJOYIB MEHMONDO‘STLIKMaqola«BERDI»SINI HAM ESHITING! (1-QISM)MaqolaFITNA QOTILLIKDAN YOMONMaqolaASL VA FAR’
Ro‘yxatga qaytish

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

TA’LIM HAQIDA MULOHAZALAR

Ochig‘ini aytganda, bizdagi ta’lim tizimida zamon bilan hamnafaslik yetishmayotgandek. Jarayonni qattiq nazorat qilamiz, ammo natijaga bo‘sh qaraymiz, davomatga mahkam turib, imtihonda ko‘ngilchanlik qilamiz. Necha yillardan beri bor e’tiborni asosan shaklga, formaga qaratdik, ma’noni, bilimni unutdik. O‘qituvchilardan shikoyat qildigu, ularning holidan yetarlicha xabar olmadik va hokazo...


TA’LIM HAQIDA MULOHAZALAR

Bir necha kun oldin Muftiy Nuriddin domlamiz abuturentlarning 50% chalasavodligi kulfat bo‘lganini va hadeb bo‘lar‑bo‘lmasga tortishish o‘rniga mana shu haqda qayg‘urimishiz kerakligini ta’kidladilar. Juda ham to‘g‘ri gap. Bu holat chindan ham tashvishli, millatning tanazzuli hisoblanadi. Agar imtihonda muvaffaqiyat qozonganlarning aksari qo‘shimcha pul to‘lab repetitorda yoki xususiy maktablarda o‘qiganlar ekani e’tiborga olinsa, davlat maktablaridagi ta’lim qay ahvolga kelganini yanada ravshan bo‘ladi. Bu holni men anchadan beri maktab o‘quvchilarining ko‘zlaridan va so‘zlaridan payqab kelaman. Menimcha, bu muammolarning asosiy sababi ta’lim tizimining o‘zida, boshqa narsada emas.

Ochig‘ini aytganda, bizdagi ta’lim tizimida zamon bilan hamnafaslik yetishmayotgandek. Jarayonni qattiq nazorat qilamiz, ammo natijaga bo‘sh qaraymiz, davomatga mahkam turib, imtihonda ko‘ngilchanlik qilamiz. Necha yillardan beri bor e’tiborni asosan shaklga, formaga qaratdik, ma’noni, bilimni unutdik. O‘qituvchilardan shikoyat qildigu, ularning holidan yetarlicha xabar olmadik va hokazo...

Tan olish kerak, mamlakatimizda ta’lim masalasi hamisha davlat siyosati darajasida ko‘rib kelingan. Ayniqsa oxirgi yillarda ta’limni isloh qilish borasida hukumatimiz tarafidan ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, bu borada qilishmiz kerak bo‘lgan ishlar shunchalar qalashgan ekanki, parvoz uchun hali yana ancha ter to‘kishga to‘g‘ri kelmoqda. Muhimi ‒ muammoni his qilib, kamchiliklarni tan olib, taraqqiyot sari qadam tashlanmoqda. Ajab emas, yaqin yillarda ko‘zlagan marralarga yuksaklsak.

Ta’lim izdan chiqishini ko‘pchilik kichik sabablar, tashqi ta’sirlarga bog‘lashga urinadi. Aslida agar tizim kuchli bo‘lsa, mayda omillar ta’limga aytarli ta’sir ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun ta’limdagi muammoni boshqa joylardan emas, avvalo ta’limning o‘zidan qidirish darkor. Bu borada yurtning har bir vakili o‘z imkoniyati darajasida jon kuydirishi kerak. Men ham shu ma’noda ta’lim borasida o‘zimning ayrim fikrlarimni sizlar bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim. Yaxshilik bo‘lsa, Allohdan, kamchiliklar bandalik nuqsonidandir.

  1. Har bir ishda adolat va halollik ustuvor bo‘lishi kerak. Ta’lim qanchalar kuchli bo‘lmasin, agar adolat va halollik topilmasa, hech bir ishda yaxshilik va baraka bo‘lmaydi. Adolat bo‘lsa, nomusulmon ham yaxshi natijaga erishaveradi. Ta’limda adolatsizlikni ko‘rgan o‘quvchi hech qachon ilmni sevmaydi, unga intilmaydi. Ta’limdagi haqsizlik, nopoklik tolibni bir umrga ruhan majruh qilishi hech gap emas.

Bolaga haqiqatlarni o‘rgatishi kerak bo‘lgan ta’lim tanish‑bilishchilik, mol‑pul bilan bulg‘ansa, avlodlardan nima kutish mumkin? Oynaijahonda ayrim maktablardagi sharoitlarni ko‘rib, ularda yaxshi ilm berilayotgani haqida maqtovlar eshitsa‑yu, o‘z maktabida bu holatni topmasa, buni adolatsizlik deb bilgan o‘quvchining ilmga bo‘lgan qiziqishi qoladimi?! Mamlakatdagi barcha fuqarolarning farzandlari yaxshi sharoitda, yuqori saviyada ilm olishga haqli va bunda ular tenghuqulidir. Biz mana shuni ta’minlashga ham e’tibor berishimiz lozim.

Har qancha salohiyatga ega bo‘lmasin, falonchilarning bolalariga tenglasha olmasa yoki kimnidir ilmsiz ham maktabda ilg‘orlab ketayotganini ko‘rsa, bolada ilmga bo‘lgan ishonch yer bilan yakson bo‘lishi turgan gap. Tolibi ilm hayotda ilmdan boshqa najot yo‘q ekaniga to‘liq ishona bilishi kerak, ana shunda ilm haqiqiy ma’noda taraqqiy etadi.

Horun Rashidning farzandlari yaxshi o‘qimay qo‘yadi. Ustoz bu holatdan Xalifaga shikoyat qildi. Shunda u bir taklif aytadi: «Siz dars o‘tib turgan paytingiz men dabdurustdan kirib boraman. Iznsiz kirganim uchun siz meni koyib, yuzimga shapaloq tortib, xonadan chiqarib yuborasiz». Ustoz dastlab buni qabul qilishni istamaydi, ammo Xalifa o‘z fikrida qattiq turib olgach, ustoz rozi bo‘lishga majbur bo‘ladi. Keyin o‘zi ishongan otasining ustoz oldidagi holini ko‘rgan bola shu ondan qattiq o‘qishga kirishib ketgan ekan.

Ta’limda adolat va haqiqatni joyiga qo‘ymaguncha boshqa harakatlar kerakli samarani bermaydi. Adolat har bir bo‘g‘imda, har bir o‘rinda bo‘lishi lozim. Adolat talab qilinishi shart emas, uni har kim o‘z mas’uliyatidan kelib chiqib ado etishni burch deb bilmog‘i darkor.

Misol uchun, davlat maktablari bepul bo‘lib, ularni davlat moliyalashtiradi. Xalq to‘lagan soliqlarning katta qismi aynan ta’limga yo‘naltiriladi. Biroq, farzandalarini xususiy maktabda o‘qitayotgan fuqarolar boshqalar qatori bir xil soliq to‘lashlariga qaramay, bu imtiyozdan foydalana olmaydilar. Adolat yuzasidan davlat ularga farzandlari uchun qiladigan to‘lovlariga boshqa maktab o‘quvchilarga ajratilgan miqdorda moliyaviy ko‘mak berishi kerak deb o‘ylayman. Farzandlariga yaxshi bilim berish uchun ziyoda mehnat qilayotgan ota‑onalar qo‘shimcha taqdirlashga ham haqlidirlar. Zero, yaxshi bilim olgan farzandlar faqat oilasiga emas, butun jamiyatga foyda keltiradi.

  1. Sabablarni to‘g‘ri va to‘liq joriy qilish. Alloh taolo dunyo ishlarini sabablarga bog‘lab qo‘ygan, ularni bajarmay turib natija kutish donni sepmay hosil istashdek gap. Sabablarni joyiga qo‘ysa, kim bo‘lishidan, dinidan qat’iy nazar, natijani olaveradi. Biz musulmonlar ko‘pincha duo va yaxshi niyatlar bilan cheklanib qolamiz. Albatta bular kerak, ammo sabablarni qoim maqom qilib qo‘yib, keyin duo va iltijoda bo‘lish darkor. Bu ma’no hadislarda bot‑bot ta’kidlanadi. Xususan, ilm yo‘li o‘ta mashaqqatli, bu yo‘lda juda ko‘p mehnat qilish, tinim bilmaslik kerak. Muallimlarda ham, o‘quvchilarda ham va ta’lim sohasiga aloqdaor har bir kishida shu ruhiyat ustuvor bo‘lishi darkor.

  2. Ta’lim tizimida isloh qilish kerak bo‘lgan ishlardan biri ‒ jarayonni emas, natijani nazorat qilishni yo‘lga qo‘yishdir. Maktablarda, ta’lim muassasalarida davomatga qattiq turiladi, ammo imtihonga kelganda ko‘ngilchanlikka o‘tib ketiladi. Aslida o‘quvchining darsda hozirligidan ko‘ra mavzuni, fanni o‘zlashtirgan bo‘lishi muhimroq. Jismonan darsda hozir bo‘lsa‑yu, aqli boshqa joyda bo‘lsa, bundan ne foyda?! Ammo bilim va tarbiyada kerakli darajani egallagan odam yuqori bahoga haqli hisoblanadi. To‘g‘ri, maktab davrida davomatning ham ahamiyati katta, biroq, bu imtihonda natija bermasa, u davomatdan manfaat yo‘q. Oliy ta’limda esa darslarga qatnashish xohlovchilar uchun bo‘lib, asosiy e’tibor imtihonda bo‘lsa ham yetadi. Hozirda ko‘p joylarda mana shu tizimga o‘tib ketilgan. Buni yuqori sinflarda ham qo‘llash mumkin.

Imtihonda talabalarni begona o‘qituvchilar baholashini ham qo‘llab ko‘rish kerak. Shunda o‘quvchi har qanday yordamdan butkul umidini uzib, o‘qishga astoydil kirishishga majbur bo‘ladi. Bo‘lmasa, odamning yuzi issiq, muallimlar o‘quvchilarning ko‘ngliga qarab qo‘yishi, ertaga xafa bo‘lib yurmasin deb rioya qilib qo‘yishi mumkin. Imithon qiluvchilarni imtihondan boshqa payt topa olmasligiga amin bo‘lgan o‘quvchi nima qilib bo‘lsa ham imtihonga yetarlicha tayyorlanib, kerakli bilimga ega bo‘lib oladi.

  1. Ta’limdan oldin tarbiya berish lozim. Sharqona, xususan, islomiy madaniyatda ta’lim bilan tarbiya hamisha birga bo‘lgan va yana ham aniqrog‘i, ta’limdan oldin tarbiya berilgan. Islomiy ilmlarda birinchi o‘qitalidigan kitoblar odob haqida bo‘lishi bejiz emas. Imom Molikni ustozning huzuriga yuborayotgan onasi: «Bolam, Rabi’dan ilmdan oldin odobni o‘rgangin», deb tayinlar edi.

Yaponiyada hozirgacha maktabda dastlab ikki‑uch yil axloq o‘rgatiladi, keyin ta’limga o‘tiladi. Biroq, bizda hanuz bu borada tayinli biror uslub yo‘q. Aniq fanlar yaxshi, insonga kerak, biroq, ular insoniylikni, shaxsiyatni shakllantira olmaydi. Odamiylik ilmi ham yoshlikdan o‘rganilishi kerak. Biz modomiki buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanar ekanmiz, ularni yetishtirgan ta’lim tizimidan ham o‘rnak olishimiz kerak. Biz ulug‘ allomalarimizni yetuk insonlar bo‘lganini e’tirof etar ekanmiz, ular qoldirgan ma’naviy merosdan yoshlarimizni bahramand etishimiz kerak. Allomalarni ko‘klarga ko‘tarib maqtab, keyin ulardek bo‘lishni istagan yoshlarga ajdodlari o‘rgangan ilmlarni o‘rgatishdan hadiksirashimiz mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Inson ruhiyatiga o‘z e’tiqodiga ishonchsizlik, xavfsirash bilan boqishdan ko‘ra katta xatar yo‘q. Buning yoshlar ongiga salbiy ta’siri katta.

Islom axloqi bizning o‘zligimizga, milliyligimizga aylanib ketgan. Uning o‘rniga boshqa me’yorlarni tiqishtirish shu paytgacha ish bermadi va bundan keyin ham bermasligi aniq. Dunyoga bemisl allomalarni yetishtirgan bu ta’lim‑tarbiya bugun ham o‘z makonatini yo‘qotgani yo‘q. Faqat undan to‘g‘ri foydalanishni bilish darkor.

  1. Ayrim standartlarga ko‘r‑ko‘rona yopishmaslik, voqeiy yondashuvni rivojlantirish lozim.

Ma’hadda o‘qiganimizda birinchi kursdan ingliz tili darsi o‘tila boshladi. Dars bir haftada bir marta bo‘lardi va uch yil davom etar ekan. Bu ahvolda hech bir tilni o‘rganish mumkin emasligini tushunish uchun katta bilim kerak emas. Rektoratga iltimos bilan kirib, ingliz tili darsini haftada uch marta qilib, bir yilga sig‘dirib berishlarini so‘radik. Biroq, talkifimiz qabul bo‘lmadi, sababi ‒ standartga to‘g‘ri kelmas emish. Bu standartni kim nima maqsadda qo‘ygan, haligacha tushunmayman. Menimcha, bunday vaziyatda masalaga voqeiy yondashish to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, standartlarni ham odatda bizga o‘xshagan odamlar qaysidir tajribalar asosida yoki ma’lum vaziyatda belgilagan bo‘ladi, juda osmondan vahiy bo‘lib tushgan narsa emas. Shunday ekan, bu kabi qaydlarga behuda yopishib olmay, kengroq fikrlashga o‘rganish darkor.

  1. An’anaviy ta’lim yutuqlarimizdan foydalanish lozim. Masalan, musulmonlarda qadimda 6‑7 yosh bolalarga dastlab yodlatiladigan ilmlar o‘rgatilgan. Misol uchun, odob‑axloq me’yorlari, Qur’on‑hadis, ayrim ilmlardan matnlar yodlatilgan. 10 yoshdan o‘tib, tafakkur ishga tushganda boshqa ilmlar asta‑sekin ta’lim berilgan. Bu tartibni Abu Aliy ibn Sino «Siyosat» kitobida otaning bola tarbiya qilishda rioya qilishi kerak bo‘lgan ishlar qatorida zikr etadi. Aytishlaricha, bolada dastlab yodlash qobiliyati o‘tkir bo‘ladi, shuning uchun o‘z ona tilidagi minglagan so‘zlarni beixtiyor yodlab oladi. Bu paytda miyaning fikrlash qobiliyati hali yetilmagan, ammo yodlash quvvati kuchli bo‘ladi. Ushbu vaziyatni inobatga olib, bolaga ilmlarning asoslari yodlatib borilgan. Bu uslub ko‘plab musulmon o‘lkalarda hozir ham mavjud. Bolaning ushbu yoshidagi qobiliyatidan bugun kunda qanday unumli foydalanish mumkinligi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rish lozim.

Yaqinda bolalarning dastlabki sinflarda o‘qiydigan qo‘llanmalari va video darsliklarini ko‘rib, mazkur qoida inobatga olinmagan ekan, deb o‘yladim. Bolaga hali tushuna olmaydigan, ayni paytda kerak bo‘lmagan, bir‑ikki yildan keyin o‘rgatsa, osongina, bir zumda tushunishi mumkin bo‘lgan qoidalarni qiynalib, soatlab tushuntirib uni o‘qishdan bezdirishning nima keragi bor?! Standart shu, deb qotib olmay, mutaxassislar chuqur izlanish olib borsalar, bu haqda ham juda ko‘p islohotlar qilish mumkin.

Yana bir fikr. An’anaviy ta’limimizda mavjud bo‘lgan, «Samarqand uslubi» deya boshqa yurtlarda dong taratgan uslubiyatga ko‘ra, fanlarning hammasini birdagina o‘rgatmay, bir‑biriga yaqin ilmlardan ikki‑uchtasni o‘rgatib, yaxshi o‘zlashtirgach, imtihon qilib, keyin boshqa to‘plikni o‘rgatishga kirishiladi. Masalan, hadis ilmini o‘rgatishda hadislarni yodlash bilan birga mustalahul‑hadis (hadis ilmi qoidalari) ilmini, rijol (roviylarni o‘rganish ilmi) ilmini ham o‘rgatib boriladi. Bu ilmda ma’lum bosqichni egallagandan so‘ng, masalan, tafsir ilmini o‘rganishga kirishadi va unda ham e’tiborni shu ilmga oid manbalarga qaratadi. Bu uslubiyat ilmni ixchamlashtirib o‘rganish bo‘lib, ma’lumotlarning xotirada yaxshi o‘rnashishi uchun juda ham qulay keladi.

Yevropada moliya institutini bitirib kelgan bir yigitdan u yerdagi ta’lim haqida so‘raganimda taqriban yuqoridagi uslubni aytgan edi. U: «Bizda moliya institutida iqtisodga oid o‘n‑o‘n beshta fanni to‘rt yil davomida o‘qitiladi. Ammo men o‘qigan institutda avval bir‑biriga yaqin bo‘lgan uchta fanni bir yil yoki bir semestr ichida yaxshilab o‘qitib, yodlatib bo‘lib, keyingi yili boshqa uchta fanni o‘qitishar ekan. Bunda o‘sha ilmlarni yaxshi o‘zlashtirish oson va puxta bo‘lar ekan», degan edi.

To‘g‘ri, ayrim ilmlarni ayniqsa maktabda dastlab sodda shaklda, keyin chuqurroq o‘qitilishi foydali bo‘lishi mumkin. Biroq, yuqoridagi uslubdan ham o‘rni bilan foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak. Misol uchun, rus, ingliz, arab tillarini birdan o‘rgatmay, birini yaxshi o‘zlashtirgach, keyingisiga o‘tilsa, oson va unumli bo‘lishi tajribalardan ma’lum.

  1. Har bir xalqqa o‘ziga xos yondashuv bo‘lishi kerak. Bizda odatda falon joyning ta’lim tizimi, pismadonlarning ta’lim standarti, deya bong urib boshqalardan ko‘chirma qilish avj olgan. To‘g‘ri, dunyo tajribasini o‘rganishimiz kerak, biroq, uni amaliyotga kiritishda xalqning iqtidori, imkoniyati va qiziqishlarini ham hisobga olish lozim.

O‘z mutaxassisligimdan kelib chiqib bir misol keltirsam. Bizda ustozlar Qur’on hifzida birinchi yodlashda yodlangan suralarni xotirada saqlab turishni juda qattiq talab qilishmaydi. Chunki birinchi o‘qishda barcha suralarni yodda saqlab borish ayniqsa yosh bolalarga og‘ir kelishi mumkin. Biroq, bu ish keyingi takrorlarda bir muncha qulay keladi. Ammo arablarda unday emas, ular yodlangan suralarni esdan chiqarishga hech ham yo‘l berishmaydi, qancha quvvat va vaqt ketmasin, o‘tilgan suralar hamisha yodda saqlanadi, ustozga tinimsiz o‘qib berib turiladi. Ikkala uslubning qaysi biri yaxshi, deyilsa, har ikkisi o‘z odamiga yaxshi, degan bo‘lardim. Ayniqsa o‘zbeklarga o‘zimizning uslub, arablarga o‘z uslublari yaxshi, deyish mumkin. Sababi ‒ ikki xalqning turmush tarzi va iqtidori shuni taqozo etadi. Buni hisobga olmasdan juda ko‘pchilik o‘zini ham, tolibni ham qiynab qo‘yishi ko‘p uchraydi. Ta’limda o‘ziga xosliklar mavjudligi mana shunday o‘rinlarda yaqqol ko‘rinadi.

  1. Qo‘llanmalar mukammal bo‘lishi kerak. Afsuski, maktab qo‘llanmalarini qoniqarli deyish qiyin. Negadir bu qo‘llanmalar qayta‑qayta o‘zgaraveradi. Yangi bilimlar sababli takomillashsa, mayli. Yo‘q, unday emas, aytarli yangilik yo‘q, ammo uslub va ko‘rinish o‘zgargan, xolos. O‘qituvchilar ham gangib yuradi.

Bolalarni maktabga berishda bir o‘qituvchidan: «Ruscha guruppaning ustunligi nimada, axir o‘qituvchi bir, maktab bir‑ku?» deb so‘radim. Shunda u: «Qo‘llanmada. Rus tilidagi qo‘llanmalar Rossiyadan keltirilgani uchun puxta ishlangan, o‘zbekchaga o‘girilganda juda ko‘p xatoliklar, noaniqliklar ketib qolgan», degan edi. Bu gapga ancha yil bo‘ldi. Hozir qanday, bilmadim. Har qalay darsliklardan mutaxassislarning ham ko‘ngli to‘lmaydi shekili, qayta‑qayta o‘zgartirib yotishibdiku. Biroq, nima bo‘lganda ham manbalar masalasi juda ham mas’uliyatli bo‘lib, bundagi xato kechirilmaydi va uni paysalga solish mumkin emas.

Qo‘llanmalarni yaratishda sog‘lom raqobatga ham imkon berilishi, mutaxassislarning erkin bahsiga sharoit yaratilishi lozim. Hadisda aytilganidek, odamlar xazinalardir, har birida o‘ziga xos duru marjon bor, faqat ulardan to‘g‘ri foydalana bilish kerak. Yillar maktabda ta’lim bergan va muvaffaqiyat qozongan barcha mutaxassislar bunda qatnasha olsa, hatto fikri tiniq oddiy odamlardan ham fikr‑mulohazalar olinsa, yetakchi kishilar keragini ola biladilar.

Yana bir taklif shuki, qo‘llanmalarning tasdiqlangan nusxasini internetga joylab qo‘yish ham mumkin. Shunda istagan o‘qituvchi va o‘quvchilar yo‘l‑yo‘lakay ham undan foydalana oladilar. Ana shunda davlat haqiqiy ma’noda ta’limga g‘amxo‘rlik qilgan bo‘ladi. Aks holda, ta’lim ustidan daromad qilishga bellashuv avj olaveradi va ta’lim tanazzulga yuz tutaveradi.

  1. Ta’limda aniq g‘oya bo‘lishi lozim. Hozirda yoshlarda g‘oyaviy bo‘shliq bor. Milliy g‘oyamiz negadir ularni birlashtira olmadi. Bu haqda ham jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak. Xalq qabul qilishi uchun g‘oya bizning milliy‑diniy qadryatalarimizni o‘zida aks ettirishi va zamonga mutanosib bo‘lishi darkor.

Hayotdagi, jumladan, ta’limdagi muvaffaqiyat sirlaridan biri ‒ inson o‘z hayotining barcha nuqtalarini bir g‘oyaga tiza olgan bo‘lishidir. Ta’limda ham ilmlar bir tizim, bir g‘oya atrofida tizilishi kerak. G‘oyasiz hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Biroq, bu degani haqiqatlarni ham, ilmni ham g‘oyaga bo‘ysundirish kerak, degani emas. Balki ular o‘rtasida qaysidir shaklda uyg‘unlik lozim. G‘oya ilmga asoslansa, hech qachon ularning o‘rtasida ziddiyat kelib chiqmaydi. Ammo ilm g‘oyaga xizmat qilishga majbur etilsa, uning ilmligi qolmaydi.

  1. Ta’limdagi ziddiyatlarni bartaraf etish lozim. Masalan, adabiyotda, tarix darsida buyuk allomalar haqida gap ketadi, maqtaladi, ammo boshqa qo‘llanmalarda ularning e’tiqodi rad etiladi, odamzodni maymundan bo‘lgan, degan faraz ilgari suriladi. Men faqat islomiy tushunchalar o‘qitilishi kerak, demoqchi emasman, balki bitta farazni ilmga aylantirib, boshqa ta’limotlarni butkul inkor qilishni adolatsizlik deb aytmoqchiman. Ilmlarga nisbatan ham bag‘rikenglik bilan yondashish lozim. O‘quvchiga tanlov ixtiyorini berish ham kerak. Hozirda ko‘plab rivojlangan davlatlarda ta’lim ayni shu shaklda yo‘lga qo‘yilgan. Fikriy hurriyat, vijdon erkinligi tolibi ilm parvoz qilishi uchun zarur muhitdir.

Yana bir ziddiyat shuki, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘beklarni ko‘klarga ko‘tarib maqtab, ularning nomida ordenlar qilamiz‑u, ularni yetishtirgan ustozlarini bosqinchiga chiqaramiz. Bu ham aqlli kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Bunday ziddiyatlarni hal qilib, biror mo‘tadil qarorga kelish kerak. Aks holda yoshlar ongidagi porakandalik bartaraf bo‘lmaydi.

Ilm‑fan qarashlarini o‘rgatganda ularning hammasi ham o‘zgarmas haqiqatlar bo‘la olmasligini, ilm rivojlanishi bilan xulosalar o‘zgarib borishini unutmaslik kerak.

  1. Ta’lim tizimini jonlantiradigan omillardan biri tarix fanini va tarixga oid ma’lumotlarni tuzatishdir. Tariximizni hanuz boshqalardan ko‘chirib yuribmiz. Manbalarni bevosita o‘zimiz o‘rganib, tariximizni yoshlarni ruhlantiradigan, o‘z o‘tmishidan faxr tuyadigan, yaxshisidan ibrat olib, xatolardan xulosa oladigan shaklda xolis yozishimiz kerak. O‘tmishiga ishongan xalq kelajakka umid bilan boqadi. O‘tmishidan quvvat olmagan xalq mag‘lubiyatga uchraydi.

  2. Ta’limda boshqa xalqlarning tajribalardan unumli foydalanish kerak. Farzandlar tajriba quyonlari emas, ularga ta’lim berishda juda ham puxta yo‘l tutish lozim. Ta’limdagi bitta xato butun bir avlodni barbod qilishi mumkin. Asosiy ta’lim o‘n yil bo‘lib, uni boy berish bir avlodni boy berish hisoblanadi. Shu bois, ta’limda hadeb har xil yo‘lga yo‘rg‘alavermay, yo‘lni aniq qilib olib, o‘sha tarafga qat’iy qadam tashlash kerak. Ta’limdagi islohotni kechiktirish joiz emas.

  3. Ta’limda shaklga emas, ma’noga e’tiborni kuchaytirish darkor. Insoning zaifligi shundaki, u barcha narsaga birdek kuch sarflay olmaydi. Bir jihatga ehtimom boshqa bir tarafga be’tiborlikni keltirib chiqarishi tabiiy hol. Buni tan olmaslik oqillik emas. Shuning uchun birlamchi narsalarga asosiy e’tiborni qaratib, nisbatan ahamiyati pastrog‘ini keyinga qo‘yish kerak. Aks holda muhim ishlar qolib, ikkilamchi, balki umuman ahamiyatsiz narsalar bilan o‘ralashib yuraveramiz, natijada hammayoq rasvo bo‘lishi turgan gap.

Masalan, bir necha yildirki forma bilan olishib keldik. Tan olish kerak, maktabdagi biror narsaga formaga e’tibor berganchalik e’tibor berilgani yo‘q. O‘quvchilarning bilimini kiyinishlarini nazorat qilganchalik nazoratga olinganida, natija umuman boshqacha bo‘lar edi. Kiyim esa bilim asosida o‘z‑o‘zidan joyiga tushib ketaverar edi.

O‘quvchilarni bir xil formaga solish jahon ta’limida eskirgan tushunchaga aylanganiga ancha bo‘lgan. Biroq, biz ayrim joylarda hanuz shu bilan ovoramiz. Balki bu mavzuni ham yana bir chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerakdir. Nima bo‘lganda ham, shakldan ko‘ra ma’noga ko‘proq e’tibor berish har doim muhim hisoblangan. Bu bilan kim qanday xohlasa, o‘shanday kiyinaversin, demoqchimasmiz. Zero, maktab tarbiya maskani ham ekan, kiyinish odobi ko‘nikmasini farzandlarga singdirishi kerak. Biroq, bu ish bir xil rang, bir xil mato, bir xil shakldagi libos ko‘rinishida emas, balki axloqiy me’yorlar asosida kiyinish talablarini ko‘rsatib, qolganini shaxs ixtiyoriga berish orqali amalga oshirilsa, butun dunyoda ko‘llanayotgan udumga muvofiq ish qilingan bo‘lar edi. Bu bilan farzandlarning mustaqil fikrlashi, o‘z irodalarini amalga oshirishga o‘rganishlari, hayot ishlarida jur’atli bo‘lishlari ham ta’minlanadi. Xususan, iffatni saqlashga xizmat qiladigan liboslarni qadrlash matlubdir.

Ta’limda shaklga e’tibor ko‘rinishlaridan yana biri ‒ hisobot uchun ishlash, qog‘ozbozlik. Maqsad faqat yuqoriga hisobot berish bo‘lgan joyda hech qachon haqiqiy amaliyot yuzaga chiqmaydi. Nima qilib bo‘lmasin, qog‘oz to‘ldirish payiga tushib qolinadi. Juda ko‘p ta’lim dargohlarida amalda bo‘lmagan narsalar qog‘ozda mavjudligi, ko‘p ishlar rasmiyatchilik uchun bo‘lishi, ozgina mehnat bo‘rttirib ko‘rsatilishi hech kimga sir emas. Bularning barchasi suratga e’tiborning natijalaridir. Buning o‘rniga o‘qituvchilarning malakasi, darslarning saviyasi va o‘quvchilarning bilimi tekshirilib, shunga ko‘ra baho berilsa, ta’lim chindan rivojlanar edi. Boshqacha qilib aytganda, ta’limdagi nazorat uslubi va nuqtalarini isloh qilish, bu borada zamonaviy texnikalardan unumli foydalanish darkor.

  1. Ta’limda o‘z o‘rnida erkinlik kerak. Masalan, qiziquvchilarga qo‘shimcha darslar tashkil qilish, foydali topilganda yoshlarning xohishlarini ham inobatga olish, ixtisoslashtirishni yoshartirish, mustaqil mashg‘ulotlarga to‘garaklarni ko‘paytirish kerak. Zero, bolaga u istagan bilimlar berilmasa, siz istagan ilmni o‘rganishga o‘zida quvvat topolmaydi.

Fillandiyada bir o‘zbek oilasi farzandlarini maktabga olib boribdi. U yerda har bir mijozga o‘ziga xos yondashish ham bor ekan. O‘zbeklar musulmon ekanini bilib, ularga shariat halol qilgan taom keltirib berishlarini aytishibdi. Keyin esa kutilmagan taklifni bildirishibdi: «Maktabimiz Islom markazi bilan yaxshi aloqa o‘rnatgan, agar istasangiz, ulardan mutaxassis talab qilib, farzandlaringizga diniy ta’limni ham tashkil qilib berishimiz mumkin», deyishibdi. Bugun Fillandiyaning ta’limini maqtayotganda gap faqat qo‘llanmalarda emas, ulardagi shu kabi erkinliklarda, tizimda ekanini ham eslab o‘tish joiz.

  1. Zamonaviy vositalardan unumli foydalanish kerak. Masalan, astranomiya va jug‘rofiya fanlarini ko‘proq video darsliklar yoki slaydlar orqali o‘rgatish ta’limni juda ham qulaylashtiradi. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, deb bejizga aytishmagan. Shuningdek, elektron doskalardan foydalanishni ham ommalashtirish darkor. Menimcha, bu borada ko‘p so‘zlashga hajot yo‘q, ko‘pchilik o‘zi biladi.

  2. O‘qituvchilarning maoshlari yetarli bo‘lishi lozim. O‘qituvchi shaharda bo‘lsin, qishloqda bo‘lsin, o‘zi yashab turgan joydagi boshqa odamlar ichida o‘rtaholdan yaxshiroq sharoitda yashay olishi kerak. Uning oyligi raqamlar bilan emas, turmush tarzi bilan belgilanishi lozim. U maoshning o‘ziga o‘rtacha yeb‑ichib, usti‑bosh olib, bola‑chaqa boqib, ularni o‘qitib, to‘yini qilib, yengilroq mashina olib, o‘ziga yarasha uy‑joy qila olishi va davolanib, yilda bir dam olishi kerak. Ana shunda uning moliyaviy tashvishi arigan bo‘ladi va ta’limga o‘zini bag‘ishlay oladi. Mamlakatning qaysi bir burchagidagi voqeiy bo‘lmagan sharoitda belgilangan savatchalarga asoslangan maoshlar hech qanday muammoni hal qilmaydi.

  3. Har bir fanda yetuk mutaxassislar yetishtirish darkor. Sir emas, hozirda qaysi sohaga bosh urmang, kadr yetishmasligi ishga to‘g‘anoq bo‘lib turibdi. Ta’lim sohasida bu muammo yana ham chuqurlashgan. O‘z fanini puxta bilgan muallimgina mavzuni yaxshi va oson yorita oladi. O‘quvchining kamolotida ustoz barkamolligining ahamiyati juda ham katta. Darsliklar qanchalar zo‘r bo‘lmasin, o‘qituvchining malakasi yuqori bo‘lmasa, foydasi yo‘q.

Kadrlarni maqsadli va tizimli ravishda yetishtirish kerak. Buning uchun har bir fanda dunyoning eng yetakchi mutaxassislarini yurtga jalb qilib, darslar tashkil qilish va iqtidorli yoshlarni yetakchi oliygohlarga yuborib o‘qitish, keyin ularni yaxshi ish‑joy bilan, yetarli maosh bilan ta’minlash lozim.

Tezkor hosilga, sayoz olqishlarga qiziqmay, boylikni inshootlardan oldin bunyodkor kadrlarga sarflasak, o‘shanda poydor ish qilgan bo‘lamiz va o‘sha kadrlar biz o‘ylagandan yuz chandon yaxshi binolarni ham, boshqasini ham barpo qiladi. Aks holda kelajak avlod qurgan narsalarimizni ko‘kka sovurib, boqimanda bo‘lib qolaveradi.

  1. Tadbirlarni tartibga solish, behuda yig‘ilishlardan qochish kerak. Ayrim maktablarda hech bir aniq maqsadga qaratilmagan xilma‑xil tadbirlar ko‘p. Hali u, hali bu bayram bahonasi bilan o‘quvchilarning ko‘p vaqti behuda ham ketib qoladi. Ilm tolibi yoshlikdan vaqtni qadrlashga o‘rganishi lozim. Bu borada murabbiylar yaxshi o‘rnak ko‘rsata olishlari, bolalarda jo‘yali ko‘nikma hosil qila bilishlari darkor. Bayrambozlik tolibning ishi emas.

  2. Ikki jins vakiliga o‘ziga xos bilimlar berilishi, o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, ularning mushtarak jihatlari bor, ammo o‘zlariga xos taraflari ham talaygina. O‘g‘il‑qiz o‘rtasidagi ushbu jismoniy‑ruhiy xususiyatlarni tan olmay, ikkisini bir xillashtirishni tenglik deb tushunib olish zamonaviiy mafkuralardagi eng katta xatolardan desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Buning yomon oqibatlarini ko‘pchilik sezmay ham qolmoqda, aslida bu kulfatlar bashariyatni allaqachon o‘z domiga torta boshlagan. Misol uchun, tenglik shiori ostida ko‘p joylarda ayollar og‘ir mehnatlarga jalb qilinib, ayollik nazokatidan mosuvo bo‘layotgani hech kimga sir emas. Natijada oilalari notinch, farzandlar mehrsiz qolmoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida ayollar pul bersa ham farzand ko‘rishni istamaydigan holatga kelib bo‘lgan. Oilasiz farzand ko‘rishga urinishlar undan ham xatarli tus olgan. Oila yo‘qligi bois ko‘ngilxushi uchun ishlatiladigan qo‘g‘irchoqqa aylangan ayollar qancha. Hozirda urchiyotgan bir jinslik nikoh illati ham erkak‑ayolning o‘rtasidagi farqlarni inkor qilishda haddan oshishning natijasi desak, mulobag‘asi yo‘q...

Xullas, Alloh yaratgan tabiatga zid yurish insonga ofat keltiradi, xolos. Dunyoga erkak erkakligicha, ayol ayolligi bilan kerak, buni e’tirof etish oqillikdir. Dunyo shu bilan obod va go‘zal. Qolaversa, erkak‑ayolni bir xillashtirishga urinish aslida ulardan birini boshqasidan ustun ko‘rishdan kelib chiqadi. Yaxshisi, ularni boricha qabul qilish kerak, zero Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Asrlar osha barcha xalqlar buni tan olib kelgan va hatto arab, rus, ingliz tillari kabi so‘zlari jinsga qarab o‘zgaradigan tillarda ham jinsga xos go‘zalliklarini, farqlarni ko‘rish mumkin. Shuning o‘zi ham aqlli odamga yetarli ishora. Saodat istagan banda o‘z haddini bilib, erkagu ayolni yo‘qdan bor qilib, ularga o‘ziga xos tabiat, xususiyat bergan Zotning ta’limotiga rioya qilishi matlubdir.

Ta’lim sohasida yigit‑qizlarga o‘ziga xos yondashish ularning jinslariga mutanosib qulay va kerakli sharoitni yaratishda bo‘lishi mumkin. Masalan, voyaga yetayotgan o‘g‘il bolalarga ko‘proq erkak muallimlar, qizlarga muallimalar ta’lim‑tarbiya berishini ta’minlash kerak. Shuningdek, ularning xos kelajaklari uchun zarur bo‘lgan ilm va kasb‑hunarlarda maxsus ta’lim berish, jinslariga tegishli bo‘lgan bilimlarni ayri holda o‘rgatish orqali iffatlarini saqlash kabi jihatlarga ham e’tibor qaratish lozim. Agar voyaga yetganlaridan so‘ng bir‑birlariga bo‘lgan mayl xayollarini oladigan bo‘lsa, buni bartaraf etish choralarini ko‘rish joiz. Yaponiyada, Singapurda va boshqa ko‘p joylarda o‘g‘il‑qizlarning sinflarini alohida qilish ta’limda yaxshi natija berganini tadqiqotchilar alohida ilmiy maqolalarda ta’kidlashadi. Buni dabdurustdan jo‘rtaga rad etish o‘rniga bir sinab ko‘rish zarar qilmaydi. Zotan, bizda qadimdan qizlar yigitlarga aralashmasdan ham olima, muhaddisa, faqiha bo‘lib yetisha olgan. Fotimalar, Nodirabegim va Uvaysiylar so‘zimizga yorqin dalil. «Mehrobdan chayon»dagi Ra’no ham yaqin o‘tmishimizdagi voqelikni o‘zida aks ettirgan. Bunga o‘xshash misollarni ko‘p keltirish mumkin. Bugun ham dunyoning ko‘p joylarida bu haqiqatni kuzatsa bo‘ladi. Misol tariqasida mazkur sharoitda turli ilm‑fan sohalarida yetishib chiqqan yuzlab doktoralar, olimalarni istagancha keltirish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim borasida tub islohotlar olib borish, buyuk allomalarni yetishtirgan xalq o‘laroq ta’limdagi an’anaviy uslublarimizdan ham unumli foydalanish, ta’lim jarayonini zamon bilan hamnafas kechishini ta’minlash, aniq g‘oya asosida harakat qilib, jarayonga emas, natijaga ko‘proq e’tibor qaratish va barcha ishlarda ixlosu iymon asosida harakat qilish darkor. Ta’limni isloh qilmay turib taraqqiyot va uyg‘onish haqida so‘zlash o‘rinsiz. Ulug‘larimiz ta’kidlaganidek, ta’lim hayot‑mamot masalasidir.

Shuni aytishni istardimki, bu yerdagi mulohazalar shaxsiy qarash va xulosalar bo‘lib, qasqa vaqt ichida xatga tushirildi. Bu borada yana ko‘p gapirish mumkin. Biroq, hozircha asosiy so‘zlarimni keltirish bilan cheklandim. Ushbu bitiklarda muhtaram o‘quvchiga biror yangilik baxsh eta olgan bo‘lsam, o‘zimni maqsadga yetgan hisoblayman. Kamchiliklar uchun ma’zur tutishlarini umid qilib qolaman.