
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
VATAN HAQIDA
Biz bugun xalqimizda vatan tushunchasini mustahkamlash uchun boshqalarning ham vatanparvarligini hurmat qilishimiz kerak. Boshqaning bosqinda qolishiga rozi bo‘lgan xalq kelajakda o‘ziga nisbatan bosqinni ham yoqlab qolishi mumkin va bu zehniyatni davolash keyin mushkul bo‘ladi. Shu bois, xalqni to‘g‘ri tarixdan boxabar qilib borish uning kelajagi uchun juda ham muhim. Har kim o‘zicha gapiraverishi to‘g‘ri emas.
VATAN HAQIDA
Oldingi postda vatan tushunchasi haqida savol bergandim, afsuski, birorta ham aniq javob bo‘lmadi. Bundan o‘zim ham tashvishga tushdim, nahotki vatan o‘zi qanday isbotlanishi haqida birorta ham ilmga ega bo‘lmasak?! Bu ahvolda Vatanni himoya qilish, unga xizmat qilish, uni sevish haqida nima deyish mumkin? Alloh asrasin, erta o‘tib indinga xitoylar kelib, bu yerlar bizniki bo‘lgan, deb qolsa, nima qilamiz?
Bugungi notinch dunyoda biz o‘zimizga xushyor bo‘lishimiz shart.
Shu bois, ijozatingiz bilan vatan tushunchasi haqida ayrim fikrlarni o‘rtoqlashsam.
Avvalo shunisi aniqki, Yer yuzi Alloh taoloniki, uni O‘zi xohlagan kishisiga beradi va so‘ngida unga O‘zi voris bo‘ladi. Shu bilan birga, Alloh taoloning shariatida vatanga haqdorlik asoslari ham bayon qilingan bo‘lib, bu adolatli hukmlar orqali vatan haqida sog‘lom aql, to‘g‘ri qalb egalari qanoat hosil qiladigan xulosalarni olish mumkin.
Islom shariatida qo‘riq va bo‘z yerni kim birinchi o‘zlashtirsa, u o‘shaning mulki hisoblanadi. Shunga ko‘ra, qaysi bir xalq biror mintaqaga birinchi bo‘lib joylashib, u yerda yashash sharoitlarini yo‘qdan yaratib, o‘troqlashsa, o‘sha yer unga vatan hisoblanadi. Ko‘chmanchilarning tayinli vatani bo‘lmaydi, shu bois, ular bosib o‘tgan joylar ularga vatanga aylanmaydi. Qachonki ular biror joyda birinchi bo‘lib o‘troqlashsa, u yerni ularning vatani desa bo‘ladi.
Bir xalq o‘troqlashib, shaharlar bino qilgach, ularga kelib qo‘shilib, qo‘shni o‘tirib, ular bilan bir maqsad sari harakatlangan kishilar ham tobe sifatida shu joyni o‘zlariga vatan bilishlari mumkin. Biroq, ular asl yerliklardan g‘olib kelib, ularni yerlaridan quvib chiqarishga urinishi zulm sanaladi.
Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, biror joyda vaqtincha hukmronlik yerning asl egadorligini keltirib chiqarmaydi, garchi bu hukmronlik bir necha asrlarga cho‘zilgan bo‘lsa ham.
Agar bosib olgan kishilarga, ma’lum muddat hukmronlik qilganlarga vatanni nisbat berilaveradigan bo‘lsa, u holda Vatan tushunchasining hech bir ahamiyati qolmaydi.
Xulosa qilib aytganda, agar biror xalqqa Yerning ma’lum bir qismi vatan deb e’tibor qilinadigan bo‘lsa, yuqoridagi qoida asosidagina to‘g‘ri natijaga erishish mumkin. Shu mezon asosida hozirda urush bo‘lib turgan yerlarga nisbatan ham yechim topish joiz. Bo‘lmasa, har kim o‘z manfaati uchun istagan da’voni qilaveradi.
Biroq bu tushuncha diniy mazmundan kelib chiqmagan, oddiy insoniy o‘lchov bo‘lib, Alloh taolo biror qavmga ma’lum bir joyni vatan qilib berishi boshqa masala hisoblanadi.
Qaysi bir xalq vatan haqida yetarli tushuncha va asoslarga ega bo‘lmasa, har qanday tashqi kuchga yurtni topshirib qo‘yishi hech gap emas. Vatan tuyg‘usi nafaqat yurtni dushmandan himoya qilish, balki vatan ahlini sevish, vatanni obod qilish uchun ham juda muhim. Shu bois, dinimizda musulmon kishiga vatanini himoya qilish vojib hisoblanadi.
Alloh taolo tomonidan biror bir xalq yoki avlodga biror yerni tayin qilib berilishi esa ularning ma’lum bir irqqa tegishli bo‘lgani uchun emas, balki ilohiy vahiyga sohib bo‘lganlari, tavhid dinini yoyishlari uchun bo‘lgan. Binobarin, u yerga amaldagi tavhid dini sohiblari voris hisoblanadi. Biroq buni ko‘pchilik tushuna olmaydi.
Bugungi jonajon o‘lkamiz O‘zbekiston mamlakati qadimgi Turkistonning bir qismi bo‘lib, bu yer turkiylar vatani hisoblanadi. Ulardan boshqalarning bu yurtga hukmronligi vaqtincha bo‘lgan. Turkiylarning ommatan Islomni qabul qilishi ularning o‘z tarixlaridagi eng aqlli va muvaffaqiyatli tanlovlaridan biri bo‘lgan.
Rusdir, xitoydir, boshqadir, bizga vatanimiz obodligi yo‘lida biz bilan ma’lum maqsadlarda ko‘maklashsa, buni qabul qilish mumkin, ammo yurt hukmronligi, qarori hamisha o‘zimizda bo‘lishi shart. Vatan tuyg‘usi shuni taqozo qiladi.
Biz bugun xalqimizda vatan tushunchasini mustahkamlash uchun boshqalarning ham vatanparvarligini hurmat qilishimiz kerak. Boshqaning bosqinda qolishiga rozi bo‘lgan xalq kelajakda o‘ziga nisbatan bosqinni ham yoqlab qolishi mumkin va bu zehniyatni davolash keyin mushkul bo‘ladi. Shu bois, xalqni to‘g‘ri tarixdan boxabar qilib borish uning kelajagi uchun juda ham muhim. Har kim o‘zicha gapiraverishi to‘g‘ri emas.
Tarixchilarning yozma va topilma manbalar asosida xulosa qilishlaricha, hozirgi Falastin yerlarida birinchi o‘troqlashgan va shahar bino qilgan kishilar kan’oniylar bo‘lgan. Ular qadimgi arab qibilalaridan bo‘lib, bu yerlarga Arab yarim orolidan ko‘chib kelishgan. Ular bir necha asr yashab, shahar-qishloqlar barpo qilgandan so‘ng bu yerga Ibrohim alayhissalom Bobildan hijrat qilib kelganlar. Bu haqda «Qadimgi ahd»da ham bitiklar bor...
Ko‘pchilik mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Ibrohim alayhissalomning Isroil laqabli nabirasi Ya’qub alayhissalomning avlodi Yusuf alayhissalom ortidan bir necha asr Misr yerlarida yashab, Muso alayhissalom yordamida Fir’avndan qutilib, oradan yana yarim asr o‘tgach Ibrohim alayhissalom abadiy qo‘nim topgan yurtga qaytishgan. Shundan so‘ng bu yurt ko‘p hukmdorlar, ipretorlar o‘rtasida talash bo‘lib kelgan. Banu Isroilning bu zamindagi eng uzoq hukmronligi Dovud alayhissalom tiklagan markazlashgan davlat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, to‘rt asrdan ko‘proq davr surgan. M.a. beshinchi-oltinchi asrlardan tortib, to Umar roziyallohu anhu davrigacha bu yer asosan Rum, Fors hukmronligi ostida bo‘lgan. Nasroniylar hukm surgan milodiy asrlarda u yerda yahudiylar yashashi ta’qiqlangan va hatto Umar roziyallohu anhudan olingan ahdonmada ham ular shu talabni qo‘yishgan. Shundan so‘ng asl yerliklarning ko‘pchiligi Ibrohim dinining davomi, tugallovchisi bo‘lgan Islomni qabul qilgan...
Keyingi tarixni ko‘pchilik bilsa kerak...