
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
DUOLAR NEGA IJOBAT BO‘LMAYAPTI?
Biz modomiki o‘zimiz zulmdan tiyilmas ekanmiz, garchi mazlum bo‘lsak ham, duoimiz qabul bo‘lishi mushkul.
Duolar nega ijobat bo‘lmayapti?
Alloma Maqriziy 9 hijriy asr hodisalari haqida so‘zlab, jumladan shunday deydi:
«Bugungi kunda odamlar shunchalar zulmga uchrab turgan bo‘lishlariga qaramay, nega duolari ijobat bo‘lmayapti ekan, holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: »Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘linglar, uning duosi to‘xtovsiz qabul qilinadi«, degan edilarku, deya ko‘p o‘ylandim. Keyin angladimki, hozir ko‘pchilik mazlum ko‘rinsa-da, aslida o‘zi ham zolim ekan, boshqaga zulm qilar, boshqaning haqqini poymol qilar ekan. Zulm qilmayotganlarning ham aksari ojizlikdan zulm qila olmas, agar quvvat berilsa, imkon topsa, xulqlari zulmdan chetlanadigan emas ekan. Alloh esa zohiru botindan boxabar, zolimlarning duosini qabul qilmaydi, garchi u boshqa bir jihatdan mazlum bo‘lsa ham».
Ushbu haqiqatni har birimiz anglab yetishimiz kerak. Bundan 500 yil oldingi holat bugungidan ancha pok bo‘lganida shubha yo‘q.
Hozirda esa juda ko‘pchilik katta-kichik zulmga oluda ekani aniq. Moddiy haqlarni aytasizmi, ma’naviysinimi, ommaviysini deysizmi, shaxsiysinimi, ijtimoiysini sanaysizmi, siyosiyinimi, so‘zdagisini ku qo‘yavering, xohlagancha haqorat qilish urf bo‘ldi, shu bois, zulmga qo‘l urmagan kishi kam.
Biz modomiki o‘zimiz zulmdan tiyilmas ekanmiz, garchi mazlum bo‘lsak ham, duoimiz qabul bo‘lishi mushkul.
Shuni ham unutmaslik kerakki, zulmning mezoni har kimning aqliga topshirib qo‘yilmagan, balki ilohiy ta’limotlarda bayon qilingan, Alloh taoloning nazdida mana shu to‘g‘ri o‘lchov o‘tadi.
Shuning uchun tasavvuf mashoyixlari Alloh sari sayrda birinchi shart bandalardagi haqlarni o‘tash va gunohlarga tavba qilish, deb o‘rgatadilar.
Ulamolarning bu nasihatini hazil fahmlash, mazax qilish, «uxlatish» deb tushunish savodsizlikdir. Zero, bu kabi ko‘rsatmalar dunyo ishlarida sabablarni joriy qilishdan to‘xtatmaydi, balki amallarni ixlos bilan, poklik bilan qilishni ta’minlaydi.