
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TARIX OMONATDIR (3-QISM)
Xos holatlarni umumlashtirish tarixchilarning eng katta xatolaridandir. «Shumbola» asarida G‘ofir G‘ulom voqelikni yozganini iddoa qiladi. Biz uni bunda yolg‘onchiga chiqara olmaymiz. Biroq, u yerdagi talqinni qabul ham qila olmaymiz, chunki boshqa tarixiy hujjatlar u manzarani inkor etadi.
TARIX OMONATDIR (3-QISM)
- Xos holatlarni umumlashtirish tarixchilarning eng katta xatolaridandir. «Shumbola» asarida G‘ofir G‘ulom voqelikni yozganini iddoa qiladi. Biz uni bunda yolg‘onchiga chiqara olmaymiz. Biroq, u yerdagi talqinni qabul ham qila olmaymiz, chunki boshqa tarixiy hujjatlar u manzarani inkor etadi.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, har bir shaharida o‘nlab madrasasi, son‑sanoqsiz vaqf‑xayriyalari bor, qator ro‘znomayu majallalar chop qilayotgan, Rus bosqiniga qarshi yuzlab, minglab qo‘zg‘olon qilgan, Yevropa bilan aloqalarni tiklab, zavod‑fabrikalar qurgan, o‘zidan oshib, Makka‑Madinada hojilarga rabotlar ko‘targan, xorijda masjid‑madrasalar bino etgan, vakillari Ikki Haramda mudarrislik qilayotgan xalq Olmoniya nimaligini bilmaydigan darajada savodsiz, samovorning paqqilashiga yuragi yorilib ketay deydigan darajada qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, aslo.
Ajdodlarimiz bizdan ko‘ra g‘ayratli, g‘ururli va albatta ma’rifatli bo‘lganida shubha yo‘q. Biroq, zamonaviy ilm‑fanda ortda qolganlari ularning boshqa yutuqlari, fazilatlari yuziga parda tortdi.
Xullas, qaysi bir qishloqning qaysi bir chekkasida G‘ofur G‘ulom tavsiflagandek holat bo‘lib o‘tgan bo‘lsa bordir, biroq bitta hodisani butun boshli xalqqa umumlashtirish tarixga nisbatan tuhmat bo‘ladi, xiyonat sanaladi. ....
Suhbat asnosida Nozim Safari miyig‘ida kulgancha «ajdodlarimiz ba’zi ishlarni qilgan, ularni aytib bo‘maydi‑ku», degan mazmunda so‘zlab, aftidan, bachchavozlikka ishora qilgan. Bilmadim, uning bobolari shunaqa ishlar qilgan bo‘lsa bordir, lekin bizning ajdodlar unday bo‘lmaganini biz yaxshi bilamiz. Yurtimizda bir qator ajdodi tayin, shajarali kishilar bor. O‘rgansangiz, hammasi ham o‘z davrida ilm‑ma’rifatli, tavqoli insonlar, bir qanchalari mashoyixlar bo‘lishgan. (Otamlardan eshitganmanki, u kishining yuqoridagi 11 ta bobolari barchalari qozi va ulamolar bo‘lgan ekan).
Barcha jamiyatlarda jinoyatchilar, buzuqilar bo‘lgan va hozir ham bor, biroq, hech bir aqli bor xalq ularni umumlashtirib, «ajdodlarimiz» deb eslamaydi, ulardan ibrat ham olmaydi. Biror odat yoki hodisani umumjamiyat qabul qilsa, o‘shanda uni o‘sha jamiyatga nisbat berish mumkin. Masalan, bobolarimiz ming yil osha musulmon bo‘lgan, desa yoki Islomdan oldin ajdodlarimiz majusiy bo‘lgan, desa, joiz, chunki bu umumxalq holati, ammo bir‑ikkita o‘g‘ri‑jinoyatchilarga shama qilib, «ajdodlarimiz o‘g‘rilar bo‘lishgan ekan», desa, bu o‘tmishga tuhmat, tarixga xiyonat bo‘ladi. Shovvozlarimiz yosh bolalar kabi bu qoidani ham oyog‘ini osmondan qilishibdi.
- Ismlar aldab qo‘ymasin. Ba’zan ismlar bir xil bo‘lishi mumkin, ammo hodisalar boshqa‑boshqa bo‘ladi. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallaming davrlarida habashiylar masjidda raqs qilganlari sahih rivoyatlarda keladi. Buni o‘qigan odam guruzincha raqs yoki anjanpolkasini tushunib olsa, bu xato bo‘ladi. U yerda raqs deb aytilgan ish harbiycha sakrash, qilich o‘ynatishdan iborat yengil harakatlar bo‘lgan, xolos. Binobarin, bu hadisni bugungi yengiltak raqslarga dalil qilib bo‘lmasligi aqlga ishora, buni barcha ulamolar ta’kidlaydilar.
Nabiz (xurmoni ivitib tayyorlanadigan ichimlik) hanafiylarda halol, boshqalarda harom deyilgani aytiladi. Ayrimlar ushbu masaladan hanafiylarni mast qiluvchi ichimlikka fatvo berganlikda ayblashga uringan. Aslida bu yerda ism bir, xolos, nomlanmishlar boshqa‑boshqa. Nabizni harom deganlar uning mast qiladigan turini aytgan va ko‘pincha u shunday bo‘lgan. Uni halol deganlar esa mast qilmaydigan turini nazarda tutgan. Shuning uchun «sharob ichdik», deyilsa, darrov xamrni tushunmaslik kerak, balki nordon ichimliklarni ham ba’zan sharob deb atashganini unutmaslik darkor.
Oldinda barcha jamiyatlarda quldorlik mavjud bo‘lgan. Biroq, musulmonlardagi quldorlik siyosati bilan G‘arbdagi quldorchilik o‘rtasida yer bilan osmon o‘rtasicha yoki G‘arb bilan Sharq orasicha farq bo‘lgan. Bu mavzuda juda ko‘p gapirish mumkin. Muhimi, quldorlik degan so‘z G‘arbu Sharqda bir mazmunni anglatsa‑da, voqelikda ular bir xil holatga dalolat qilmagan, boshqa‑boshqa vaziyatlarni bildirgan.
Yoshligimizda Andijon markaziy bozorida dorbozlar o‘yini bo‘lardi. Unda polvonlar tosh otib, dorda yurib o‘yin ko‘rsatishar edi. Buni bugungi kundagi raqslarga umuman aloqasi ham, o‘xshash joyi ham yo‘q. Bunday erkakcha o‘yinlarni hozirgi yengiltak yoki hirsni uyg‘otadigan o‘yin‑kulgilarga asos qilishga urinish aldovdan boshqa narsa emas.
Kuylar haqida ham shu gapni aytish mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida duf chalib qizlarning ashula aytib, o‘yin‑kulgi qilishi hozirgi zarubejniy qo‘shiqlar va ularda yarim‑yalong‘och yoki shahvoniy harakatlar bilan qilingan raqslarni joiz deyishga asos bo‘lmaydi. Shori’ o‘zi guvoh bo‘lganiga ruxsat bergan, keyingi buzilgan shakliga javobgar emas.
Mumtoz kuy‑ashulalarimizni hozirgi estradaga taqqoslash aqlan ham, shar’an ham durust bo‘lmaydi. Ayrim olimlar musiqaga ruxsat berganida ham ma’lum qaydlar bilan joiz deyishgan. Mumtoz kuylarimizda ayni shu narsani ko‘rish mumkin. Biroq, hirsni uyg‘otadigan, g‘aflatga tortadigan kuy‑qo‘shiq nojoiz ekanida ixtilof bo‘lmagan va Islom olamida bunga ruxsat berilmagan. Binobarin, bugungi nojoiz ishlarni haspo‘slashda ismdagi o‘xshashlikdan foydalanishga urinish qalloblikdan boshqa narsa emas.
Bir hodisani aytsam, fikrim yanada oydinlashsa kerak. Vodiy ulamolari to‘y tuzaladigan nahorgi oshlarda hofizlarning ashula aytishi borasida ixtilofda bo‘lishgan ekan. Ba’zi olimlar joiz bilsa, boshqalari harom sanagan va har kim o‘z fikrida bo‘lgan. Joiz deb bilgan olimlardan biri o‘g‘liga qilgan to‘yda bo‘lib o‘tgan holatni kattalardan eshitganman. 1905 yil o‘tkazilgan ushbu to‘yda hofiz tanbur chertgancha forsiy g‘azalni kuylar ekan, bir baytning mazmunidan to‘yxona ahli larzaga keladi va hamma xo‘ng‑xo‘ng yig‘laydi. Ya’ni g‘azal shunchalar ibratli va mazmunli bo‘lgan.
O‘zingiz ayting, o‘sha majlisni shahvoniy harakatlarga to‘lgan hozirgi ayrim to‘ylarga taqqoslash mumkinmi? Yo‘q, albatta.
Aytishim joizki, men bu yerda kuy‑qo‘shiqning hukmi ustida bahs qilmoqchi emasman, balki ismlardagi o‘xashashlik voqelikning bir xil ekanini anglatmasligini tak’idlamoqchiman, xolos.
Ayrim boylar, amirlar huzurida raqqosalar o‘yini bo‘lganini aytishibdi. Bo‘lsa bordir, lekin undan ibrat olish shart emas. Qolaversa, u paytlarda qulodorlik mavjud bo‘lib, kanizaklar xo‘jasiga halol sanalgan. Shu bois, buni nomahramlarning raqsini tomosha qilishga dalil qilish yaramaydi. Shu bilan birga, bu kabi hodisalar nodir holatlar bo‘lib, o‘shanda ham ulamolar bunday ma’ishatga berilishni qattiq qoralashgan, o‘zini bilgan amiru boylar bu kabi ishlarni o‘ziga ravo ko‘rmagan. Zotan, u paytlarda ijtimoiy nazorat nihoyatda qattiq bo‘lgan. Shahvatga berilgan kishi jamiyatda mavqeini yo‘qotib qo‘yishi tayin edi. Shu bilan birga, o‘sha maishatparastliklar keyin ancha qimmatga tushganini ham unutmaslik kerak.
Tariximizdan o‘yin‑kulgi qidirayotgan janoblar yana bir gapni aytishmabdi. «Shashmaqom» kitobida tak’idlanishicha, musulmon o‘lkalarida, jumladan, bizda ham qo‘shiqchilar asosan qul va nomusulmonlardan iborat bo‘lgan, chunki u paytlarda ashulachilik past kasb sanalib, o‘zini hurmat qilgan odamlar bunday ishlardan uzoq bo‘lishgan. Biroq, suhbatdoshlar tarixiy voqelikni boshqacha tavsiflashga urinishibdi.
Adiblar ayrim so‘zlarni haqiqiy ma’noda ham, majoziy ma’noda ham ishlataverishgan. Ular bazm va sharob deganda ko‘pincha ma’naviy holni ham nazarda tutgan. G‘arb tadqiqotchilari va bizdagi ulardan rang olgan tarixchilar bu haqiqat oldidan ham hamisha ko‘zni yumib o‘tib ketishadi.