
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLAR
Tarixni xolis o‘rgangan kishilar biladiki, bugungi G‘arb taraqqiyoti musulmon ulamolarining sermahsul ilmlari va ixtirolari asosida yuzaga kelgan. Yaxshiroq o‘rgansangiz, g‘arbliklarga nisbat berilgan juda ko‘p ilmiy kashfiyatlar aslida musulmon tadqiqotchilarniki bo‘lib chiqadi. Sababi ‒ g‘arbliklar avvalo Andalusiyadan, keyin esa musulmon mamlakatlariga sayohat va yurishlar uyushtirish orqali musulmonlarning juda katta ilmiy merosini o‘zlashtirishgan va juda chuqur o‘rganishgan.
TUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLAR
Tarixni xolis o‘rgangan kishilar biladiki, bugungi G‘arb taraqqiyoti musulmon ulamolarining sermahsul ilmlari va ixtirolari asosida yuzaga kelgan. Yaxshiroq o‘rgansangiz, g‘arbliklarga nisbat berilgan juda ko‘p ilmiy kashfiyatlar aslida musulmon tadqiqotchilarniki bo‘lib chiqadi. Sababi ‒ g‘arbliklar avvalo Andalusiyadan, keyin esa musulmon mamlakatlariga sayohat va yurishlar uyushtirish orqali musulmonlarning juda katta ilmiy merosini o‘zlashtirishgan va juda chuqur o‘rganishgan.
Buning ko‘lamini tushunish uchun birgina misol. 19 asrning boshlarida Ovropa kutubxonalarida musulmon ulamolari qalamiga mansub qo‘lyozma asarlar 250.000 mujalladdan ko‘p bo‘lgan. Undan keyin ham ular o‘z kutubxonalarini musulmonlarning ilmiy boyliklari bilan to‘ldirishdan to‘xtagani yo‘q. Shuning uchun hozirda musulmonlar yaratgan eng noyob qo‘lyozmalar, badiiy asarlarni surishtirsangiz, ko‘pi G‘arbdan topiladi.
Ular Ibn Sino, Beruni, Xorazmiy, Zahroviy, G‘azzoliy, Ibn Rushd, Ulug‘bek va boshqa yuzlab musulmon olimlarning asarlarini o‘z tillariga o‘girib, tadqiq etib, qayta‑qayta nashr qilib kelishadi. Bugun ham ular Sharqni, Islomni o‘rganishda davom etishmoqda.
O‘zimizdan ham misol keltirish mumkin. Rus bosqinchilari, bolsheviklar ota‑bobolarimizdan kitoblarni sotib yoki tortib olib, o‘z yurtlariga olib ketishgan. Shuning uchun juda ko‘p qo‘lyozmalarimiz Leningradda va boshqa joylarda saqlanadi. Biroq, g‘arbliklardan farqli ravishda, rus sharqshunoslari dinsizlik tuzumi ostida islomiy ilmlardan uncha yaxshi foydalana olishmagan, mafkuraga tobelik ularni ko‘p izlanishlardan mahrum qilgan.
G‘arbliklar musulmonlarning ma’naviy merosidan foydalanibgina qolmay, ularning yurtlarini bosib olib, moddiy boyliklarini ham talon‑taroj qilishgan va hozirgacha shunga intilib kelishmoqda. Yaqin Sharqdagi ko‘p urushlar neft uchun bo‘lganini bugun hamma yaxshi bilsa kerak. Kamiga ularning yerlarini bosib olib, o‘zlari sig‘dirmaydigan bir millatga bo‘lib berishgan. Buning uchun bugun irqiy qatliomni ham tap tortmay dunyoning ko‘z o‘ngida bahrayib qilib yotishibdi. Minglab begunoh bolalarni, hamlador ayollarni o‘ldirib, majruh qilib, yana o‘z yurtini himoya qilmoqchi bo‘lganlarni bezrayib terrorchi deb tavsiflashmoqda. Odam degan ham shunchalar yuzsiz, vijdonsiz va qallob bo‘ladimi, deging keladi.
«Xo‘sh, G‘azzadagilar terrorchi bo‘lsa, nega G‘arbiy sohildagi sekulyar hukumatning yerlarini ham tortib olyapsizlar?» deydigan odam yo‘q. Hech yo‘q birortasi: «Falastinliklar biz sig‘dirmagan odamlarni bag‘riga olib, bechoralar 75 yildan beri qirg‘in va bosim ostida, kelinglar endi, 1967 yilda o‘zimiz belgilagan Falastin davlatini qurishlariga hech yo‘q qarshilik qilmaylik, shu gapga ham mana 50 yildan oshibdi», demaydi. Yana bular inson huquqlari himoyachilarimish.
Lo‘nda qilib aytganda, buni o‘zbekchasiga «tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurish» deydi. Biroq o‘sha vijdonsiz dunyoparastlar kabi tabiati va mezonlari buzilgan toifalar hali ham musulmonlardan ayb qidirishmoqda. Essiz insoniylik.
Islomga qarshi dushmanlik qalbini ko‘r qilgan islomofoblar ham odamgarchilikdan mosuvo bo‘lganlarini yana bir bor isbotlab qo‘yishmoqda. Ha desa, ana terror, mana terror, deydigan janoblarning birortasidan sas‑sado yo‘q. Mana shundan kimning nimaligini bilib olsa bo‘laveradi. Adolatsiz kishilardan, vijdonsiz kimsalardan, buyuritmachi trollardan insoniyatga hech qachon yaxshilik yetmagan. Tuzini yeb tuzlug‘iga tupurganlarni xalqimiz hargiz yaxshi deb bilmagan. Ulardan ehtiyot bo‘lish lozim.