
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TARIX OMONATDIR (7-QISM)
So‘ngi asrlarda Islom olamida nafaqat aqliy ilmlar, shar’iy ilmlarda ham turg‘unlik davrlari bo‘lib o‘tgan. Shuning uchun ustozimiz Shayx hazratlari aytardilarki, yurtimizda islomiy ilmlar taraqqiy etgan paytlarda boshqa ilmlar ham rivojlangan, islomiy ilmlardan uzoqlashganimizda boshqa ilmlar ham sutstlashib ketgan. Mana shu haqiqatni unutmasligimiz kerak.
TARIX OMONATDIR (7-QISM)
- So‘ngi asrlarda Islom olamida nafaqat aqliy ilmlar, shar’iy ilmlarda ham turg‘unlik davrlari bo‘lib o‘tgan. Shuning uchun ustozimiz Shayx hazratlari aytardilarki, yurtimizda islomiy ilmlar taraqqiy etgan paytlarda boshqa ilmlar ham rivojlangan, islomiy ilmlardan uzoqlashganimizda boshqa ilmlar ham sutstlashib ketgan. Mana shu haqiqatni unutmasligimiz kerak.
Afsuski, ayrim odamlar aksincha tushunadi. Ularga ko‘ra, keyingi asrlarda xalqimiz dindorlashib ketib, ilm‑fandan uzoqlashgan emish. Bu tarixiy voqelikka ziddir. Aksincha, dindorlik ham, diniy ilmlar ham oldingi asrlarda yuqori bo‘lib, keyin sustlashgan. Shu bois, taraqqiyotdan ortda qolishga diniy omilni sabab qilib ko‘rsatish xato. Bordiyu ko‘rsatish kerak bo‘lsa, dindorlikni emas, aksincha, dinni anglashdagi, unga atroflicha amal qilish va shar’iy ilmlarni o‘rganishdagi zaiflikni sabab qilib keltirish mumkin.
Bir kuni sharqshunoslik institutida ochiq darsda Buxoro amirligining tanazzuli sabablari muhokama qilindi. Talabalarda biri odamlarning dindorlashuvini sabablardan biri sifatida keltirdi. Men undan: «Xalqimiz oldin dindorroq bo‘lganmi yoki keyingi asrlardami? Yana ham aniqlashtirsak, Mirzo Ulug‘bekdan oldin ko‘proq dindor bo‘lganmi yoki keyinmi?» deb so‘radim. U yigit: «Menimcha, keyin dindorlashgan», dedi. «Men ham «menimcha», deb xohlaganimni aytishim mumkin. So‘zingizga qanday dalil keltira olasiz?» dedim. Tabiiyki, javob bera olmadi. Shunda men: «Xalqimiz oldin dindorroq bo‘lgan. Bunga dalillar yetarli. Muhaddis, mufassir ulamolarimizni olasizmi, tasavvuf mashoyixlarini aytasizmi, barchasi oldinda ko‘p bo‘lgan va yuqori darajada bo‘lgan. Yurtimizda yozilgan mo‘tabar diniy manbalar ham asosan oldingi asrlarda yozilgan. Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan ma’naviy boyliklarimiz, Qur’on, hadis, fiqh va ilmning boshqa sohalarida bitilgan asarlarning aksari dastlabki va o‘rta hijriy asrlarga tegishli. Keyingi davrlarda juda kam kitob yozilgan, bori ham kichik asarlar va ko‘proq oldingi kitoblardan ko‘chirmalardan iborat. Shariat ahkomlariga amal ham oldingi davrlarda yuqori bo‘lgan, ishonmasangiz, somoniylar, qoraxoniylar va temuriylar davrlarini o‘rganishingiz mumkin. Shuning uchun Buxoro amirligining tanazzuliga agar diniy omilni ham qo‘shadigan bo‘lsangiz, dindorlik emas, dinni noto‘g‘ri anglash, uni chuqur o‘rganmaslik sabab bo‘lgan, desangiz, balki to‘g‘ri bo‘ladi», dedim. Sinfda o‘tirgan hamma birdan qarsak chalib yubordi...
- Tanqid va xilof sizni aldab qo‘ymasin. Ko‘pchilikda kuzatiladigan xatolardan biri ‒ kim tanqid qilsa, o‘shani xolis deb o‘ylash, unga ishonish, ommaga xilof qilgan odamni olqishlash bo‘lmoqda. Omma odatda yuzaki qarab, chuqur fikrlay olmagani uchun tanqid va xilofga o‘ch bo‘ladi. «Xilof qil, tanilasan» degan qoida ham shundan kelib chiqqan va omma doirasiga xos. Ilm ahli esa tanqid va xilofni to‘g‘ri baholay oladi, chunki hamma tanqid ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi, xilof har doim ham jasoratni anglatmaydi.
Ko‘pincha tanqidlarning loaqal bir qismi noxolis bo‘lganini ko‘rish mumkin. Zero, inson omili shuni taqozo qiladi. Biroq, odamlarga baribir tanqid yoqimliroq, maqtov nomaqbul bo‘laveradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim kishilar tanilishni istashsa, hukumatni yoki mashhur shaxslarni tanqid qilishga oshiqadi.
Mazkur videoning ko‘pchilik e’tiborini tortishiga sabab bo‘lgan omillardan biri ‒ unda tanqidiy fikrlar, mavjud ma’lumotlarga xiloflar ko‘pligi bo‘lsa, ajab emas. Biroq, oqil kishi nima iste’mol qilayotganini yaxshi bilishi lozim.
Ko‘pchilik g‘arbliklarning ilmiy‑tanqidiy yondashuvini xolis deb fahmlashi ham yuqoridagi xossadan kelib chiqadi. Aslida bir narsaga tanqidiy yondashuvda ham mo‘tadillik, xolislik va qamrovlilik kerak. Tanqidda haddan oshish o‘rinsiz shubhalar sababidan bor haqiqatlarni inkor qilishga olib borishi ham mumkin. Masalan, ayrim g‘arblik sharqshunoslarning Qur’oni Karim borasidagi o‘ta beo‘xshov tanqidiy yondashuvlari ayni shu qabilda bo‘lgan. Hatto yuzlab ashyoviy va tarixiy dalillarga qaramay, Qur’onning ilk hijriy asrda bitilganini inkor qilishgan edi. Musulmon ulamolarining raddiyalari ularni sharmanda qilgach, keyingi avlod tadqiqotchilari ham o‘z o‘tmishdoshlariga raddiya berib, alohida asarlar yozishgan. Biroq, dastlabki xulosalar haligacha ayrimlarni qiziqtirib keladi. Bu o‘sha ma’lumotlarning ilmiyligi yoki haqqoniyligi sababidan emas, balki aynan tanqidiy bo‘lganidan ekanini anglash qiyin emas. Holbuki, ozgina o‘rgangan kishi bu tanqidiy fikrlar haddan tashqari safsata, xayolparastlik ekaniga shubha qilmaydi.
Tanqidda haddan oshmaslik uchun muhaddis ulamolar hadislarni sahih, hasan, zaif, o‘ta zaif, to‘qima kabi turlarga ajratib chiqishgan. Hatto birgina zaif turdagi hadislarni bir necha darajaga bo‘lishgan. Ular ham boshqalar kabi osongina faqat sahihga cheklanib, qolganini inkor qilishlari mumkin edi. Biroq, bunda juda katta qism chin hadislarni ham qo‘ldan boy berish, haqiqatni inkor qilish tayin bo‘lganini payqab, ular eng mo‘tadil va ilmiy yo‘lni tanlaganlar. Shundan kelib chiqib, ular minglab zaif hadislarni yod ham olaganlar, naql qilganlar va o‘shalarda ham dinning qaysidir haqiqatlarini saqlay bilganlar.
- Bugun tarixni o‘rganishda barcha ishonchli uslublardan foydalanish kerak, bir yoqlamalikka chek qo‘yish lozim. Zamonaviy tarixshunosligimizni ajdodlar tajribalari bilan to‘ldirishimiz darkor.
G‘arb tarixshunosligi bilan musulmon tarixchiligi o‘rtasida ayrim asoslarda farq bor. Misol uchun, g‘arbliklarda ilm hosil qilish manbalari his va aqlga cheklangan. Shu bois, ular qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rmagan narsasiga deyarli ishonishmaydi. Ana shundan kelib chiqib, har narsaga haddan ziyod shubha bilan qarash oqibatida ularda ayrim odamlar hatto Iyso alahissalomni afsonaviy shaxs deb o‘ylaydigan bo‘lib qolishgan.
Islomda esa his va aql bilan birga sodiq xabarga ham ilm manbasi sifatida qaraladi. Shu bilan birga, o‘sha xabarni tahlil qilish bo‘yicha dunyoda hech bir o‘xshashi yo‘q ilmiy uslub ham ishlab chiqishgan. Unga ko‘ra, yolg‘onga kelishib bo‘lmaydigan adaddagi kishilar naql qilgan xabar mutavotir deb atalib, his a’zolari bergan aniq ilmni taqdim etadi. Undan boshqa xabarlardan esa darajasiga qarab foydalaniladi. Xabarlarga baho berishda avvalo ularni naql qilayotgan kishilarning ishonchliligi o‘rganiladi. Tarixni o‘rganishda bugun ham ushbu yondashuvga ehtiyoj juda katta. Musulmonlardan boshqalarda bu ilm yo‘q. Kimlardir xabarlarni butkul inkor qilsa, boshqalar hech bir qaydsiz hamma gapni qabul qiladi. Birida qanchadan‑qancha zarur ilm zoye bo‘lsa, boshqasida botil haqiqatga aylanib ketadi.
Shunday qilib, musulmon tarixchiligi boshqalardagi tarixshunoslik uslublaridan farqli ravishda, his va aqldan tashqari ishonchli, tahlil qilingan xabar bilan ustun hisoblanadi. Biroq, bu musulmonlarda his a’zolari va aql bergan ilmning qadri past degani emas. Balki, bu boshqalarda mavjud ikki manbaga qo‘shimcha ravishda uchinchi uslubdan ham to‘g‘ri foydalanish mavjudligini bildiradi. Bu uch manba bir‑birini to‘ldirib, bir‑birini quvvatlab keladi.
Faqatgina moddiy topilmalarga asoslangan tadqiqotlar haqida gap ketganda yaqin tariximizda bo‘lib o‘tgan bir hodisa esimga tushadi.
1983 yili Bobur Mirzoning 500 yillik yubleyini o‘tkazish uchun rejaga kiritilgan tayyorgarliklar ichida Andijon tarixini yanada kengroq o‘rganish ham bor edi. Shu maqsadda 1981‒1982 yillar Andijon shahrining «Ark ichi» mahallasidagi qabristonda arxeologik qazilma ishlari olib boriladi. Buning uchun Samarqandagi arxeologiya institutidan mutaxassislar jalb qilinadi. Taxminan 2‑3 metrcha qazishganda, odam suyaklaridan tashqari, sopol idishlar, tangalar chiqadi. Mutaxassislar «har bir metr chuqurlik bir asrga teng» degan o‘lchov asosida ashyolarni bir necha yuz yil ilgargi narsalar ekanini aytib, muhokamalar qilishadi. Kovlash ishlari davom etib, XVI asrga yetib keldik deb turishsa, birdan tuproqlar ostidan gazeta ko‘rinib qoladi. Olib qarashsa, «Izvestiya» gazetasining bir necha yil oldingi nashri ekan. Bunga o‘xshash misollarni yana keltirish mumkin, hatto ba’zan shaharlarning qadiymiligi borasida musobaqalashishlar ham bo‘lganini soha egalari yaxshi bilishadi.
Bu yerda ashyoviy dalillar orqali tarixni o‘rganishni inkor yoki istehzo qilmoqchi emasmiz, balki tadqiqot xulosalari har doim ham bor haqiqat bo‘lmasligini, ko‘pincha nisbiyligini e’tiborda tutish darkorligini eslatmoqchimiz. Shu bois, biz muhaddislar avlodi o‘laroq, tariximizni o‘rganishda sodiq xabardan ham unumli foydalanishimiz lozim.
- Jahon tarixini, jumladan, yurtimiz tarixini zamon talabiga javob beradigan, ilmiy asosda, ayni paytda milliy‑diniy ruhiyatimizni aks ettiradigan tarzda qayta yozish kerak. Buning uchun ingliz‑arab, forsu turk tillarini chuqur biladigan yetuk mutaxassislarni yetishtirish, kerakli manbalarni jalb qilish lozim. Ochig‘ini aytish kerak, haligacha yurtimiz tarixining bir qancha davrlari to‘liq o‘rganilmagan, o‘rgatilmagan. Masalan, somoniylar, saljuqiylar, qoraxoniylar, temuriylar, shayboniylar davrlari hanuzgacha xalqimizga deyarli ma’lum emas. Shuningdek, rus bosqini, mustabid tuzum qatag‘onlari borasida ham tarix kitoblarimizda jo‘yali ma’lumot topish qiyin. Buyuk ulamolarimizdan faqat 3‑4 tasini arang chalcha‑chulpa o‘rgatiladi, ular va boshqa allomalarimiz haqida yosh avlod aytarli ma’lumtga ega emas.
Yurtimizda yaxshi deb bilingan maktablardan birida o‘quvchilar bilan uchrashuv bo‘lgan edi, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek kabi eng mashhur olimlarimiz haqida berilgan savollarga maktab bitiruvchilari ham jo‘yali javob bera olmadi. Olimlarni tom ma’noda, musulmon olimi sifatida tanishtirishni qo‘ying, oddiy hayoti xususida ham aytarli ma’lumot taqdim qila olishmadi. Darsliklarda shariat ilmi ulamolaridan faqat bitta‑ikkitasi xususidagina qisqacha ma’lumot bor, bu jihatni ham boyitish lozim.
- Minbardan so‘zlagan kishi mas’uliyatni his qilishi lozim. Tinglovchilar doirasi qanchalar keng bo‘lsa, mas’uliyat shunchalar yuqori bo‘ladi. Oxiratdagi javobgarligi yanada og‘ir.
Hozirda internet hamma uchun birdek minbar bo‘lib qoldi. Bu bir jihatdan katta qulaylik bo‘lsa, ikkinchi tarafdan nazoratsiz manba sifatida jamiyat ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Har kim esiga kelganni aytib, fikr erkinligi bahonasida bo‘lar‑bo‘mas gaplarni ham tarqatib yubormoqda. Hali pisixologlar, hali boshqalar o‘zi yaxshi bilmagan mavzuda so‘z qotib, o‘ta tor yoki buzuq fikrlarni ham omma o‘rtasida yoyishmoqda. Bu juda ham yomon holat. So‘z egasi og‘izdan chiqayotgan gapga javob berishga majbur. Xato ma’lumotlar singib qolgach ularni to‘g‘rilash juda qiyin. Eng yaxshisi, noto‘g‘ri ma’lumot yoyilishininng oldini olish kerak. Buning uchun ommaga so‘zlamoqchi bo‘lgan odam aytadigan gapini yaxshilab pishirib, ma’lumotni puxta o‘rganib, keyin jamiyatga taqdim etishi kerak.
- Mazkur suhbatning xom gaplar bilan ko‘pchilikning fikrini chalkashtirishi tom ma’noda ma’naviyatimizga xatar bo‘lgan esa‑da, boshqa bir tarafdan tariximizga oid bir qancha masalalarni o‘rtaga chiqargani foydali bo‘ldi. Shu bahona yashirinib yotgan qancha haqiqatlar ko‘pchilikka tarqadi. Shuning uchun ham ochiq bahslar taraqqiyot omili, deya qaraladi.
Suhbatning yana bir foydasi, u bizdagi bir qator kamchiliklarni ham ko‘rsatib beribdi. Bizda hanuzgacha hatto Islom oliygohlarida ham ixtisoslik yetilmagani, Islom tarixi va falsafasida yetuk mutaxassislar yetishmasligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Qarang, bir bola chiqib ulug‘ allomalar haqida qator xato fikrlar aytsa, unga kerakli munosabat bildirishga Islom falsafasini, musulmon faylasuflari asarlarini asl manbadan o‘rgangan birorta tayinli mutaxassis topilmadi. To‘g‘ri, falfasa fanlari yoki tarix bo‘yicha mutaxassislar bor. Biroq, bu fanlarni buyuk olimlarimiz kabi shar’iy ilmlar bilan jamlagan holda o‘rgangan, ajdodlarning ilmiy merosini bevosita tahlil qila oladigan kishimiz yo‘q. Ulug‘ allomalarning fikrlarini tushunish, ularni to‘g‘ri anglash uchun ular kabi hayot kechirishga urinish ham topilishi kerak. Bugun biz ana shunday mutaxassislarga muhtojmiz.
Birgina yengil gurungdan jamiyatimiz ongida qancha iztirob kelib chiqqan bo‘lsa, agar bu kabi munozalar ko‘paysa, xalq nima ahvolga tushishini o‘zingiz tasavvur qilavering. Shu bois, ma’naviy tahdidlarning oldini olish uchun barcha sohalarda yetuk mutaxassislar hamisha tayyorlab borilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, tarix haqida, ulug‘ ulamolarimiz xususida so‘z aytishga har kimga izn berilmasligi kerak. Tinglovchilar esa ilmni kimdan olayotganlariga boqishlari lozim. Har kimga, har qaysi kitobga suyanaverish yaramaydi. Tariximizni asl manbalardan asl holicha o‘rganib, uni boricha to‘g‘ri talqin qila oladigan mutaxassislarni yetishtirish jamiyat zimmasiga farzi kifoya, avlodlarning ajdodlar oldidagi burchlaridandir.
Maqolani «Tarix omonatdir» deb nomladim. Sababi, maqolani yozayotib bexos ustozimiz Shayx Hazratlari rahmatullohi alayh Amir Temur va boshqa bobokalonlarimiz xususida tarqalgan noto‘g‘ri fikrlarga raddiya sifatida ayni shu nomda yozgan maqolalari yodimga tushdi. Bu maqola keyinroq shu nomdagi bir risolaga aylangan edi. Risola nomidan baraka istab, yuqoridagi satrlar ham Ustozning xizmatlariga davomchi bo‘lsa ajab emas, degan umidda maqola uchun ayni nom tanlandi. Xayrli duo va samimiy islohlaringiz rajosidaman.
Shuni ta’kidlashni istardimki, men bu yerda Baxtiyor Alimjonovning barcha fikrlariga to‘xtalib o‘tirmadim, unga raddiya berishni ham qasd qilmadim. Shu bahona ayrim tarix borasida mulohazalarni sizlarga yetkazishni istadim, xolos. Yaxshilik bo‘lsa, Allohdan, kamchiliklarimizni O‘zi mag‘firat aylasin.