
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ILMNI QADRLASH TARAQQIYOT BOISIDIR
Bir paytlar o‘zbek tilidagi Qur’on tafsirlari va tarjimalari haqida bir maqola yozgan edim. Unda 9 ta tafsir‑tarjima haqida yetarlicha ma’lumot berilgan. Ushbu mavzuga aloqador tadqiqot olib borayotgan yapon olimlaridan biri o‘sha maqolaga qiziqish bildirib, uni yapon tiliga tarjima qilish va ilmiy jurnalda nashr qilish uchun ruxsat so‘radi. Men xursandlik bilan rozilik bildirdim. Olimning ismi Seika Vazaki. O‘zbekchani yaxshi biladi. Sportchi bo‘lgani uchun yurtimizda o‘tkazilgan ayrim sport musobaqalarida hakamlik ham qilgan. O‘zi musulmon, shu bilan birga, o‘zbeklarni yaxshi ko‘radi.
ILMNI QADRLASH TARAQQIYOT BOISIDIR
YOXUD YAPONLARDAN IBRAT
Bir paytlar o‘zbek tilidagi Qur’on tafsirlari va tarjimalari haqida bir maqola yozgan edim. Unda 9 ta tafsir‑tarjima haqida yetarlicha ma’lumot berilgan. Ushbu mavzuga aloqador tadqiqot olib borayotgan yapon olimlaridan biri o‘sha maqolaga qiziqish bildirib, uni yapon tiliga tarjima qilish va ilmiy jurnalda nashr qilish uchun ruxsat so‘radi. Men xursandlik bilan rozilik bildirdim. Olimning ismi Seika Vazaki. O‘zbekchani yaxshi biladi. Sportchi bo‘lgani uchun yurtimizda o‘tkazilgan ayrim sport musobaqalarida hakamlik ham qilgan. O‘zi musulmon, shu bilan birga, o‘zbeklarni yaxshi ko‘radi.
Seika Vazaki maqolani tarjima qilgach, men bilan uchrashish istagini bildirdi. Bir necha bor ko‘rishdik, yaqindan tanishdik va bir necha mavzularda suhbatlashdik. Uning axloqu odobi va to‘g‘riligi menga juda manzur keldi. Qarang, bo‘lmasam, o‘sha maqolani o‘qigach, ayrimlarimiz kabi indamay tarjima qilib, o‘zining tadqiqoti sifatida yapon tilida nashr qilsa, kim bilib o‘tiribdi. Men yaponchani tushunmasam, istab topa olmasam. Biroq, halollik, ilmga ehtirom ilmiy omonatdorlikni taqozo qilgan edi.
U kishi bir gal yana bir taqiqotchi doktor Satoru Kimura bilan uyimga keldi. Doktor Satoru Kimura 20 yildan beri Buxoro tarixini o‘rganmoqda ekan. Arab, o‘zbek va fors tillarini yaxshi biladi ekan. Uning ham odobu xulqi go‘zal. Biroq, u hali musulmon bo‘lmagan edi.
Menga hammadan ham ta’sir qilgani, ularning ilmiy omonatdorligi, ilmni qadrlashi va bu boradagi odobi bo‘ldi. Ikkovlon mendan Qur’oni Karim tarixi va qiroatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni so‘rashmoqchi ekan. Aftidan, qiroatlar borasida xabarlar ularni biroz shubhaga ham solgan. Bu tabiiy hol, chunki bu ilmni chuqur o‘rganmagan odam uning ko‘lamini aqlga sig‘dara olmaydi.
Ular avvalo savol uchun ruxsat so‘rashdi. Men mamnuniyat bilan bilganimcha javob berishimni aytdim. Shunda ular bir‑birlariga qarab, vositachi bo‘lib kelgan o‘zbek do‘stlari shahrixonlik Muhammad aka orqali ming hijolat bilan, moddiy daromad maqsadlari yo‘q ekanini qattiq ta’kidlagancha suhbatni vidoyega olish uchun izn so‘rashdi. Agar suhbatdan ilmiy maqsadda foydalansalar ham, so‘zni o‘z egasiga nisbat berishlarini aytib o‘tishdi. Bu hol men uchun g‘ayritabiiy tuyulishi tabiiy edi.
Men ularga biz odamlar dindan, ilmdan so‘rasa, xursand bo‘lib javob berishimizni, odatda bergan ma’lumotlarim uchun hech qachon mablag‘ kutmasligimni, aksincha, odamlarning ilm istashi biz uchun yetarli shodlik va moyana bo‘lishini ta’kidladim.
Shundan so‘ng bir soatdan ziyod savol‑javob bo‘ldi. Vazaki janoblari o‘zbekchani yaxshi tushungani uchun suhbat o‘zbek tilida bordi. Ular qiroatlar, ularning imomlari, roviylari va ular o‘rtasidagi farqlar, ularning kelib chiqishi kabi mavzulardagi so‘zlarni maroq bilan tinglashdi va juda ham mamnun bo‘lganlarini ta’kid etishdi. Men ularga bu mavzularni tushuntirar ekanman, birlari Qur’onga iymon keltirgan yangi musulmon, ikkinchisi hali musulmon bo‘lmagan shaxs ekanini e’tiborda tutishga harakat qildim. Alloh taoloning tavfiqi bilan ular javoblardan qanoat hosil qilishdi.
Ilmni qadrlash ilmiy omonatdorlikni ham taqozo qiladi. Birovning ilmiy mahsulini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish esa aynan ilmga behurmatlik va unga xiyonat hisoblanadi. Ilm qadrlanmagan, hurmat topmagan joyda baraka bo‘lmasligi dunyoda kuzatilgan qonuniyatlardandir. O‘zimchasiga, yaponlarning yuutuqlaridagi sabablardan biri ularning ilmga ehtiromi va omonatdorligida ekan, degan o‘yga bordim.
Jurnal 2019 yil nashr bo‘lgan edi. Aytishlaricha, e’tiborli ilmiy jurnal ekan. Maqola qariyb 30 sahifani egallagan. Jurnalning O‘zbekistonga yetib kelishi ancha paysal bo‘ldi. Kamiga, uni qabul qilib olgan akamiz nimadir sabablar bilan uni yo‘qotib qo‘yibdi. Halol narsa o‘tda kuymaydi, suvda cho‘kmaydi, deganlaridek, nihoyat jurnal topilib, kuni kecha menga yetib keldi. O‘zim yaponchani tushunmayman, balki tushunganlar o‘qiy olar. Orada o‘zbekcha satrlar ham borligi e’tiborga molik deb o‘ylayman. Har qalay, shu bahona ayrim so‘zlarni siz azizlarga aytgim keldi. Vaqtingizni olgan bo‘lsam, uzr.