
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ALLOH NIMANI IRODA QILSA, YAXSHILIK O‘SHANDADIR
Feysbukda ko‘zim tushib qoldi, ayrim «donolar» aytishicha, saylovda Erdug‘on yutqazsa, musulmonlar uchun, din ahli uchun yaxshi bo‘larmish. Qoyil! Ayni paytda bu gapni aytish uchun kishi yo ahmoq bo‘lishi kerak, yoki munofiq.
ALLOH NIMANI IRODA QILSA, YAXSHILIK O‘SHANDADIR
Feysbukda ko‘zim tushib qoldi, ayrim «donolar» aytishicha, saylovda Erdug‘on yutqazsa, musulmonlar uchun, din ahli uchun yaxshi bo‘larmish. Qoyil! Ayni paytda bu gapni aytish uchun kishi yo ahmoq bo‘lishi kerak, yoki munofiq.
Men shu bitik orqali uning mualliflarini va ularning hamfiklarini tanib olishni tavsiya qilardim.
Agar shu gapning o‘rniga, «Turkiya xalqi uchun yaxshi bo‘lar edi», deyilsa ham tushunsa bo‘lardi.
Yoki Erdug‘onning raqiblari yillar osha musulmonlarga zulmu adovati bilan tanilgan kimsalar emas, dinu diyonatda, musulmonlarga xayrxohlikdan undan yaxshi ekanini ko‘rsatgan kishilar bo‘lsa ham boshqa gap edi.
Yo‘q, aksincha, Erdug‘on ketsa, uning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan nomzod bir umr musulmonlarning huquqlarini poymol qilib, erkinliklarini bo‘g‘ib kelgan, ularni ayyovsiz qatag‘on qilgan, hozir ham adovatini yashira olmayotgan partiyaning yetakchisi. Shuni ko‘ra bila turib ham, yana Erdug‘on ketsa, Islom va musulmonlar uchun foydali bo‘ladi, deyish uchun odam nima bo‘lishi kerak, bilmadim.
Shuni bilish joizki, ayrim kimsalar din, iymon tushunchalarini qo‘llash orqali kishilarning tuyg‘ulari bilan o‘ynashadi. Bunday munofiqona uslublardan hushyor bo‘lish lozim.
Yana bir ehtimol bor, agar Erdug‘on hukmda davom etsa, dunyodagi katta kuchlar uning sababidan musulmonlarga yanada kattaroq dushmanlik qiladi, degan gumon bilan mazkur fikrni ilgari surishlari mumkin. Bu gapning javobi tayin. Bunday fikrlash o‘zi qo‘rqolik, o‘zlikdan mosuvolik, xorlikdan boshqa narsa emas. Qolaversa, dushmaningiz borlig‘ingizdan butkul kechmaguningizcha sizdan baribir rozi bo‘lmaydi.
Xullas, Turkiyadagi saylov butun dunyoni ‒ musulmonu nomusulmon e’tiborini o‘ziga qaratayotgan ekan, shuning o‘zi katta natija va bugungi Turkiyaning o‘rnini, uni barpo qilgan Erdug‘onning kim ekanini, nimalar qilganini ko‘rsatmoqda.
Biz esa har nima bo‘lganda ham, Alloh taolodon musulmon ummati uchun yaxshisi bo‘lishini so‘raymiz va saylovda kim yutmasin, biz uni musulmonlar uchun yaxshilik deb bilaveramiz. Zotan, Allohning mulkida Uning iznisiz hech bir ish bo‘lmaydi va Alloh mo‘minlarga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, zero U mo‘minlarning do‘stidir. Alloh nimani iroda qilsa, yaxshilik o‘shandadir.
Quyidagi rasmdan ham kerakli xulosa olishingiz mumkin. Saylov oldi iltijolar.