
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘ZLIK
Bir ikki kun oldin sahifamda bir tarixiy video nashr qilgandim. Unda nomusulmon o‘lkalardan birining 1901 yildagi holati tasvirlangan. Ayollar keng ko‘ylak va ro‘molda, erkaklarda ham bosh kiyim bor. Ko‘pchilik videoga yaxshi mulohaza yozgan. Darhaqiqat, videodan juda ko‘p xulosa va ibrat olsa bo‘ladi.
O‘ZLIK
Bir ikki kun oldin sahifamda bir tarixiy video nashr qilgandim. Unda nomusulmon o‘lkalardan birining 1901 yildagi holati tasvirlangan. Ayollar keng ko‘ylak va ro‘molda, erkaklarda ham bosh kiyim bor. Ko‘pchilik videoga yaxshi mulohaza yozgan. Darhaqiqat, videodan juda ko‘p xulosa va ibrat olsa bo‘ladi.
-
Yopiq kiyinish barcha millatlarning asl, milliy kiyimi bo‘lgan. Ro‘mol, keng, yopiq ko‘ylaklar arablarga yoki musulmonlarga xos liboslar bo‘lmagan, balki o‘zini bilgan, insoniyligini saqlagan barcha millatlar shunday satri avratda bo‘lishgan. Ochiq kiyinish barcha xalqlarda uyat hisoblangan. Behbudiy aytganidek, G‘arbda axloqsiz kishilar boshqaruvga kelgach, dunyoqarashlar va mezonlar o‘zgargan.
-
Ayollarning ro‘mol o‘rashi, keng, yopiq kiyinishi yangilik, qandaydir radikallarga yoki faqat musulmonlarga xos holat emas, balki deyarli barcha taraqqiy etgan jamiyatlarda kiyinish madaniyati shunday bo‘lgan. Kiyimsizlik qoloqlik, uyat sanalgan. Sharq xalqlarida va ko‘plab g‘arbliklarda erkaklar ham bosh kiyimsiz yurmagan. Bugungi kunga kelib faqat musulmonlargina o‘zligini bir qadar saqlab kelmoqda, shuning uchun hozir hijob desa, ro‘mol desa faqat muslimalar xayolga keladigan bo‘lib qolgan. O‘zlikni asrash sharafi bu ummatga nasib etgani u uchun sharaf va faxrdir.
-
Kino va matbuotning inson ongiga ta’siri katta. Kamera va ekranlar dunyoga kelgan paytda bashariyat libos bilan sharaf tuyar, kiyimsizlikni uyat bilar edi. Mazkur videolavha ayni shu haqiqatni eslatadi. Kameralar yalong‘och sahnalarni uzataverishi oqibatida kishilarda uyat, avrat tushunchalari yo‘qolib bordi. Oxir oqibat kiyimsizlik madaniyat, satri avrat ayb, qoloqlik, go‘yo xatar manbai hisoblanib qoldi. Agar kameralarning ongi bo‘lganida, bugun insoniyatning boshiga solgan balolari uchun o‘zlariga o‘t qo‘ygan bo‘lishardi. «Koshki biz yaralmasak edi, shu buzuqliklar bo‘lmasmidi», deyishardi.
Aslida bu kameralar orqali yaxshilikni taratish ham mumkin edi. Ammo inson nafsi hamisha yomonlikka buyuradi, shayton esa o‘sha yomonlikni chiroyli ko‘rsatib avraydi. Barchasi imtihon dunyosining sinovlaridir.
-
Ayrim o‘zligini yo‘qotgan kimsalarning ochiq-sochiq kiyingan ayollarni o‘zbekning asl ayoli deb talqin qilishi quruq tuhmat, beyuzlarcha yolg‘ondan boshqa narsa emas. Islomdan oldin ham o‘zbek ayoli bugungidek yarimta yuritma kiyinmagan. Bizning momolarimiz satri avratda boshqa xalqardan ham peshaqadam bo‘lishgan. Ishonmasangiz, eski suratlarni ko‘ring, manbalarni o‘rganing. Ular nafaqat ro‘mol o‘rashgan, balki qomatlarini nomahram nazaridan asrash uchun qavat-qavat liboslar kiyishgan. Videolavhadagi eng yopiq ayol ham o‘zini satr qilishda o‘zbek ayollariga yetolmagan. Bugun chin o‘zbek xonimlardek iffatini asragan afifani topish ancha qiyin. Ular bizning faxrimiz, shonu sharafimiz. Zero, ular poklik, iffat ramzi o‘laroq boqiy qolajaklar. Ularni o‘zligini saqlagan, xalqiga do‘st bo‘lgan hech bir o‘zbek o‘g‘loni tahqir etolmaydi. Binobarin, asl momolariga ergashgan, satri avratda turgan o‘zbek ayollarini masxaralab, kamsitishga urinish nafaqat dinga, balki tariximizga, o‘zligimizga nisbatan tajovuzdir.
-
Ba’zilar hamma narsani zamonga to‘nkaydi. Aslida zamon bu – biz. Yeru ko‘k, dovu daraxt, parrandayu darranda – butun borliq o‘sha-o‘sha. Faqat insonlar va ularning ongi o‘zgaradi. Zamonni keng qiladigan ham, tor qiladigan ham, o‘zimiz, nafsimiz. Nafslar poklansa, zamon yaxshilanadi, aksincha bo‘lsa, holat ham aks bo‘ladi. Bundan boshqa izoh nishonga bormaydi.
-
Tasvirda namoyon bo‘lgan odamlarning birortasi ham hozir yo‘q. Ular o‘tgan ummatlardir, nima qilgan bo‘lishsa, o‘zlari uchun qilishdi, hisobini o‘zlari beradi. Dunyoga hech kim ustun bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Bugun biz bormiz, ammo vaqt o‘tib biz ham tarixga aylanamiz va har kim o‘z ishi uchun Allohning xuzurida javob berajak.
Biz bo‘lsak ham, bo‘lmasak ham dunyo turaveradi, hayot davom etaveradi. Yaxshi amallargina boqiy bo‘ladi.
Gapirsa gap ko‘p. Menimcha, hozircha xulosa olishga shu yetadi.