
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
O‘G‘RINI MENGA ALLOH SO‘ZLATDI
Imom G‘azzoliy aytadi: «Nima qilishim kerakligini ko‘rsatish uchun Alloh o‘g‘rini menga so‘zlatdi, dedimda, Tusga kelib, o‘sha yozganlarimni uch yilda to‘liq yod oldim. Ularni shunchalar mustahkam hifz etdimki, endi yo‘lto‘sarlar kitoblarimni tortib olishsa ham parvo qilmayman».
O‘G‘RINI MENGA ALLOH SO‘ZLATDI
Hujjatul Islom Abu Homid G‘azzoliy rahmatullohi alayhi Abu Nasr Ismoiliyga shogird tushish uchun Tusdan Jurjonga borib, bir necha yil u yerda ilm tahsil qildi. Yurtiga qaytayotganda karvonni qaroqchilar taladi. Ulardan biri pul bor degan gumonda yosh olim G‘azzoliyning haltasini olib qochdi. Olim uning ortidan quvib borar ekan, bor ovozi bilan: «Haltamni qaytaringlar, unda sizlarga kerak narsa yo‘q», deb qichqirardi. Shunda o‘g‘rilarning kattasi: «Ortiingga qayt, bo‘lmasa, o‘lasan», deb baqirdi. Olim esa: «Menga faqat bitiklarim kerak, qolganini olaveringlar mayli», deb xitob qildi. O‘g‘riboshi: «Nima bor unda?» dedi. Imom G‘azzoliy: «Unda o‘rgangan, yozgan darsliklarim, daftarlarim bor, men bularni qancha umr sarflab jamlaganman, axir bu mening bir necha yilda yiqqan ilmlarim», dedi. Shunda o‘g‘rilarning kattasi hoholab kulib: «Qanday qilib bu sening ilming bo‘ladi, biz olib qo‘ysang, o‘zingda hech narsa qolmas ekanku», deydi. Keyin esa bitiklarni egasiga qaytarib beradi.
Imom G‘azzoliy aytadi: «Nima qilishim kerakligini ko‘rsatish uchun Alloh o‘g‘rini menga so‘zlatdi, dedimda, Tusga kelib, o‘sha yozganlarimni uch yilda to‘liq yod oldim. Ularni shunchalar mustahkam hifz etdimki, endi yo‘lto‘sarlar kitoblarimni tortib olishsa ham parvo qilmayman».
Kechagi voqealarda aynan ushbu hikoya yodimga tushdi. Ammo men zamonga mos xulosa oldim, kompyutorni vertual xotiraga (OneDrive) bog‘lab qo‘ydim😊. Chunki bunda ma’lumotni saqlashgina emas, uning bitigini, tayor holatini asrash ham mumkin bo‘ladi. Boshqalarga ham tavsiya qilaman. Biroq, internet bo‘lmasa, bu xotiradagi ma’lumotlardan hech qanday foydalana olmaysiz. Shuning uchun hammamiz bilishmiz kerak bo‘lgan haqiqat shuki, ilmni yod olishga o‘rganish, xususan, yoshlikda bunga qattiq e’tibor qaratish lozim ekan.
E’tibor va duolar uchun barcha xayrxoh azizlarimizga yana bir bor tashakkur.