
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HOJINI KUTIB OLISH SHARIATDA BORMI?
Shariatga zid bo‘lmagan safardan qaytgan kishini kutib olish dinimizda yaxshi sanalgan ishlardan biridir. Hajdan qaytgan kishini kutib olish, uning istiqboliga chiqish ham joiz va yaxshi amallardan hisoblanadi. Zero, bu safarning o‘ziga xos jihatlari ham bor.
HOJINI KUTIB OLISH SHARIATDA BORMI?
Shariatga zid bo‘lmagan safardan qaytgan kishini kutib olish dinimizda yaxshi sanalgan ishlardan biridir. Hajdan qaytgan kishini kutib olish, uning istiqboliga chiqish ham joiz va yaxshi amallardan hisoblanadi. Zero, bu safarning o‘ziga xos jihatlari ham bor.
Islom besh rukn ‒ tayanch devor ustiga qurilgandir. Haj ibodati ana o‘sha ruknlarning beshinchisi bo‘lsa‑da, bir qator sabab va jihatlar e’tiboridan mo‘minlar qalbida o‘zgacha ehtirom kasb etadi.
Ha, namoz, ro‘za ruknlari birlamchi bo‘lsalar‑da, ularni deyarli barcha mo‘minlar bajara olgani uchun ular ko‘pchilik nazdida oddiylashgan. Zakotni ham ko‘p odam ado etadi. Bu ibodatlarning biri badaniy, boshqasi moliyaviy. Ammo haj ibodati Islomning boshqa ruknlaridan bir necha jihatlari bilan ajralib turadi:
- Haj umrda bir marta ado etiladigan farz, shuning uchun ham o‘zgacha e’tibor talab qiladi.
- Hajni bajarish bugungi kunda ham hammaga nasib bo‘lavermaydi. Boshqa ruknlarni esa har kim har doim ado eta bilishi mumkin. Ayniqsa, oldinda hojilik juda kamdan kam odam qodir bo‘ladigan amal hisoblangan.
- Haj bir paytning o‘zida ham badaniy, ham moliyaviy ibodat.
- Haj hamma joyda va vaqtda ham ado topavermaydi, balki aynan Ka’ba atrofida, Haram hududida va haj oylarida bajariladi. Boshqa ibodatlarda bu talab yo‘q.
- Haj ibodatining kiyimi ham o‘ziga xos, bu shart boshqa ruknlarda yo‘q.
- Eng muhimi, boshqa ruknlarni barpo qilgan musulmon kishining dini haj bilan to‘liq bo‘lib, Islom binosining to‘rt devori tugal qad rostlagan hisoblanadi.
Ushbularni mulohaza qilgan odam haj ibodatini bir mahal namozga yoki zakot berishga muqoyasa qilish har doim ham o‘rinli bo‘lmasligini oson fahmlaydi va asrlar osha mo‘min‑musulmonlarning ushbu ibodatga oid tuyg‘ulari, muhabbatlari shunchaki emasligiga amin bo‘ladi.
Mazkur qator omillar sababidan ham haj ibodatini ado etganda o‘ziga xos shodlik, shukronlik, tugallik, oliylik tuyg‘ulari barq urishi tabiiy. Shuning uchun ham qadimdan bu ibodatga kuzatish, uni ado etib qaytgan kishilarni kutib olishga o‘ziga xos e’tibor qaratilgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, unda ushbu mavzuga aloqador bir hadisni keltiradi:
بَابُ اسْتِقْبَالِ الْحَاجِّ الْقَادِمِينَ وَالثَّلَاثَةِ عَلَى الدَّابَّةِ
KELAYOTGAN HOJILARNI KUTIB OLISh VA ULOV USTIDA UCh KISHI BO‘LISHI HAQIDA BOB
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: لَمَّا قَدِمَ النَّبِيُّ r مَكَّةَ اسْتَقْبَلَتْهُ أُغَيْلِمَةُ بَنِي عَبْدِ الْمُطَّلِبِ، فَحَمَلَ وَاحِدًا بَيْنَ يَدَيْهِ وَآخَرَ خَلْفَهُ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makkaga kelganlarida u zotni Banu Abdulmuttolibning bolakaylari kutib olishdi. Birini oldilariga, boshqasini orqalariga mindirib oldilar».
Bu rivoyatda sahobalar Nabiy sollallohu alayhi va sallamni Makkaga kirib kelganlarida bolachalar bilan kutib olishgani haqida so‘z ketmoqda. Bu kelishlari vidolashuv hajida bo‘lgani uchun imom Buxoriy rahmatullohi alayh ushbu rivoyatdan haj uchun borgan hojilarni kutib olishni ham tushunmoqda. Shu bilan birga, u kishi bobda «kelayotgan hojilar» degan umumiy ko‘rinishdagi jumlani ishlatish bilan hajdan qaytib kelayotgan kishilarni ham mavzu ostiga kiritgan va ularni kutib olish ham maqbul ish ekaniga ishora qilgan. Shu bois, Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu bobning izohida: «Hadis hajga kelgan kishi haqida bo‘lsa‑da, bob sarlavhasining hajdan qaytayotgan kishini kutib olish xususida bo‘lishi ikki holat ham bir ma’no kasb etgani uchun o‘rtada xilof yo‘qligi sababidandir», deb aytadi.
Ya’ni hajga kelgan kishini kutib olish haqidagi gap hajdan qaytayotgan kishini ham o‘z ichiga oladi, demoqchi. Bu tushunchani biz «Sahihi Buxoriy»ning bobokalon shorihlaridan yana biri Ibn Battolning quyidagi so‘zlarida ham ko‘rishimiz mumkin: «Bu yerda olinadigan fiqhlardan biri ‒ hajdan kelayotgan kishilarni ikrom qilib, ulug‘lash ma’nosida kutib olish joizligidir. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam makkaliklarning kutib olishlarini inkor qilmadilar, aksincha, bundan xursand bo‘lib, bolalardan birini oldlariga, ikkinchisini orqalariga mingashtirib oldilar».
Nabiy sollallohu alayhi va sallamni bolajonlar bilan qarshi olish odati boshqa safarlarda ham bo‘lgan. Ja’far roziyallohu anhu o‘zi va imom Hasan va Husaynlarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytganlarida u zotga peshvoz chiqarishlarini eslaydi. Bu rivoyatdan ham ulamolar safardan qaytgan kishini kutib olishda uning ko‘nglini ko‘taradigan ishlarni amalga oshirish joizligini tushunganlar.
Demak, safardan, xususan, hajdan kelgan kishini kutib olish shar’an joiz va maqbul ish sanalashini qadimgi ulamolarimiz ham ta’kidlab o‘tgan ekanlar. Bunda safardan kelgan kishini xushnud qiladigan ayrim tasarruflar ham joiz ekan. Biroq, bu ish qo‘lda muyassar bo‘lgan narsalar bilan xursandchilik izhor qilish ko‘rinishida bo‘lishi lozim. Masalan, kelayotgan kishining qalbiga surur kiritadigan gul, non va boshqa shu kabi yengil narsalarni hozirlashning zarari yo‘q, isrof va dabdabadan xoli, betakalluf bo‘lsa, joiz. Ammo odam o‘zini qiynab, birovlardan yordam olib, zaruriy nafaqlar evaziga, isrofgarchilik bilan va o‘zni ko‘rsatishga istiqbol tashkil qilishi shar’an durust emas.
Afsuski, hojilarni kutib olishdagi aslida betakalluf, bejirim bo‘lgan amal keyinchalik o‘zgarib, dabdabaga aylanib ketdi. Borib‑borib odamlarga zarar keltiradigan, kishilarni kibru riyoga olib boradigan, o‘rtahol kishilarni mashaqqatga soladigan va isrofgarchilikka sabab bo‘ladigan odatga aylanib qoldi. Eng xatarlisi, bunda bid’at xavfi ham borki, uni qilib odamlar savob olaman deb gunohga qolishi mumkin. Biz bulardan ehtiyot bo‘lishimiz lozim.
To‘g‘ri, hojilarni o‘ziga xos ravishda kutib olish butun Islom olamida keng yoyilgan odat. Hatto Makkai Mukarramaga eng yaqin shaharlardan, Miyqotning ichida joylashgan Jidda shahrida ham hojilarni bayramona kutib olish an’anasi hamon saqlanib keladi. Shom va Misr yurtlarida ham hajdan qaytgan kishilarni alohida ehtirom bilan kutib olish qadimdan mavjud bo‘lgan. Ammo ko‘p holatlarda kuzatilganidek, bu ishda ham haddan oshish, isrofga berilish hamma joyda ham bor bo‘lib, ulamolar hamisha bundan ogohlantirib kelganlar.
Yuqoridagi satrlardan ma’lum bo‘ladiki, bugungi kunda hojilarimizni hajga borganlarida ham, yurtga qaytganlarida ham ko‘tarinki ruhda, shirinliklar bilan kutib olinishi asli shariatda bor, maqbul amallardandir. Biroq, bu borada haddan oshib, ko‘chani to‘ldirib poyondoz solish, qatorlagan mashinalar to‘dasini tashkillashtirish, o‘yin‑kulgiga o‘tib ketish, hojining poyqadamiga qo‘y so‘yish, turli ko‘rinishdagi isrofgarchiliklar, bu ishlar orqali boshqalardan ustunlik, azizlikka da’vogar bo‘lish kabi ishlar dinimizda aslo joiz emas.
Ma’lumki, hadislarda hatto kelgan kishi uchun tik turishdan ham qaytarilgan. Bu boradagi boshqa dalillarni ham o‘rgangan ulamolarimiz kelgan kishi birovning ulug‘lab tik turishini istmasligi, talab qilmasligi sharti bilan uning moddiy bo‘lmagan fazilati uchun hurmat qilib, uning uchun qo‘zg‘alishni joiz deganlar. Bundan ma’lum bo‘ladiki, hojilarni kutib olishda hojida amalga g‘urur xavfi bo‘lmasligi ham lozim.
Ushbu va boshqa shar’iy dalillardan kelib chiqib, hojini kutib olish borasida quyidagilarni aytish mumkin:
- Kutib olishdagi ehtirom ko‘rinishlarini hoji o‘zini ulug‘lash maqsadida talab qilishi joizmas, balki boshqalar uning ko‘ngli uchun qilsa, durust.
- Istiqbol ko‘rinishlari kutib olinayotgan shaxsning boshqalardan o‘zini ustun olishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Ya’ni bu ma’noda nafsi tarbiyalangan bo‘lsin. Aks holda, hoji o‘z amali bilan g‘ururga ketib, qancha haraktu harajat bilan ado etgan ibodatining savobini yo‘qqa chiqarib qo‘yishi mumkin. Bunga sabab bo‘lish esa hoji uchun eng katta dushmanlikdir. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam birovni yuziga maqtagan kishiga: «Birodaringning bo‘ynini uzding», ya’ni uni halok qilding, deganlar.
- Istiqbol orqali o‘sha odamning boshqalardan afzalligini ta’minlashga urinish, ovozasini yoyish qasdi bo‘lmasligi lozim. Ba’zi odamlar shu kabi tadbirlar orqali jamiyatda o‘rin tutishga intiladi, bu esa durust emas.
- Riyokorlikdan saqlanish. Haj o‘zi maxfiy qilinadigan ibodatmas, uni odatda hamma biladi, eshitadi. Ammo hoji shu ibodatni ado etganini boshqalarga bildirishni, ko‘z‑ko‘z qilishni qalbida xohlashi, shu orqali riyoga ketib qolishi mumkin. Bu esa, Alloh asrasin, amalni habata qiladi.
- Istiqbol isrof, dabdabadan xoli bo‘lishi darkor. Masalan, uyni biroz gul, yaproq kabi narsalar bilan bezash, oz‑moz shirinliklar, yeguliklar bilan mehmondorchilik uyushtirish joiz, ammo ortiqcha pul sarflab, ishni isrofga olib borish joiz emas. Xullas, hojini kutib olish xursandchiligi o‘zni qiynamay, ortiqcha sarfu harajatsiz, dabdaba va isrofgarchilikdan uzoq holatda bo‘lsa, durust hisoblanadi.
- Hojining istiqboliga ayrim she’r va nashidalar aytish ham joiz.
Bu mavzuda batafsil to‘xtab o‘tishimizning sababi shundaki, inson o‘z tuyg‘ularini ifoda etishda turli vositalardan foydalanar ekan, bu borada unga bira to‘la ta’qiq qo‘yish ham, butkul barcha tasarruflarga ruxsat berish ham yaramaydi. Har ikki holatda ham kishi xatoga yo‘l qo‘yishi ehtimoli katta. Bunday paytda shariatning chegarasini bilib olish mo‘min kishi uchun juda muhim.
Ayrim kishilar hojilarni kutib olish va shu kabi xursandchilik paytlarida tuyg‘ularni izhor qilish borasida yo‘lni tor olib, har narsani isrofga yoki riyoga yo‘yaveradi. Bu ham uncha to‘g‘ri emas. Agar barcha ishlarga shunday yondashiladigan bo‘lsa, u holda, zarurotlar va hojiyotlardan boshqa narsaga pul sarflash nojoizga aylanib, dunyoning ziynatlaridan bahralanishni butkul harom deyishga yetib boriladi. Masalan, to‘ydagi bezaklar, turli tadbirlardagi qo‘shimcha xarajatlar, sportchilarni kutib olishdagi tayyorgarliklar va boshqalar ham nojoiz bo‘lib qoladi. Tabiiyki, bu gap ko‘pchilikni qanoatlantirmaydi va natijada shariat bir chetda qolib, odamlar ichki turtkilar bilan bilganini qilishga o‘tib ketadi. Bunday vaziyatda shariatning ruxsatlaridan unumli foydalanish va chegarani bayon qilish darkor.
Shuni ham aytish joizki, hojilarni kutib olishda Islomning shiori bo‘lgan va bir qator din belgilarini o‘zida jamlagan haj ibodatini ulug‘lash ham bor. Bu ham Alloh taoloning belgilarini ulug‘lash sarasiga kiradi va shariatning boshqa ahkomu maqsadlari doirasida qilinsa, joiz amallardan sanaladi. «Kim Allohning belgilarini ulug‘lasa, bu qalbning taqvosidandir» (Haj surasi, 32‑oyat). Demak, hojilarni kutib olishda mana shu niyatni ham dilda tugmoq maqsadga muvofiqdir.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Allohning fazli va rahmati bilan shodlanishsin», deb ayting» (Yunus surasi, 58‑oyat), deydi. Qur’onni o‘qib yoki yodlab tugatish, ma’lum bir asarni bitirish, hajni bajarish orqali din binosini tugallash kabi buyuk ne’matlarga erishgan kishilar bundan shodlanishsa va ushbu shodliklarini shariat doirasida turli ko‘rinishda, manfaatli tarzda izhor qilishsa, buning hech bir yomon joyi yo‘q. Faqat bunda isrof bo‘lmasligi, taqdim etilayotgan narsalar foydali bo‘lishi va tasarruflar shariat doirasidan chiqib ketmasligi lozim.
Inson his‑tug‘ularga boy mavjudaot. Hayotning go‘zalligi ham aslida tuyg‘ularda. Agar kishilarni yaxshi ishlardagi yutuqlari bilan shodlanishdan to‘siladigan bo‘lsa, u holda, ular nomaqbul ishlar bilan xursandchilik qilishga o‘tib ketishi tayin. Bu esa maqbul holat emas. Bunda o‘rni kelsa, ikki zarardan yengilini olish, muboh bilan munkarni daf qilish choralari ko‘rilishi lozim.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan tilla suvi bilan mushaf yozayotgan kishilar haqida so‘rashganda: «Ularni tek qo‘y, bo‘lmasa, uning o‘rniga nomaqbul ishlarga qo‘l urib qo‘yishadi», degan ekanlar.
Yana bir narsani unutmaslik kerak. Shariatda yo‘lni tor olish, keng qo‘yilgan masalalarda bir yoqlama qattiq turish bilan din rivojlanib qolmaydi. Aksincha, odamlar dindan bezillab qolishi, keyin bir yo‘la fisqu fujurga ruju qo‘yishi mumkin. Bunga ushbu satrlar bitilayotgan mamlakatning yaqin tarixi va bugungi kuni yorqin misol bo‘la oladi. Bu haqiqatni hozir ana shunday tashaddud namoyondalarining o‘zlari ham e’tirof etmoqda. Shuning uchun dinni boricha yetkazish, doimo uning asoslariga tayanish, uning mo‘’tadilligini asrash, bunda shaxsiy fikr va tanlovlarni chetga surib, xolis yondashish har jihatdan eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.
Odamlarning tashqi ko‘rinishlari turlicha bo‘lgani kabi, ularning didi, ichki olami ham har xil. Kimdir kamsuqumlikka, kimdir dunyo ziynatlaridan ko‘proq bahralanishga moyil bo‘ladi. Kimdir yaxshi amallar, ibodat, din ishlarida biroz tantanavorlikni istasa, kimdir kamchiqimlikka urinadi. Islom esa hammasini bag‘riga sig‘dira oladi va har qaysisiga o‘ziga yarasha yo‘l ko‘rsatadi. Biz mana shu mo‘’tadil yo‘lni tanlashimiz, kishilarning xohishlarini foydali tarzda yo‘naltirishimiz lozim.
Bunda mezon shuki, tasarruflar shukronalik, shodlik ruhini bersinu, ortiqcha ulug‘lashga olib bormasin va har qaysisi ham yengil bitadigan, ortiqcha harakatu harajat talab qilmaydigan ishlar bo‘lsin. Ortiqchasi isrof va foydasiz amalga aylanib ketadi. Shu bilan birga, bunda boshqalarni kamsitish, kambag‘allarga ozor berish, zarurotlarni chetlab o‘tish xavfi bo‘lmasin. Ushbu me’yor asosida har bir jamiyatda, har bir oilada o‘ziga yarasha istiqbol tantanasini qilish joizdir.
Biz bu mavzuda so‘z ochmasak ham, odamlar qiladiganini qilib yuribdi. Ammo har bir ishda Alloh taoloning shariati so‘zini bilib qo‘yish kerakki, bunda juda ko‘p manfaatlar mujassam. Avvalo, bu narsa ilm bo‘ladi, bo‘lganda ham, shariat ilmi bo‘ladi. Bunda ilm talabi va ta’limi savobi bor. Shu bilan birga, hatto joiz ishni shariat ruxsat bergani uchun qilishning o‘zida ibodat va savob hosil bo‘ladi. Shuning uchun ulamolar o‘rni kelganda ruxsatlardan foydalanish ham mustahab, deganlar. Buning uchun ham o‘sha joiz ishni shariatda durust ekanini bilib olish kerak bo‘ladi.
Shuni unutmaslik kerakki, bu yerda hojilarni kutib olishda qilish mumkin bo‘lgan tadbirlarning chegaralari, bu ishning shariatdagi o‘rni, me’yori haqida so‘z yuritildi, «shunday qilish lozim», degan hukm berilayotgani yo‘q. Binobarin, hojini birov kutib olmasa ham hech narsa bo‘lmaydi. Ammo kimdir hojilarni kutib olishda nimadir qilmoqchi bo‘lsa, yuqorida aytilgan shariat me’yorlarini ushlashi darkor