
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
RUVAYBIZALAR ZAMONI
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Yaqinda odamlarga shunday aldoqchi zamonlar keladiki, unda yolg‘oniga ishoniladi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi, xoinga ishoniladi, omonatdorga xiyonat qilinadi va u paytda ruvaybizalar gapiradi», dedilar. «Ruvaybiza nima degani?» deb so‘rashdi. U zot: «Ommaning ishi xususida gapiradigan esi past odam», dedilar.
RUVAYBIZALAR ZAMONI
روى الإمام أحمد وابن ماجه وغيرهما عن أبي هريرة وانس بن مالك وغيرهما: قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم-: «سيأتي على الناس سنوات خداعات، يصدق فيها الكاذب ويكذب فيها الصادق، ويؤتمن فيها الخائن ويخون فيها الأمين، وينطق فيها الرويبضة». قيل: «وما الرويبضة؟» قال: «الرجل التافه يتكلم في أمر العامة». وفي لفظ عند أحمد: «الْفُوَيْسِقُ يَتَكَلَّمُ فِي أَمْرِ الْعَامَّةِ».
Imom Ahmad, Ibn Moja va boshqalar Abu Hurayra, Anas ibn Molik va boshqa sahoba roziyallohu anhumlardan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Yaqinda odamlarga shunday aldoqchi zamonlar keladiki, unda yolg‘oniga ishoniladi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi, xoinga ishoniladi, omonatdorga xiyonat qilinadi va u paytda ruvaybizalar gapiradi», dedilar. «Ruvaybiza nima degani?» deb so‘rashdi. U zot: «Ommaning ishi xususida gapiradigan esi past odam», dedilar.
Imom Ahmadning rivoyatida: «Ommaning ishi xususida gapiradigan fosiqcha», deganlar.
Bugun ijtimoiy tarmoqdagi bitiklarni, jamiyatimizdagi ayrim kimsalarni ko‘rib ushbu hadis esga tushadi.
Hadisi sharifda yolg‘onchi rostgo‘yga, rostgo‘y yolg‘onchiga, omonatdor odam xoinga, xoin ishonchli kishiga chiqariladigan zamonning asosiy belgisi bayon qilingan: «unda ruvaybizalar gapiradi». Demak, ommaning ishida ruvaybizalar – esi past, hech kim bo‘lmagan va hech nima qila olmagan kishilar so‘zlashga kirishdimi, bilavering, bu vaziyatda rostgo‘y yolg‘onchi, yolg‘onchi rostgo‘y, xoin ishonchli, onatdor kishi ishonchsiz bo‘lib ko‘rinaveradi. Chuni bu paytda ruvaybizalar o‘zlarining kalta fahmlari, buzuq mezonlarini omma o‘rtasida yoyish orqali odamlarda noto‘g‘ri o‘lchovlarni shakllantiradi, natijada xalq oq-qoraning farqiga bormay qoladi, yolg‘onchini rostgo‘y, xiyonatkorni ishonchli deb iddao qiladi, kimning shovqini ortsa yoki gapi nafsiga yoqsa, o‘shaning ortidan hay barakalla deb ketavradigan bo‘ladi. Buni olomon deyishadi.
Aslida o‘zini bilgan xalq ruvaybizalarga o‘rtalarida joy bermasligi, ularni tiyib qo‘yishi, ularga joylarini ko‘rsatib qo‘yishi kerak, loaqal uni tinglamaydigan darajada saviyaga ega bo‘lishi lozim. Aks holda, oqibat rasvo bo‘lishi tayin.
Xalq, ummat e’tirof etgan ulamolar haqida so‘zlash uchun ular bosib o‘tgan yo‘lni ko‘ra olish, ularning ilmu mehnatlari, hikmatlaridan bahramand bo‘lish kerak. Besh-oltita tumtaraqay post qo‘yib, past-baland maqola yozib o‘zidan xalq xaloskori yasashga urinadigan, halol-haromning, iymonu kufrning farqiga bormaydigan odamlar ulamolarga baho berishi ayni ruvaybizalikdir. Ulamolar haqida ularga bo‘ylasha oladigan odam ilm bilan so‘zlashi mumkin, ruvaybizalarning bunga hech qanday haqqi yo‘q. Zero, ularning buzuq aqllari yasagan buzuq mezon hech qachon haqni ko‘rsata olmaydi