
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
QUYOSH BILAN BIROVNING ISHI YO‘Q, OYNI ESA TINCH QO‘YISHMAYDI
Bu mavzuda yana bir qator mulohazalarni muhokama qilish mumkin, ammo maqsadni anglatishga mazkur satrlar kifoya deb o‘ylayman. Haqni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan xolis ilmiy bahslarga hamisha tayyorman. Biroq, dahanaki tortishuvlarga toqat yo‘q. Yaxshilik bo‘lsa, Alloh taolodan, kamchiliklarimizni O‘zi mag‘firat aylasin.
QUYOSH BILAN BIROVNING ISHI YO‘Q, OYNI ESA TINCH QO‘YISHMAYDI
Bir necha yil oldin Makkai Mukarramada Ramazon hayiti kunlari ayrim ahli ilmlar bilan Ramazon oyining boshlanishi va tugashi mavzusida qizg‘in bahs bo‘lib qoldi. Ular oyning chiqishini oldindan aytish shariatga zid ekanini aytib, ancha qizishib tanqid qilishdi. Men ham shariatga ko‘ra asl qoida shu, oyni ko‘rib ish ko‘rish kerakligini ta’kidlasam‑da, boshqa bir jihatdan mulohaza qilib, savol berdim: «Namozlarni nimaga qarab o‘qiyapsizlar?» Suhbatdoshim ahli ilm kishi bo‘lib, savolning maqsadini tushungani uchun darhol: «Muazzinning azoniga, uyog‘iga u javob beradi», dedi. Men: «Yaxshi, muazzin nimaga qarab azon aytadi, tongni va quyoshning botganini ko‘zi bilan ko‘rib aytadimi yoki bir yil oldin chiqarilgan taqvimda ko‘rsatilgan vaqtlarni soat orqali belgilab aytadimi?» dedim. Hamsuhbatim: «Ha, endi bu boshqa masala, oyni ko‘rish kerakligi hadislarda ochiq aytilganda», dedi. Men: «Aslida ikkala masalaning negizi bir, faqat namoz vaqtlari borasida biz taqvimga to‘liq ishonib qolganmiz, tajriba shuni ko‘rsatgan, ammo oy borasida hali bu ishonch yo‘q, farq shunda», dedim. Suhbatdoshim fikrimni qabul qilishga juda qiynaldi.
Haqiqatan, aslini olganda muazzin tongni ko‘rib bomdodga azon aytishi, kun botganini ko‘z bilan ko‘rib shomga azon aytishi kerak. Boshqa namoz vaqtlarini ham koinotdan aniqlashi kerak. Masalan, Abdulloh ibn Ummu Maktum roziyallohu anhu ko‘zlari a’mo bo‘lgani uchun bir kishi tong otgani belgisini ko‘rib, u kishiga xabar qilar, shunda u kishi bomdodga azon aytar edi. Ammo bugun hech kim bunday qilmaydi, hatto Ikkala Haramda ham muazzin yopiq xonalar qa’rida soatga qarab azon aytadi, hech birov teparoq joyga chiqib, quyoshni kuzatib azon aytmaydi. Buni hamma qabul qilib bo‘lgan. Ammo oyning chiqishini oldindan aytilishini odamlar qabul qilmayotir. Aytish joizki, namoz taqvimini ham dastlab qabul qilish qiyin kechgan, biroq, vaqt o‘tishi bilan uning hisobi to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil bo‘lgach, hamma shu taqvimlarga o‘tib ketdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida namoz vaqtlari uchun bugungidek taqvim, soatlar bo‘lmagan, ammo oy xususida hisob ilmi bo‘lgan, shuning uchun u zot sollallohu alayhi va sallam oyni ko‘rib ro‘za tutish va og‘iz ochish haqida bayon berganlar, ammo namoz vaqtlari borasida bu kabi ta’kidlov yo‘q, chunki, aytib o‘tganimizdek, u vaqtlarda namoz vaqtlarini belgilashda tabiatdagi belgilardan boshqa manba bo‘lmagan. Oy borasida falakiyot ilmida taxminiy hisoblar borligi va bu hisoblarda xato ehtimoli mavjudligi uchun shariat ularga suyanishdan qaytargan va oyni aniq ko‘rib ish qilishni buyurgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida: «Biz ummiy ummatmiz, yozmaymiz ham, hisoblamaymiz ham», deganlarida ibodatlarda taxminiy ilmlarga emas, aniq ma’lumotga ishonish kerakligini ta’kidlaganlar.
Allohga shukrlar bo‘lsinki, oxirgi yillarda ramazon oyining boshlanishi va tugashida oy ko‘rish masalasida yurtimizda ham jiddiy yondashuvlar yuzaga chiqib, oyni ko‘rib ro‘zani boshlash va yakunlashga harakat qilinmoqda. Biroq, kuni kecha hayitni belgilashda hali oyni ko‘rmay turib, hisob bilan hayit e’lon qilinishi ortidan turli bahs‑munozaralar yana avj oldi. Sababi ‒ oyni ko‘rib ro‘zani boshlash va tugatish borasida kelgan ochiq hadislarga go‘yo amal qilinmagandek bo‘ldi. Shariatdagi ko‘rsatmalarning zohiriga ko‘ra bu e’tiroz o‘rinli, biroq, oyni ko‘rishdan murod yangi oy chiqqanini bilish, degan ma’noga urg‘u berilsa, xilofga hojat qolmaydi.
Bu yerda boshqa bir masala ham bor: aslida besh mahal namoz vaqtlari ham soat va hisob‑kitob bilan emas, quyoshning harakatiga qarab belgilanishi kerak. Ammo hozirda bunga hech kim e’tibor bermaydi, hamma bir yil yoki bir necha yil oldin chiqarilgan taqvimda ko‘rsatilgan vaqtlarni soat orqali aniqlab, shunga ko‘ra namoz o‘qiyveradi. Hatto oyni ko‘rib ro‘za tutib, hayit belgilanayotgan yurtlarda ham, masalan, Ikki Haramda ham azonlar soatga qarab aytiladi, hech kim tongni ko‘rib yoki g‘urubni kuzatib azon aytmaydi. Boshqacha qilib aytganda, Ramazonda kundalik og‘iz yopish va ochish vaqtlarini belgilashda hamma beixtilof soatga, hisob‑kitobga suyanadi, bundagi asl asos ‒ tong va g‘urub bilan birovning ishi yo‘q, ammo oylik belgi ‒ Oyning chiqishi va tugashini hamma jon berib muhokama qiladi, unda falakiy hisobni tan olmaydi.
Yana bir ta’bir bilan aytganda, Alloh taolo hisob‑kitob uchun yaratib qo‘ygan ikki belgiga ikki xil munosabat qilinmoqda: Quyosh bilan birovning ishi yo‘q, Oyni esa tinch qo‘yishmaydi. Aslini olganda, ikkisida ham mohiyat va holat bir, faqat buni tushunish uchun ozgina taammul lozim.
Xo‘sh, nima qilish kerak?
Asl qoida shuki, namoz vaqtlarini quyoshga qarab, ro‘zani oyga qarab belgilash kerak. Agar falakiyot ilmi hisobi bilan begilangan vaqtlar tajribada o‘zini oqlab, aniq ilmni hosil qilsa, unga ergashish ham mumkin. Bu qoidani namozda yoki kunlik ro‘zaning saharlik va iftorligida qabul qilib, oyga nisbatan inkor qilishda mantiqiy ziddiyat bor. Shuning uchun kundalik ro‘za va namozida hisobga suyanayotgan odamlarning oyni belgilashda hilolni ko‘rmadinglar, deb bong urishi o‘rinsiz. Illo mas’ullar noaniq yoki yanglish ilmga asoslanishgan bo‘lsa, u holda da’vo qilsa bo‘ladi.
Yaxshisi, omma fatvoga ergashishi kerak. Mutasaddilar esa oyni oldindan aytish zarurati bo‘lganda, zamonaviy imkoniyatlardan kelib chiqib, yangi oyni hisob ilmi orqali taxminiy e’lon qilib, keyin shariatning zohiriga amal o‘laroq va xilofdan chiqish uchun oyni ham kuzatishni qo‘shimcha qilishsa, eng afzali shu bo‘ladi.
Misol uchun, moonsighting.com saytini men qariyb 15 yildan beri kuzatib kelaman, biror marta xato bo‘lganini bilmayman, har doim oyni ko‘z bilan kuzatganlar ularning hisobini tasdiqlab keladi. Bu saytning boshqaruvchilari ham falakiyot ilmida, ham fiqhda peshqadam kishilar. Bilishimcha, bizda hilol haqida oldindan xabar berilganda shu kabi puxta manbalarga asoslanishadi.
Kimdir: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va og‘iz ochinglar», deganlar‑ku, oyni oldindan aytganda bu hadisga zid ish bo‘ladi‑ku», deyishi mumkin. To‘g‘ri, asl qoida oyni ko‘z bilan ko‘rib ish tutish, ammo hadisning fiqhiga nazar solinsa, unda ramazonni tusmolan boshlab, tugatmaslik ko‘zda tutilgan, bo‘lmasa, hilolni ko‘rishning boshqa ahamiyati yo‘q. Hozirda falakiyot ilmi shunchalar rivojlandiki, u orqali yangi oyning qachon tug‘ilib, qaysi soatda Yerning qayeridan ko‘rinishini daqiqalarigacha aniq qilib aytish mumkin va bu aniqlik bir necha yildirki o‘z isbotini topib kelmoqda. Zotan, Alloh taolo barcha narsani o‘lchov bilan yaratgan, Oyga manzillar bichib qo‘ygan va u o‘sha manzillarda o‘zgarishsiz harakatlanadi. Ana o‘sha o‘lchovni inson kuzatuv orqali bilib, shunga ko‘ra yangi oyning boshlanishini oldindan xabar berishida shar’iy hech bir mone’lik yo‘q. Agar bu hisob‑kitob aniq ilmni hosil qilsa, maqsad hosil bo‘lgan hisoblanadi. Hadisdagi «oyni ko‘rish»dan murod esa, «oyni bilish» deb tushuniladi. Zero, arab tilida «ko‘rmoq» fe’li «ilm» ma’nosida ham ishlatiladi. Biroq, har qanday holatda ham yangi oyni ko‘z bilan ko‘rib e’lon qilish eng afzal ish, xiloflarga yechim sanaladi. Shu bois, ayrim takshiliy ishlar, tayyorgarliklar uchun falakiyot hisobi bo‘yicha Ramazon va hayit kunlarini oldindan bilib, xabar qilinsa ham, shariatdagi oyni ko‘rish talabiga ko‘ra, oyni kerakli mintaqalardan o‘z vaqtida kuzatib, hilol ko‘ringanini o‘shanda e’lon qilinsa, nur ustiga nur bo‘ladi, ixtilofga o‘rin qolmaydi, qadim va zamon uslubi jamlangan bo‘ladi.
O‘rni kelganda shuni ham aytish lozimki, ulamolar shariat ahkomlarini joriy qilishi uchun xalq ham hissa qo‘shishi, tayyor bo‘lishi kerak. Masalan, odamlar «Arafa oshini qachon qilamiz yoki ota‑bobomizdan qolgan bu odatga sizlar qarshimisizlar?» deb to‘palon qilib tursa, yana kimdir «Hayit qachon? Falon‑falon mamlakatlarda hayit kunini belgilab bo‘lishdi, nega bizda hech gap yo‘q haliyam?» deb tursa, boshqa tarafda davlat ishlari hayit kuniga qarab qolsa, bunday vaziyatda mas’ul taraf nima qila oladi? O‘z‑o‘zidan har jihatdan eng maqbul bir yo‘lni tanlashga majbur bo‘ladi, garchi ayrim fiqhiy qarashlarga zid bo‘lsa ham. Shuning uchun fiqhning yarmi voqe’lik fiqhi hisoblanadi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.
Bu mavzuda yana bir qator mulohazalarni muhokama qilish mumkin, ammo maqsadni anglatishga mazkur satrlar kifoya deb o‘ylayman. Haqni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan xolis ilmiy bahslarga hamisha tayyorman. Biroq, dahanaki tortishuvlarga toqat yo‘q. Yaxshilik bo‘lsa, Alloh taolodan, kamchiliklarimizni O‘zi mag‘firat aylasin.