
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HOJI TO‘YI QILISh SHARIATDA BORMI?
Demak, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ba’zan safardan qaytganlarida odamlarning ehtiyojiga qarab taom ulashgan ekanlar.
HOJI TO‘YI QILISh SHARIATDA BORMI?
Safardan qaytganda ziyofat berish, taom ulashish sunnatda kelgan amallardan hisoblanadi. Bu haqda imom Buxoriy rahmatullohi alayh «Sahih»da alohida bir bob ochib, unda quyidagi hadisni keltiraganlar:
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم لَمَّا قَدِمَ الْمَدِينَةَ نَحَرَ جَزُورًا أَوْ بَقَرَةً. زَادَ مُعَاذٌ: عَنْ شُعْبَةَ، عَنْ مُحَارِبٍ، سَمِعَ جَابِرَ بْنَ عَبْدِ اللهِ: اشْتَرَى مِنِّي النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم بَعِيرًا بِوَقِيَّتَيْنِ وَدِرْهَمٍ أَوْ دِرْهَمَيْنِ، فَلَمَّا قَدِمَ صِرَارًا أَمَرَ بِبَقَرَةٍ فَذُبِحَتْ فَأَكَلُوا مِنْهَا، فَلَمَّا قَدِمَ الْمَدِينَةَ أَمَرَنِي أَنْ آتِيَ الْمَسْجِدَ فَأُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ، وَوَزَنَ لِي ثَمَنَ الْبَعِيرِ.
Jobir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida tuya yoki sigir so‘ydilar».
Mu’oz Shu’badan rivoyat qilib, qo‘shimcha qiladi: «Muhorib Jobir ibn Abdullohning «Nabiy sollallohu alayhi vasallam mendan ikki uvqiyayu bir [yoki ikki] dirhamga bir tuya sotib oldilar. Sirorga* yetganlarida buyurdilar, bir sigir so‘yildi. Undan yeyishdi. Madinaga kelganlarida menga masjidga borib, ikki rakat namoz o‘qishni buyurdilar va menga tuyaning qiymatini tortib berdilar», deganini eshitgan ekan».
O‘sha paytda pul birligi tilla va kumush bo‘lgani uchun tarozida tortib berilgan. Uvqiya – kumush tanga bo‘lib, vazni 119 grammga, qiymati esa qirq dirhamga to‘g‘ri keladi. Dirham qadimgi kumush tanga bo‘lib, vazni 2,975 grammga teng.
Siror – Madina yaqinidagi, ya’ni u yerdan uch mil (bir mil 1848 metr) uzoqlikdagi joy.
Demak, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ba’zan safardan qaytganlarida odamlarning ehtiyojiga qarab taom ulashgan ekanlar.
Ushbu bobda imom Buxoriy rahmatullohi alayh buyuk sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu mehmonlar uchun qazo ro‘zani tark etib, og‘iz ochiq bo‘lishlarini ham keltirib o‘tadi. Ibn Hajar Asqaloniy sharhda buni ochiqlab aytadiki, Ibn Umar roziyallohu anhu safarda ro‘za tutmay, safardan kelganda ziyoratchilarga taom ulashib, ular bilan birga taomlanar, ziyofatlar tugagach, ramzonning qazo ro‘zasini tutib berar ekanlar.
Bularning barchasi safardan eson‑omon qaytganlik shukronasiga dasturxon yozish, mehmondorchilik tashkil qilish shariatda joiz, mustahab amal ekanini anglatadi. Biroq, bu har safardan keyin va hamma shunday ziyofat qilishi kerak degani ham emas, balki sharoiti bemalol odam qilsa, yaxshi bo‘lishini anglatadi.
Safardan qaytganda beriladigan ziyofat fiqhda «an‑naqi’a» deyiladi. Uni musofir berishi ham, uning uchun boshqalar tashkillashtirishi ham mumkin. Har ikkisini ham hukmi va nomi bir. Hajdan qaytganda ziyofat tashkil qilishning ham aslida yomon joyi yo‘q, shukrona dasturxoni hisoblanadi. Dinimizda taom ulashish, ijtimoiy aloqlarni tiklash, silai rahm, o‘zaro ziyoratlashish savobli amallardan deb uqtiriladi. Bunda shubha yo‘q. Biroq, hajdan qaytishga xos maxsus marosim shariatda ko‘rsatilmagan va safar ziyofati ham sunnatga muvofiq bo‘lishi lozim.
Hajdan qaytganda ziyofat berishda quyidagi mulohazalarni e’tiborda tutish darkor:
- Shariatda “hoji to‘yi qilish kerak” degan talab yo‘q, ammo safrdan, jumladan, hajdan qaytganda ziyofat berish joiz, biroq bunda bor boricha, yo‘q holicha ish tutishi lozim. Ya’ni moddiy imkoniyati bemalol bo‘lgan odam kishilarga taom ulashsa, mustahab amal, ammo o‘sha odamga ham majburiyat yo‘q. Moddiy imkoniyati tor odam o‘zini mashaqqatga qo‘ymasin, o‘rtahol odam oilaviy, qirndoshlarga bir mahal taom taom ulashsa, shu ham o‘sha ziyofat o‘rniga o‘taveradi.
Eshitishimcha, ayrim odamlar “hoji to‘yi” qilishni majburiy deb bilib, ularga toqati yetmagandan ham haj yoki umraga borishdan qochishar ekan. Bu mutlaqo xato yondashuv. Bu ziyofat hech qachon haj‑umra amallariga kirmaydi, ixtiyoriy bir ehson, xolos. Ammo odamlar odatlarga asir tushganidan bir ixtiyoriy amalni deb vojibni tark etib yuborishi ham mumkin ekan. Shuning uchun ham ushbu masalaning mohiyatini bilib qo‘yish lozim.
- Hajdan keyingi ziyofat yengil xayru ehson shaklida bo‘lib, dabdabalardan, isrofdan xoli bo‘lishi kerak. Maqtanish, faxrlanish aralashgan ziyofatda savob bo‘lmaydi. Alloh taolo yo‘lida ehson qilayotgan kishi U Zotning roziligini rioya qilishi, Uning oldida xoksorlikni yo‘qotmasligi lozim.
Afsuski, sunnatda juda ham bejirim ko‘rsatilgan to‘y va xayru ehsonlar ko‘pincha sunnatga amal da’vosi ortida dabdaba va xo‘jako‘rsin ishlarga aylanib ketib qolmoqda. Amal sunnatda bo‘lishi bilan birga uning adosi ham sunnatga muvofiq bo‘lishi darkor. Ana shunda da’vomiz chin, amalimiz savobli bo‘ladi.
-
Hajdan kelganda har kimning holati har xil bo‘ladi. Ba’zan hajdan qaytgan kishi o‘zi moddiy jihatdan qiynalib qolgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday paytda uning yaqinlari safardan qaytish dasturxonini tashkil qilishlari ham joiz.
-
Ayrim kishilar “hoji to‘yi” qilaman deb qarz‑qavolaga botadi yoki ehsonini og‘rinib qiladi. Mana shuni takalluf, o‘zini qiynash deyiladi. Bunda odatan ixlos bo‘lishi qiyin, odamlarning rioyasi ustun keladi. Bu esa qancha sarfu xarajatning ajru savobsiz bo‘lishiga olib keladi. Shu bois, dastruxon yozishni chin ko‘ngildan istamagan odamni atrofidagilar majburlamasliklari kerak.
-
Safardan keyingi ziyofat ham aslida bir martalik yoki bir kunda o‘tkaziladigan tadbir. Ammo bir necha kunlab, haftalab faqat dasturxon bilan ovora bo‘lish ham yaxshimas, vaqtni zoye qiladi. Mezbonlarni ham, mehmonlarni ham mashaqqatga qo‘ymaslik kerak.
-
Ba’zan hajdan keyingi ziyofatlarni do‘ndirib, molu pulni shunchalar sochishadi‑ki, o‘sha pulga bir kambag‘al uyining bir tarafini bitkazib, bir faqir uylanib olishi mumkin. Yana ba’zilar ana shunday katta ziyofat uyushtiradi‑yu, yaqin qarindoshi, qo‘shnisi kunlik taomga yoki sog‘ligi uchun yoxud ilm talabida moddiy yordamga muhtoj bo‘ladi, sohibi ehson esa ular bilan ishi yo‘q, xo‘jako‘rsinga sarflashga berilib ketadi. Ba’zan pulni masjidu maktab, madrasayu shifoxanaga ishlatishdan qizg‘anib, mustahab sadaqalarga behisob sarflanayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bularning birortasi to‘g‘ri emas. Zero, xayru ehson qilishda muhimrog‘idan boshlash kerak va har bir haq egasiga haqqini berish lozim. Ya’ni mehmonning haqqini, muhtojning ham haqqini rioya qilish darkor.
O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish joizki, yurtimizda ayrim joylarda haj va umradan keyingi ziyofat va ziyoratlar biroz chegaradan chiqib ketadi. Odamlar hojining holini hisobga olmay, guruh‑guruh bo‘lib ziyoratga borishadi. Mezbon taraf sho‘rva yoki biror suyuq ovqat hozirlab qo‘yadi. Kirganki odamga taom ulashaverishadi, ular ham qorni ochmi‑to‘qmi, farqi yo‘q, berilgan taom qaytamsinga ovqatlanishadi. Odatda ikki tomon ham mana shu ishdan malollanadi. Ammo odat ekan deb qilaveriladi. Bu ham takalluf, ko‘pincha xo‘jako‘rsinlikka olib boradigan ishlarga aylanib ketgan. Eng yomoni, ba’zan o‘rtahol odamlar mehmonlarga taom ulashishga urinib, o‘zini qiynab qo‘yadi. Shariatda esa bunday ishlarda bor boricha, yo‘q holicha ish ko‘rishi, takallufdan yiroq bo‘lish buyurilgan. Imkoniyati tor odam hech hijolat tortmay, zamzamu xurmo bilan yoki bir piyola choy, bir tishlam nom bilan ham mehmonlarni kuzataverishi kerak. Maqsad diyodor, ziyorat va duo bo‘lsin. Shu bilan birga, ziyorat, ijtimoiy aloqlar birovga malol kelmaydigan, betakalluf, hojining holiga munosib bo‘lishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, hajdan qaytgach ziyofat berish majburiy emas, shukrona dasturxoni yozib, odamlarga taom ulashish mustahab amallardan, bunda har kim o‘z holidan kelib chiqishi, o‘zini ham, boshqani ham mashaqqatga qo‘ymasligi lozim.
Alloh taolo hojilarimizning hajlarini mabrur, ehsonlari maqbul, duolarini ijobat aylasin.