
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ILMINI BILMAY GAPIRMANG VA FITNADAN HAZIR BO‘LING!
Alloh taolo aytadi: «O‘zing bilmagan narsa ortidan yurma». Ya’ni hech bir ishda ilmini bilmay gapirma, ortidan yurma. Ilm bu hodisani voqelikdagiga muvofiq bilishdir. Aks holda bilim deb atalgan ma’lumot jaholat hisoblanadi.
ILMINI BILMAY GAPIRMANG VA FITNADAN HAZIR BO‘LING!
Ijtimoiy tarmoqda o‘zbeklarning Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi bugungi urush xususida ko‘p tortishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Kimdir u tomonni, kimdir bu tomonni haq deb da’vo qilmoqda. Ammo aksar kishilar bu urushning mohiyatini, uning sabablari va natijalarini mulohaza qilmay so‘z surayotganini ham anglash qiyin emas. Ko‘pchilik yuzaki axborot, matbuot tashviqotlari bilan xulosa chiqarmoqda. Undan ham o‘tib, ayrimlar shu urushda qatnashishga targ‘ib ham qilmoqda. Aslida musulmon odam bunday vaziyatda nima qilishi kerak?
Alloh taolo aytadi: «O‘zing bilmagan narsa ortidan yurma». Ya’ni hech bir ishda ilmini bilmay gapirma, ortidan yurma. Ilm bu hodisani voqelikdagiga muvofiq bilishdir. Aks holda bilim deb atalgan ma’lumot jaholat hisoblanadi.
Imom Hokim va imom Bayhaqiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan guvohlik berish haqida so‘radi. U Zot: «Quyoshni ko‘ryapsanmi?» dedilar. U: «Ha», dedi. U zot: «Mana shunday narsaga guvohlik ber, bo‘lmasa, tark et», dedilar».
Demak, musulmon odam hodisaning haqiqatini aniq bilmaguncha guvohlik berishga, munosabat bildirshga shoshilmasligi kerak. Ayniqsa, bugungi dunyodagi geosiysiy vaziyatni ilmiy ravishda bilay turib so‘z qotish musulmon kishiga hech munosib emas.
Odatda harbiy‑siyosiy ishlarda odatda sahnadagi manzara va da’volar boshqa, sabab va maqsadlar boshqa bo‘ladi. Bu mavzular hassos, nozik bo‘lgani uchun tafsilotlar ko‘pincha ochiqlanmaydi. Aksincha, chalg‘ituvchi xabarlar ko‘proq tarqatiladi. Binobarin, bu kabi mavzular xususida so‘zlashdan oldin kishi haqiqatni chuqur o‘rganib, aniqlab olishi kerak. Ayniqsa, urushda hayot‑mamot, ya’ni jonga tajovuz masalasi o‘rtaga tushadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Qiyomatda insoniy haqlar xususida birinchi muhokama qon ustida bo‘ladi, deganlar. Musulmonmi, kofirmi, uning yashash haqqi sobit va hech bir jonni nohaq o‘ldirish mumkinmas. Shuningdek, insonning sha’nini nohaq bulg‘ash ham durust emas. Zulmga rozilik zulm, botilni qo‘llash botildir. Shunday ekan, bunday nozik mavzularda so‘zlash har kimga emas va so‘zlaganda ham oldin obdon o‘rganib, o‘ylab gaprish darkor. Eng yaxshisi, modomiki mas’ul bo‘lmasa, imkon qadar so‘z ochmagan ma’qul. Fikr bildirganda ham umumiyroq yondashish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ikkinchidan, fitna paytida musulmon kishi o‘zini ham, tilini ham saqlashi lozim. Fitna bu ‒ haq va botilning noaniq bo‘lishidir. Ya’ni kim haqda, kim botil tarafda ekanini bilib bo‘lmasa, demak, bu fitna o‘rni hisoblanadi. Birovga haq ravshan bo‘lsa, u bu uchun kurashishi mumkin, ammo buning uchun masala, yuqoridagi hadisda aytilganidek, kundek ravshan bo‘lishi kerak va ushbu harakatidan manfaat yuzaga kelishi ehtimoli yuqori bo‘lishi lozim, aks holda, masalaga aralashmagan ma’qul.
Bu urush‑ku ikki nomusulmon xalq o‘rtasida bo‘lmoqda. Alloh ko‘rsatmasin, agar ikki musulmon o‘rtasida bo‘lgan taqdirda ham, musulmon kishi fitna chog‘ida imkoni boricha o‘zini chetda tutishi kerak. Faqatgina hodisaning haqiqatini bilib, haqni botildan aniq ajratishga salohiyati bo‘lgan va mas’ul bo‘lgan kishiga u haqda biror so‘z aytsa, qaror qabul qilsa, joiz bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, musulmon kishi hozirgi Rossiya‑Ukraina urushida qatnashish uyoqda tursin, bu haqda gapirishga ham ehtiyot bo‘lishi darkor. Ayniqsa, bu borada so‘zlashga mas’ul bo‘lmagan odam o‘zini ham, tilini ham tiygani o‘zi uchun yaxshiroq. Aniq mezonlar va ilm bilan so‘zlashga o‘rganish kerak. O‘zi uchun muhim bo‘lmagan narsa bilan mashg‘ul bo‘lgandan ko‘ra, kishi o‘zi va xalqi uchun foydali, zarur bo‘lgan mavzularga bosh qotirish kerak. Masalan, biz ana shunday xatarlarning oldini olish uchun nimalar qilishmiz kerak, qanday qilib yurtning daxlsizligiga, kelajagi xavfsiz bo‘lishiga erishamiz, taraqqiyot uchun, dinu dunyo ishlarimiz barqarorligi uchun bugun nimalarga e’tibor berish kerak, mana bular haqida o‘ylash, gaplashish, bahslashish o‘rinli. Shu bilan birga, tinchlik‑osudalikning qadriga yetib, uni bor quvvat bilan asrashga intilish har bir musulmon uchun ham iymoniy, ham insoniy burch ekanini unutmaslik darkor.