
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
SHAYX ABDULAZIZ IBN ABDULFATTOH QORI SAUDIYADADAGI VATANDOSHLARNING YIRIK ULAMOLARIDAN EDI
Zamonamiz olimlaridan, Madinai Munavvarada uzoq yil ta’lim va ta’lif bilan nom chiqargan tadqiqotchi olim, doktor Abu Mujohid Abdulaziz qori Abdulfattoh o‘g‘li qatag‘on yillari Saudiya Arabistoniga hijrat qilgan vatandoshlarning avlodlaridandir. Otasi Abdulfattoh qori Abdurrahim o‘g‘li asli Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan bo‘lgan va shu yerda tug‘ilgan.
SHAYX ABDULAZIZ IBN ABDULFATTOH QORI SAUDIYADADAGI VATANDOSHLARNING YIRIK ULAMOLARIDAN EDI
Zamonamiz olimlaridan, Madinai Munavvarada uzoq yil ta’lim va ta’lif bilan nom chiqargan tadqiqotchi olim, doktor Abu Mujohid Abdulaziz qori Abdulfattoh o‘g‘li qatag‘on yillari Saudiya Arabistoniga hijrat qilgan vatandoshlarning avlodlaridandir. Otasi Abdulfattoh qori Abdurrahim o‘g‘li asli Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan bo‘lgan va shu yerda tug‘ilgan.
Abdulaziz qori hijriy 1365, milodiy 1946 sanada Makkai Mukarramada tavallud topgan. U Riyozdagi 1375‑1380h/1955‒1960 yillarda «Al‑Ma’had al‑’ilmiy»da ta’lim olib, keyin Islom universitetining shariat fakultetiga o‘qishga kirgan va 1389h sanada uni tamomlagan. 1393h yili Misrdagi «Al‑Azhar» universitetining «Shariat va qonun» fakultetida magistirlik darajasini olgan. Keyin o‘sha yerda «Shar’iy siyosat» mavzusida doktorlik yoqlagan.
Doktor Abdulaziz qori o‘z davrining qator zabardast olimlaridan Qur’on, hadis va fiqh ilmlarida ta’lim olib, sanad va ijozalarga ega bo‘lgan.
‒ Otasi Abdulfattoh qori. Undan barcha shar’iy ilmlardan ma’lum darajada o‘rgangan va Qur’oni Karimni Hafs rivoyatida o‘qib berib, ijoza olgan.
‒ Otasining shogiirdi Muhammad Amin Ayda Shinqitiy. Unga Nofe’ qiroatini ikkala rivoyati bo‘yicha topshirib, ikkalasidan ham ijoza olgan.
‒ Mashhur mufassir, «Advaul‑bayon» sohibi Muhammad Amin Shinqitiy. Undan tafsir va fiqhdan tahlim olgan.
‒ Alloma Muhammad Muxtor Shiinqitiy. Undan arab tili, rasmi xat, tafsir ilmlarini o‘rgangan.
‒ Muhaddis Hammod ibn Muhammad Ansoriy va Shayx Abdulg‘affor Hindiylarda hadis ilmini o‘rgangan.
‒ Shayx Yusuf Malohiyda aqiyda ilmlaridan ta’lim olgan.
‒ Saudiya muftiysi Shayx Abdulaziz ibn Boz va boshqa olimlardan ham ilm olgan.
Shayx Abdulaziz qori rahmatullohi alayh Saudiya arabistonida hijrat qilgan vatandoshlar ichida eng ko‘zga ko‘ringan olimlardan biri bo‘lib, ta’lim bilan ham uzoq yil shug‘illangan.
‒ hijriy 1389 yildan 1393 yilgacha Mandina universiteti qoshidagi ma’hadda dars bergan.
‒ 1394 yildan Universitetning qiroat kulliyasida dars bera boshlagan.
‒ 1397 yil universitetda dotsentlik unvonini qo‘lga kiritdi.
‒ 1400 sanada universitetda «Qur’oni Karim va islomiy ilmlar tadqiqotlari» fakultetiga mudir etib tayiinlandi va shu yerda dars berdi.
‒ 1405 yil proffessorlik maqomiga ega bo‘ldi.
‒ 1408 yildan 1415 yilgacha universitetning Tafsir va Qur’on ilmlari bo‘limida dars berdi va orada ikki yil ushbu kafedraga mudirlik qildi.
‒ 1414 yil katta professorlik maqomiga ko‘tarildi.
‒ 1416 yildan nafaqaga chiqdi.
Shayx Abdulaziz qori rahmatullohi alayh bir qator mas’uliyatli vazifalarda ishagan.
‒ 1405 yili Podshoh Fahd ibn Abdulaziz asos solgan Musʼhaf bosish matba‑nashryotida «Madina musʼhafi»ni tayyorlash va tekshirish uchun tuzilgan komissiyasga rais bo‘lgan.
‒ Shu yildan to 1414 yilgacha Qubo masjidida imom‑xatiblik vazifasida xizmat ko‘rsatgan.
Shayx janoblari Madina harami chegarasini belgilashda maxsus hay’at tarkibida bevosita ishtirok etgan. U kishining ushbu mavzuda ilmiy maqolalari bor. Madinai Munavvaradagi qadamjolar borasida katta ustozlardan muttasil sanad bilan muhim ma’lumotlar naql qilar edi. U kishi bu mavzuda ham mutaxassislardan sanalgan.
Shayx Abdulaziz qori rahmatullohi alayh bir qator asarlar ham yozgan. Jumladan:
‒ Tajvid ilmiga doir uch bosqichli «Tajvid qoidalari» nomli tajvid darsligi;
‒ Qur’on va qorilikka oid «Sunanul-qurro va manahijul-mujavvidin» kitobi;
‒ Yetti mashhur qiroat haqidagi hadis tahliliga bag‘ishlangan «Hadisu al‑ahrufus‑sab’a» kitobi.
‒ Asr surasining tafsiri;
‒ «Rihlatul‑maxtutot min Toyba ila Tonja» manzumasi;
‒ «Haramu Madinah»;
‒ «Lug‘otul‑Qur’on» (Universitetning jurnalida 1391 yili nashr qilingan);
‒ «Shujunu g‘arib» she’riy devon.
‒ «At‑Taqrirul‑’ilmiy ’an musʼhafil‑Madinatin‑nabaviya», kitob Madina musʼhafining yozilishida ishtirok etgan hay’atning ish faoliyati va manhajlari xususidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan.
U kishining o‘z asarlari asosida o‘tgan darslari va ma’ruzalari ham ko‘pchilik ilm toliblari uchun ilm manbai bo‘lib xizmat qiladi. Mustaqillikdan so‘ng yurtimizdan Madinaga borib ilm tahsil qilgan bir qator ahli ilmlar ham u kishidan ta’lim olgan.
Abu Mujohid Abdulaziz qori rahmatullohi alayh bundan tashqari, bir qancha qadimgi ulamolarning asarlarini tahqiq qilib, musulmonlarga taqdim qilgan. Ana shunday kitoblardan biri Imom Ojurriyning qalamiga mansub «Axlaaqu hamalatil Qur’aan» kitobidir.
Shayx Abdulaziz qori ibn Abdulfattoh rahmatullohi alayh oxirgi yillarda biroz bemor bo‘lib, ziyoratchilarni ham qabul qilmay qo‘ygan ekanlar. Madinaga borganda ziyoratlariga bir necha bor harakat qildik, ammo muyassar bo‘lmadi, nasib emas ekan, diydor qiyomatga qoldi. U kishi bu yil rabi’us‑soniy oyining ikkinchisida payshanba kuni Madinai Munavvarada vafot etdilar. Janozalari Masjidi nabaviyda o‘qildi va Baqi’ qabristoniga dafn qilindi.
Alloh taolo Abdulaziz qori buvamizni O‘z rahmatiga olib, dinimizga, Qur’oni Karimga qilgan xizmatlari, barcha ezgu amallarining mukofotini ko‘paytirib ato aylasin va Islom ummatiga u kishining o‘rniga xayri xalaf bersiin.