
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«BERDI»SINI HAM ESHITING! (1-QISM)
Odamlar qiziq, shariatga amal qilish da’vosini qila turib, shariatga xilof ish qilishadi. Mening so‘zim ostida aynan shu haqiqatni ko‘rish mumkin. Yana ham ochiqlab aytganda, «Berdi»ni aytgunicha urib o‘ldirishadi. Shu holatda dindan gapirishlariga hayron bo‘lasan.
«BERDI»SINI HAM ESHITING! (1-QISM)
Qohiraga safarga yo‘lga chiqib, aeroportda bir muddat telefonga qarashga vaqt bo‘lib qolganda feysbukdagi bir postga ko‘zim tushib qoldi. Muhammad Shakur ismli yigit nimagadir e’tiroz ma’nosida so‘zlab turib, postida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yibdi. U kishini men muxlis, jonkuyar musulmon deb bilaman. Biroq, din borasidagi ayrim fikrlari va yondashuvlarini yoqlamayman. Jumladan, ulamolar haqida tepadan turib gapirishi, o‘zichasiga ulamolarni dunyo olimlari, oxirat olimlariga ajratib, ta’riflab, falon ishlarni qilgan olim falon bo‘ladi, deganga o‘xshash o‘zboshimcha xulosalar aytib, keyin o‘zi kabi ilm tahsil qilmagan odamlar bilan gurillashib muhokama qilishi haddan oshishdan boshqa narsa emas. «Sen kimsan Islom ulamolari haqida o‘zingcha mezon aytadigan?» deydigan odam yo‘q. Bu gal ham o‘zi yaxshi bilmagan mavzuda o‘z haddidan tashqari gaplarni so‘zlabdi.
«Imom G‘azzoliylar ham ulamolarni oxirat va dunyo olimlariga ajratib gapirgan‑ku», «Shayx hazrat ham shu ma’noda yozganlar‑ku», deb qo‘yishadi. Ha, ular gapirgan, yozgan, chunki ular sohaning yetakchilari, so‘zlashga haqli. Ulamolar haqida G‘azzoliy so‘zlasin, Juvayniy so‘zlasin, Shayx hazrat yozsin, bosh ustiga, ammo biror olim huzirida bir kun ham tartibli ta’lim olmagan odamlar nega ulamolar ustidan so‘z qotadi? Bu illat bugun haddan ziyod urchib ketganidan, kulfati ummatning boshiga balo bo‘layotganidan va post muallifining bunday so‘zlashi birinchisi bo‘lmaganidan u kishiga biroz keskinroq mulohaza yozdim. Ammo safar tashvishlari va mashg‘ulliklari sabab tarmoqqa qayta kira olmadim. Bir muddat o‘tib, qarasam, odamlarimiz rosa qaynab, asosan mening e’tirozimga e’tiroz bildirishgan. Odatda shaxsimni himoya qilishga intilmasam‑da, mulohazam ostida bildirilgan e’tirozlarni ko‘rib, kishilar fitnaga tushmasligi va do‘stlar ranjimasligi uchun o‘z fikrimni izohlashni lozim topdim.
Odamlar qiziq, shariatga amal qilish da’vosini qila turib, shariatga xilof ish qilishadi. Mening so‘zim ostida aynan shu haqiqatni ko‘rish mumkin. Yana ham ochiqlab aytganda, «Berdi»ni aytgunicha urib o‘ldirishadi. Shu holatda dindan gapirishlariga hayron bo‘lasan. Aslida bularning barchasi bilimsizlik, ustoz ko‘rmaganlik, tartibli ilm bo‘lmaganidan, tarbiya yetishmaganidandir. Zero, ilm ahli mening so‘zimni osongina anglashi va e’tiroz bildirmasligi tayin edi.
To‘g‘risi, men u yerdagi hamma mulohazalarni o‘qib o‘tirmadim, bunga vaqtni ham qizg‘andim, ammo, umuman olganda, so‘zimni izohlash kerakligini uqdim va ushbu satrlarni qoralashga qaror qildim. Shu bois, men hozir hamma e’tirozlarga javob berib chiqmoqchi emasman, balki o‘zim yozgan so‘zimni ochiqlash bilan cheklanaman.
Mazkur post nima haqida yozilgani mening so‘zimga nisbatan ahamiyatsiz va men o‘zim e’tiroz bildirganda ham buni e’tiborda tutmaganman, bu haqiqatni ushbu maqola ruhidan, mazmunidan anglash mumkin. Shu bilan birga, bu yerdagi so‘zlar ma’lum turtki bilan yozilayotgan bo‘lsa‑da, uni ko‘pchilikka e’lon qilishdan maqsad umumiy tushuncha va yo‘riq taqdim etish ekanini e’tiborda tutishingizni so‘rayman.
Shuni ham aytishim o‘rinliki, quyidagi satrlar o‘sha kunlariyoq xayolda pishitib, xatga tushirib, e’tiboringizga havola qilishga urindimu, mashg‘ullik to‘sqinlik qilib, har kuni vaqt bo‘lganda oz‑ozdan yozib borishga majbur bo‘ldim. Keyin qarasam, so‘z ancha uzun bo‘libdi, o‘qishga qulaylishtirish uchun uni bo‘lib‑bo‘lib havola qilishni ma’qul topdim. Yaxshilik bo‘lsa, Alloh taolodan, kamchiliklar bandalik nuqsonimizdandir.
Avvalo musulmon odam mo‘min inson haqida yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Bordiyu, toyilsa, unga ilm va to‘g‘ri so‘z bilan yo‘l ko‘rsatishi lozim. Ammo haqorat, sha’nu obro‘ga tajovuz halol emas. Ayniqsa, Islomni hayotga tatbiq etmoqchi bo‘lgan kishi ishni mana shundan boshlashi kerak. Agar shu oddiy muomalada shariatiga amal qila olmayotgan bo‘lsa, boshqa gapga hojat yo‘q, katta gapirmasdan, indamay o‘zini o‘nglasin va bilsinki, da’vosi chin emas.
Ikkinchidan, ilm ahllaridan eshitilgan biror gapga e’tirozi bo‘lgan kishi avval uning izohini so‘rasin, chunki ilm o‘qimagan odam hamma gapni to‘g‘ri anglay olmasligi, maqsadni tushuna bilmasligi mumkin. Hatto bir musulmon odam kufr gap bo‘lishi ehtimoli bor gap aytganda ham undan izoh so‘raladi, unga tushuntiriladi. Shariat shunday o‘rtagadi.
Endi mazkur post ostidagi so‘zimni izohlasam. Shuni bilish kerakki, musulmon kishi o‘z dinini har qanday zamonu makonga to‘g‘ri keladi degan e’tiqodda bo‘lishi lozim. Islom barcha zamon va makonlarga yuborilgan din ekanini hamma biladi, hayot tasdiqlaydi va biz buni hamisha aytib yuramiz. Shu bois, mening ayni shunday e’tiqodda bo‘lishimga shubha qilinishini hech o‘ylamaganman va bo‘lishi mumkin ham emas.
Muhammad Shakur o‘z postda «Javob: Islomdan voqelik savollariga javob topish – Islom sandig‘ini doimiy kovlash – izlanish» degan joygacha juda to‘g‘ri gapni, haqiqatni aytgan. Bunga hech bir e’tiroz yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Axir bu din, iymon masalasi va buni hamma bilishi kerak, aytishi kerak. Ammo qolgan satrlardagi mavzu oddiy musulmonning haddidagi ish emas va postda aynan shu qismda xato bo‘lgan, mening e’tirozim, keskinligim ham aynan shu joyga tegishli va faqatgina din uchun, shariatimiz tarixi uchun, ulamolarga bo‘lgan ixlosu g‘ayratdan kelib chiqqan. Quydagi satrlarni shoshmasdan, ochiq qalb va insof bilan o‘qisangiz, siz ham men kelgan xulosaga kelasiz. Ahli donish buni yaxshi tushunadi.
Postdan iqtibos:
«Tadqiqot qilish o‘rniga yuzaga kelgan yangi chaqiriqlarga javoban o‘tkanlarning izlanishlari mahsulini pesh qilish boshlandimi, tamom, ketti hammasi orqaga qarab – bunaqa shariatni voqelikka tatbiq qilib bo‘lmay qoladi.
Ummat uchun bu holat – jinoyat.
Jinoyatga olib borgan omillardan biri – “chopon”. Nima u – chopon?
Qaysidir davrda bir tendensiya yuzaga keldi – konservasiya – izlanishdan to‘xtash va avvalgi kitoblar bilan cheklanish. Bu tendensiyani yaratganlar, uni o‘rnatganlarni men “choponga o‘ralib olganlar” deyman. Mazkur chopon – dunyoda mavjud bo‘lgan choponlarning eng sassig‘i. Chunki aynan shu chopon sabab ummat avvalgi maqomidan quladi.
Bu choponning ichidagi sassiq hidni elementlarga ajratsa bo‘ladi. Ajratamiz:
Bu hidning tarkibida ter hididan tashqari dinni dunyosi uchun xizmat qildirib, ya’ni suiiste’mol qilib, yaltiroq choponlarga burkanib olib, xalq ko‘zida “oliy maqom”da mustaqim bo‘lish istagi bor. Bu toifa:
- hozirgi ma’noda olim emas – tadqiqot bilan shug‘ullanmaydi. Avvalgilarning kitoblaridan yodlab oladi va obro‘ orttirish uchun foydalanadi, biron-bir yangi gapga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqadi, chunki yangi gap uning “maqomi”ga tahdid qiladi.
- islomiy ma’noda ham olim emas – Islomda “olim” bu – “ko‘p biluvchi emas, balki ko‘p qo‘rquvchi”. Bularda qo‘rquv yo‘qligining belgisi – ummat foydasiga aytilgan asosli har qanday yangi gaplarni inkor qiladi, shu bilan o‘zini fosh qiladi.
Bundan tashqari bu hidning tarkibida nozik, ilg‘ash qiyin bo‘lgan ichki “psixologik hidlar” bor: avvalgilarning issiqqina bag‘rida, mehnat qilmasdan, qor va yomg‘irlar ostiga chiqmasdan, kim nima desa “men avvalgilarga ergashganman” deb moziy qurgan sandalning ko‘rpasi bilan boshni yopib olib, yopiq shinam dunyocha ichida – 50x50 dunyocha ichida cho‘g‘ga tikiliib o‘tirish – mazza. Biroq bu – shinam tuyulgan issiqqina dunyocha abadiy emasligini, mohiyatan olganda, mushrik ham shunga o‘xshash dunyocha izlab mushrik bo‘lishini anglamaslik».
Iqtibos tugadi.
- Savol: Qachon ulamolar yuzaga kelgan yangi chaqiriqlarga javoban tadqiqot qilish o‘rniga o‘tkanlarning izlanishlari mahsulini pesh qilishgan ekan? Qaysi zamonda, qaysi olimlar shunday qilgan ekan, ayta olasizlarmi? Post egasi javob bersinchi, qaysi zamonda Islom ulamolari u odam aytgandek sassiq choponga burkanib olishibdi? Agar mahallasidagi chalasavodlarni o‘zicha olim deb fahmlab olib, so‘z qotayotgan bo‘lsa yoki komunistik partiyaning tashviqotlari, kinolaridan kelib chiqib shunday deyayotgan bo‘lsa, ayb uning fahmida, ulamolarda yoki ummat tarixida emas. Bordiyu, bitta‑yarimta chalasavod odamda u aytgandek holat bo‘lgan taqdirda ham umumlashtirish xiyonat bo‘ladi.
Birinchidan, Islom fiqhidan xabari bor odam biladiki, qadimgi ulamolar zamondan shunchalar ilgarilab ketganki, ularning juda ko‘p fatvolari nafaqat bugun, kelajakka ham javob beradi. Ana o‘shanday izlanishlarning mahsulini yangi chaqiriqlarga hech ikkilanmay pesh qilish mumkin va shunda ham shariat voqelikka rost tushaveradi. Hatto imom Shofe’iyning shunday fatvolari borki, uni bugun fazoga oid masalalarda ulamolar keltirishadi. Bunga o‘xshash misollar juda ham ko‘p.
Ikkinchidan, shariat tarixini o‘qiganlar biladiki, ulamolar hech qachon yangi yuzaga kelgan chaqiriqlarga o‘tganlarning gapi bilan cheklanmagan. Zero, ularning fatvoga oid kitoblarida har qanday fatvo ikki fiqh ‒ shariat fiqhi va voqelik fiqhi asosida beriladi, deb yozib qo‘yilgan. Bu qoidani bilmagan, amalga tatbiq qilmagan olim yo‘q.
Usmoniylar davlatida tayyorlangan «Majalla», Azhar ulamolarining «Fatovoi mahdiya» va boshqa fatvolar to‘plamlari, yurtimizdagi qozilik hujjatlarini ko‘ring, ularni o‘qigan kishi biladiki, ulamolar hech qachon zamonga moslasha olmay qolmagan. Fuqaholarimiz barcha zamonu makonga shariatning so‘zini aytib kelganlar. Zamonaviy G‘arb qonunchiligida ham fuqaholarning juda katta ulushi bor. Hatto bizda bolsheviklar hukumatni egallab, qoziliklar tugatilayotgan paytlarda ham huquqshunoslar juda ko‘p qonunlarni ishlashda qozilardan maslahat olishgan. Ikkinchi jahon urishidan keyin ayrim huquqshunoslar bobom Abdulmajid qozi domla huzuriga kelib, turli masalalarni so‘rab turishgan va hokazo.
Bugunki fiqhiy akademiyalarning nashrlarini ko‘ring, zamonaviy masalalarga ulamolarimiz qanchalar daqiq, voqeiy javoblarni bermoqdalar. Bugungi kitob ko‘rgazmasida ham zamonaviy masalalarga oid bir qator kitoblar sotuvda. Ha, o‘qigan odam biladiki, fuqaholar hech qachon o‘tmishga xos fatvoga yopishib olmagan. Bu ummat ulamolariga tuhmat, ularga nisbatan jinyaotdir.
Uchinchidan, Islom barcha zamonu makonlarga yaroqli deb bilinar ekan, uning asl manbalari ‒ Qur’on va Sunnat asosida bitilgan asarlar ham ayni xislatga ega bo‘ladi, barcha zamonu makonlarga ulardan javob topsa bo‘ladi. Binobarin, u kitoblarni yodlash, o‘rganish sassiq choponga o‘ralashish emas, balki har qanday zamonu makonga muvofiqlik hisoblanadi.
Fikriy jihatdan ham ulamolar ilg‘or bo‘lishgan. Buxoroda ham, Xivada ham, Qo‘qon xonligida ham ilg‘or ulamolar ko‘p bo‘lgan. Ammo gohida amirlarning qo‘loqsizligi, gohida xalqning yaroqsizligi, gohida zaiflik, fursatni qo‘ldan boy berganlik, fan‑texnikadagi nochorlik va boshqa sabablar ortidan tanazzul yuz bergan.
Shariat qonunlari tatbiq etilmasligi ulamolar shariatni zamonga moslay olmaganidan emas, balki jamiyatdagi vaziyat, xalqning istaklari va boshqa omillar sababidan yuzaga kelgan. Yana ham aniqroq qilib aytganda, musulmonlar ilm‑fandagi, harbiy‑siyosiy sohalardagi qoloqliklari sababidan o‘z ixtiyorlariga ega chiqa olmagan. Ammo odamlar har narsaga ulamolarni aybdor qilishga o‘rganib qolgan va shuning uchun ham musulmonlar hali ham shu ayblashdan nariga o‘tolmay yuraveradi. Baraka topgurlar, sizlar ham ishlanglar.
Turkiyalik ahli ilmlardan, bundan ikki yil oldin vafot etgan Muso amakining gaplari esga tushadi. Bir kuni u kishiga bir agnost odam: «Boshqa xalqlar oyga uchib, fazoni zabt etmoqda. Siz musulmonlar esa hanuz vaz’‑nasihatdan so‘zlab, masjidda yumalab yiqilib‑turib yuribsizlar», deb qolibdi. Shunda u kishi: «Sen namoz o‘qiysanmi?» debdi. U: «Yo‘g‘‑ye, umuman o‘qimaganman va o‘qimayman ham», debdi. U kishi: «Ramazon ro‘zasini tutasanmi?» debdi. U: «Qanaqa ro‘za, nima zarur och qolib», debdi. U kishi: «Namozu ro‘za yo‘q ekan, demak, boshqa ibodatlarni erta qachon qilmaysan, shundaymi?» debdi. Haligi odam: «Ha, men dinga ishonmayman», debdi. Muso amaki: «Unda sen oyga chiqdingmi yoki fazoga birorta sputnik uchirdingmi?» deb so‘rabdi. U: «Yo‘q», debdi.
Shunda Muso amaki quyidagicha javob beribdi: «Agar biz namozu ro‘za bilan band bo‘lib, zamonaviy kashfiyotlardan ortda qolgan bo‘lsak, sen nega oyga chiqa olmading? Agar musulmonlar namozu ro‘zaga bugungidan o‘n chandon mustahkam bo‘lgan Yovuz Salim, Muhammad Fotih yoki Abdulhamidxon davrlarida ham boshqalardan ortda qolgan bo‘lganida men balki gapingni qabul qilib, o‘zimni aybdor bilardim. Ammo tan olib turibsanki, sen dinga amal qilmaslik evaziga biror yutuqqa erishmabsan. Demak, gap ibodat qilishda emas, balki sabablarni hozirlashda ekan. Biz jamiyatning ma’naviyyatini ta’minlash bilan qozonning bir tarafini ko‘tarib turibmiz. Sen esa ikkinchi tarafini ko‘tarish o‘rniga nega uni ham bizga yuklab, bizni ayblayapsan? Buning o‘rniga sen ham jamiyat uchun kerakli ishni qil, keyin gapir».
Ha, ulamolar zamonaviy masalalar ustida asarlar yozmoqda, fatvolar chiqarmoqda, da’vat ishlarini olib borishmoqda. Bu ularning vazifalari, baholi qudrat bajarishmoqda. Endi boshqalar ham musulmon jamiyati rivoji uchun qo‘lidan keladigan ishlarni qilsin. Musulmonman degan ilm‑fan kishisi fanda ilg‘or bo‘lsin, harbiylari askarlikni joyiga qo‘ysin, kompyutor, texnika bilimdonlari yangiliklar yaratishsin, har kim o‘z sohasida zamon bilan bo‘ylashsin, o‘z kuchiga suyana olsin, ana o‘shanda musulmon jamiyat o‘z ixtiyoriga ega bo‘ladi. Ammo kompyutorchi o‘zi birovlarga qaram bo‘lib, birovlar yasagan jihozni tuzuk‑quruq ishlata olamagani holda shariat olimlarni ayblashi nimasi? Olim o‘z ishini qilmoqda, dinini o‘rganib, o‘rgatmoqda. Siz‑chi, siz o‘z ishingizda nimani joyiga qo‘ydingiz? Nega o‘z sohangizni qoyillatib qo‘ymaysiz? Kofirlarning jihozlarida ular yaratgan tarmoqda ular o‘rgatgan harflar bilan ular yaratgan dasturlar orqali tirikchilik qilib yashaysizda, yana o‘zingizcha kofirlarni so‘kasiz. Bu nimasi? Yana kamiga bu nochorligingizda ulamolarni ayblaysiz. Shu ham insofdanmi?
Bugun dunyoning qaysi bir joylarida o‘zining musulmonligini pesh qilib ko‘rkagiga mushlayotganlarni ko‘ring, o‘zlaricha qarg‘ab so‘kadiganlari kofirlarning qurollari bilan bir‑birlarini o‘ldirishmoqda, kofirlarning kompyutorlarida o‘tirib olib bir‑birini haqorat qilmoqda, kofirlar yaratgan tarmoqlarda bir‑birini kofirga chiqarishmoqda. Shu holatda musulmon ummati uchun yana nima natija bo‘lishi mumkin? Yana Islomdan gapirib, osmono‘par polvoncha so‘z aytishlari ortiqcha.
Hozir «shariatni hayotga tatbiq etish» degan gapni aytishga hamma o‘rganib olgan. Aslida shariatga amal o‘zingizdan boshlanadi, qalbingizdan, tilingizdan, qo‘lingizdan boshlanadi. Shariatga g‘irt xilof harom ishlarni qilib, harom gaplarni bo‘ralab turganlar shariatni jamiyatga tatbiq qilishdan hecham gapirmasin.
Shariat faqat jinoyatlarga belgilangan hadlardan yoki zohiriy an’analardan iborat emas. Shariat bus‑butun hayotdir. Namoz o‘qiyapmizmi, shu ham shariatga amal. G‘iybatu tuhmatdan tiyilyapsizmi, shu ham shariatga amal. Savdoda halolini qidiryapsizmi, bu ham ayni shariat. Qalbingizdagi hasadni yengsangiz, dildan musulmonga muhabbat qilsangiz, bu ham shariatga amal. Ammo shariatni hayotga to‘liq tatbiq etishni nazarda tutilayotgan bo‘lsa, uning uchun avvalo har bir shaxs, har bir oila va jamiyat isloh bo‘lishi lozim. Og‘ziga ega bo‘lmagan xalq shariatni hech qachon hayotga to‘liq tatbiq eta olmaydi.
(Davomi bor.)